Trampning Tinchlik Kengashi a’zolari G‘azo uchun 7 milliard dollar yordam va’da qildi

G‘azo sektorida bombalanib vayron qilingan binolar o‘rab turgan yo‘l bo‘ylab bir nechta odam yurib ketayotgani ko‘rindi.

Surat manbasi, Reuters

Surat tagso‘zi, BMT G‘azodagi zarar qiymatini 70 milliard dollar deb baholaydi
    • Author, BBC yangiliklar bo‘limi
  • O'qilish vaqti: 4 daq

Qo‘shnilar nima deydi?

Donald Trampning Tinchlik kengashiga a’zo bo‘lgan bir qancha davlatlar G‘azo uchun "yordam paketi"ga 7 milliard dollardan ortiq mablag‘ ajratdi, deb ma’lum qildi AQSh prezidenti.

Tramp bu haqda tashkilotning ilk yig‘ilishida e’lon qildi. AQShning ko‘plab G‘arbiy ittifoqchilari ushbu organga qo‘shilishdan bosh tortishmoqda; ular aslida Isroil va Hamas o‘rtasidagi urushni tugatishga yordam berishi kerak bo‘lgan ushbu tuzilma BMT o‘rnini egallash uchun mo‘ljallangan bo‘lishi mumkinligidan xavotirda.

AQSh vositachiligidagi G‘azoda o‘t ochishni to‘xtatish rejasining ikkinchi bosqichi Hamasni qurolsizlantirish va G‘azoni qayta tiklashni o‘z ichiga oladi.

Tramp ishtirokchilarga Hamas qurolsizlanadiganga "o‘xshab ko‘rinayotganini" aytdi. Biroq, Falastin guruhining qurolsizlanayotganidan dalolat beruvchi belgilar juda kam. G‘azoliklarning ta’kidlashicha, guruh aksincha G‘azo sektori ustidan o‘z nazoratini yanada kengaytirmoqda.

Payshanba kuni Tinchlik kengashi yig‘ilishida so‘zga chiqqan Isroil Bosh vaziri Benyamin Netanyaxu: "Ittifoqchimiz AQSh bilan G‘azo demilitarizatsiya qilinmaguncha, u yerda qayta tiklash ishlari olib borilmasligiga kelishib oldik", - dedi.

Urush 2023-yil 7-oktabrda Hamas boshchiligida Isroil janubiga uyushtirilgan hujum natijasida boshlangan edi. O‘shanda 1200 ga yaqin odam halok bo‘lgan va 251 kishi garovga olingan edi. Isroil bunga javoban G‘azoda harbiy amaliyot boshladi. G‘azodagi Hamas nazoratidagi Sog‘liqni saqlash vazirligi ma’lumotlariga ko‘ra, amaliyot davomida 72 000 dan ortiq kishi halok bo‘lgan.

Eksklav iqtisodiyoti vayronaga aylangan, binolar va infratuzilma yo‘q qilingan. BMT yetkazilgan zararni 70 milliard dollarga baholamoqda. Buyuk Britaniya, Kanada, Frantsiya va Germaniya kabi davlatlar o‘tgan oyda tuzilgan Tinchlik kengashiga qo‘shilishdan bosh tortdi.

Tashkilot BMTni chetga surib qo‘yish uchun tuzilgani haqidagi xavotirlarni bartaraf etish maqsadida, Tramp Vashingtondagi ilk yig‘ilishda: "Biz Birlashgan Millatlar Tashkiloti bilan juda yaqin hamkorlik qilamiz, biz ularni qaytaramiz", - dedi.

AQSh prezidentining so‘zlariga ko‘ra, G‘azo endi "radikalizm va terror o‘chog‘i emas".

"Bunga chek qo‘yish uchun bugun Qozog‘iston, Ozarbayjon, BAA, Marokash, Bahrayn, Qatar, Saudiya Arabistoni, O‘zbekiston va Quvayt yordam paketi uchun 7 milliard dollardan ortiq mablag‘ ajratganini e’lon qilishdan mamnunman", - dedi u.

"Sarflangan har bir dollar barqarorlikka kiritilgan sarmoyadir", - deya qo‘shimcha qildi u. Shuningdek, BMT gumanitar yordam uchun 2 milliard dollar ajratishi, FIFA esa sektordagi futbol loyihalari uchun 75 million dollar yig‘ib berishini aytdi.

Skip Ijtimoiy tarmoqlardagi sahifalarimiz and continue readingIjtimoiy tarmoqlardagi sahifalarimiz

End of Ijtimoiy tarmoqlardagi sahifalarimiz

Hamas qurolsizlanadimi yoki yana kuchaymoqda?

