Yangilandi: AQSh va Eron urushni to‘xtatish bo‘yicha kelisha olmadi, Vens Pokistonni tark etdi

AQSh vitse-prezidenti Jey Di Vens Pokistondan uchib ketgan

Surat manbasi, Reuters

Surat tagso‘zi, AQSh vitse-prezidenti Jey Di Vens Pokistondan uchib ketgan
O'qilish vaqti: 5 daq

AQSh vitse-prezidenti Jey Di Vens Islomobodda bo‘lib o‘tgan muzokaralarda AQSh va Eron kelishuvga erisha olmaganini aytdi. Unga ko‘ra, Eron AQSh shartlarini qabul qilishdan bosh tortgan, jumladan Vashington Tehrondan yadroviy qurol ishlab chiqmaslik bo‘yicha "asosiy majburiyat"ni ko‘rmagan. Eron tomoni muzokaralar ishonchsizlik muhitida o‘tganini aytmoqda.

21 soatdan ortiq davom etgan keskin muzokaralar tinchlik kelishuviga olib kelmaganidan so‘ng, Vens Pokistondan uchib ketgan.

"Biz eronliklar bilan mazmunli muhokamalar o‘tkazdik — bu yaxshi xabar. Yomon xabar shundaki, biz kelishuvga erisha olmadik va menimcha, bu AQShdan ko‘ra ko‘proq Eron uchun yomon xabar", dedi Vens.

"Biz shunchaki eronliklar bizning shartlarimizni qabul qiladigan vaziyatga yeta olmadik", — deya qo‘shimcha qildi u.

Uning ta’kidlashicha, yadroviy qurol masalasi AQSh va Eron o‘rtasidagi muzokaralarda asosiy mavzudir. Prezident Donald Trampning bosh maqsadi — Tehronning hozir ham, kelajakda ham yadroviy qurolga ega bo‘lishiga yo‘l qo‘ymaslik.

Vensga ko‘ra, Islomoboddagi muzokaralarda AQSh Eronda yadroviy qurol ishlab chiqmaslik bo‘yicha aniq majburiyatni ko‘rmagan.

Avvalroq AQSh prezidenti Donald Tramp Pokistondagi muzokaralar natijasi uni xavotirga solmasligini bildirgan. Uning so‘zlariga ko‘ra, Vashington allaqachon bu urushda g‘alaba qozongan.

"Biz kelishuvga erishamizmi yoki yo‘q — bu men uchun ahamiyatli emas. Gap shundaki, biz g‘alaba qildik", dedi Tramp Oq uy yaqinida jurnalistlarga.

"Biz bu mamlakatni to‘liq tor-mor qildik", — deya qo‘shimcha qildi u.

Tramp avvalgi bayonotlarini takrorlab, AQSh Eron harbiy-havo va dengiz kuchlarini hamda rahbariyatini yo‘q qilganini aytdi. Shuningdek, u Hormuz bo‘g‘ozi orqali erkin harakatni ta’minlash ustida ish olib borilayotganini bildirdi.

Uning aytishicha, AQSh bu ishni "qo‘rqoq, zaif yoki xasis" davlatlar nomidan amalga oshirmoqda.

"NATO bizga yordam bermadi", — dedi u.

Eron TIV: "Muzokaralar ishonchsizlik muhitida o‘tdi"

Eron Tashqi ishlar vazirligi matbuot kotibi Ismoil Bag‘aiy muzokaralar "ishonchsizlik, shubha va gumonlarga to‘la muhitda" o‘tganini aytdi.

Surat manbasi, Reuters

Surat tagso‘zi, Eron Tashqi ishlar vazirligi matbuot kotibi Ismoil Bag‘aiy muzokaralar "ishonchsizlik, shubha va gumonlarga to‘la muhitda" o‘tganini aytdi.

Eron Tashqi ishlar vazirligi matbuot kotibi Ismoil Bag‘aiy AQSh bilan tinchlik muzokaralari bo‘yicha bayonot berdi.

U ijtimoiy tarmoqdagi xabarda muzokaralarni "jadal" deb atagan, biroq ularning muvaffaqiyati "qarshi tomonning jiddiyligi va xolis niyatiga" bog‘liq ekanini ta’kidlagan.

Bag‘aiy Vashingtonni "ortiqcha talablar va noqonuniy so‘rovlar"dan voz kechishga chaqirib, Eronning "qonuniy huquq va manfaatlari"ni tan olishga da’vat etgan.

Uning aytishicha, muzokaralarda Hormuz bo‘g‘ozi, Eronning yadroviy dasturi va "Erondagi urushni to‘liq to‘xtatish" kabi masalalar muhokama qilingan.

Bag‘aiyning ta’kidlashicha, AQSh va Eron darhol kelishuvga erishishi kutilmagan edi.

U muzokaralar "ishonchsizlik, shubha va gumonlarga to‘la muhitda" o‘tganini aytdi. Bu holat 40 kundan ortiq davom etgan "majburiy urush" va yaqinda kuchga kirgan o‘t ochishni to‘xtatish kelishuvidan keyin yuz bergan.

Bag‘aiy Eron davlatiga qarashli Student News Network nashriga bergan intervyusida:

"Boshidanoq bir uchrashuvda kelishuvga erishishni kutmasligimiz kerak edi. Menimcha, hech kimda bunday kutilmalar bo‘lmagan", dedi.

