Sun’iy intellekt suvimizni qanday ichib qo‘ymoqda?

Surat manbasi, @Google
- Author, Sara Ibrohim
- Role, BBC Jahon Xizmati
- O'qilish vaqti: 7 daq
Sun’iy intellektdan (SI) foydalanish misli ko‘rilmagan sur’atda ortib bormoqda.
Biroq bu chanqoq texnologiya bo‘lib, uni sovitish va u ishlatadigan ulkan miqdordagi elektr energiyani ishlab chiqarish uchun suv talab etadi.
BMT ma’lumotlariga ko‘ra, dunyo aholisining yarmi allaqachon suv tanqisligini boshdan kechirmoqda, iqlim o‘zgarishi hamda o‘sib borayotgan talab tufayli tanqislik yanada zo‘rayishi kutilmoqda. Sun’iy intellektning jadal kengayishi vaziyatni og‘irlashtirishi mumkinmi?
Sun’iy intellekt qancha suv sarflaydi?
OpenAI bosh direktori Sem Altmanning aytishicha, ChatGPT'ga yuborilgan bitta so‘rov bir choy qoshiq suvning 15 dan bir qismini sarflaydi.
Biroq, Kaliforniya va Texasdagi AQSh olimlari o‘tkazgan tadqiqot shuni ko‘rsatdiki, kompaniyaning GPT-3 modelida 10-50 ta javob uchun yarim litr suv sarflanadi – bu har bir javobga 2–10 choy qoshiq suv to‘g‘ri kelishini anglatadi.
Sarflangan suv miqdori so‘rov turi, javobning uzunligi, javob qaerda qayta ishlanishi va hisob-kitobda e’tiborga olingan omillarga qarab farqlanadi.
AQSh olimlarining taxminiy hisob-kitobi, ya’ni taxminan 10-50 ta so‘rov uchun 500 ml suv sarfi ko‘mir, gaz yoki AESlarda turbinalarni harakatga keltiruvchi bug‘ kabi quvvatni ishlab chiqarish uchun sarflanadigan suvni ham o‘z ichiga oladi. Janob Altman bergan raqamlarda bu hisobga olinmagan bo‘lishi mumkin. Bi-bi-si so‘roviga javoban OpenAI hisob-kitoblar tafsilotlarini keltirmagan.
Shunga qaramay, suvdan foydalanish miqdori oshib bormoqda. OpenAI'ning ta’kidlashicha, ChatGPT har kuni milliardlab so‘rovlarga javob beradi va bu ko‘plab sun’iy intellekt botlaridan biri, xolos.
AQSh tadqiqotiga ko‘ra, 2027 yilga borib sun’iy intellekt sanoati har yili butun Daniya davlatidan to‘rt-olti baravar ko‘p suv sarflaydi.
"Biz sun’iy intellektdan qanchalik ko‘p foydalansak, shunchalik ko‘p suv iste’mol qilamiz", deydi tadqiqot mualliflaridan biri, Riversayddagi Kaliforniya universiteti professori Shaoley Ren.
Sun’iy intellekt suvdan qanday foydalanadi?

Surat manbasi, Getty Images
Elektron maktublar va strimingdan tortib insholar yoki dipfeyklarni yaratishgacha bo‘lgan onlayn faoliyat ma’lumotlar markazlari deb ataladigan yirik ob’ektlardagi ulkan kompyuter serverlarida qayta ishlanadi. Bu serverlarning ba’zilari naq bir nechta futbol maydonlari kattaligida keladi.
Kompyuterlar orqali elektr toki o‘tganda ular qizib ketadi.
Suv – odatda toza, chuchuk suv ko‘pincha sovitish tizimlarida asosiy element hisoblanadi. Usullar har xil, lekin ba’zida ishlatilgan suvning 80% gacha qismi atmosferaga bug‘lanishi mumkin.
Sun’iy intellekt xarid qilish yoki internetda qidirish kabi an’anaviy onlayn vazifalarga qaraganda ancha ko‘proq hisoblash quvvatini talab qiladi, ayniqsa, tasvirlar yoki videolar yaratish kabi murakkab vazifalar bo‘lsa. Shu bois ular ko‘proq elektr energiyasi sarflaydi.
Farqni aniq hisoblash qiyin, ammo Xalqaro energetika agentligi hisob-kitoblariga ko‘ra, ChatGPT so‘rovi Google qidiruv so‘roviga qaraganda deyarli 10 baravar ko‘proq elektr energiyasini sarflaydi.
Ko‘proq elektr energiyasi ko‘proq issiqlik hosil qilish demakdir, shu bois ko‘proq sovitish talab etiladi.
Sun’iy intellekt uchun suvdan foydalanish qanchalik tez o‘smoqda?

