Ayol seks payti nima istaydi – bu azaliy jumboq javobi topildimi?

Ayol va erkak

Surat manbasi, Thinkstock

    • Author, Reychel Nuver
    • Role, BBC Future
  • O'qilish vaqti: 9 daq

BBC Future sharhlovchisi olimlar nega hanuz ayollarning seksual istaklari sirlarini to‘liq tushuna olmayotganini aniqlashga urinib ko‘rdi.

Ayol nimani istaydi? Bu savolga Zigmund Freyddan tortib, Mel Gibsongacha ko‘plab zukko insonlar javob topishga harakat qilgan, biroq bunga erisha olmagan. Bu mavzu son-sanoqsiz kitoblar, maqolalar va bloglarga ilhom bergan, erkaklar ham, ayollar ham ko‘p bora jiddiy fikr yuritgan.

Ammo o‘nlab yillik tadqiqotlarga qaramay, olimlar hanuz ayollar jinsiy maylini aniq va umumiy bir ta’rif bilan ifodalay olishmagan. Uning qanday ishlashi, qanday mexanizmlarga asoslanishi esa hali hamon noma’lum.

Aloqador mavzular

To‘g‘ri, bugun biz ayollarni goh to‘ymas, shahvoniy nimfomankalar, goh esa seksual istakdan butkul mahrum mavjudotlar sifatida tasvirlagan o‘tmishdagi stereotiplardan ancha yiroqmiz.

Zamonaviy olimlarning tobora ko‘proq qismi ayol jinsiy maylini oddiy, yagona atamalar bilan ta’riflab bo‘lmasligini tan olmoqda. U har bir ayolda, hattoki bir ayolning o‘zida ham, turlicha ko‘rinishda namoyon bo‘ladi. Bu mayl g‘oyat xilma-xildir.

Ratgers universiteti professori Beverli Uippl bu haqda shunday deydi: "Har bir ayol boshqacha narsa istaydi."

Shuningdek, tadqiqotchilar asta-sekin erkaklar va ayollar jinsiy maylining ishlash mexanizmlari ilgari o‘ylaganimizdan ko‘ra kamroq farq qilishi mumkinligini anglab bormoqdalar.

Parda ortidagi ayol va erkak qo‘llari

Surat manbasi, Thinkstock

Surat tagso‘zi, Erkak va ayoldagi jinsiy mayl mexanizmi shu vaqtgacha hisoblab kelinganiga qaraganda kam farq qilishi mumkin.

Uzoq yillar davomida olimlar erkaklar ayollarga qaraganda jinsiy aloqaga ko‘proq ehtiyoj sezadi, degan keng tarqalgan qarashga tayanishdi. Bu fikr ko‘plab tadqiqotlar orqali tasdiqlanib kelgan.

Biroq so‘nggi ma’lumotlar shuni ko‘rsatmoqdaki, bu farqlar unchalik katta emas yoki umuman mavjud bo‘lmasligi ham mumkin. Bu esa jinsiy maylni qanday aniqlashimiz va uni qanday o‘lchashimizga bog‘liq.

Qator tadqiqotlar shuni ko‘rsatdiki, juftliklar orasida seksga kamroq ehtiyoj sezadigan tomon erkak ham, ayol ham bo‘lishi mumkin.

Avvalgi tadqiqotlarda ishtirokchilarga "So‘nggi bir oy ichida jinsiy istakni qanchalik tez-tez his qildingiz?" deb savol berilgan. Bunday formatda, odatda, erkaklarning javoblari yuqoriroq bo‘lgan.

Ammo keyinchalik olimlar respondentlardan aynan ma’lum bir vaqtda – jinsiy aloqa chog‘ida – o‘zlarining his-tuyg‘ularini baholashni so‘raganlarida, erkaklar va ayollar o‘rtasida deyarli farq aniqlanmagan.

Erkak va ayol

Surat manbasi, Thinkstock

Surat tagso‘zi, Uzoq yillar davomida erkaklar ayollarga qaraganda jinsiy aloqaga ko‘proq ehtiyoj sezadi, degan qarash keng tarqalgan. Lekin oxirgi tadqiqotlarga ko‘ra, bu farqlar uncha katta emas yoki umuman mavjud bo‘lmasligi ham mumkin.