Shu bilan birga, u "diplomatiya hech qachon" to‘xtamasligini ta’kidladi.

12 aprel: Islomobodda AQSh-Eron tinchlik muzokaralari

Pokiston Bosh vaziri Shahboz Sharif va AQSh Vitse prezidenti Jey Di Vens

Surat manbasi, Pokiston Bosh vaziri matbuot xizmati

Surat tagso‘zi, Pokiston Bosh vaziri Shahboz Sharif AQSh va Eron rasmiylari bilan alohida-alohida uchrashdi

Pokiston poytaxti Islomobodga ham AQSh, ham Eron hay’ati yetib bordi.

11 aprel kuni AQSh va Eron o‘rtasidagi urushni to‘xtatish maqsadidagi muzokaralarni o‘tkazishga kelishilgan edi.

Muzokara kuni belgilanganiga qaramasdan, Pokistonga Eron hay’ati borish-bormasligi oxirgi daqiqalargacha noma’lum bo‘lib qoldi.

Islomobodga yetib borgan Eron hay’ati tarkibiga Eron parlamenti spikeri Muhammad Boqir G‘olibof, Eron Tashqi ishlar vaziri Abbos Aroqchi, Mudofaa kengashi kotibi Ali Akbar Ahmadiyon, Eron Markaziy Banki raisi Abdulnosir Himmatiy va Eron parlamentining bir necha a’zosi kirgan.

AQSh hay’atiga Vitse-prezident Jey Di Vens rahbarlik qilmoqda, unga AQSh prezidentining maxsus elchisi Stif Uitkoff, Prezident Trampning kuyovi Javed Kushner hamroh bo‘lishgan.

Eron rasmiylari, jumladan G‘olibofning o‘zi ham, agar o‘zlari qo‘ygan ikki shart - Livanda o‘t ochishni to‘xtatish va muzlatilgan Eron aktivlari ochilmaguncha Amerika bilan muzokara boshlamasliklarini e’lon qilgan edilar.

AQSh bilan Isroil, Livan AQSh-Eron otashkesimi tarkibiga kirmaydi, dedilar.

AQSh Vitse-prezidenti Jey Di Vens "AQSh bilan o‘ynamaslikka chaqirdi".

Reuters agentligi xabar qilishicha, AQSh Eronning Qatar va boshqa mamlakatlar banklarida muzlatib qo‘yilgan mablag‘larini blokdan chiqarishga rozi bo‘lgan.

Ammo Amerika ommaviy axborot vositalariga gapirgan AQSh rasmiylari Eron aktivlari blokdan chiqarilganini rad etdilar.

Islomobodga yetib borgan Eron hay’ati a’zolari

Surat manbasi, Eron Tashqi ishlar vazirligi

Pokiston Bosh vaziri Shahboz Sharif Islomobodda Eron hay’ati vakillari bilan uchrashgani xabar qilindi.

So‘ng Bosh vazir Shahboz Sharif AQSh Vitse-prezidenti Jey Di Vens bilan uchrashdi.

Eron matbuotining mamlakat rasmiylariga tayanib xabar tarqatishicha, Eron va Amerika hay’ati muzokarasi bir kundan ortiq davom etmaydi.

Ya’ni, 11 aprel tunida hay’atlar o‘z vataniga qaytishi mumkin.

Bi-bi-sining Islomoboddagi muxbiri xabar berishicha, Pokiston global mojaroni hal etishda muhim o‘yinchiga aylanganidan ko‘pchilik faxrlanmoqda.

Ammo Islomobod muzokarasi urush yakuniga yetaklaydigan muhim voqea bo‘ladimi yoki yo‘qligi hamon mavhum bo‘lib turipti.

Eron Amerika oldiga qo‘ygan 10 banddan iborat sulh rejasi, Tramp, "ustida ishlash mumkin", deb ta’riflaganiga qaramasdan, hayotga tatbiq etilishi mumkin vazifa bo‘lishi mumkin.

Chunki 10 band ichiga Eron AQSh o‘ziga yetkazgan zararlarini qoplash talabini ham qo‘ygan, bunga Tramp ma’muriyati rozi bo‘lish-bo‘lmasligi noma’lum.

Eron tarafi muzokarani har lahzada bekor qilishi mumkinligini aytgan.

Iqtibos

Ayni paytda Ho‘rmuz bo‘g‘ozidan neft olib o‘tish hamon cheklanganicha qolmoqda.

Bi-bi-si 10 aprel kuni 19 neft ortilgan kema bo‘g‘ozdan o‘tganini tasdiqladi.

Isroil Livanda "Hizbulloh"ni nishonga olgan zarbalarini davom ettirayapti, Livan rasmiylari 11 aprel kuni mamlakat janubi Nabatiyadagi Zefta shahriga hujumda uch inson halok bo‘lganini xabar qildi.

Shu kunlarda Livan hukumati rasmiylari Vashingtonda Isroil bilan o‘t ochishni to‘xtatish borasida muzokara qilmoqchi ekanliklari xabar qilinmoqda.

Skip Bizni ijtimoiy tarmoqlarda kuzating and continue readingBizni ijtimoiy tarmoqlarda kuzating

End of Bizni ijtimoiy tarmoqlarda kuzating