"Bolamiz tug‘ilgach, erim bilan yaqinlik istamay qo‘ydim"

Surat manbasi, Holly Hagan-Blyth
- Author, Emili Holt
- Role, BBC News
- O'qilish vaqti: 3 daq
Jinsiy aloqa ko‘pchilik odamlar uchun munosabatlarning ajralmas qismi hisoblanadi. Ammo NHS [Britaniya Milliy Sog‘liqni saqlash xizmati] ma’lumotlariga ko‘ra, ba’zilarda homiladorlik va tug‘ruqdan so‘ng jinsiy istak yo‘qolishi odatiy hol.
Realiti-TV yulduzi va fitnes murabbiy Holli Hagan-Blayt o‘g‘li tug‘ilganidan keyin aynan shunday holatni boshidan kechirganini aytadi.
"Men: "Menga umuman teginmasangiz ham, farqi yo‘q", deyishim mumkin edi, chunki o‘sha paytda o‘zimni aynan shunday his qilardim," deydi u CBeebies Parenting Helpline'ga hamboshlovchilik qilayotganda.
Jinsiy va munosabatlar bo‘yicha terapevt Reychel Goldning aytishicha, onalar ko‘pincha tug‘ruqdan keyingi olti haftalik tekshiruvdan so‘ng yana yaqinlikka qaytadi.
"Menimcha, bu odamlarni yana jinsiy aloqa qilish vaqti keldi, deb o‘ylashiga sabab bo‘ladi, lekin bu to‘g‘ri emas."
Hollining aytishicha, uning jinsiy ishtiyoqi 2023 yilda o‘g‘li Alfa-Jaks tug‘ilgandan keyin pasaygan va u har qanday yaqinlikdan qocha boshlagan.
"Unga [erim Jeykobga] teginish yoki erkalash kabi har qanday turda mehr ko‘rsatsam, bu to‘liq jinsiy aloqaga olib kelishini his qilardim va buni xohlamasdim".
"Unga nisbatan biror narsa qilishga qo‘rqib qoldim."
Eri bilan ochiq bo‘lish yordam berganini aytadi u.
"Seni quchoqlab, silab-siypalayotganimda, bu keyingi bosqichga olib kelmasligi mumkinmi? Chunki u yog‘ini istamayapman, deb aytganimdan so‘ng, to‘satdan hamma narsa ancha yaxshilandi, bosim yo‘qoldi."
Uning eri Jeykob meni yoqtirmay qoldi deb xavotirda edi.
"Men unga: «Buning senga hech qanday aloqasi yo‘qligini tushunishing kerak. Hozir o‘zimni shunday his qilyapman, lekin sen haqingda fikrim o‘sha-o‘sha", dedim."
"Hozir yoki hatto yaqin bir necha oy ichida jinsiy aloqa qilishni unchalik xohlamayman. Bu men boshdan kechirayotgan muammo va faqat o‘zim uni hal qilishim kerak".
Holli shu kabi muammolarni boshdan kechirayotgan er-xotinlar yanada ochiqroq bo‘lishlari mumkinligiga umid qiladi.
"Odamlar farzandli bo‘lgandan keyin munosabatlar o‘zgaradi, deyishadi, lekin o‘ylashimcha, bu holga tushmaguncha, haqiqatan ham qanchalik o‘zgarishini tushunmaysiz".
Erim Jeykobga teginish yoki erkalash kabi har qanday turda mehr ko‘rsatsam, bu to‘liq jinsiy aloqaga olib kelishini his qilardim va buni xohlamasdim.
Akusherlik va ginekologiya bo‘yicha mutaxassis, doktor Jennifer Linkolnning aytishicha, ayollarning tug‘ruqdan keyin jinsiy aloqada bo‘lishni istamasligining ko‘plab sabablari bor.
"Sog‘ayish jarayonlari sodir bo‘ladi. Bachadon homiladorlikdan oldingi hajmiga qaytishi uchun taxminan olti hafta kerak. Qin yoki oraliqdagi har qanday yirtilish ham bitadi".
