Dunyo tartiboti o‘zgarmoqdami - O‘zbekiston qayerdan o‘rin oladi? Video

Surat manbasi, president.uz
Donald Tramp tashabbusi bilan tuzilgan va O‘zbekiston ham a’zosi bo‘lgan "Tinchlik kengashi" dunyo tizimida yangi tartib shakllanayotganini anglatadimi?
O‘zbekiston ittifoqchilari tomonidan yakkalanayotgan Amerikaga yaqinlashib nima yutishi mumkin? Buni imperialistik ishtahalari ochilayotgan Rossiya qanday qabul qilmoqda?
"Diqqat, BBC" dasturida ana shu mavzuni o‘rgandik.
Donald Trampning barchaga tariflar va yerlarni qo‘shib olish bilan tahdid qilishi ortidan Bir vaqtlar AQShning hamkori bo‘lgan va doim yonida turgan G‘arb davlatlari birma bir undan masofa saqlayotgandek.
Yon qo‘shnisi Kanada Xitoyga eshiklarini ochdi. Doim yonida turgan Britaniya ham Xitoy bilan millardlab dollarlik shartnomalar imzoladi.
Yevropa NATOning o‘rniga muqobil harbiy ittifoq haqida gapirmoqda.
Ana shunday bir manzarada Tramp yana bir tashkilot "Tinchlik kengashi"ni tashkil qildi.
Ayni maqolada Google YouTube tomonidan taqdim qilingan kontent mavjud. Biz bu kontent yuklanmasidan avval sizning roziligingizni so‘raymiz, chunki ular kuki va boshqa texnologiyalardan foydalangan bo‘lishi mumkin. Siz Google YouTube havolasida kukilarga doir va shaxsiy ma’lumotlarga oid qoidalar haqida avval o‘qib, keyin qabul qilishga rozi bo‘lishingiz mumkin. Ko‘rish uchun “qabul qilish va davom etish”ni tanlang.
Oxiri YouTube post
Bir yilning ichida Tramp tashqi siyosatda nimalar qilishga ulgurdi?
Ikkinchi jahon urushidan so‘ng dunyo kommunizm va kapitalizm qutbiga uzil kesil bo‘lingach, G‘arb davlatlari AQSh boshchiligidagi ittifoqdan joy oldi.
Amerika turli sabablar bilan biror davlatga harbiy aralashuv qiladimi yoki biror siyosiy tomonni qo‘llab quvvatlaydimi kollektiv G‘arb doim yonida turdi.
Ammo Rossiyaning Ukrainaga urush ochishi va Trampning ikkinchi bor prezident bo‘lib kelishi ortidan bu tartib keskin o‘zgara boshladi.
Tramp Amerikasi bir yilning ichida yanada tajovvuzkor, ammo xalqaro mas’uliyatlarini birin ketin rad qiluvchi davlatga aylanayotgani aytilmoqda.
Bu vaqtda Amerika Yaman va Eronni bombalashga ulgurdi. Venesulada maxsus amaliyot o‘tkazib, mamlakat prezidenti Nikolas Maduroni qo‘lga oldi.
Tramp yon qo‘shnisi Kanadani "AQShning 51 chi shtati", deya ayta boshladi.
U shuningdek, Panama kanalini va Yevropa biqinidagi Grenlandiyani Amerika boshqaruviga o‘tkazish haqida jiddiy gapira boshladi.
Buning hammasi bir vaqtlar AQSh yonida turgan ittifoqchilarida himoya reflekslarini uyg‘otib yubordi.
Yevropadagi ayrim davlatlar Grendlandiyaga harbiy mashg‘ulot o‘tkazish uchun ramziy tarzda sanoqli harbiy yubordi.
AQSh ushbu harakatga darrov tariflarni oshirish tahdidi bilan javob berdi.
Kanada va Britaniya savdo va sarmoya borasida shu vaqtgacha masofa saqlashga harakat qilib kelgan Xitoyga yuzlandi.
Tramp bu harakatlarga ham boj tariflarni oshirish tahdidi bilan chiqdi.
Tramp AQShning 66 ta turli xalqaro tashkilotlar va kelishuvlardan chiqishini ma’lum qildi. Shundan 31 tasi BMT tarkibidagi tashkilotlardir.
Bu harakatlar shusiz ham zaifligi tufayli tanqidlarga ostida qolayotgan BMTni yanada og‘ir ahvolga solib qo‘ydi.
BMT moliyaviy qulash arafasida ekanligini bayon qildi.
"Tinchlik kengashi" qanday tuzilma?
