Isroil va Hamas vakillari bir binoda, sulh yaqin. Kelishuv haqida nimalarni bilamiz?

Surat manbasi, Getty Images
Qatarda G‘azo bo‘lgasida sulhga erishish va garovdagi odamlarni ozod qilish bo‘yicha muzokaralar davom etmoqda, Isroil va Hamas o‘rtasida bitim tuzilish arafasida ekaniga ishora qiluvchi belgilar kuzatilmoqda. BBC yaqinlashayotgan kelishuv tafsilotlarini bilishga harakat qildi.
BBC bilan gaplashgan muzokaralarga yaqin falastinlik rasmiy urush boshlanganidan beri ilk bor Isroil va Hamas vakillari bir binoda yuzma-yuz muzokaralar olib borayotganini aytdi.
Xabar qilinishicha, Hamas Isroil askarlarining G‘azoni tark etishi talabidan voz kechgan.
AQSh Prezidenti Jo Bayden bitim "nihoyasiga yetish arafasida" ekanini aytgan.
Bir vaqtning o‘zida Reuters axborot agentligiga gapirgan isroillik rasmiy "bitim bir necha soat, kun yoki undan ko‘proq vaqt ichida amalga oshishi mumkin"ligini ma’lum qilgan.
Tomonlarning sulhga erishish harakati Donald Trampning prezidentlik lavozimiga rasman kelishi arafasida kuchaygan.
Tramp sulh bitimi 20 yanvarь kunga qadar – o‘z inauguratsiyasigacha amalga oshmasa, "do‘zax qo‘zg‘alishi" bilan tahdid qilgan edi.
Bayden yakshanba kuni Isroil Bosh vaziri Benyamin Netanyahu, dushanba kuni esa muzokaralarda vositachilik qilayotgan Qatar amiri Shayx Tamim bin Hamad al-Taniy bilan suhbatlashgan.
Falastinlik rasmiy BBC'ga Hamas va Isroil o‘rtasidagi bilvosita muzokaralar dushanba kuni bir binoda oltita soat davom etganini ma’lum qildi.
Bitimning ba’zi tafsilotlarini ochiqlagan rasmiy "batafsil texnik muzokaralar anchayin vaqt olgan"i haqida gapirdi.
End of Bizni ijtimoiy tarmoqlarda ham kuzating:
Ma’lum bo‘lishicha, ikkala tomon bitimning birinchi kuni Hamas garovdagi uch insonni ozod qilishi va shundan so‘ng Isroil aholi yashaydigan hududlardan askarlarni chiqarishni boshlashiga kelishib olgan.
Yetti kundan keyin Hamas yana to‘rt nafar garovdagi insonni ozod qiladi va Isroil janubdagi ko‘chirilgan aholining shimolga qaytishiga imkoniyat yaratib beradi. Ammo odamlarning qaytishi faqat qirg‘oq yo‘li bo‘ylab piyoda amalga oshiriladi.
Avtomobillar, aravalar va yuk mashinalari esa Salah al-Din yo‘li yaqinidagi maxsus o‘tish punktidan rentgen apparati orqali tekshiruv asosida o‘tkaziladi. O‘tish punktini qatarlik-misrlik mutaxassislardan iborat xavfsizlik jamoasi nazorat qiladi.
Bitimning birinchi bosqichi 42 kun davom etadi. Bu davr mobaynida Isroil qo‘shinlari Filadelfi yo‘lagida qoladi va sharqiy hamda shimoliy chegaralar bo‘ylab 800 metrlik bufer zonasini nazorat qilib turadi.
Isroil, shuningdek, taxminan 190 nafari 15 yil yoki undan ko‘proq qamoq jazosini o‘tayotgan 1,000 nafar falastinlik mahbusni ozod qilishga rozilik bildirgan. Evaziga Hamas 34 nafar garovdagilarni qo‘yib yuboradi.
Sulhning 16-kunida bitimning ikkinchi va uchinchi bosqichlari bo‘yicha muzokaralar boshlanadi.
Trampning Yaqin Sharq bo‘yicha elchisi Stiv Vitkoff ham muzokaralar chog‘i Dohada bo‘lgan.

Surat manbasi, Reuters
Isroil tashqi ishlar vaziri Gideon Saar esa jurnalistlarga bitim bo‘yicha oldingi siljish kuzatilgani va "bitim avvalgi holatlardan ancha yaxshi ko‘rinayotgani"ni aytgan.
Ammo, bir vaqtning o‘zida, Netanyahu hukumat koalitsiyasidagi o‘ng qanot vakillarning qattiq qarshiligiga duch kelmoqda.
Netanyahuning o‘z Likud partiyasidan bir necha a’zolarni ham o‘z ichiga olgan o‘n nafar o‘ngchi kayfiyatdagi guruh unga sulhga qarshi ekanini bildirib xat yo‘llagan.
2023 yil 7-oktabr kuni Hamasning Isroil janubiga hujumi bilan boshlangan urush misli ko‘rilmagan talafotlar keltirgan.
7 oktyabrь hujumida 1,200 ga yaqin odam halok bo‘lgan va yana 251 nafar inson G‘azoga garovga olib ketilgan.
Bunga javoban, Isroil Hamasni yo‘q qilish maqsadida G‘azoda harbiy harakat boshlagan.
G‘azoning Hamas nazorati ostidagi sog‘liqni saqlash vazirligi ma’lumotlariga ko‘ra, urush davomida 46,500 dan ortiq inson halok bo‘lgan.
Isroil bergan ma’lumotga ko‘ra, 94 nafar garovdagi odam hali ham G‘azoda qolmoqda. Ulardan 34 nafari o‘lgan, deb taxmin qilinmoqda. Shuningdek, urushdan avval garovga olingan to‘rt nafar isroillikning ikkitasi o‘ldirilgan.
G‘azoda vaziyat og‘irligicha qolmoqda.
"Chegara bilmas shifokorlar" tashkilotidan Amande Bazaroll BBC'ning Today dasturiga sulh bo‘yicha muzokaralar davom etayotgan bo‘lsada, G‘azo bo‘ylab, xususan, janubda Rafah va Xon Yunis hamda shimoliy hududlarda og‘ir bombardimonlar bo‘lganini ma’lum qildi.
Bazaroll sulh bo‘lsa ham, vaziyat tez orada yaxshilanadi deb kutmasligini bildirdi:
"Odamning kunlik hayotiy ehtiyoji uchun zarur oddiy narsalar bu yerda yo‘q," dedi u.















