Bi-bi-si O‘zbek xizmati haqida
Bi-bi-sining O‘zbek xizmati 1994 yilda tashkil topgan.
Shundan buyon O‘zbekiston, mintaqa va dunyoga o‘zbek tilidagi eshittirishlarni uzatib keladi.
O‘zbek xizmatining qarorgohi Londonda joylashgan bo‘lib (Bush Xauz, Bi-bi-sining Markaziy Osiyo va Qofqoz xizmati) mintaqaning qator davlatlarda o‘z muxbirlik punktlariga ega.
Kundalik yangiliklar va mavzularni yoritishga Bi-bi-si Jahon xizmatining muxbirlar tarmog‘idan tashqari, mintaqadagi muxbirlarimiz safarbar etilgan.
Dasturlarimizdan jahon yangiliklari, mintaqaviy xabarlar, sport, musiqa, fan olamidagi yangiliklar, tahlil, turli mavzudagi turkum va lavhalar o‘rin olgan.
BBCUzbek.com veb-sayti haqida
BBCUzbek.com veb-sayti "O‘zbekiston", Afg‘oniston", "Mintaqa", "Dunyo" "Forum" va "Multimedia" deb nomlangan bo‘limlardan iborat, ularning har biri alohida sahifadir. Bu sahifalar ichida ham "Bloglar" yo "Iqtisod", "Madaniyat", Ilm-fan va texnologiya", "Sport" singari bo‘limlar mavjud.
Veb-sahifada radiodasturlarni tinglash, videokliplarni tomosha qilish imkoniyati mavjud.
BBCUzbek.com veb-saytida yangilik va xabarlar bilan birga intervyu va reportajlar, davra suhbatlari e’lon qilinadi, u yoki bu hodisa yuzasidan turli toifadagi insonlar nuqtai nazarlari chop etiladi.
Veb-saytimizning "So‘z Sizga" forumida eng muhim xalqaro va mintaqaviy xabarlarga munosabat bildirish va turli xil mavzudagi bloglar bilan tanishib borish mumkin bo‘ladi.
Bi-bi-si haqida ma’lumot. Korporatsiyani kim boshqaradi?
British Broadcasting Corporation - Britaniya Radio Korporatsiyasi o‘z tomoshabinlari hamda tinglovchilari manfaatlarini ko‘zlab faoliyat yuritadi.
Qirollik xartiyasi
Britaniya Radio Korporatsiyasi Britaniya Qirolligi xartiyasi asosida barpo etilgan. Joriy Xartiya 2007 yilda kuchga kirgan bo‘lib, u 2016 yilgacha amal qiladi. Qirollik Xartiyasi korporatsiyaning ijtimoiy maqsadlarini belgilab beradi va unda Bi-bi-sining tahririy mustaqilligi to‘la tan olingan.
Bi-bi-si Vasiylik Kengashi
Yangi Xartiyaga binoan, korporatsiyani Bi-bi-si Vasiylik Kengashi boshqaradi. Vasiylik Kengashi Bi-bi-sini rivojlantirish strategik yo‘nalishini belgilab beradi va televizion litsenziyaga ega Buyuk Britaniya va Shimoliy Irlandiya Birlashgan Qirolligi fuqarolarining manfaatlarini taqdim etadi. Televizion litsenziya televizor tomosha qilish huquqini beradigan to‘lov to‘langanidan keyin beriladi. Britaniya Radio Korporatsiyasining byudjeti ana shu to‘lovlardan tashkil topadi.
Bi-bi-si o‘zining faoliyatida birinchi galda tomoshabin va tinglovchilarni qiziqtirgan masalalarga e’tibor qaratishga intiladi, bu borada korporatsiya Vasiylik Kengashi Britaniyaning Milliy Auditoriya Kengashi bilan doim hamkorlik qiladi.
Shuningdek, Bi-bi-si Vasiylik Kengashi Bi-bi-si Direktorlar Kengashining faoliyatini ham kuzatib boradi. Korporatsiyaning kundalik yumushlarini bajarish esa Direktorlar Kengashi zimmasiga yuklangan.
Direktorlar Kengashi
Kengash tarkibidagi direktorlarning vazifasi korporatsiya faoliyatini Vasiylik Kengashi ishlab chiqadigan umumiy strategiyaga mos ravishda amalga oshirishdir.
Bi-bi-si maqsad hamda vazifalari bilan har yili e’lon etiladigan "Yillik hisobot" orqali batafsil tanishish mumkin. "Yillik hisobot" (ingliz tilida)
Nazorat qiluvchi idoralar
Birlashgan Qirollikda radio va televidenie, boshqa ijodiy tashkilotlar faoliyati uchun Madaniyat, Ommaviy axborot vositalari va sport vazirligi mas’ul hisoblanadi.
Shuningdek, Bi-bi-si faoliyatini Ofcom idorasi ham nazorat qiladi. Ofcom (Office of Communications) Buyuk Britaniyadagi televizion va radiostantsiyalar, telekommunikatsion operatorlar va simsiz kommunikatsion xizmatlar sifatini nazorat qiladigan mustaqil tashkilot hisoblanadi.
