Dunyo Ikkinchi Jahon urushidan oldingi holatga qaytmoqda. Bizni nima kutayapti?

- Author, Allan Littl
- Role, VVSning yetakchi muxbiri
- O'qilish vaqti: 11 daq
2002 yil yanvari edi. Kolumbiya Universitetining Jurnalistika maktabida ma’ruza qilishimni so‘rashdi. Bir necha oy oldin Nyu-Yorkdagi Jahon Savdo markazining egizak minoralariga ikkita uchoq urilgan, shaharga yetkazilgan jarohat hali ham sezilardi. Buni nyu-yorkliklarning yuzlaridan o‘qish mumkin edi.
Men o‘zimning nutqimda Qo‘shma Shtatlar men uchun nimani anglatishi haqida bir necha jumla so‘zladim.
"Men Ikkinchi Jahon urushidan 15 yil o‘tib, Amerika yaratgan dunyoda tug‘ildim. Men tug‘ilgan G‘arbiy Yevropaning tinchlik, xavfsizlik va ortib borayotgan farovonligi ko‘p jihatdan Amerika erishgan yutuq edi."
G‘arbda urushda g‘alaba qozongan Amerika harbiy qudrati edi, deya davom etdim. U Sovet hokimiyatining g‘arbga yanada kengayishini to‘xtatgandi.
So‘ng Marshall rejasining ahamiyatli ta’siri haqida gapirdim. Ana shu reja orqali AQSh Yevropaga vayron bo‘lgan iqtisodiyotini tiklash va demokratik institutlarini qayta jonlantirish imkonini bergandi.
Asosan jurnalistika talabalaridan iborat auditoriyaga so‘zlar ekanman, 1989 yilda Pragadagi Vatslav maydonida yosh muxbir sifatida bularning ilhombaxsh yakuniga o‘zim guvoh bo‘lganimni aytdim.

Surat manbasi, AFP via Getty Images
O‘shanda chexlar va slovaklar sovet istilosi va manfur kommunistik diktaturaga barham berishni, biz "G‘arb" deb ataydigan, mushtarak qadriyatlarga ega va AQSh boshchiligidagi millatlar hamjamiyatiga qo‘shilishni talab qilayotganini hayrat bilan kuzatgandim.
Yozuvlarimdan boshimni ko‘tarib, tinglovchilarga qaradim. Old qatorda yigirma yoshlar chamasi bir yigit o‘tirardi. Uning ko‘zlaridan yosh oqar, ho‘ngrab yig‘lab yuborishdan o‘zini tiyishga urinardi.
Kofi-breyk vaqtida u oldimga keldi. "Ichkarida o‘zimni yo‘qotib qo‘yganim uchun uzr, – dedi u. – Sizning so‘zlaringiz: hozir biz o‘zimizni g‘o‘r va zaif his qilmoqdamiz. Amerika bu gaplarni chet ellik do‘stlaridan eshitishi kerak."
O‘sha lahzada mening tengdoshlarim – va uniki ham – xalqaro tizim qoidalar bilan boshqariladigan, katta davlatlarning cheklanmagan qudratidan voz kechilgan dunyoda yashagani qanchalik omad ekanligi haqida o‘yladim.