"Bu natija ayollar passiv va seksga qiziqmaydi degan eskicha gender stereotiplarga shubha uyg‘otadi, – deydi Britaniya Kolumbiyasi universitetining akusherlik va ginekologiya professori, psixoterapevt Lori Brotto. – Aynan shu ondagi jinsiy maylga ta’sir qiluvchi omillar ayollar uchun ham, erkaklar uchun bo‘lgani kabi, kuchli bo‘lishi mumkinligiga asoslar bor."

Boshqa tadqiqotlar esa ayollarda jinsiy mayl kuchi hayz siklining turli bosqichlariga qarab o‘zgarib borishini aniqlagan.

"Ovulyatsiya davrida, ya’ni ayollarning jinsiy faolligi eng yuqori nuqtaga yetganida, ular erkaklar kabi jinsiy aloqaga qiziqishadi, – deydi Yuta universitetining psixologiya va gender fanlari professori Layza Daymond. – Ayollarning seksualligi erkaklarnikidan aslo kam emas, u shunchaki ko‘proq o‘zgaruvchan."

Agar jinsiy aloqaning eng asosiy maqsadi nasl qoldirish bo‘lsa, bu mantiqan ham to‘g‘ri ko‘rinadi.

"Biologik nuqtai nazardan jinsiy hayotimiz ko‘payish omilining ajralmas qismdir, – deydi Virjiniya universitetining psixiatriya va neyroxulq-atvor kafedrasi mudiri Anita Kleyton. – Jinsiy aloqa va ko‘payish o‘rtasida bevosita bog‘liqlik yo‘qligi esa zamonaviy tushuncha."

Ilgari shifokorlar ayollardagi jinsiy mayl ularning qonidagi erkak gormoni – testosteron darajasiga bog‘liq bo‘lishi mumkinligini taxmin qilishgan edi.

Ammo tadqiqotlar testosteron bu borada hal qiluvchi rol o‘ynamasligini ko‘rsatdi: jinsiy moyilligi yuqori va past ayollar orasida testosteron miqdori deyarli farq qilmaydi.

Shunga qaramay, ayollar testosteronni jinsiy istakning pasayishini davolashda eng samarali vosita deb hisoblashda davom etmoqda. Shifokorlar ham uni tavsiya qilishadi. Ko‘pincha ular erkaklar uchun belgilangan normativ ko‘rsatkichlarga tayanishadi, biroq bu ayollar uchun to‘g‘ri kelmaydi.

Yana bir tadqiqot testosteron darajasi bilan jinsiy mayl o‘rtasidagi bog‘liqlik nihoyatda zaif ekanini ko‘rsatdi. Aksincha, jinsiy faollik gormonlar darajasiga ko‘proq ta’sir ko‘rsatadi; gormonal fon esa insonning jinsiy aloqaga bo‘lgan haqiqiy ehtiyojiga unchalik ta’sir etmaydi. Ayollarda jinsiy aloqa haqidagi o‘ylar yoki jinsiy raqobat hissi testosteron darajasi oshishiga olib kelishi mumkin.

Gul ushlab turgan ayol qo‘li

Surat manbasi, Olivia Howitt

Surat tagso‘zi, Ko‘p ayollar tarkibida testosteron bor qo‘shimchalar bilan o‘z maylini oshirishga harakat qilganlar. Ammo bunday davolanishning ishonchli tibbiy argumenti bo‘lmagan.

"Jinsiy mayl testosteron darajasiga bog‘liq degan qarash mutlaqo asossiz", deydi Michigan universitetining Ann-Arbor kampusidagi psixologiya va ayollar tadqiqotlari bo‘yicha dotsenti, shuningdek, ushbu tadqiqot laboratoriyasi rahbari Sari van Anders. "Gormonlarning libidoga ta’siri juda kam yoki umuman yo‘q."

Ayollar jinsiy aloqa paytida boshdan kechiradigan turli holatlar ham ilgari yetarlicha o‘rganilmagan edi: ayollarda qo‘zg‘alish, plato, orgazm va bo‘shashish bosqichlari erkaklarnikidek ketma-ketlikda sodir bo‘lishi shart emas. Bu bosqichlar ko‘pincha butunlay boshqa tartibda kechadi.