O‘zbekiston AQSh bilan yaqinlashib olishni xohlayapti. Bu axir imkoniyat. Juda ko‘p mamlakatlar Amerika bilan to‘g‘ridan to‘g‘ri muloqot qilishni xohlaydi, lekin bu oson emas.
Ana shunday bir manzarada Donald Tramp ikki yil Isroil bombardimoni ostida qolgan G‘azoni tiklash maqsadida "Tinchlik kengashi" tuzilishini ma’lum qildi.
Sizdirilgan kengash nizomida uning maqsadi faqat G‘azoni tiklash bilan cheklanmasligi aytiladi.
Nizom "yanada chaqqon va samarali xalqaro tinchlik tashkiloti" zaruriyatini ta’kidlash bilan boshlanadi hamda mustahkam tinchlik uchun "ko‘pincha muvaffaqiyatsizlikka uchragan institutlardan voz kechish jasorati" kerakligi qayd etilgan.
Unga 3 yillik yangilanib turuvchi a’zo yoki 1 milliard dollar to‘lab doimiy a’zo bo‘lish mumkin. Hozircha bu kengashga 19 davlat a’zo bo‘ldi.
BMT Bosh kotibi Guterrishdan Tramp Tinchlik Kengashi roli haqida so‘ralganda Qonunan kuchga kiradigan qarorlarni qandaydir tashkilotlar emas, faqat BMT Xavfsizlik Kengashi qabul qiloladi, dedi.
Tinchlik jarayonida eng markaziy o‘rinni BMT, xususan, Xavfsizlik Kengashi egallaydi, deb eslatdi u.
"Shunday qilib, tinchlik va xavfsizlikda markaziy o‘rinni BMT va BMT ichida Xavfsizlik Kengashi egallaydi. Va aynan shuning uchun Xavfsizlik Kengashini isloh qilish muhim. Shunisi qiziqki, BMTni samarasiz deb tanqid qilayotgan ayrim tanqidchilarning o‘zlari Xavfsizlik Kengashi islohotiga qarshi chiqayotganlardir. Aynan shu narsa ba’zan BMTning biz istagan darajada samarali emasligi sababi bo‘layapti", degan Gutterish.
Tramp o‘yin qoidalarini buzmoqdami?
Tramp dunyo siyosiy xaritasini o‘zgartirib, 2 jahon urushidan keyin shakllangan o‘yin qoidlarini buzib yubormoqda degan fikrlar yangramoqda.
Sobiq diplomat Alisher Taksanov dunyo Yalpi Ichki mahsulotining 25 foizini tashkil etuvchi AQShdagi o‘zgarishlar dunyo siyosatiga bevosita ta’sir qilishini aytadi.
"Bu dunyoning birinchi armiyasi. Bu valyuta – dollar – jahonning birinchi valyutasi. Mana shunday iqtisodiy imkoniyatlar, resurslar bilan Qo‘shma Shtatlar bemalol dunyo tartibini o‘zgartiroladi.
Yevropa bilan qo‘shib hisoblansa, dunyo Yalpi Ichki mahsulotining 50 foizi deganidir. Tramp AQShni nafaqat dunyo mamlakati, balki BMTga muqobil qilishni istayapti. Va G‘azoda bundan keyin nima bo‘lishini hal qiladigan "Tinchlik Kengashi" tuzilishi BMTdan ham yirikroq tuzilma tuzish yo‘lidagi ilk qadam deb ko‘rilayapti. Va u jahondagi vaziyatga ta’sir qiladi. Men bu tashkilotni harbiy siyosiy blok bo‘ladi, demayman. U Qo‘shma Shtatlarning yo‘rig‘iga yuradigan mamlakatlarning ittifoqi bo‘lishi mumkin", deydi u.
Siyosiy sharhlovchi Chori Ko‘charov esa Tramp boshchiligida 19 davlatning Tinchlik kengashi tuzishi dunyo tartibotini o‘zgartirmaydi, deydi.
"Bir so‘z bilan bu jahon tartibotini o‘zgartirmaydi, degan fikrga kelaman. Chunki bu taklif hali butun dunyo hamjamiyati tomonidan to‘liq qo‘llab-quvvatlashga erishilmadi", deydi u.
Ko‘charovning aytishicha, buning bir qator sabablari bor. Tashabbusni hali ko‘pchilik yoqlamayapti. Ikkinchidan, bu takliflar hali pishmagan
Kengash tarkibidan O‘zbekiston ham joy oldi. Rasmiy Toshkent tashkilot nizomida sizdirilgan da’volarni tilga olmagan.