Ayollar uchun libidoga ta’sir qilishi mumkin bo‘lgan katta gormonal o‘zgarishlar ham kuzatiladi.
"Estrogen va progesteron darajasi keskin pasayadi. Estrogenlarning pastligi jinsiy aloqani og‘riqli qilishi mumkin bo‘lgan qin quruqligi kabi jismoniy o‘zgarishlarga olib kelishi mumkin."
"Odatda menopauzani ayol boshdan kechiradigan gormonlar darajasidagi eng keskin o‘zgarish deb o‘ylashadi, lekin aslida bu tug‘ruq atrofidagi bir necha kundir".

Surat manbasi, Holly Hagan-Blyth
Reychelning ta’kidlashicha, jinsiy aloqani tiklash uchun aniq vaqt chegarasi yo‘q va bu har bir juftlik uchun o‘ziga xos.
Bu faqat onalarga ta’sir qiladigan masala emas. CBeebies Parenting Helpline'ning uch oy oldin farzandli bo‘lgan bir tinglovchisi Frenki jufti jinsiy aloqani to‘xtatganini aytdi.
"Hozirda tanamni yoqtirmayapman va juftimdan ko‘proq e’tibor xohlayman, lekin u endi men bilan jinsiy aloqada bo‘lishni xohlamaydi. O‘zimni muallaq qolgandek his qilyapman."
Reychelning aytishicha, erkaklar ba’zida o‘z his-tuyg‘ularini ochiq aytishga qiynaladi.
"Ota bo‘lish erkakda turli xil hislarni uyg‘otishi, bu esa uning jinsiy aloqada bo‘lishni xohlamasligiga katta ta’sir ko‘rsatishi mumkin."
NCT tug‘ruq xayriya tashkiloti amaliyotchisi Fler Parkerning aytishicha, erkaklar bu his-tuyg‘ularga jiddiy e’tibor bermaydi.
"Juftingiz bilan o‘zingizni qanday his qilayotganingiz haqida ochiq gaplashish haqiqatan ham yordam berishi mumkin; ular nima bo‘layotganini yoki nimani o‘ylayotganingizni biladi deb o‘ylamang."
Jennifer qiynalayotgan juftliklarga yordam so‘rashni tavsiya qiladi.
"Ba’zi yangi ota-onalar yaqinlik o‘z-o‘zidan qaytishini bilib, oson moslashadi, boshqalari esa jiddiy qiyinchiliklarga duch keladi."
"Agar bu katta munosabatlar mojarosiga sabab bo‘lsa, men professional yordamni tavsiya qilaman – bu er-xotinlar uchun maslahat, jinsiy terapiya yoki doimiy jismoniy muammolar uchun tibbiy tekshiruvdir".
Tug‘ruqdan keyin jinsiy aloqani qayta boshlash uchun juftliklarga maslahatlar:
- Jinsiy mayl yo‘qolishini oddiy holat deb qabul qilish juda muhim. Bu mutlaqo normal holat ekanligini tan olish ayblov va bosimni kamaytirishga yordam beradi;
- Ushbu o‘zgarishlarni boshdan kechirayotgan ayollar, tanangizning tabiiy sog‘ayish jarayoniga sabr qiling;
- Juftingiz bilan ehtiyojlaringiz va nimani istashingiz haqida ochiq suhbatlashing;
- Juftlar hissiy aloqa va nojinsiy teginishlarga e’tibor qaratib, yaqinlikni vaqtincha o‘zgartirish orqali bir-birlarini yaxshiroq qo‘llab-quvvatlashlari mumkin;
- Bu, shuningdek, umumiy stressni kamaytirish uchun uy yumushlarini bajarish va bola parvarishi kabi ko‘proq amaliy mas’uliyatlarni o‘z zimmasiga olish bilan ham bo‘lishi mumkin.