Seks o‘zi jinsiy mayl va qo‘zg‘alishni uyg‘otishi mumkin, birinchi orgazm esa keyingi istakning boshlanishi bo‘lishi ehtimoldan xoli emas. Daymondning ta’kidlashicha, "ayollarda jinsiy va jismoniy qo‘zg‘alish ko‘pincha ruhiy intilishdan oldin yuzaga keladi; erkaklarda esa avval istak paydo bo‘ladi, keyin esa qo‘zg‘alish."

Iqtibos

Surat manbasi, .

Shu bilan birga, jinsiy mayl har doim boshqa odam bilan aloqa qilish istagi bilan birga kelavermaydi. Har xil ayollarda – xuddi erkaklarda bo‘lgani kabi – turli qiziqishlar bo‘ladi va ular vaqt o‘tishi bilan o‘zgarishi mumkin.

Ayollar ko‘pincha yolg‘izlikda masturbatsiya qilishni xohlashadi (ba’zilar uchun bu bo‘shashishning yagona usuli). Ayrimlari esa jismoniy aloqa bo‘lmasdan, faqat tasavvurlar orqali orgazmga erishishga qodir. Kimdir esa jufti bilan yaqinlikka ehtiyoj sezadi, ammo bu doim ham seks yoki orgazm istagini anglatmaydi.

"Odamlar juftlikka ehtiyoj sezayotganini aytganida, aslida ular yaqinlikka, zerikishni yengishga, yangi tajriba orttirishga yoki orgazmni boshdan kechirishga intilayotgan bo‘lishi mumkin, – deydi van Anders. – Menimcha, jinsiy mayl asosan vaziyatga, shaxsga, uning yoshiga, munosabatlarning tabiati va muayyan juftning fazilatlariga bog‘liq."

Ayol va erkak

Surat manbasi, Thinkstock

Surat tagso‘zi, Ayollarga mo‘ljallangan pornografiya tobora ommalashib borayapti

Tadqiqotlar shuni ko‘rsatadiki, ayollarda erotik qo‘zg‘atuvchilar ham nihoyatda rang-barang. Ba’zilar jufti G nuqtasini qo‘zg‘atishini yoki oyoq barmoqlarini yalashini yoqtirsa, boshqalarni hukmronlik yoki oddiy quchoqlash uyg‘otadi – bu ro‘yxatni uzaytiraverish mumkin.

"Erkaklar odatda ayollarning asosiy erogen zonasi klitor deb hisoblashadi, biroq tadqiqotlarimiz natijalariga ko‘ra, ayollarda javob uyg‘otuvchi boshqa ko‘plab qo‘zg‘atuvchilar mavjud, – deydi Beverli Uippl. – Biz ayollarga o‘zlariga nima zavq berishini aniqlash uchun tajriba qilishga to‘liq haqli ekanliklarini anglatishimiz kerak. Ular qo‘zg‘alish va jinsiy qoniqishning qandaydir «ideal» mexanizmiga mos kelishga majbur emasliklarini bilishlari lozim."

Bu xilma-xillik yaqinda paydo bo‘lgan pornografik mahsulotlarda ham o‘z aksini topmoqda.

Ayollar har doim bu sohaga daxldor bo‘lib kelgan bo‘lsalar-da, 1980-yillargacha pornografiya asosan erkaklar auditoriyasi uchun ishlab chiqarilar edi.

Ammo videomagnitofonlarning keng tarqalishi natijasida, ilgari faqat kinoteatrlarda namoyish etilgan porno filmlar ayollar uchun ham qulayroq bo‘la boshladi.

Bozordagi yangi ehtiyojni ilg‘agan ayol rejissyorlar ilk bor maxsus mo‘ljallangan pornografik filmlar suratga ola boshladilar. Bu turdagi mahsulotlar odatda yumshoqroq sahnalar va zo‘ravonlik elementlari yo‘qligi bilan ajralib turardi.