Prezident sayti kengash G‘azoni tiklashda qulay sharoit yaratishi va mojaroning keskinlashuvi xavfini pasaytirishi va oqibatda Falastin davlatini tuzishda qo‘l kelishini ta’kidlagan.
Shuningdek, bu tashabbus BMT siyosatiga ham mosligini aytgan.
Kengash tarkibida hozircha shu vaqtgacha AQSh yonida bo‘lgan g‘arb davlatlari yo‘q. Unga a’zo bo‘lish taklifiga Rossiya prezidenti Vladimir Putin iliq qarshilik ko‘rsatgan.
Bu nimani anglatadi?
Chori Ko‘charovga ko‘ra, bugungi xalqaro dunyoda, yangi bir tendentsiya paydo bo‘ldi. Aynan Tramp hokimiyatga kelganidan keyin bu tendentsiya kuchaydi.
"Imperialistik kayfiyatdagi holatlar kuchaydi. Xususan, Rossiyani go‘yoki bugungi Ukrainaga qilib turgan tajovuzini tushunadigan davlatlar paydo bo‘ldi. Yoki Isroilni Falastinga bo‘lgan hujumlari, shunchaki o‘zini mudofaa qilish bilan bir sharhlandi".
Siyosiy sharhlovchiga ko‘ra, O‘zbekistonga Rossiya tomonidan qilinayotgan tahdidlar yoki Xitoy tomonidan qilinayotgan iqtisodiy ekspansiya – bu ikkalasi ham O‘zbekistonning mavqeini ancha pasaytirib kelayapti.
"Mana bu tinchlik kengashiga ularning tortilayotganligi, qilingan taklifni bajonidil qabul qilayotganini bir qator mana shunday, ob’ektiv sabablari ham bor. Albatta, bunda sub’ektiv holatlar ham bor. Buni, demak, o‘sha o‘zaro munosabatlar misolida ham ko‘rish mumkin".
Kuzatuvchilar Tramp tashabbusida hozircha javoblardan savollar ko‘proq ekanligini aytishmoqda. Masalan, nega unda Amerika prezidenti emas, balki amaldan ketsa ham Donald Tramp rais bo‘lib qolishi, boshqaruv tarkibiga kuyovi Jared Kushnerni qo‘shishi, uning nima uchun G‘azodagi otashkesimga qaramasdan Isroil tomonidan bombalashlarga sukut saqlayotgani kabi savollar ochiq qolmoqda.
Shularning ichida eng muhimlaridan biri AQShning doimiy hamkorlari bo‘lmish G‘arb xayrixohlik bildirmay turgan vaqti, Vashington uncha e’tibor bermay kelgan davlatlarning ham unga a’zo bo‘lishi.
Sobiq diplomat Alisher Taksanovga ko‘ra, bu dunyo tartibotining o‘zgarishi bilan bog‘liq.
"Jahon tartibi 2001 yil 11 sentyabrda Nyu Yorkka terrorchilik hujumlaridan keyin keskin o‘zgardi. Hodisalar AQShda ro‘y berdi, biroq bu hodisalar dunyoni o‘zgartirib yubordi. Hozir ham hokimiyatga Donald Tramp kelganidan shunday o‘zgarish yuz berdi. U yangi munosabatlarni yo‘lga qo‘yish bilan dunyo tartibini o‘zgartirishni boshladi. U siyosiy manfaatlarni, sherik mamlakatlari manfaatlarini inobatga olmasdan, bu narsani biznes strukturaga aylantirdi. U AQSh masalalarni nafaqat siyosiy ehtiyoj, misol uchun, Rossiyadan kelayotgan tahdiddan kelib chiqib, balki biznes manfaatidan kelib chiqib hal etishi lozim, degan qarorga keldi. Ya’ni, tahdid qandaydir biznes foyda, dividend ham keltirishi mumkin. Shuning uchun asosiy tahdid Rossiyadan kelayotganini anglayotgan Yevropa Donald Tramp nima qilayotganini tushunmasligi mumkin emas. Muammo shundaki, Tramp aniq tiniq anglatib qo‘ydi: NATO nizomining 5-bandi unga NATOga a’zo boshqa ittifoqchilariga harbiy yordam berib, ular himoyasiga chiqish majburiyatini bermaydi. AQShning o‘zi hududiy da’volarni ilgari surayotgan bir paytda tabiiyki, Yevropa Amerika bilan birga bo‘lishni xohlamayapti". Taksanovning aytishicha, Yevropa AQSh Tinchlik Kengashini BMTga muqobil tashkilotga aylantirib, ikki hokimiyatchilikka o‘xshaydigan vaziyat yuzaga kelishidan xavotirlanayapti".