Surat manbasi, Getty Images
Yirik sun’iy intellekt texnologiya kompaniyalari sun’iy intellekt faoliyati uchun ishlatiladigan suv miqdori haqida aniq raqam aytmaydi, ammo ularning umumiy suv iste’moli ortib borayotgani rost.
OpenAI'ning yirik sarmoyadorlaridan bo‘lgan Google, Meta va Microsoft kompaniyalarining ekologik hisobotlariga ko‘ra, 2020 yildan beri suvdan foydalanish sezilarli darajada oshgan. Bu vaqt ichida Google'ning suvdan foydalanishi deyarli ikki baravar ko‘paydi. Amazon Web Services esa raqamlarni e’lon qilmagan.
Sun’iy intellektga bo‘lgan talab o‘sishi kutilayotgan bir paytda, Xalqaro energetika agentligi ma’lumot markazlarining suv iste’moli 2030 yilga borib deyarli ikki baravarga oshishini bashorat qilmoqda, shu jumladan, energiya ishlab chiqarish va kompyuter chiplarini ishlab chiqarishda sarflanadigan suv ham hisobga olingan.
Google ma’lumotlar markazlari 2024 yilda suv manbalaridan 37 milliard litr suv olganini aytmoqda, shundan 29 milliard litri "iste’mol qilingan" – bu asosan bug‘lanishni anglatadi.
Bu ko‘pmi? Buni nima bilan taqqoslashingizga bog‘liq. Bu miqdor BMT tomonidan tavsiya etilgan kuniga kamida 50 litrdan 1,6 million kishini bir yil ta’minlashga yetadi yoki Google ma’lumotlariga ko‘ra, bir yil davomida AQSh janubi-g‘arbiy qismidagi 51 ta golf maydonini sug‘orishga kifoya qiladi.
End of Ijtimoiy tarmoqlardagi sahifalarimiz
Ma’lumotlar markazlarini quruq joylarda qurish sababi nimada?
Ma’lumotlar markazlari qurilishiga qarshi mahalliy noroziliklar so‘nggi yillarda dunyoning qurg‘oqchilikka moyil bo‘lgan ba’zi hududlarida, jumladan, Yevropa, Lotin Amerikasi va AQShning Arizona kabi shtatlarida asosiy muammoga aylandi.
Ispaniyada ma’lumotlar markazlari kengayishiga qarshi kurashish uchun "Sizning bulutingiz mening daryomni quritmoqda" nomli ekologik guruh tuzildi.

Surat manbasi, Getty Images
Kuchli qurg‘oqchilikdan aziyat chekkan Chili va Urugvayda suv ta’minoti bo‘yicha norozilik namoyishlaridan so‘ng Google ma’lumotlar markazlari uchun rejalarni to‘xtatdi yoki o‘zgartirdi.
Dunyo bo‘ylab 150 dan ortiq ma’lumotlar markazini boshqaradigan NTT Data bosh direktori Abhijit Dubening aytishicha, issiq va quruq hududlarda markazlar qurishga "qiziqish ortib bormoqda".
Uning aytishicha, yer, elektr infratuzilmasi, quyosh va shamol energiyasi kabi qayta tiklanadigan energiya manbalarining mavjudligi, shuningdek, qulay qonunlar kabi omillar bu hududlarni texnologiya kompaniyalari uchun jozibador qiladi.
Mutaxassislar ta’kidlashicha, namlik korroziyani kuchaytiradi, binoni sovitish uchun ko‘proq energiya talab etiladi, bu esa qurg‘oqchil joylarning afzalliklarini yanada oshiradi.
Google, Microsoft va Meta o‘z ekologik hisobotlarida quruq hududlardagi suvdan foydalanishlarini ta’kidlashgan.
Kompaniyalarning so‘nggi ekologik hisobotlariga ko‘ra, Google o‘zi olayotgan suvning 14 foizi suv tanqisligi yuqori bo‘lgan va yana 14 foizi "o‘rtacha" xavf bo‘lgan hududlardan olinishini ta’kidlamoqda. Microsoft esa suvning 46 foizini "suv tanqisligi mavjud" hududlardan, Meta esa suvning 26 foizini suv tanqisligi "yuqori" yoki "o‘ta yuqori" bo‘lgan hududlardan olayotganini ma’lum qildi. Amazon Web Services bu borada hech qanday raqam keltirmagan.

