Kanada: qurolli "ko‘ylak kiygan ayol" o‘rta maktabga hujum qildi

Tambler Rij o‘rta maktabi

Surat manbasi, TUMBLER RIDGELINES/REUTERS

Surat tagso‘zi, Tambler Rij o‘rta maktabi
    • Author, Bi-bi-si yangiliklar bo‘limi
  • O'qilish vaqti: 2 daq

Kanadaning Tambler Rij shahridagi maktabda seshanba kuni ro‘y bergan otishmada to‘qqiz kishi halok bo‘ldi.

Politsiyaga ko‘ra, hujumchi so‘ng o‘zini otib o‘ldirgan.

Olti qurbonning jasadi o‘rta maktab ichida, yana ikkisiniki yaqin masofadagi uydan topildi. Bir kishi kasalxonaga olib ketilayotganida jon bergan.

Hozirda maktab va uydagi talafotlar o‘rtasidagi bog‘liklik o‘rganilmoqda.

Politsiya hujumchi haqida mahalliy aholini ogohlantiruvchi SMSlarida uni «ko‘ylak kiygan jigarrang sochli ayol» deb tasvirlagan.

Rasmiylar endilikda hujumchining shaxsini aniqlashganini bildirishdi, ammo uni ommaga ochiqlashmadi.

Kamida 25 kishiga jarohatlari uchun tibbiy yordam ko‘rsatilmoqda, ularning ikki nafarining hayoti xavf ostida.

Skip Ijtimoiy tarmoqlardagi sahifalarimiz and continue readingIjtimoiy tarmoqlardagi sahifalarimiz

End of Ijtimoiy tarmoqlardagi sahifalarimiz

Kanada Bosh vaziri Mark Karni bu otishmadan larzaga kelganini aytdi va o‘z hukumati bilan Britan Kolumbiyasi viloyati aholisiga hamdard ekanini bildirdi.

Bosh vazir Myunxendagi Xavfsizlik anjumaniga rejalangan safarini bekor qildi.

Tambler Rij maktabidagi ushbu otishma Kanada tarixidagi eng talafotlilaridan biri bo‘lmoqda.

Maktabdagi otishma ortidan olingan surat

Surat manbasi, Trent Ernst/Tumbler RidgeLines

Surat tagso‘zi, Maktabdagi otishma ortidan olingan surat

2020 yilda politsiya kiyimini kiyib olgan qurolli shaxs Nova Skotiya viloyatida ikki kun davomida 22 odamni o‘ldirgandi.

1989 yilda esa Monrealdagi Politexnika institutida feministlarga qarshi bo‘lgan hujumchi 14 ayolni nobud qilgan.

Kanada qo‘shni AQSh bilan qiyoslaganda, qattiqqo‘lroq qurol qonunlariga ega va bu kabi ommaviy otishmalar kamdan-kam yuz beradi.

Sinfdagi dahshat

CBC radiosiga gapirgan Tambler Rij o‘quvchisining aytishicha, u sinfdoshlari bilan sinf xonaning eshigini ichkaridan to‘sib olgan.

Yuqori sinf o‘quvchisi Darian Kuist maktabga soat 13:30 da kelgan va dahlizda barchaga sinf xonalarini ichkaridan to‘sib olish ko‘rsatmasi berilayotganini eshitgan.

U sinfdoshlari bilan ancha vaqt ichkarida qolishgani va nimalar bo‘layotganidan bexabar bo‘lishganini, so‘ng otishma aks etgan suratlarni telefonida ko‘rganini aytadi.

Darianga ko‘ra, u sinfdoshlari bilan «eshiklarni partalar bilan» to‘sib olishgan, ikki soatdan so‘ng politsiya ularni olib chiqqan.

Tambler Rij 2 400 kishilik aholiga ega kichik shahar bo‘lib, Britan Kolumbiyasidagi eng yirik Vankuver shahridan 1 200 km shimolda joylashgan.