Farg‘ona bog‘chalarida 62 bola zaharlandi: "Sinov"dagi tizimning navbatdagi qurbonlari

Farg‘ona shahridagi davlat bog‘chalarida yuz bergan ommaviy zaharlanish oqibatida 62 nafar bola shifoxonaga yotqizildi. Ushbu voqea nafaqat viloyatdagi keytering tizimi, balki butun maktabgacha ta’lim sohasidagi nazoratsizlik va shubhali kelishuvlarni yana bir bor kun tartibiga chiqardi.
"Yana ommaviy zaharlanish..."

Surat manbasi, Kun.uz
Farg‘ona viloyat Sog‘liqni saqlash boshqarmasi 21 fevral kuni 2-, 58- va 61-sonli bog‘chalar tarbiyalanuvchilari "o‘tkir diareya" tashxisi bilan yuqumli kasalliklar shifoxonasiga yotqizilganini tasdiqladi. Ota-onalarning ta’kidlashicha, shifoxonalar bemor bolalar bilan to‘lgan, mas’ullar esa vaziyatni yashirishga urinmoqda.
Jurnalist Ilyos Safarov ushbu takrorlanayotgan fojiaga munosabat bildirar ekan, tizimdagi chuqurlashgan inqirozga e’tibor qaratdi:
"Toshkent viloyatidan keyin endi Farg‘ona. Yana bog‘chalar. Yana ommaviy zaharlanish... Dahshatlisi, har safar bir xil stsenariy: ommaviy zaharlanish, komissiya, bayonotlar, "nazorat kuchaytiriladi". Lekin sal vaqt o‘tib yana zaharlanish takrorlanadi. Qachongacha, qanchagacha shunday bo‘ladi axir?!" — deb yozadi jurnalist o‘z Telegram kanalida.
Taomni kim yetkazgan: 9 kunlik "tajriba"
Bi-bi-si o‘z manbalari orqali bog‘chalarni ovqat bilan ta’minlagan korxona — «Garden Catering Trade» ekanini tasdiqladi. Ushbu kompaniyaning bozorga kirishi boshidanoq shubhali bo‘lgan. Qalampir.uz surishtiruviga ko‘ra, viloyat hokimi Hayrullo Bozorov ochilganiga atigi to‘qqiz kun bo‘lgan ushbu MChJga butun boshli tuman bog‘chalarini topshirgan.
Raqobat qo‘mitasi buni qonunga zid deb topib, qarorni bekor qilish bo‘yicha ko‘rsatma bergan bo‘lsa-da, tizim ishlashda davom etgan. Ilyos Safarovning ta’kidlashicha, muammoning ildizi yuzaki bayonotlarda emas, balki ichkaridagi korruptsiya va shaffoflikning yo‘qligida:
"Balki masala va muammolarning yechimi faqat vazir yo uning o‘rinbosarini almashtirishda emasligini tushunib, harakatni tizim islohiga qaratarsizlar? Buning uchun pastga, bog‘chalar va ularning oshxonasigacha tushish kerakdir. Tenderlar qanchalik shaffof? Sanitariya nazorati qachon va qanday o‘tkazilgan? Nega aynigan, sasigan, bijg‘ib ketgan ovqatlar nazoratsiz bolalar kosasigacha tushmoqda?"
Go‘shtmi yoki emlash?
Bu O‘zbekistondagi bog‘chalarda kuzatilgan birinchi ommaviy zaharlanish emas. 2025 yilda Toshkent viloyatida salkam 2 ming nafar bola zaharlanganida ham jamoatchilik tizimli o‘zgarishlarni talab qilgan edi. Biroq, Farg‘ona voqeasi ko‘rsatganidek, real xulosalar chiqarilmagan.
Jurnalist Ilyos Safarov ta’kidlaganidek, mas’ullarning "vaziyat nazoratda" qabilidagi gaplari endi jamoatchilikni qoniqtirmaydi:
"Tizim ichkaridan tozalanishga o‘ta muhtoj. Bu tozalanishlarsiz yana ommaviy zaharlanish, yana komissiya, yana "vazir yetib bordi", "qo‘lga olindi" kabi tizimga emas, faqat shov-shuvga xizmat qiladigan gaplarni eshitaveramiz".




