Surat manbasi, Getty Images
Sovitishning boshqa usullari yo‘qmi?
Quruq yoki havo bilan sovitish tizimlaridan foydalanish mumkin, biroq ular suvli tizimlarga nisbatan ko‘proq elektr energiyasi sarflaydi, deb ta’kidlaydi professor Ren.
Microsoft, Meta va Amazon kompaniyalari suvni bug‘lantirmaydigan yoki almashtirmaydigan "yopiq aylanma" tizimlarni ishlab chiqayotganliklarini ma’lum qilgan.
Janob Dubeyning fikricha, kelajakda bunday tizimlar quruq hududlarda keng qo‘llanishi mumkin. Ammo ularni joriy etishga hali "juda erta" ekanligi aytiladi.
Germaniya, Finlyandiya va Daniya kabi davlatlarda ma’lumotlar markazlaridan chiqadigan issiqlikdan mahalliy uylarni isitishda foydalanish loyihalari amalga oshirilmoqda yoki rejalashtirilmoqda.
Mutaxassislar ta’kidlashicha, kompaniyalar odatda ichimlik suvi kabi toza, chuchuk suvdan foydalanishni afzal ko‘radi, chunki bu bakteriyalar ko‘payishi, tiqilib qolish va korroziya xavfini kamaytiradi.
Biroq ba’zi kompaniyalar dengiz suvi yoki sanoat oqova suvlari kabi ichimlik bo‘lmagan suv manbalaridan foydalanishni ko‘paytirmoqda.
Foyda ekologik zararni oqlayaptimi?
Sun’iy intellekt allaqachon sayyoramizga bo‘lgan bosimni kamaytirishga yordam bermoqda. Masalan, kuchli issiqxona gazi bo‘lmish metanning sizib chiqishini aniqlashga yoki transportni yoqilg‘i tejovchi yo‘nalishlar bo‘ylab qayta yo‘naltirishga yordam bermoqda.
BMTning Yunisef bolalar agentligi Innovatsiyalar bo‘limi global direktori Tomas Deyvinning ta’kidlashicha, sun’iy intellekt butun dunyo bo‘ylab bolalar uchun ta’lim, sog‘liqni saqlash va iqlim o‘zgarishi sohasida muhim omil bo‘lishi mumkin.

Surat manbasi, Meta
Biroq u kompaniyalar shunchaki "eng kuchli va ilg‘or modelni yaratish" uchun emas, balki "samaradorlik va shaffoflik"da bir-biri bilan raqobatlashishini istaydi.
Shuningdek, u kompaniyalar o‘z modellarini ochiq manbaga aylantirishi, ya’ni ulardan har kim foydalanishi va o‘ziga moslashtirishi mumkin bo‘lishini xohlaydi.
Janob Deyvinning ta’kidlashicha, bu SI modellarni o‘qitishning ko‘p energiya va suv talab qiladigan jarayoniga ehtiyojni kamaytiradi.
Biroq, bir qancha Yevropa hukumatlari, Yevropa Ittifoqi va BMT organlariga maslahatchilik qilgan, Axloqiy texnologik jamiyat nomli tarmoqni boshqaradigan mustaqil tadqiqotchi Lorena Jaume-Palasi sun’iy intellektning ommaviy o‘sishini ekologik barqaror qilish "iloji yo‘q"ligini ta’kidlaydi.
"Biz uni samarali qilishimiz mumkin, lekin uni yanada samarali qilish ko‘proq foydalanishga olib keladi."
"Uzoq muddatda kattaroq va tezroq sun’iy intellekt tizimlarini yaratish uchun raqobatni davom ettirishga yetarli resurs yo‘q bizda", deydi u.
Texnologiya kompaniyalari nima deydi?
Google, Microsoft, AWS va Meta sovitish texnologiyalarini mahalliy sharoitlardan kelib chiqib tanlaganliklarini aytmoqda.
Ularning barchasi 2030 yilgacha "suv profitset" bo‘lishni ko‘zlamoqda. Ya’ni, ular o‘z faoliyatlari davomida sarflaganidan ko‘proq suvni qaytarishni rejalashtirmoqda.
Buning uchun ular o‘zlari faoliyat yuritayotgan hududlarda suvni tejash yoki to‘ldirish bo‘yicha loyihalarni moliyalashtiradilar – masalan, o‘rmonlar yoki botqoqliklarni tiklashlari, suv sizib chiqayotgan joylarni aniqlash yoki sug‘orishni takomillashtirishlari mumkin.
AWS bu maqsadga erishish yo‘lining 41 foizini bosib o‘tganini aytmoqda, Microsoft "yo‘lda" ekanligini aytmoqda, Google va Meta e’lon qilgan raqamlar esa ular to‘ldirayotgan suv miqdori sezilarli darajada oshganini ko‘rsatmoqda. Ammo Yunisefdan janob Deyvinning aytishicha, umuman olganda, bunday maqsadlarga erishish uchun hali "uzoq yo‘l" bor.
OpenAI suv va energiya samaradorligi ustida "qattiq ishlayotganini" aytib, "hisoblash quvvatidan samarali foydalanish haqida o‘ylash juda muhimligini" qo‘shimcha qildi.
Ammo professor Renning aytishicha, suvdan foydalanish bo‘yicha yanada izchil va standartlashtirilgan sanoat hisoboti zarur: "Aniq o‘lchay olmasak, uni boshqara olmaymiz."
































