Nega olti yoshli qizlar hayz ko‘rishni boshlab, o‘smirlarga o‘xshab qolmoqda?

ikki maktab o‘quvchisi

Surat manbasi, Getty Images

    • Author, Dipali Jagtap, Sushila Singh
    • Role, BBC
  • O'qilish vaqti: 4 daq

Olti yoshli qizaloqning onasi Archana farzandining tanasida noodatiy o‘zgarishlarni sezib, chuqur tashvishga tushadi.

"Bu o‘zgarishlarni hali yosh qizaloqda ko‘rib qo‘rqib ketdim. U arzimas narsalarga jahl qila boshladi. Bu holat esa meni xavotirga soldi", deydi u.

Archana (bu uning haqiqiy ismi emas) oilasi bilan Hindiston g‘arbidagi Satara tumanida, qishloqda yashaydi.

U, turmush o‘rtog‘i va ikki farzandi – katta qizi hamda kichik o‘g‘li — bilan fermer xo‘jaligi yuritib, kichik uyda ro‘zg‘or qilishadi.

Qizi o‘z yoshiga nisbatan kattaroq ko‘rina boshlaganida, Archana uni shifokorga olib borishga qaror qiladi.

"Buni qabul qilish qiyin bo‘ldi"

sari va qo‘llar

Surat manbasi, Getty Images

Shu bilan birga, Dehlida yashaydigan Rashi ham qizining tanasida g‘ayritabiiy o‘zgarishlarni payqaydi, lekin ularni odatiy hol deb o‘ylaydi.

Olti yoshli qizining vazni 40 kilogramm edi, Rashi esa buni "sog‘lom vazn" deb hisoblab kelgan.

Ammo bir kuni Rashining qizi to‘satdan qon ketayotganidan shikoyat qiladi.

Shifokorga borishganida esa qizaloqning hayz ko‘ra boshlaganligi ma’lum bo‘ladi.

"Bu biz uchun juda qiyin bo‘ldi. Qizim ham nima bo‘layotganini tushunolmasdi", deydi Rashi.

Shu kunlarga kelib, mahalliy shifokor Archanaga ginekolog bilan maslahatlashishni tavsiya qiladi.

"Archana qizini bizga olib kelganida, tekshiruvdan so‘ng unda balog‘atga yetish belgilari borligini aniqladik. Uning tanasi 14-15 yoshli o‘smir qizning tanasiga o‘xshardi va har qanday vaqtda hayz boshlanishi mumkin edi", deydi Punedagi Mozerhud kasalxonasi shifokori Sushil Garud.

Aloqador mavzular:
Qizlar odatda o‘smir yoshga yetganda hayz ko‘ra boshlaydi

Surat manbasi, Getty Images

Surat tagso‘zi, Qizlar odatda o‘smir yoshga yetganda hayz ko‘ra boshlaydi

Dr. Garudning aytishicha, qizaloqda o‘z yoshiga nisbatan gormonlar darajasi juda yuqori edi va buning bir qancha sabablari bo‘lishi mumkin.

"Archana uyida ikkita 5 kilogrammli pestitsid idishi borligini va qizi ko‘pincha ular atrofida o‘ynashini aytdi. Bu qizaloqdagi gormonal o‘zgarishlarning asosiy sabablaridan biri bo‘lishi mumkin", deydi shifokor.

Dr. Garudning so‘zlariga ko‘ra, bolalardagi bu kabi o‘zgarishlar "erta balog‘atga yetish" deb ataladi.

Balog‘at – bu bola yoki qiz tanasida o‘zgarishlar yuz beradigan jarayon bo‘lib, jinsiy organlar rivojlanadi va ular reproduktiv qobiliyatga ega bo‘la boshlaydi.

Bizni ijtimoiy tarmoqlarda ham kuzating:
Getty Images
Olti yoshdan to‘qqiz yoshgacha bo‘lgan oltmish nafar qizda erta balog‘at holatlari kuzatilgan va ayrimlari istalgan vaqtda hayz ko‘rishni boshlashi mumkin edi.
Dr. Sudha Rau
Mumbaydagi Bai Jerbai Vadia kasalxonasi (Batafsil: bbc.com/uzbek)

O‘g‘il bolalarda yuz va jinsiy sochlar o‘sadi, ovoz qalinlashadi. Qiz bolalarda esa jinsiy sochlar va ko‘kraklar o‘sadi, hayz boshlanadi.

Balog‘atga yetish qizlarda 8 yoshdan 13 yoshgacha, o‘g‘il bolalarda esa 9 yoshdan 14 yoshgacha boshlanishi normal hisoblanadi.

Dr. Vaishakhi Rustegi, gormonlar bilan bog‘liq kasalliklar bo‘yicha mutaxassis, so‘nggi yillarda qizlarda balog‘atga yetish jarayoni tezlashganini aytadi.

"Ilgari qizlar hayz ko‘rishidan oldin ularda 18 oy yoki uch yil davomida jismoniy o‘zgarishlar yuz berishini kuzatish mumkin edi. Endi qizlar uch-to‘rt oy ichida hayz ko‘ryapti", deydi u.

Uning so‘zlariga ko‘ra, o‘g‘il bolalarda ham balog‘atdan keyin bir, bir yarim yil ichida soqol va mo‘ylov o‘sa boshlayapti, bu jarayon ilgari to‘rt yilgacha davom etar edi.