Surat manbasi, Getty Images
Lekin hozir xayolimga uning kursdoshlaridan birining gapi kelmoqda. U Nyu-Yorkka 11 sentyabrdan bir necha kun oldin Kolumbiyada o‘qish uchun o‘z vatani Pokistondan kelgandi. U AQShni Rim imperiyasiga o‘xshatdi.
"Agar imperatorlik qal’asi devorlari ichida, ya’ni AQShda yashasangiz, Amerika qudrati ezgudek ko‘rinadi. U sizni va mol-mulkingizni himoya qiladi. U qonun ustuvorligini ta’minlash orqali erkinlik beradi. U demokratik institutlar orqali xalq oldida mas’uldir.
Ammo agar menga o‘xshab imperiya chekkalarida yashasangiz, Amerika qudratini butunlay boshqacha his qilasiz. U sizga istagan narsani qilishi va jazosiz qolishi mumkin... Uni to‘xtatib ham, javobgarlikka tortib ham bo‘lmaydi."
Uning so‘zlari meni qoidalarga asoslangan xalqaro tartibga boshqa rakursdan qarashga undadi: Global Janubning katta qismi nuqtai nazaridan.
Bu ne’matlar hamma joyda hech qachon teng taqsimlanmaganini Kanada Bosh vaziri Mark Karni yaqinda Shveytsariyaning Davos shahrida bo‘lib o‘tgan Jahon Iqtisodiy forumida tinglovchilarga eslatdi.
"Biz xalqaro qoidalarga asoslangan tartib haqidagi bu hikoya qisman soxta ekanini bilardik, – dedi Karni. – Eng kuchlilar qulay fursat kelganda o‘zlarini qoidadan mustasno qiladi. Savdo qoidalari nosimmetrik tarzda qo‘llanadi. Biz xalqaro huquq ayblanuvchi yoki jabrlanuvchining kimligiga qarab turlicha qat’iylik bilan qo‘llanishini bilardik."

Surat manbasi, Reuters
O‘sha paytlarda Kolumbiya universitetida Pokistondan kelgan talaba menga savol bergandi. "Qiziq emasmi, – degandi u, – AQSh, [Britaniya] hokimiyatining o‘zboshimchaligiga qarshi isyonda paydo bo‘lgan davlat edi, bugun uning o‘zi o‘zboshimchalikning asl namoyandasiga aylandi?"
Yangi dunyo tartibimi yoki o‘tmishga qaytish?
Donald Tramp Davosga kelganida yevropaliklarni Grenlandiya masalasida o‘z irodasiga bo‘ysundirishga qat’iy qaror qilgandi.
U mulk egasi bo‘lishni istashini ochiq aytdi.
Uning ta’kidlashicha, Daniya hududni himoya qilish uchun "yana bitta it chanasi" qo‘shgan, xolos.
Bu Tramp va uning atrofidagilar ba’zi yevropalik ittifoqchilardan ochiq nafratlanishidan dalolat beradi.
"Men sizning Yevropa tekinxo‘rlaridan nafratlanishingizga to‘liq qo‘shilaman," degandi Mudofaa vaziri Pit Hegset o‘tgan yili vitse-prezident Jey Di Vensni o‘z ichiga olgan Signal messenjeridagi guruhga, "AYaNChLI" so‘zini qo‘shib. (U guruhda "Atlantic" jurnali muharriri borligini payqamagan edi.)

Yaqinda Prezident Trampning o‘zi Fox News telekanaliga Afg‘onistondagi urush paytida NATO "ba’zi qo‘shinlarni" yuborgani, ammo ular "biroz orqada, front chizig‘idan chetroqda qolganini" aytdi.
Bu izohlar Buyuk Britaniya siyosatchilari va faxriylar oilalarining g‘azabini qo‘zg‘atdi.
Buyuk Britaniya Bosh vaziri ser Kir Starmer Trampning so‘zlarini "haqoratli va ochiq dahshatli" deb atadi.
Buyuk Britaniya Bosh vaziri Tramp bilan suhbatlashdi, shundan keyin AQSh prezidenti o‘zining Truth Social platformasida Buyuk Britaniya qo‘shinlarini "barcha jangchilar orasida eng buyugi" sifatida olqishladi.

