Miyangizni siz emas, gormonlar nazorat qiladi – bu qanday kechadi?

Uxlayotgan ayol tasviri

Surat manbasi, Getty Images

O'qilish vaqti: 7 daq

Gormonlar tanamizning to‘g‘ri ishlashi uchun juda muhim. Shunday bo‘lsa-da ular kayfiyatimiz va ruhiy salomatligimizga kuchli va ba’zan salbiy ta’sir ko‘rsatishi mumkin.

Biz hislarimizni, kayfiyatimizni boshqara olamiz deb o‘ylaymiz, ammo rostdan shundaymikan?

Olimlar «neyromediatorlar» deb ataladigan kimyoviy xabarchilar miyamizga katta ta’sir ko‘rsatishini uzoq vaqtdan beri biladi. Ammo tadqiqotlar chuqurlashgani sari, gormonlar ham kutilmagan tarzda ongimizni chalkashtirib yuborishi ma’lum bo‘lmoqda.

Hozir ba’zi olimlar bu bilimlardan foydalanib, depressiya va xavotir kabi kasalliklarni davolashning yangi usullarini izlamoqda.

Gormonlar muayyan bezlar, a’zolar va to‘qimalar ajratadigan kimyoviy xabarchilardir. Ular qon bilan butun tana bo‘ylab harakatlanadi va ma’lum joylardagi retseptorlar bilan bog‘lanadi.

Bu bog‘lanish tanaga biror narsa qilishni buyuradigan biologik "kelishuv" vazifasini bajaradi. Masalan, insulin gormoni jigar va mushak hujayralariga qondagi ortiqcha glyukozani so‘rib olish va uni glikogen sifatida saqlashni buyuradi.

Gormonlarning ko‘rinmas nazorati

Olimlar hozirgacha inson tanasida 50 dan ortiq gormon mavjudligini aniqlagan.

Ular birgalikda yuzlab fiziologik jarayonlarni, jumladan, insonning o‘sishi va rivojlanishi, jinsiy faoliyati, ko‘payishi, uyqu-uyg‘oqlik sikli va eng muhimi, uning ruhiy salomatligini boshqaradi.

"Gormonlar haqiqatan ham kayfiyatimiz va hissiyotlarimizga katta ta’sir ko‘rsatadi," deydi Kanadadagi Ottava universiteti psixologiya professori Nafissa Ismoil.

"Ular buni miyaning ma’lum qismlarida ishlab chiqariladigan va ajratiladigan neyromediatorlar bilan o‘zaro ta’sirlashish orqali, shuningdek, hujayra o‘limi yoki neyrogenez – yangi neyronlarning yaratilishi yoki tug‘ilishi kabi jarayonlarga ta’sir qilish orqali amalga oshiradi."

Uxlayotgan ayol

Surat manbasi, Getty Images

Surat tagso‘zi, Gormonlardagi o‘zgarishlar inson organizmiga turli ta’sirlarni ko‘rsatishi mumkin. Ular orasida eng ko‘p uchraydigani odatiy uyqu rejimining buzilishi

Depressiya, xavotir va posttravmatik stress buzilishi (PTSB) kabi ruhiy kasalliklar asosiy gormonal o‘zgarishlar davrida ko‘proq uchraydi. Bu, ayniqsa, ayollarga xos.

Bolalikda o‘g‘il va qiz bolalar orasida depressiya darajasi deyarli bir xil bo‘ladi. Ammo tadqiqotlar shuni ko‘rsatadiki, o‘smirlik davrida qizlar o‘g‘il bolalarga nisbatan ikki baravar ko‘proq depressiyaga tushadi – bu farq butun umr davomida saqlanib qoladi.

Xo‘sh, bunga gormonlar sababchi bo‘lishi mumkinmi? Agar siz ayol bo‘lsangiz, jinsiy gormonlar kayfiyatga kuchli ta’sir ko‘rsatishi sizni ajablantirmasligi mumkin.

Buyuk Britaniya Milliy sog‘liqni saqlash xizmatiga ko‘ra, ayolning hayz ko‘rishidan oldingi kunlar va haftalarda estrogen va progesteron darajasi pasayadi, bu ba’zi ayollarda jahldorlik, charchoq, g‘amginlik va xavotir his-tuyg‘ulari bilan bir vaqtga to‘g‘ri keladi.

Mutaxassislar ta’kidlashicha, ba’zi ayollar hatto premenstrual (hayz oldi) disforik buzilishi (PMDB) deb ataladigan og‘ir, gormonlar bilan bog‘liq kayfiyat buzilishini boshdan kechirishi mumkin. Bu holat hayz ko‘rishdan oldingi ikki hafta ichida kayfiyatning keskin o‘zgarishi, xavotir, depressiya va ba’zan suitsid xayollari bilan namoyon bo‘ladi.

"PMDB bilan og‘rigan ko‘p ayollar uchun bu har oyda takrorlanadigan juda surunkali muammo bo‘lib, u odamlar hayotiga juda chuqur ta’sir ko‘rsatishi mumkin", deydi AQShdagi Jons Hopkins universiteti tibbiyot maktabining psixiatriya va xulq-atvor fanlari bo‘yicha dotsenti Liisa Xansu.