Qizlar 8 va 13, o‘g‘il bolalar esa 9 va 14 yoshda balog‘atga yetadi

Surat manbasi, Getty Images

Surat tagso‘zi, Qizlar 8 va 13, o‘g‘il bolalar esa 9 va 14 yoshda balog‘atga yetadi

Hindiston Tibbiy Tadqiqot Kengashi (HTTK) ning Bolalar Salomatligi Tadqiqot Departamenti vakili Dr. Suchitra Surve o‘z tadqiqotida erta balog‘at holatlari ortib boryotganini aniqlagan.

HTTK-Milliy Reproduktiv va Bolalar Salomatligi Tadqiqot Instituti (MRBSTI) tomonidan 2,000 qiz ishtirokida o‘tkazilgan tadqiqotda onalar balog‘at belgilarini ko‘pincha tushunmasliklari aniqlangan.

Tashkilot to‘qqiz yoshdan kichik qizlarda erta balog‘atga yetish sabab va xavflarini o‘rganmoqda.

2020 yilda Mumbaydagi Bai Jerbai Vadia kasalxonasi va HTTK olti yoshdan to‘qqiz yoshgacha bo‘lgan qizlar uchun erta balog‘at lagerini tashkil etdi.

"Olti yoshdan to‘qqiz yoshgacha bo‘lgan oltmish nafar qizda erta balog‘at holatlari kuzatilgan va ayrimlari istalgan vaqtda hayz ko‘rishni boshlashi mumkin edi", deydi kasalxonaning bolalar bo‘limida ishlaydigan Dr. Sudha Rau.

Erta balog‘atga nima sabab bo‘ladi?

Shifokorlarning aytishicha, balog‘at yoshiga erta yetishga ko‘plab omillar sabab bo‘lishi mumkin

Surat manbasi, Getty Images

Surat tagso‘zi, Shifokorlarning aytishicha, balog‘at yoshiga erta yetishga ko‘plab omillar sabab bo‘lishi mumkin

Shifokorlarning aytishicha, bu hodisaning sabablarini o‘rganish hali ham davom etmoqda, shuning uchun biror aniq sababni ko‘rsatish qiyin.

Ular pestitsidlar, oziq-ovqatda ishlatiladigan konservantlar, ifloslanish va semizlikni potentsial sabablar qatorida sanaydilar.

Mumbayda qizlar orasida ushbu masalani o‘rganayotgan Dr. Prashant Patilning aytishicha, semizlik erta balog‘atga yetish uchun eng katta xavf omillaridan biridir. Ushbu muammo SOVID-19 pandemiyasi davrida bolalar orasida semizlikning oshishi sababli yanada kuchaygan.

2022 yilda Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti (JSST) ma’lumotlariga ko‘ra, 5 yoshdan 19 yoshgacha bo‘lgan 390 milliondan ortiq bola va o‘smir ortiqcha vaznga ega bo‘lgan, ularning 160 millioni esa semizlikdan aziyat chekayotgan edi.

Semizlik – bu sog‘likka zarar yetkazuvchi ortiqcha yog‘ to‘planishi bilan tavsiflanadigan murakkab va surunkali kasallikdir.

U tananing massa indeksi (BMI) orqali o‘lchanadi, bunda bolaning yoki o‘smirning tug‘ilishdagi jinsi, yoshi, vazni va bo‘yi hisobga olinadi.

Shuningdek, mobil telefonlar, televizor yoki boshqa ekranlardan ortiqcha foydalanish va jismoniy faollikning yetishmasligi ham potentsial xavf omillari sifatida qayd etilgan.

Dr. Vaishakhi so‘nggi ikki-uch yildan beri deyarli har kuni poliklinikasida erta hayz ko‘rish bilan bog‘liq besh-olti holatni ko‘rayotganini aytadi.

"Shuningdek, onalar o‘zgarishlarni aprel oyida sezishgan bo‘lsa, iyunь-iyul oylariga kelib qizlari hayz ko‘rishni boshlaganini aytgan holatlar ham uchraydi. Endi bunday holatlar o‘g‘il bolalarda ham kuzatilmoqda", deydi u.

Uning aytishicha, ekran qarshisida ko‘p vaqt o‘tkazish ham bilvosita erta balog‘atga yetishga ta’sir qilmoqda.

Archana va Rashining qizlari kamida 10-11 yoshga yetgunlariga qadar hayz ko‘rishni kechiktiruvchi muolajadan o‘tmoqda.

Shifokorlarning so‘zlariga ko‘ra, bunday yoshda qizlar o‘zlarini gigienik jihatdan to‘g‘ri boshqarish uchun yetarlicha yetilmagan bo‘lishadi.

Shifokorlar erta balog‘atga yetishgan qizlar ko‘pincha psixologik va ijtimoiy muammolarga duch kelishini ta’kidlashadi.

Tadqiqotlar shuni ko‘rsatadiki, bunday qizlarda tengdoshlari tomonidan erta o‘zgarishlar uchun mazax qilinishlar bilan birga o‘z tanalari haqida bir umrlik noto‘g‘ri qarashlar ham shakllanib qolishi mumkin.