Soha rivojlangan sari Viktoriya davri vampirlari haqidagi erotik filmlar, erkaklar uchun mo‘ljallangan gey-porno, afsonaviy maxluqlar ishtirokidagi pornografik filmlar va boshqa turli janrlar vujudga kela boshladi. Bu mahsulotlarning mualliflari ham, asosiy iste’molchilari ham ayollar edi.

"Bugungi kunda pornografik mahsulotlar xilma-xilligi bilan ajralib turadi, chunki jamiyat ayollarda ham noodatiy jinsiy istaklar bo‘lishi mumkinligini tushuna boshladi, – deydi Tulan universitetining ingliz tili bo‘yicha postdoktoranti Laura Helen Marks. – Ayollar endi kamerani qo‘lga olib, ayollarning turli jinsiy ehtiyojlarini aks ettiruvchi filmlarni suratga olishmoqda."

Hirs manbasi

Nevrologik darajada olganda, biz hanuz jinsiy mayl qanday ishlashi va uni nima qo‘zg‘atishini aniq tushunib yetganimiz yo‘q.

"Jinsiy maylning tabiati haqida aniq tasavvur yo‘q, miyaning qaysi qismlari qanday faollashib, bu istakni paydo qilishi haqida esa gapirmasa ham bo‘ladi, – deydi Ratgers universitetining faxriy psixologiya professori Barri Komisaruk. – Bu jarayonni teskari yo‘nalishda – ya’ni istak qanday yuzaga kelganini orqaga qarab tushuntirishni hali hech kim eplolgani yo‘q."

Atirgul ushlab turgan ayol qo‘li

Surat manbasi, OLIVIA HOWITT

Surat tagso‘zi, Avvallari tadqiqot o‘tkazilaayotganda jinsiy qo‘shilishga rag‘batlantiradigan turli vaziyat va sharoit inobatga olinmagan

Shu bilan birga, jinsiy maylning yo‘qligi yoki yo‘qolishi sabablarini aniqlash ko‘pincha ancha oson bo‘ladi. Uzoq muddatli munosabatlar tajribasiga ega bo‘lgan har qanday inson – erkak yoki ayol bo‘lishidan qat’i nazar – vaqt o‘tishi bilan jinsiy moyillik darajasi o‘zgarishini tasdiqlashi mumkin. Tadqiqotlar shuni ko‘rsatadiki, uzoq muddatli munosabatdagi juftliklarda bu moyillik odatda pasayadi.

Ayollarda jinsiy mayl yo‘qolishi ko‘pincha erkaklarga qaraganda yaqqolroq namoyon bo‘ladi. Erkaklar, yuqoriroq testosteron darajasi tufayli, kayfiyat o‘zgarishlari, stress va charchoqka ko‘proq moslasha oladi. Ayollarga esa, ko‘pincha, munosabatlar yangilik jozibasini – bir vaqtlar ularni maftun qilgan sirlilik va hayajonni yo‘qotgandek tuyuladi. O‘tmishdagi ehtiros o‘rnini esa doimiy charchoq, tashvish, stress va band kundalik turmush egallaydi.

"Bugungi kunda ko‘plab ayollar tamoman holdan toyguncha ishlaydi, – deydi Nyuarkdagi Ratgers universiteti ilmiy xodimi, seksolog-shifokor Nen Uayz. – O‘z-o‘zidan paydo bo‘ladigan maylning yo‘qolishi – bu kasallik emas, balki ko‘plab ayollarning haddan tashqari toliqqanliklari belgisidir."

Yaxshiyamki, uzoq muddatli munosabatlarda istakning yo‘qolishi muqarrar emas va uni to‘liq tiklash mumkin. Uni xuddi guldek parvarish qilish mumkin. Uayzning ta’kidlashicha, juftda yana istak uyg‘otish uchun ba’zida munosabatlarga yoki umuman hayotga yangilik elementini kiritish kifoya – birgalikda boshqa mamlakatga sayohat qilish yoki yangi ko‘nikmalarni egallash.

"Shaxsiy rivojlanish juftlikdagi bir xillikka qarshi kurashishga yordam beradi: bu orqali siz boshqa birov bilan jinsiy aloqa qilayotgandek taassurot olasiz, – deydi Uayz. – Agar sizning juftingiz to‘satdan yangi ko‘nikmalarni namoyish etsa va ajoyib natijalarga erishsa, bu juda hayajonlantiradi."