Bi-bi-si missiyasi
Insonlarni xabardor qilish, o‘rgatish hamda ko‘nglini chog‘ qiladigan dasturlar va xizmatlar bilan ularning hayotini boyitish
- Bizning maqsadimiz
- Dunyodagi eng kuchli ijodkor tashkilotga aylanish
- Bizning qadriyatlarimiz
- Ishonch Bi-bi-sining asosi; biz mustaqil, xolis va to‘g‘riso‘zmiz.
- Auditoriya biz amalga oshirayotgan barcha ishlarning markazida turadi.
- Biz o‘z ishimizning sifati bilan faxrlanamiz.
- Ijod - bizning tashkilotimiz tanasi va qonidir.
Biz har bir kishini hurmat qilamiz va kim nima qilayotganidan qat’i nazar, u bu ishini yanada yaxshiroq amalga oshirishi uchun imkoniyat beramiz.
Biz - yagona Bi-bi-si: birgalikda ishlaganimizda, biz ko‘p narsaning uddasidan chiqamiz.
Qirolllik Xartiyasi hamda Bitimga binoan Bi-bi-si zimmasiga oltita ijtimoiy maqsad yuklatilgan. Ijtimoiy maqsadlarga qarang
Qirollik Xartiyasi va Bitim
Bi-bi-si maxsus Qirollik Xartiyasi asosida ta’sis etilgan. Bu Xartiyaga bitim ilova qilingan. Bitimda korporatsiyaning tahririy masalalarda mustaqil ekani e’tirof etiladi va uning ijtimoiy majburiyatlari batafsil ifodalanadi.
Joriy Qirollik Xartiyasi Bi-bi-siga 2006 yilning 19 sentyabrida taqdim etilgan. Ushbu hujjat 2007 yilning 1 yanvaridan kuchga kirgan. Qirollik Xartiyasi va Bitimning matni Bi-bi-si Vasiylik kengashining veb-saytida chop etilgan.
Qirollik Xartiyasi haqida
Hozir kuchda bo‘lgan Qirollik Xartiyasini taqdim qilishdan oldin Buyuk Britaniya va Shimoliy Irlandiya Birlashgan Qirolligi hukumati Bi-bi-si faoliyatini tahlil qildi. Ushbu tahlil asosida "Yashil kitob: hukumatdan mustaqil qudratli Bi-bi-si" deb nomlangan maxsus kitob chop etilgan. 2005 yil mayida Bi-bi-si "Yashil kitob"ga o‘zining javobini nashr etdi. U "Ijtimoiy qadriyatlarni yaratib" deb nomlangan.
"Ijtimoiy qadriyatlarni yaratib"(ingliz tilida) asarini (PDF) ko‘chirib olish
Xartiya tahlili bo‘yicha hukumat axboroti Buyuk Britaniya Madaniyat, Ommaviy axborot vositalari va sport vazirligining veb-saytida e’lon qilingan.
Britaniya tojiga taalluqli materiallar Xonimi Oliyalarining Ijtimoiy axborot Boshqarmasi rahbarining ruxsati bilan e’lon qilinadi.
Londondagi Bush Xaus - Bi-bi-si Jahon xizmatining bosh qarorgohi hisoblanadi.
Televidenie tomoshasi huquqini beradigan litsenziya (TV Licence)
Buyuk Britaniya va Shimoliy Irlandiya hududida Televidenie tomoshasi huquqini beradigan litsenziya olish talab qilinadi, bu litsenziya uchun haq to‘lash lozim. Mamlakat hududidagi har bir televizion signal qabul qiladigan, raqamli televizion ko‘rsatuvlarni ko‘rsatadigan uskunalar, videomagnitofon yoki DVD yozadigan moslamasiga ega xonadon, shuningdek, televizion dasturlarni o‘z kompyuterida, mobil telefoni yoki boshqa moslamasida tomosha qiladiganlarning televizion litsenziya sotib olishlari talab qilinadi.
Shu yo‘lda yig‘ilgan mablag‘lar asosida Bi-bi-si va boshqa ayrim Britaniya telekanallarining(qisman) byudjeti tarkib topadi. Litsenziya miqdorini Buyuk Britaniya hukumati belgilaydi. 2008 yilda rangli televizorlar uchun yillik litsenziya 139,5 funt sterling, oq-qora televizorlar uchun yiliga 47 funt sterling etib belgilangan.
Bi-bi-si Buyuk Britaniya va Shimoliy Irlandiya Birlashgan Qirolligi aholisi tomonidan moliyalanadi, bu esa korporatsiyaning reklama beruvchilar, hissadorlar yoki siyosatchilardan butkul mustaqil bo‘lishiga imkoniyat yaratadi.
Birlashgan Qirollik hududida Bi-bi-si o‘z auditoriyasiga 8 ta interaktiv televizion kanallarni, 10 ta radiotarmoqni, 50 dan ziyod mahlliy tele va radiostantsiyalarni qabul qilish, Bi-bi-si internet-saytidan foydalanish, "talab bo‘yicha" televidenie va radio xizmatlaridan hamda BBC iPlayer dasturidan foydalanish imkoniyatini beradi.