Tug‘ruqdan keyin ayollarda progesteron va estrogen gormonlari keskin pasayadi.

Aksincha, ovulyatsiyadan oldin estrogenning yuqori darajasi ko‘tarinkilik va baxt hissi bilan bog‘liq.

Shu bilan birga, progesteron parchalanishi qoldig‘i bo‘lgan allopregnanolon ham tinchlantiruvchi ta’siri bilan tanilgan.

"Agar kimgadir allopregnanolon inьektsiyasi berilsa, u odamni tinchlantiradi", deydi professor Xansu.

Ayollar faqat hayz sikli bilangina kurashmaydi.

Homiladorlik, perimenopauza va menopauzadagi gormonal o‘zgarishlar ham ruhiy salomatlikka jiddiy ta’sir ko‘rsatishi mumkin.

Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti ma’lumotlariga ko‘ra, endigina tuqqan ayollarning 13 foizigacha qismi depressiyaga chalinadi.

Buning sababi nimada? Tug‘ruqdan so‘ng ayollarda progesteron va estrogen gormonlari keskin pasayadi. Tadqiqotchilar aytishicha, perimenopauzada ham ayollarda tuxumdon gormonlari keskin o‘zgarishi mumkin.

"Gap, ehtimol, gormonlarning aniq miqdorida emas, balki ayol past darajadan yuqori darajaga yoki yuqori darajadan past darajaga o‘tadigan o‘zgarishlarda bo‘lsa kerak", deydi Kanadaning Toronto universiteti psixiatriya professori Liisa Galea.

O'yin o'ynayotgan o'g'il - qizlar

Surat manbasi, Getty Images

Surat tagso‘zi, Bolalikda o‘g‘il va qiz bolalar orasida depressiya darajasi deyarli bir xil bo‘ladi. Ammo o‘smirlik davrida qizlar o‘g‘il bolalarga nisbatan ikki baravar ko‘proq depressiyaga tushadi

"Ba’zi ayollar bunday tebranishlarga juda sezgir bo‘ladi. Boshqalari esa menopauzani oson o‘tkazadi va aytarli simptomga duch kelmaydi."

Bu faqat ayollarga xos emas. Garchi bu kabi o‘zgarish asta-sekin va ayollardagidek keskin bo‘lmasa-da, erkaklarda ham yosh o‘tgan sari testosteron darajasi pasayadi.

Biroq, ba’zi ma’lumotlarga ko‘ra, hatto bu kichik o‘zgarish ham ayrim erkaklarda kayfiyat o‘zgarishlarini keltirib chiqarishi mumkin.

"Hayot davomida testosteron darajasi o‘zgarishi bilan ba’zi erkaklarning kayfiyatida o‘zgarishlarni kuzatamiz, ammo bu yetarlicha e’tibor berilmaydigan holat", deydi professor Ismoil.

Jinsiy gormonlar kayfiyatga ta’sir qilishi yo‘llaridan biri miyadagi serotonin va dofamin neyromediatorlari darajasini oshirish orqali bo‘lishi mumkin. Serotoninning pastligi depressiya sababi deb hisoblab kelingan, shu bois zamonaviy antidepressantlarning aksariyati ushbu modda darajasini oshiradi.

Ba’zi estrogenlar serotonin retseptorlari sezgirligini oshirishi va miyada dofamin retseptorlari sonini ko‘paytirishi mumkinligi haqida dalillar bor.

Boshqa bir nazariyaga ko‘ra, estrogen neyronlarni shikastlanishdan himoya qiladi va hatto xotira va his-tuyg‘ularda muhim rol o‘ynaydigan "gippokamp" deb ataladigan miya sohasida yangi neyronlar o‘sishini rag‘batlantirishi mumkin.

Depressiya va Altsgeymer kasalligi bilan og‘rigan odamlarda gippokampdagi neyronlar yo‘qolishi kuzatiladi. Shu bilan birga, antidepressantlar va kayfiyatni ko‘taruvchi psixodelik dorilar, masalan, "sehrli" qo‘ziqorinlarda uchraydigan psilotsibin bu qismda yangi neyronlar o‘sishiga turtki beradi.

"Estrogen neyroprotektiv xususiyatga ega, shuning uchun u neyrogenezni rag‘batlantiradi," deydi prof. Ismoil.

"Shuning uchun ayollar menopauzaga kirganda, hayotimizning ilk davrlarida mavjud bo‘lgan dendritlarning (nerv hujayralaridan o‘sib chiqadigan shoxlar) qisqarishini ko‘ramiz."

Shu sababli menopauza davrini boshdan kechirayotgan ayollar ko‘pincha miya tumanligi va xotira muammolaridan aziyat chekadi.

Tanamizning stressga javobi xato ketganda

Gippokampdagi neyronlarning yo‘qolishi organizmning stressga javobini tartibga soluvchi gipotalamus-gipofiz-buyrak usti bezi (GPB) o‘qi deb ataladigan boshqa gormon tizimlariga ta’sir qilishi mumkin.

