14 yoshda erga berilib, 15 yoshida bola ko‘rgan Afg‘on qizi dunyo sahnalarini qanday zabt etmoqda?

- Author, Mahjuba Navro‘ziy
- Role, BBC News Afg‘oniston
- O'qilish vaqti: 4 daq
Sahnadagi ayol kristallar bilan bezatilgan bikinisida tovlanib turibdi.
Uning quyoshda qoraygan badanida mushak shakllari aniq ko‘rinadi, bu sport zalida soatlab qilingan mashqlar samarasi.
Roya Karimiyning tobiga yetkazib qilingan pardozi va sariqqa bo‘yalgan sochlari "Dunyo go‘zali" tanlovi finaliga ham yarashardi.
Atigi 15 yil oldin u Afg‘onistonda o‘smir ona edi – yangi hayot tomon qochishidan oldin u yosh bo‘la turib turmushga berilgan bir qiz bo‘lganini tasavvur qilish qiyin.
Hozir 30 yoshda, u Yevropaning eng yaxshi bodibilderlaridan biri va shu hafta bodibilding bo‘yicha jahon chempionatida ishtirok etadi. Uning yuksalishi misli ko‘rilmagan bo‘ldi – u sport bilan professional tarzda shug‘ullana boshlaganiga ikki yil ham bo‘lgani yo‘q.
Roya onasi va yosh o‘g‘li bilan Afg‘onistondan qochganida, bularning hech biri haqiqatga o‘xshamasdi. O‘shanda u Norvegiyadan boshpana so‘ragan va o‘sha yerda yangi hayot qurgan, ta’limni davom ettirgan, hamshira bo‘lgan, shuningdek, bodibilding bilan shug‘ullanadigan yangi turmush o‘rtog‘i bilan tanishgan.
Uning aytishicha, bodibilding unga yillar davomida qo‘yilgan aqliy va ijtimoiy cheklovlardan xalos bo‘lishga yordam bergan.
"Har safar sport zaliga borganimda, Afg‘onistonda menga hatto erkin mashq qilishga ham ruxsat berilmaganini eslayman," deydi Roya BBCning Afg‘on xizmatiga.
Men bu ahvoldan chiqib keta olganimdan baxtiyorman, ammo ko‘plab ayollar hali ham ta’lim olishdek eng asosiy huquqlariga ega emas. Bu juda qayg‘uli va yurakni ezadi...

Royaning hayoti tor an’analarga qarshi kurashish, o‘z shaxsiyatini shakllantirish hamda o‘z Vatanida cheklovlarga duch kelgan ayollarni ilhomlantirishga urinish tarixidan iborat bo‘ldi.
Bu cheklovlarning ba’zilari Roya Afg‘onistonda yashaganida bor edi – bular ijtimoiy me’yorlar natijasi bo‘lgan. Ammo Tolibon hokimiyatga qaytgan 2021 yildan buyon ular yanada zo‘raydi. Endilikda Afg‘onistonda ayollarga 12 yoshdan keyin maktabga borish, aksariyat ish o‘rinlariga ishga joylashish, erkak hamrohsiz safar qilish va jamoat joylarida ovoz ko‘tarish taqiqlangan.
"Men bu ahvoldan chiqib keta olganimdan baxtiyorman, ammo ko‘plab ayollar hali ham ta’lim olishdek eng asosiy huquqlariga ega emas. Bu juda qayg‘uli va yurakni ezadi," deydi Roya.
O‘zga kelajak izlash
Ammo toliblar hokimiyatga qaytishidan bir necha yil oldin Roya "bu hayotni istamasligini" angladi.
2011 yilda o‘sha paytdagi turmush o‘rtog‘ini qoldirib, Afg‘onistondan qochish qarori an’anaviy afg‘on jamiyatidagi ayol uchun jiddiy xavf edi. Bu haqda u gapirishni istamaydi va eslashni yoqtirmaydi.
Norvegiyada Roya butunlay boshqacha muhitga duch keldi. U yangi, yanada erkin madaniyatga moslashishi, o‘zi va oilasini boqish uchun ish topishi va norveg tilini o‘rganishi kerak edi.
Dastlab barcha talablarni qondirish qiyin bo‘ldi, lekin uning sa’y-harakatlari oxir-oqibat o‘z mevasini berdi.
Roya hamshiralik bo‘yicha tahsil oldi va poytaxt Oslodagi kasalxonada ishladi.