Surat manbasi, Carl Court - Pool/Getty Images
Oq uyning 2025 yil dekabr oyida e’lon qilingan Milliy xavfsizlik strategiyasidan ma’lum bo‘lishicha, Tramp AQShni xalqaro munosabatlarni tartibga solish uchun qisman Vashingtonning o‘zi yaratgan transmilliy tashkilotlardan ozod qilmoqchi.
Ushbu hujjatda AQSh kichikroq va zaifroq davlatlarni o‘z manfaatiga bo‘ysundirish uchun iqtisodiy sanksiyalaru savdo tariflaridan tortib harbiy aralashuvgacha bo‘lgan barcha vositalardan foydalanishi, "Avvalo Amerika" tamoyilini AQSh xavfsizlik strategiyasi markaziga qo‘yishi ko‘rsatilgan.
Bu kuchga tayanadigan strategiya – buyuk davlatlar o‘z ta’sir doiralarini belgilab olgan eski dunyoga qaytishdir.
Bunday holat Kanada Bosh vaziri "o‘rta darajadagi kuchlar" deb atagan davlatlar uchun xavfli ekani aniq.
U, "agar dasturxon atrofida bo‘lmasangiz, demak dasturxon ichidasiz", dedi.
Monro doktrinasining qayta talqini
Davosda Amerikaning ittifoqchilari, ayniqsa Kanada va Yevropa, qoidalarga asoslangan xalqaro tartib deb atalmish tizim yo‘qqa chiqayotganini ta’kidlashdi va ba’zi hollarda uning uchun aza tutishdi.
Biroq, Kolumbiya jurnalistika maktabining yosh pokistonlik talabasi ko‘p yillar oldin ta’kidlaganidek, so‘nggi 80 yil ichida dunyoning qolgan ko‘p qismlarida AQSh va ba’zan uning ayrim do‘stlari uchun qoida yo‘qdek edi.
"Ikkinchi jahon urushidan keyin biz qoidalarga asoslangan xalqaro tartib deb atalgan tizim ostida AQShning Lotin Amerikasiga ko‘plab aralashuvlarini ko‘rdik", deydi Londondagi Chatham House tahlil markazining Lotin Amerikasi bo‘yicha katta ilmiy xodimi doktor Kristofer Sabatini.
"Bu yangilik emas. Aralashuvlar 1823 yilga borib taqaladi. Men AQShning bir tomonlama aralashuvini qo‘llab-quvvatlaydigan amerikalik siyosatchilarga nisbatan ishlatadigan atama bor. Men ularni "tomorqa tarafdorlari" deb atayman – ular Lotin Amerikasini o‘zlarining tomorqalari deb bilishadi."
1953 yili AQSh Markaziy Razvedka boshqarmasi Britaniya maxfiy razvedka xizmati yordamida davlat to‘ntarishi uyushtirib, Eronda Muhammad Musodiq hukumatini ag‘darib tashladi.
U Angliya-Eron neft kompaniyasi (keyinchalik BP tarkibiga kirgan) hisobotlarini tekshirmoqchi edi, ammo kompaniya hamkorlik qilishdan bosh tortgach, Musodiq uni davlat hisobiga o‘tkazish bilan tahdid qilgan edi.

Surat manbasi, Universal Images Group via Getty Images
Britaniya iqtisodiy manfaatlariga tahdid solgani uchun u ag‘darildi, Britaniya va AQSh tobora kuchayib borayotgan avtoritar shohni qo‘llab-quvvatladi.
Shu bilan birga, AQSh Gvatemalaning saylangan hukumatini ag‘darish uchun fitna uyushtirdi. Bu hukumat Amerika Birlashgan Meva Kompaniyasining daromadiga zarar yetkazishi mumkin bo‘lgan keng qamrovli yer islohoti dasturini boshlagan edi.
Yana Markaziy Razvedka boshqarmasining faol ishtiroki bilan so‘l qanotdagi prezident Xakobo Arbens ag‘darildi va uning o‘rniga AQSh qo‘llab-quvvatlagan bir qator avtoritar hukmdorlar keldi.
1983 yilda marksistik to‘ntarishdan so‘ng AQSh Karib dengizidagi Grenada oroliga bostirib kirdi. Bu marhum qirolicha Yelizaveta II rasman davlat rahbari hisoblangan mamlakat edi.
AQSh 1989 yilda Panamaga bostirib kirdi va harbiy rahbar Manuel Noregani hibsga oldi. U umrining deyarli barcha qismini qamoqda o‘tkazdi.
Bu aralashuvlarning barchasi 1823 yilda prezident Jeyms Monro tomonidan e’lon qilingan Monro doktrinasining amaldagi ijrosi edi.
Bu doktrina Amerikaning G‘arbiy yarimsharda hukmronligi va Yevropa davlatlarining Lotin Amerikasining yangi mustaqil davlatlariga aralashishiga yo‘l qo‘ymaslik huquqini ta’kidlagan edi.