"Dunyoda ikki kuch nuqtasi paydo bo‘lishi mumkin. Biri Vashington rahbarligidagi Tinchlik Kengashi va AQSh qatnashmaydigan BMT. AQSh allaqachon Jahon Sog‘likni saqlash tashkiloti va yana bir necha xalqaro tashkilotdan chiqib ketishini e’lon qildi. Moliya bermay qo‘ydi. Agar AQSh BMTni moliyalamaydigan bo‘lsa, BMT qulaydi. Chunki Qo‘shma Shtatlar BMTga eng ko‘p vznos to‘laydigan mamlakat. U pul bermasa, qolgan mamlakatlar BMTni moliyalay olmaydilar. Tinchlik Kengashiga uncha ko‘p pul kerak emas. Bu kengash ishtirokchilari asosan rivojlanayotgan mamlakatlar va ularning moliyaviy imkoniyatlari uncha katta emas. Vashington uchun esa muhimi – qo‘llab quvvatlov. U yerda yetakchi mamlakat Qo‘shma Shtatlar va u o‘z shartlarini ilgari suradi".
End of Ijtimoiy tarmoqlardagi sahifalarimiz:
Xalqaro tahlilchilar aytayotgandek, bu AQShda hokimiyat almashguncha bo‘ladigan vaqtincha fenomenmi yoki dunyo yangi tartibga o‘tish uchun tamal toshimi?
Chori Ko‘charovning aytishicha, AQSh Senatidagi bu yilgi saylov ko‘p narsaga oydinlik kiritadi.
Alisher Taksanov esa hozir bir narsa deb bo‘lmasligi aytadi.
"Hozir AQShning o‘zi ham tushunib turiptiki, Donald Tramp sheriklar bilan yo‘lga qo‘yilgan munosabatlarni buzib, AQShning ittifoqchilari bo‘lmaydigan yangi tartibni barpo etayapti"
U bu kengash bu vaqtinchalik tashkilot bo‘lishini taxmin qiladi.
"Tramp ketishi bilan qulab tushadi, yo qayta tashkil qilinadi, yoki aytishadi: "kechirasizlar, o‘sha paytlar shunaqa manfaat bor edi, hozirga kelib bu manfaatlar g‘oyib bo‘ldi, endi muammo yo‘q va biz o‘z munosabatlarimizni yana eski tartib bo‘yicha quramiz", deyishlari mumkin. Bular hammasi faqat bir kishi – Tramp uchun tuzilayapti. Qanchalar g‘ayrioddiy ko‘rinmasin, bitta odam tartibni o‘zgartira olishi mumkin ekan. Xuddi bir zamonlar Gitler dunyo tartibini o‘zgartirib Ikkinchi Jahon urushini boshlab berganiga o‘xshab", deydi Taksanov.
O‘zbekistonga nima foyda?

Surat manbasi, president.uz
Tahlilchilar O‘zbekiston bu o‘zgarishlardan foydalanib qolmoqchi ekanligini aytishadi.
"Loyqa suvda baliq ovlash" degan ibora bor-ku. Shunday global jarayonlar kechayotganidan foydalanib, O‘zbekiston AQSh bilan yaqinlashib olishni xohlayapti. Bu axir imkoniyat. Juda ko‘p mamlakatlar Qo‘shma Shtatlar bilan to‘g‘ridan to‘g‘ri muloqot qilishni, Donald Trampning to‘g‘ri o‘ziga qo‘ng‘iroq qilishni xohlaydi, lekin bunga erishish oson emas. Mana shunday paytda O‘zbekistonning bevosita o‘sha jarayonlarning o‘zida ishtirok etish imkoniyati tug‘ilib qoldi. U o‘zini mintaqaning bir mamlakati deb emas, jahon tartibini belgilayotgan, ovozi inobatga olinayotgan davlat sifatida taqdim qiloladi", deydi Alisher Taksanov.
O‘zbekiston va Markaziy Osiyo davlatlari Amerikaga sertqatnov bo‘lib qolishi va Tinchlik kengashishi qo‘shilishi manzarasida Rossiyada yana bu o‘lkalarning mustaqilligi savol ostiga olinuvchi ig‘voli savollar ko‘tarila boshladi. Rossiyaning imperialistik ishtahasi ochilayotgan bir manzarada O‘zbekiston va mintaqaning muqobil yo‘llar izlashi suverenitetni saqlab qolishda muhimligi aytiladi.
































