Kurd kuchlari chekingach, Suriya armiyasi Halab sharqiga yo‘l oldi

Suriya qo‘shinlari Deyr Haferga kirib borgan

Surat manbasi, EPA

Surat tagso‘zi, Suriya qo‘shinlari Deyr Haferga kirib borgan
    • Author, Tinshui Yeng
  • O'qilish vaqti: 3 daq

Kurd kuchlari hududdan chiqib ketishni boshlaganidan keyin, Suriya armiyasi Halab shahrining sharqidagi hududlarga kirib bormoqda.

Suriya harbiylari Halabdan taxminan 50 km uzoqlikda joylashgan Deyr Hafer shahriga kirgani kuzatilgan.

Juma kuni kurdlar yetakchiligidagi Suriya Demokratik Kuchlari (SDF) Firot daryosining sharqiga qayta joylashishini ma’lum qildi. Bu qaror AQSh rasmiylari bilan olib borilgan muzokaralardan so‘ng qabul qilingan. Shuningdek, Suriya prezidenti Ahmad ash-Sharaa kurd tilini milliy til sifatida tan olishga va’da bergan.

O‘tgan haftada yuz bergan qonli to‘qnashuvlardan keyin AQSh har ikki tomonni keskinlikdan qochishga chaqirgan edi. Prezident ash-Sharaa kurdlarning harbiy va fuqarolik tuzilmalarini Suriya milliy institutlariga integratsiya qilishga intilmoqda.

Davlat axborot agentligi SANA ga bergan bayonotida Suriya armiyasi o‘z qo‘shinlari "Firotning g‘arbiy hududiga kirishni boshlagani"ni bildirib, Deyr Hafer ustidan "to‘liq harbiy nazorat" o‘rnatilganini e’lon qildi.

Harbiylar tinch aholini hudud to‘liq xavfsizlantirilib, minalar va urush qoldiqlaridan tozalanmaguncha amaliyotlar olib borilayotgan joylarga kirmaslikka chaqirdi.

Tasvirlarda Suriya qo‘shinlarining tanklar yordamida hudud tomon ilgarilab borayotgani aks etgan.

Bu harakat kurdlar yetakchisi Mazlum Abdiy AQSh tomonidan qo‘llab-quvvatlanadigan SDF kuchlarini "Firotning sharqiy hududlariga qayta joylashtirish"ga rozi bo‘lganidan keyin amalga oshirildi. U bu qaror "do‘stona davlatlar va vositachilar chaqiriqlari"ga javob ekanini aytgan.

AQShning maxsus elchisi Tom Barrak va Mazlum Abdiy shanba kuni Iroq Kurdistoni poytaxti Irbil shahrida uchrashishi kutilmoqda.

So‘nggi kunlarda Suriya armiyasi Deyr Hafer atrofidagi tinch aholini hududni tark etishga chaqirgan. Suriya rasmiylariga ko‘ra, kamida 4 ming kishi bu hududdan chiqib ketgan.

Sharqiy Halabdan ketayotgan suriyaliklar

Surat manbasi, EPA

Surat tagso‘zi, Sharqiy Halabdan ketayotgan suriyaliklar

Kurd kuchlari chekinishidan oldin prezident ash-Sharaa kurd tilini milliy til sifatida tan olishini va kurdlarning yangi yili - Navro‘ni rasmiy bayram deb e’lon qilishini aytgan edi.

Juma kuni e’lon qilingan farmon Suriya 1946 yilda mustaqillikka erishganidan beri kurdlarning milliy huquqlarini ilk bor rasman tan olish hisoblanadi. Unda kurdlar Suriyaning "ajralmas va muhim qismi" ekani, ular avvalgi hokimiyatlar davrida o‘nlab yillar davomida zulmga uchragani qayd etilgan.

Keskinlik yumshagandek tuyulsa-da, kelishmovchiliklar saqlanib qolmoqda. Farmonga javoban Suriyaning shimoliy va shimoli-sharqiy hududlaridagi kurd ma’muriyati buni "birinchi qadam" deb baholadi, ammo "vaqtinchalik farmonlar" o‘rniga "xalq irodasini ifodalovchi doimiy konstitutsiya" qabul qilishga chaqirdi.

Skip Ijtimoiy tarmoqlardagi sahifalarimiz: and continue readingIjtimoiy tarmoqlardagi sahifalarimiz:

End of Ijtimoiy tarmoqlardagi sahifalarimiz:

Shu bilan birga, Suriya qo‘shinlari Halabning sharqiy hududlariga kirganidan so‘ng, kurd tomoni Damashqni kelishuvni "buzish"da — kelishilgan muddatdan oldin harakatga o‘tganlikda aybladi.

Suriya armiyasi esa SDFni kelishuvni buzganlikda ayblab, qo‘shinlar hududga kirib kelayotgan paytda kurd kuchlari tomonidan ikki askari o‘ldirilganini bildirdi.

Kurd kuchlari so‘nggi o‘n yil davomidagi fuqarolik urushi va "Islomiy davlat" guruhiga qarshi kurash jarayonida Suriyaning neftga boy shimoliy va shimoli-sharqiy hududlarining katta qismini nazorat qilib kelgan.

2024 yil oxirida uzoq yillik rahbar Bashar Asad hokimiyatdan ag‘darilganidan keyin prezident ash-Sharaa kurd tuzilmalarini Suriya davlat institutlariga qo‘shishga urinib kelmoqda.

2025 yil mart oyida SDF hukumat bilan shu mazmunda kelishuv imzolagan. Ammo deyarli bir yil o‘tsa-da, kelishuv amalga oshmagan, tomonlar bu borada bir-birini ayblab kelmoqda.