Surat manbasi, Getty Images / Corbis
Urushdan keyingi qoidalarga asoslangan xalqaro tartib AQShni zaifroq qo‘shnilariga o‘z irodasini o‘tkazishdan to‘xtata olmadi.
AQShning beshinchi prezidenti Jeyms Monro e’lon qilganida, uning nomi bilan atalgan mazkur doktrina AQShning qo‘shnilari bilan birdamligi ifodasi, ularni Yevropaning buyuk davlatlari mustamlakachiligidan himoya qilish strategiyasi sifatida qabul qilingandi. Axir AQSh ulardek respublika va mustamlakachilikka qarshi kurash tarixiga ega edi-da.
Ammo bu doktrina tez orada Vashingtonning o‘z qo‘shnilari ustidan hukmronligi va ularning siyosatini Amerika manfaatlariga bo‘ysundirish uchun harbiy aralashuvgacha bo‘lgan har qanday vositadan foydalanish huquqini tasdiqlovchi hujjatga aylandi.
Prezident Teodor Ruzvelt 1904 yilda bu doktrina AQShga "noma’qul ishlar" qilgan mamlakatlarga aralashish uchun "xalqaro politsiya kuchi"ni berganini aytgandi.
Nahotki, prezident Trampning Monro doktrinasini qayta talqin qilishi AQSh tashqi siyosatidagi o‘sha jarayonning davomi bo‘lsa?

Surat manbasi, Getty Images
"Gvatemaladagi 1954-yilgi davlat to‘ntarishi butunlay AQShga tegishli edi. Ular butun mamlakatni egallashni uyushtirdilar", deydi Kristofer Sabatini.
1973 yilda Chilida so‘l qanot Bosh vazir Salvador Alendega qarshi davlat to‘ntarishi "MRB tomonidan uyushtirilmagan, ammo Qo‘shma Shtatlar davlat to‘ntarishiga rozilik berganini aytgan," deya qo‘shimcha qildi u.
Sovuq urush davrida aralashuvning asosiy sababi Sovet Ittifoqi qo‘llab-quvvatlagan partiyalar G‘arbiy yarimsharda hokimiyatni qo‘lga olayotgani haqidagi tasavvur edi. Bugungi kunda esa asosiy dushman kommunizm emas, balki giyohvand moddalar savdosi va noqonuniy migratsiya hisoblanadi.
"Monro doktrinasi: XIX asrda Amerikadagi imperiya va millat" kitobi muallifi tarixchi Jey Sekstonning aytishicha, prezident Trampning Monro doktrinasini qayta ma’qullashi "mutlaqo o‘tmishga qaytish"dir.