Kengash doirasida G‘azo bo‘yicha oliy vakil etib tayinlangan bolgariyalik siyosatchi Nikolay Mladenovning aytishicha, Falastinning yangi o‘tish davri politsiya kuchlarini shakllantirish jarayoni boshlangan va "dastlabki bir necha soatning o‘zida 2000 kishi ariza topshirgan".

Biroq, Isroil ham, AQSh ham bu kuchlar Hamas nazoratidagi mavjud politsiyadan qat’iy tekshiruvsiz olinmasligini va G‘arbiy sohildagi Falastin ma’muriyati xavfsizlik kuchlaridan iborat bo‘lib qolmasligini talab qilmoqda. Bu esa hammasini noldan boshlash kerakligini anglatadi va bu juda og‘ir vazifadir.

Mladenov avvalroq G‘azoda asosiy xavfsizlik organi Falastin politsiyasi bo‘lishi kerakligini, Xalqaro barqarorlashtirish kuchlari esa unga faqat ko‘makchi bo‘lishi lozimligini, aksincha emasligini aytgan edi.

AQSh rejasiga ko‘ra, Xalqaro barqarorlashtirish kuchlari Isroil va Misr, shuningdek, yangi o‘qitilgan va tekshirilgan Falastin politsiyasi bilan birgalikda chegara hududlari xavfsizligini ta’minlash va nodavlat qurolli guruhlarni, jumladan Hamasni butunlay qurolsizlantirishga yordam beradi.

Ammo bunday kuchlar hozircha Hamas va boshqa Falastin guruhlarini qurolsizlantirishni nazorat qila olishiga dalillar kam. Shu bilan birga, yig‘ilishda Hamas qurollarini topshirishga tayyor ekanligi haqida hech qanday belgi ko‘rinmadi, garchi Tramp bu borada ham optimistik, ham tahdidli ohangda gapirgan bo‘lsa-da. Hozirgacha Hamas qurol topshirishni kamida Isroil qo‘shinlarining G‘azodan chiqib ketishiga bog‘liq deb hisoblamoqda.

Bu masaladagi siljish juda muhim, chunki Trampning qayta tiklash va boshqaruv bo‘yicha takliflarining hech biri Falastin aholisining keng qo‘llab-quvvatlashiga ega bo‘lgan xavfsizlik kuchlarisiz amalga oshmaydi. Vashingtondagi yig‘ilish Trampning ikki prezidentlik muddati davomidagi Isroil-Falastin tinchlik jarayoniga yondashuviga xos tarzda o‘tdi. U Falastin kelajagini ko‘pincha ko‘chmas mulkni rivojlantirish va boy investorlar tomonidan moliyalashtirish prizmasi orqali ko‘radi.

Shu bilan birga, Isroil rahbariyati Trampning ayrim sa’y-harakatlariga, xususan, Turkiya va Qatarni kengashga taklif qilganiga shubha bilan qaramoqda, chunki Isroil bu davlatlarning G‘azo kelajagi bo‘yicha qarorlarda muhim rol o‘ynashini istamaydi. Tramp va uning jamoasi bu noan’anaviy yondashuvni mojaroni hal qilishga qaratilgan "yangicha fikrlash" deb himoya qilmoqda.

Biroq, Mladenov tezkor natijaga erishilmasa, G‘azo ikki hududga bo‘lingan holda qolishi haqida ogohlantirdi: biri Isroil ishg‘oli ostida, ikkinchisi Hamas nazoratida.

Shuningdek, G‘azoning G‘arbiy sohildan uzilib qolishi kelajakda mustaqil davlat qurishni imkonsiz qiladi va na falastinliklar, na isroilliklar xavfsizligini ta’minlaydi.

O‘zbekistonning pozitsiyasi va ikki fuqarolik qaltis holati: Isroil tomonidan jang qilganlar

O‘zbekiston rasman G‘azoda urushdan keyingi tiklash ishlarini qo‘llab-quvvatlayotgan bo‘lsa-da, tasdiqlanmagan ma’lumotlarga ko‘ra, Isroilda yashovchi ayrim o‘zbekistonliklar G‘azodagi harbiy amaliyotlarda Isroil armiyasi tarkibida qatnashgani aytilmoqda. Al Jazeera tekshiruviga ko‘ra, turli mamlakatlardan bo‘lgan 50 mingga yaqin xorijiy fuqarolar orasidan 264 nafar isroil-o‘zbekiston fuqaroligiga ega shaxslar Isroil armiyasiga uning G‘azodagi urushi davomida qo‘shilgan.