Royaning bodibilding bilan tanishuvi uning hayotidagi navbatdagi burilish nuqtasi bo‘ldi. Sport zallariga borish nafaqat jismoniy mashqlar bilan shug‘ullanish, balki o‘ziga bo‘lgan ishonchni tiklash va shaxsiy qiyofasini o‘zgartirish yo‘li ham edi.
Ikkinchi eri, hamyurti afg‘on Kamol Jaloliddin bilan ham shu yerda tanishdi.
U bodibilding bo‘yicha ko‘p yillik tajribaga ega, Royaning asosiy qo‘llab-quvvatlaganlardan biri.
"Kamol bilan uchrashgunimga qadar ham sport bilan shug‘ullanardim, lekin professional darajada emas," deydi u.
"Uning qo‘llab-quvvatlovi menga kuch va jasorat berdi. Menimcha, agar erkak ayoli yonida tursa, ajoyib ishlar bo‘lishi mumkin."
O‘lim tahdidlari va haqoratlar
Bir yarim yil oldin Roya hamshiralikni tashlab, bodibilding bilan professional shug‘ullanishga qaror qildi.
Bu tavakkalchilik edi, uning uchun asosiy muammo ish joyini o‘zgartirish emas edi. Buning o‘rniga, u Afg‘onistondagi cheklovlardan keyin erkinliklarga moslashish haqida ko‘proq gapirdi.
"Bizning eng katta muammomiz boshqalar bizga qo‘ygan chegaralar, ramkalarni – an’analar, madaniyat, din yoki boshqa narsalar nomidan bizga qo‘yilgan yozilmagan qoidalarni buzish edi, – deydi u. – Ammo yangilik yaratishga qaror qilganingizda, bu qoliplardan xalos bo‘lishingiz kerak."
Bu muammolarsiz bo‘lmadi.
Uning sahnada kiyadigan bikinisi, yoyiq sochlari va og‘ir makiyaji ayollarning o‘z Vatanida qanday kiyinishi va o‘zini qanday tutishini belgilaydigan ijtimoiy me’yorlardan tubdan farq qilardi.
Ijtimoiy tarmoqlarda unga zo‘ravonlik va hatto o‘lim bilan ko‘p tahdid qilingani kutilmagan emasdi.
U izohlarni e’tiborsiz qoldirdi.
"Odamlar faqat tashqi ko‘rinishim va bikinimni ko‘rishadi. Ammo bu tashqi qiyofa ortida ko‘p yillik mashaqqatlar, mehnat va matonat yotibdi. Bu yutuqlar oson qo‘lga kiritilmagan."
Biroq ijtimoiy tarmoqlar Roya uchun faqat salbiy emas: ular unga Afg‘onistondagi ayollar bilan muloqot qilish, ularga jismoniy salomatlik, o‘ziga ishonch va o‘zligini shakllantirishning ahamiyati haqida so‘zlash imkonini beradi.

Roya kecha, payshanba kuni Barselonada boshlangan Xalqaro fitnes va bodibilding federatsiyasi chempionatida shu yil boshida erishgan yutuqlarini yanada mustahkamlashga umid qilmoqda.
U aprel oyida o‘tkazilgan Stoperiet Open bodibilding musobaqasida Salomatlik kategoriyasida oltin medal sohibi bo‘ldi.
Bu kategoriyada katta mushak massasiga emas, balki tabiiy fitnes, sog‘lom ko‘rinish va nozik go‘zallikka alohida e’tibor qaratiladi.
Ushbu g‘alabadan so‘ng butun Skandinaviyadan sportchilar qatnashadigan nufuzli Norway Classic 2025 musobaqasida ham g‘olib bo‘ldi.
Shundan keyin u Yevropa chempionatiga yo‘l oldi va bu unga jahon chempionatida ishtirok etish huquqini berdi.
"Qalbimda chuqur baxt, g‘urur va iftixor tuyg‘usini his qilyapman," deydi u Barselonadagi musobaqaga tayyorgarlik ko‘rar ekan. "Yil davomida juda og‘ir yo‘l bosib o‘tdim, lekin qadam-baqadam oltin medallarga erishishga muvaffaq bo‘ldim."
Eri va o‘g‘li uni doim qo‘llab-quvvatlab turishdi.
"Royani sahnada ko‘rish biz birgalikda qurgan orzuning ro‘yobi edi," deydi Kamol zavqlanib.
Ammo Roya uchun bu musobaqa faqat o‘zi va oilasi uchungina emas.
"O‘zimni ruhan kuchli his qilmoqdaman, afg‘on xotin-qizlari nomidan birinchi marta bu rekordni o‘rnatish orqali tarixga kirish umidida bor kuchimni safarbar etishga to‘la tayyorman."