Ba’zida esa istakning yo‘qolishiga kengroq ko‘lamdagi muammolar sabab bo‘ladi – sog‘liq bilan bog‘liq qiyinchiliklar, yaqin odamning o‘limi, ishsizlik, farzand tug‘ilishi yoki boshqa stressli voqealar. Bu holatlar odatda vaqtinchalik bo‘lib, normal hol sifatida baholanadi.

AQSh va Buyuk Britaniyada o‘tkazilgan keng qamrovli tadqiqotlarga ko‘ra, ayollarning qariyb yarmi yil davomida jinsiy maylning sezilarli darajada pasayishini boshdan kechiradi. Ammo ko‘pchilikda bu holat seksga aloqasi bo‘lmagan muammolar bartaraf etilgach, o‘z-o‘zidan bartaraf bo‘ladi.

Shunga qaramay, ayollarning taxminan 15 foizi jinsiy ehtiyojlarning surunkali pasayishidan kelib chiqadigan stressdan shikoyat qiladi. Ko‘pchilik ayollar bu holatda o‘zini majburiyatni ado etayotganidek his qiladi – seks ular uchun navbatdagi uy vazifasiga, hatto yoqimsiz vazifaga aylanadi.

Gul ushlab turgan ayol qo‘li

Surat manbasi, OLIVIA HOWITT

Surat tagso‘zi, Ayollar uchun "Viagra" ixtiro qilish harakatlari samara bermagan

Jinsiy yaqinlik paytida ular ko‘pincha chalg‘iydi – ish, uy-ro‘zg‘or haqida beg‘ubor, ammo hayajonsiz fikrlar bilan band bo‘ladi yoki o‘zini yetarlicha ta’sirchan emas deb his qiladi, jozibasizligini yoki juftini yo‘qotish xavfini o‘ylaydi.

Bu muammoni hal etish uchun turli usullar taklif etilgan, biroq ularning hech biri 100 foiz kafolatli natija bermaydi. Ba’zilar uchun guruhli, individual yoki oilaviy psixoterapiya foyda beradi.

Masalan, Lori Brotto tomonidan o‘rganilgan hushyor diqqat (mindfulness) asosidagi meditatsiya amaliyoti ijobiy natijalar bergan. U depressiya va nevrozni davolashga qaratilgan dastur asosida sakkiz haftalik kurs ishlab chiqdi. Unda ishtirokchilarga seks haqidagi miflarni rad etish uchun tananing tuzilishi va erogen zonalar haqidagi bilimlar beriladi.

Ishtirokchilarning so‘rovnomalarga javoblari, gormonal holati va erotik materiallarga nisbatan reaktsiyasi baholangach, ushbu kursni o‘taganlar va o‘tmaganlar orasida sezilarli farq aniqlangan.

Hozirda Brotto va uning hamkasblari bu amaliyot qanday ishlashini chuqurroq o‘rganishmoqda: terapevtik ta’sir ko‘proq bo‘shashish va stressning kamayishi bilanmi, yoki tanani chuqurroq his qilish bilanmi yoki ikkalasining kombinatsiyasimi – shuni aniqlashga urinishmoqda.

Bugungi kunda ko‘pchilik mutaxassislar ayollarda kuzatiladigan giposeksuallikni bunday psixologik yondashuvlar yordamida davolashni farmakologik vositalarga qaraganda ma’qulroq deb bilishadi.

Garchi "Eddi" (flibanserin moddasi asosida) – ayollarning "Viagra"si deb ataluvchi dorining AQShda sotuvga ruxsat berilgani (2023 yil avgustida) ma’lum bo‘lsa-da, uni "Viagra"ga qiyoslash to‘g‘ri bo‘lmaydi. Sababi, "Viagra" asosan qon aylanishini kuchaytirsa, "Eddi" miya kimyosiga ta’sir qiladi.