Surat manbasi, Getty Images
"Tramp boshqarayotgan AQShga XIX asr kayfiyatini beradigan yana bir narsa uning oldindan aytib bo‘lmasligi va beqarorligidir. O‘shanda ham kuzatuvchilar AQShning keyingi qadamini hech qachon aniq bashorat qila olmasdi.
"Kelajakda nima bo‘lishini bilmaymiz, lekin 1815 yildan [Napoleon urushlari tugaganidan] boshlab zamonaviy tarixga tashlasak ham, buyuk davlatlar o‘rtasidagi raqobat haqiqatan ham beqarorlikka olib kelishini bilamiz. Bu nizolarga sabab bo‘ladi."
Ittifoqchilar o‘rtasidagi hamjihatlik
Amerika bir tomonlamaligi yangilik emas. Yangilik shundaki, bu safar Amerikaning do‘stlari va ittifoqchilari Amerika qudrati ta’sirini o‘z tanlarida his qilmoqda.
To‘satdan yevropaliklar va kanadaliklar dunyoning boshqa qismlariga avvaldan tanish bo‘lgan narsani – 11 sentyabrdan keyingi haftalarda pokistonlik talaba menga aniq ta’riflab bergan AQSh hokimiyatining o‘zboshimchaligini his qilmoqda.
Ikkinchi muddatining birinchi yilida Yevropa yetakchilari Trampga xushomadgo‘ylik qildi. Masalan, Starmer qirol Charlzdan uni Buyuk Britaniyaga ikkinchi davlat tashrifi bilan taklif qilishni so‘radi. Bu tarixda hech bir AQSh prezidentiga nasib etmagan sharaf edi.
NATO Bosh kotibi Mark Ryutte uni g‘alati tarzda "dada" deb atadi.

Surat manbasi, Getty Images
Biroq, Trampning Yevropaga yondashuvi unga sezilarli muvaffaqiyat keltirdi.
Avvalgi prezidentlar, jumladan, Barak Obama va Jo Bayden ham yevropalik ittifoqchilar NATOga – kollektiv transatlantik mudofaa ittifoqiga yetarli hissa qo‘shmayotganiga ishongan va ularni o‘z xavfsizligiga ko‘proq mablag‘ sarflashga undagan. Faqat Tramp ularni harakatga keltira oldi. Uning tahdidlariga javoban ular mudofaa xarajatlarini YaIMning taxminan 2 foizidan 5 foizigacha oshirishga rozi bo‘lishdi. Bu hatto bir yil oldin ham tasavvur qilib bo‘lmas hol edi.
Biroq, Grenlandiya masalasi vaziyatni o‘zgartirdi. Tramp Grenlandiyada Daniya suverenitetiga tahdid solganda, ittifoqchilar yangi shakllangan qarshilik atrofida birlasha boshladilar va bu safar bo‘ysunmaslikka qaror qilishdi.
Kanada Bosh vaziri ana shu muhim paytga gapirdi. Davosdagi nutqida Mark Karni avvalgi qoidalarga asoslangan xalqaro tartibdan "uzilish" lahzasi kelganini ta’kidladi – katta davlatlar siyosatining yangi dunyosida "o‘rta kuchlar" birgalikda harakat qilishlari kerak edi.

Surat manbasi, Getty Images
Davosda tinglovchilarning o‘rinlaridan turib, ma’ruzachini olqishlashi kamdan-kam uchraydi. Ular Karnini olqishlashdi, o‘sha paytda ittifoqchilar o‘rtasida birdamlik shakllanayotganini his qilardingiz.
Shu zahoti bojlar orqali tahdidlar barham topdi.
Tramp Grenlandiyada AQSh o‘nlab yillardan beri ega bo‘lgan narsadan ortiq hech narsa qo‘lga kiritmadi – Daniya roziligi bilan harbiy bazalar qurish, u yerda istagancha harbiy joylashtirish va hatto foydali minerallarni qazib olish huquqi.
"O‘rta kuchlar" oldida turgan muammo
Trampning "Avvalo Amerika" strategiyasi uning MAGA tarafdorlari orasida mashhurligiga shubha yo‘q. Ular erkin dunyo uzoq vaqtdan beri Amerika saxovatidan bepul foydalanib kelmoqda, deb hisoblaydi.
Yevropa yetakchilari mudofaa xarajatlarini oshirishga rozi bo‘lib, prezident Trampning haqligini tan oldi: nomutanosiblik endi adolatli va barqaror emas edi.

