Rossiyadan boshpana so‘rayotgan o‘zbeklar, pornostudiyalar ochgan qirg‘iz va Qozog‘iston maktablaridagi smartfonlar

Surat manbasi, EPA
Rossiyadan boshpana so‘ragan o‘zbekistonliklar
Rossiya Ichki ishlar vazirligi tarqatgan ma’lumotga ko‘ra, 2025 yilda 191 O‘zbekiston fuqarosi Rossiyadan siyosiy boshpana so‘ragan.
Shu tariqa Rossiyadan boshpana so‘ragan xorijiy fuqarolar ro‘yxatida o‘zbekistonliklar beshinchi o‘rinni egallagan.
Ma’lumotga ko‘ra, umumiy hisobda bunday ariza bilan 8820 xorijiy fuqaro Rossiyaga murojaat qilgan.
Ulardan eng ko‘pi ukrainaliklarga to‘g‘ri kelib, 3332 fuqaroni tashkil qilgan.
Keyingi o‘rinlarda Suriya (3196), Falastin (313) va Afg‘oniston (281) fuqarolari turibdi.
O‘zbekistonliklarning qanday sabablar bilan Rossiyadan siyosiy boshpana so‘ragani noma’lum. Odatda bu kabi ma’lumot ochiqlanmaydi.
2024 yilda Rossiyadan boshpana so‘raganlar soni 6879 ekani rasman xabar qilingandi. Lekin, unda murojaat qiluvchilar davlatma-davlat ajratilib ko‘rsatilmagan.
End of Ijtimoiy tarmoqlardagi sahifalarimiz
Rossiya O‘zbekiston fuqarolari siyosiy yo boshqa turdagi ta’qiblardan qochib boshpana so‘raydigan odatiy manzil emas.
BMTning Qochqinlar bo‘yicha agentligi 2024 yilda O‘zbekistonning 4257 fuqarosi xorijdan boshpana so‘raganini ma’lum qilgandi. O‘zbekistonliklar eng ko‘p boshpana so‘ragan davlatlar top uchtaligi deya AQSh, Britaniya va Shvetsiya ko‘rsatilgan.
Qirg‘izistonda veb-kamera orqali porno studiyalarni uyushtirgan shaxs afv etildi
Qirg‘izistonda vebkam-studiyalarni tashkil qilish va pornografik materiallarni tarqatish bo‘yicha 9 yilga qamalgan Daniel Ajiev davlat prezidenti Sadir Japarovning afvi bilan qamoqdan ozod qilindi.
U 2023 yili O‘zbekistonda qo‘lga olingandi.

Surat manbasi, ИИВ Қирғизистон
Xabar qilinishicha, Daniel Ajievga afv berish to‘g‘risidagi xat 17 fevralda Petrovka qishlog‘idagi ahloq tuzatish koloniyasiga kelib tushgan va u o‘sha kuni ozod qilingan.
Bishkek sudi 2024 yilning yozida uni internet tarmoqlari (vebkam-studiyalar) orqali fohishabozlikni tashkil qilish, transmilliy uyushgan jinoiy guruh tuzish, taqiqlangan mazmundagi materiallarni tarqatish, odamlarni aldash orqali mulkiy zarar yetkazish kabi moddalar bilan ayblagan. Shuningdek, 262 million somlik (taxminan 3 mln dollar) mulki musodara qilinib, davlat foydasiga olingan.
Tergov ma’lumotiga ko‘ra, u transmilliy jinoiy guruh tuzib, maxsus studiyalarda internet orqali intim xizmatlarni ko‘rsatgan.
Daniel Ajiev tuzgan platformalar orqali yuzlab qizlar chet ellik mijozlarga intim xizmatlar ko‘rsatib kelgan. Studiyalarda 18 yoshdan 25 yoshgacha bo‘lgan 300 ga yaqin operator uch smenada ishlagan.
Shuningdek, Milliy xavfsizlik davlat qo‘mitasiga E.A. ismli fuqaro pul talab qilish fakti bo‘yicha murojaat qilgan. Uning aytishicha, u vebkam-studiyada operator bo‘lib ishlab, ish tartibini buzganligi uchun administrator tarafidan psixologik bosimga uchragan. Administrator uni jismoniy turda jazolash bilan qo‘rqitib, ikki ming dollar talab qilgan.
Daniel Ajiev 2023 yilning iyun oyida O‘zbekiston orqali Birlashgan Arab Amirligiga qochishga harakat qilayotgan vaqtda qo‘lga olingan edi. U bilan birga yana boshqa bir shaxs 8 yilga sudlanib, to‘rt yillik sinov muddati bilan ozod qilingan.
Qozoq ota-onalar farzandlariga maktablarda telefon man etilishiga qarshi
KTK xabar qilishicha, Qozog‘iston deputatlari maktablarda nafaqat sinfxonalarda, balki tanaffuslarda ham o‘quvchilardan telefonlari tortib olinishi va ota-onalari jarimaga tortilishini taklif qilishdi.
Hozirda qozog‘istonlik o‘quvchilar dasrda telefondan foydalan olishmaydi. Sinfga kirishlari bilan ular telefonlarini yo o‘qituvchiga topshirishlari yo ryukzaklariga solib qo‘yishlari kerak.

Surat manbasi, PA Media
Bu qoidani buzgan taqdirda, avvaliga ota-onaga ogohlantirish beriladi, ikkinchisida esa 20 ming tenge (taxminan 40 dollar) atrofida jarima solinadi.
Majilis deputatlari, shuningdek, telefonlar masalasi bo‘yicha qaror olish huquqini maktablardan olib, markazlashgan idora, katta ehtimol bilan, Ta’lim vazirligi yoki mahalliy ta’lim boshqarmalariga topshirishni taklif qilishgan.
Ammo, ba’zi ota-onalar tanaffusda ham telefonlar taqiqlanishiga qarshilar. Yettinchi sinf o‘quvchisining onasi Laura Bayzakovaning aytishicha, maktabda muntazam ravigda internet manbalari va elektron kundalikdan foydalaniladi.
"Uning telefoni oddiy edi, uni yangilashga majbur bo‘ldim. Chunki, eski telefoni QR kodni o‘qiy olmagan, o‘qituvchilar esa uni dars uchun talab qilishgan. Mana bugun yer qimirladi va men birinchi o‘rinda farzandimga sim qoqdim. Bolalardan telefonlari olib qo‘yilishiga qarshiman. Ularga istagan vaqtimiz bog‘lana olishimiz mumkin bo‘lishi kerak", - deydi u.
Ammo, qator o‘qituvchilar gadjetlar o‘quvchilarning ta’limiga va salomatligiga ta’sir qilayotganini aytishmoqda.
