Biroq, Brottoning ta’kidlashicha, "Eddi" faqat serotonin va dopamin muvozanatidagi muammolar tufayli yuzaga kelgan jinsiy mayl pasayishini bartaraf etishi mumkin. Klinik sinovlar shuni ko‘rsatdiki, bu gormonlar ayollarning jinsiy moyilligida hal qiluvchi rol o‘ynamaydi. Tadqiqotda ishtirok etgan ayollar "Eddi"ni qabul qilganlar orasida qoniqarli seks holatlari oyiga atigi 0,5–1 taga ortgan, xolos – bu esa platsebo guruhidan unchalik farq qilmaydi.

Van Anders ta’kidlaganidek: "Tasavvur qiling, siz har oyda bor-yo‘g‘i bir marta kamroq aksirish uchun antigistamin ichayotgan bo‘lsangiz."

Shunga qaramay, samaradorligi past bo‘lishiga qaramasdan, bu dorining ko‘plab salbiy ta’sirlari aniqlandi: klinik sinovda ishtirok etgan har beshinchi ayol bosh aylanishi, holsizlik, ko‘ngil aynishi, uyqusizlik, og‘iz qurishi, hushdan ketish yoki qon bosimi keskin pasayishidan shikoyat qilgan. Bundan tashqari, "Eddi"ni qabul qilayotganlar uchun spirtli ichimliklar iste’moli qat’iyan man etiladi.

Daymondning fikricha, past darajadagi maylning ildizida yotgan psixologik muammolarni hal qilish ko‘pincha ancha samaraliroq bo‘lishi mumkin.

Ayol va erkak

Surat manbasi, Thinkstock

Xilma-xillik – me’yor

Shunga qaramay, barcha ayollar ham o‘zlarida jinsiy mayl yo‘qligidan xavotir olmaydi. Yer yuzidagi aholi orasida taxminan 1 foiz odam o‘zini aseksual deb biladi – ya’ni na qarama-qarshi va na o‘z jinsiga nisbatan jinsiy mayl sezadi.

Ba’zilar aseksual holatni butun umri davomida saqlab qoladi, boshqalar esa bu holatga vaqt o‘tishi bilan, hayotning turli bosqichlarida keladi. "Bu ularning shaxsiyatining tabiiy bir qismi bo‘lib, me’yordan og‘ish emas", deydi Van Anders.

Ba’zi hollarda odamlar juftiga nisbatan jinsiy ehtiyoji past bo‘lsa, o‘zlarida kam xohish borligidan xavotirlanib, aybdorlik hissini his qilishadi. "Libidosi past bo‘lgan ayollar odatda bu holatni muammo deb bilmaydi – faqat o‘ta jo‘shqin, yuqori ehtiyojli juft bilan munosabatga kirishmaguncha", deydi Kleyton.

Daymondning ta’kidlashicha, ba’zida yosh yigit yoki turmush o‘rtog‘i ayolni mutaxassisga murojaat qilishga yoki o‘zini o‘zgartirishga majbur qiladi – jinsiy aloqaga kamroq xohish bildirgani uchun. "Bunday erkak o‘zining yuqori ehtiyojini «me’yor» deb hisoblaydi. Aslida esa muammo libidoning pastligida emas, balki juftlar temperamentining bir-biriga mos kelmasligidadir. Ayolni ayblash o‘rniga, bu er-xotinning umumiy muammosi sifatida ko‘rilishi kerak. Eng to‘g‘risi – birgalikda o‘zaro maqbul bo‘lgan jinsiy yaqinlik darajasini kelishib olish", deydi u.

Agar olimlar jinsiy mayl haqida bir xulosaga kelgan bo‘lsa, u shunday: xilma-xillik – me’yor. Erkaklar ham, ayollar ham shahvoniylikning turli shakllarini namoyon qiladi – bu xohish yuqori bo‘lishi, past bo‘lishi yoki umuman bo‘lmasligi mumkin.

Na alohida odamlar uchun, na juftliklar uchun "to‘g‘ri" yoki "noto‘g‘ri" libido darajasi mavjud emas.

"Bu haqiqatni anglash bizga jinsiy maylning g‘oyat xilma-xil shakllariga kengroq tushuncha bilan yondashish imkonini beradi. Biz bu xilma-xillikka nisbatan bag‘rikengroq bo‘lishimiz kerak", deydi Daymond.

Ushbu maqolaning ingliz tilidagi originalini Bi-bi-sining BBC Future saytida o‘qish mumkin.