Surat manbasi, Reuters
2004 yil iyun oyida men Normandiyada D-kunining 60 yilligi nishonlanishi haqida xabar berdim. O‘shanda Ikkinchi Jahon urushining ko‘plab tirik faxriylari bor edi va 60 yil oldin La-Manshni kesib o‘tgan minglab kishilar o‘sha kuni sohillarga qaytishdi – ularning aksariyati AQShdan edi.
Ular yoshlikdagi qahramonliklari va jasoratlari haqida gapirishni istamasdilar. Biz ularning yakka-yakka yoki kichik guruhlar bilan qabristonlarga borib, ozod qilingan Frantsiyada tuproqqa topshirilgan quroldoshlarining qabrlarini izlashlarini kuzatdik.
Ittifoqchi davlatlar rahbarlari o‘sha keksalarga hurmat bajo keltirishayotganini ko‘rdik. Ammo men ular olib borgan janglar, jasoratlari va bergan qurbonliklari haqida emas, balki urush tugagandan so‘ng uylariga qaytgach, o‘rnatgan tinchlik haqida o‘yladim.
Ular bizga meros qoldirgan dunyo ota-onalaridan meros qolgan dunyodan beqiyos darajada yaxshi edi. Chunki ular buyuk kuchlar raqobati dunyosida tug‘ilgan edilar. Mark Karnining so‘zlari bilan aytganda, "kuchlilar qo‘lidan kelganini qiladi, kuchsizlar esa buning jabrini totishga majbur".
Bu qoidalarga asoslangan xalqaro tartibotni qurish uchun uyga qaytgan avlod edi, chunki ular qoidalarsiz, qonunlarsiz tizim nimalarga olib kelishi mumkinligini og‘ir tajribada o‘rganishgandi. Ular bunga yana qaytishni aslo istamasdilar.

Surat manbasi, Shutterstock
Urushdan keyingi o‘n yilliklarda tug‘ilganlar, ehtimol, dunyo hech qachon ortga qaytmaydi, deb o‘ylab yanglishgan.
Yigirma to‘rt yil oldin 11 sentyabrь voqealaridan hali ham larzaga tushgan Nyu-Yorkda nutq so‘zlar ekanman, men ham Ikkinchi jahon urushidan keyingi, Amerika qudrati mustahkamlagan tartibni yangi doimiy me’yor deb o‘ylab adashgan edimmi? Menimcha, shunday.
O‘shanda biz ijtimoiy tarmoqlar va sun’iy intellekt ta’sirida kuchayib borayotgan sinizm an’anaviy yangiliklar va axborot manbalariga bo‘lgan ishonchni yemirib tashlashini ko‘ra olmagan edik.
Iqtisodiy turg‘unlik va tengsizlik davrida xalqning demokratik institutlarga ishonchi yo‘qoladi. Ishonch nafaqat AQShda, balki butun G‘arb dunyosida o‘nlab yillardan beri yemirilmoqda. Shunday qilib, Tramp, Karni aytgan Ikkinchi jahon urushidan keyingi tartibdan "uzilish"ning sababi emas, simptomi bo‘lishi mumkin.
Normandiya qabristonlari bo‘ylab ketayotgan qariyalarni kuzatish demokratiya, qonun ustuvorligi, hisobdor hukumat o‘z-o‘zidan bo‘lib qoladigan tabiiy hodisa emasligini yaqqol va ta’sirli tarzda eslatdi. Ular tarixan olganda normal hol emas. Ular uchun kurashish, qurish, qo‘llab-quvvatlash, himoya qilish kerak.
Bu Mark Karni "o‘rta kuchlar" deb atagan davlatlar oldida turgan muammodir.
Maqola boshidagi foto surat mualliflik huquqi AFP/Reuters ga tegishli

