Biz xavotirni his qilganimizda, tanadagi ko‘plab gormonlarni boshqaradigan miya qismi – gipotalamus adrenokortikotrop gormon (AKTG) deb atalgan gormonni chiqarish uchun gipofizga signal yuboradi.

So‘ng AKTG buyrak usti bezlarini stress gormoni bo‘lgan kortizolni ajratishga undaydi.

Kortizol organizmga qonga shakar chiqarishni buyuradi, bu esa miya va tanaga favqulodda vaziyatlarda harakat qilish uchun zarur energiyani ajratadi.

Ikki ayol qo'l ushlashib turibdi

Surat manbasi, Getty Images

Surat tagso‘zi, Oksitotsin, ko‘pincha "muhabbat gormoni" deb ataladi, u insonlar o‘rtasidagi yaqinlik va bog‘lanish lahzalari bilan bog‘liq bo‘lib, stressning ayrim salbiy ta’sirlarini kamaytirish xususiyatiga ega deb ishoniladi

Gippokampdagi neyronlarning yo‘qolishi organizmning stressga javobini tartibga soluvchi gipotalamus-gipofiz-buyrak usti bezi (GPB) o‘qi deb ataladigan boshqa gormon tizimlariga ta’sir qilishi mumkin.

Biz xavotirni his qilganimizda, tanadagi ko‘plab gormonlarni boshqaradigan miya qismi – gipotalamus adrenokortikotrop gormon (AKTG) deb atalgan gormonni chiqarish uchun gipofizga signal yuboradi.

So‘ng AKTG buyrak usti bezlarini stress gormoni bo‘lgan kortizolni ajratishga undaydi.

Kortizol organizmga qonga shakar chiqarishni buyuradi, bu esa miya va tanaga favqulodda vaziyatlarda harakat qilish uchun zarur energiyani ajratadi.

"GPB o‘qi kimdir stress holatiga tushganda faollashadi va qisqa muddatda bu moslashish uchun bo‘ladi, chunki u tanangizga stressni yengishga yordam beradi, – deydi professor Xansu. – Ammo uzoq davom etsa, zararli bo‘lishi mumkin."

Odatda, tanangizni to‘ldirgan kortizol miyaga tinchlanishni buyuradigan signalni faollashtirishi kerak. Gippokamp gipotalamusga gipofiz bilan aloqani to‘xtatishni aytadi, shu bilan stressga javob nihoyasiga yetadi.

Biroq, agar odam surunkali stressni boshdan kechirsa – masalan, qo‘rqitish, zo‘ravonlik yoki tajovuz tufayli – miya kortizol bilan to‘lib ketadi.

Bu yomon, chunki vaqt o‘tishi bilan kortizol miyada yallig‘lanishni kuchaytiradi, gippokampdagi neyronlarni o‘ldiradi, bu esa signalni berishga to‘sqinlik qiladi.

Bundan tashqari, kortizol miyaning boshqa qismlaridagi, masalan, amigdala va prefrontal burmalardagi neyronlarni ham yo‘q qilishi mumkin – bu xotira, diqqat va kayfiyatga ta’sir qiladi.

"Amigdala – miyamizning his-tuyg‘ularimizni boshqarish imkonini beruvchi qismi bo‘lib, bu sohadagi hajmning yo‘qolishi hissiyotning kuchayishi, asabiylashish ortishi va salbiy his-tuyg‘ularni nazorat qilish qiyinlashishi bilan bog‘liq", deydi prof. Ismoil.

"Prefrontal burmalardagi atrofiya diqqatni jamlash va kerakli vaqtda to‘g‘ri qaror qabul qilishdagi qiyinchiliklar bilan, gippokampdagi atrofiya esa ma’lumotlarni eslab qolishga qiynalish bilan bog‘liq."

Kortizol bizni stressga solsa, "sevgi gormoni" deb ataladigan oksitotsin buning aksini qiladi.

U iliq va yoqimli his-tuyg‘ular hamda mehr uyg‘otishga yordam beradi. U tug‘ish, emizish va orgazm paytida ajralib chiqadi, ammo hayvonlar va odamlarning o‘zaro bog‘lanishida ham rol o‘ynaydi.

Tabletka ushlagan qo'l tasviri

Surat manbasi, Getty Images

Surat tagso‘zi, Tadqiqotlar shuni ko‘rsatadiki, estrogen terapiyasi, shu jumladan gormonal o‘rin bosuvchi terapiya (GO‘T), menopauzani boshidan kechirayotgan ayrim ayollar uchun foydali bo‘lishi mumkin

"Oksitotsin bog‘lanish va ishonchli munosabat bilan bog‘liq bo‘lib, stress ta’siriga qarshi turishga yordam beradi", deydi professor Ismoil.

"Biz o‘zimizni xavfsiz his qilsak, atrofimizda qo‘llab-quvvatlov borligini anglasak, stress tufayli ko‘payishi mumkin bo‘lgan kortizol pasayadi."

Tadqiqotlar shuni ko‘rsatdiki, oksitotsinli burun spreyini hidlash odamlarni saxiyroq, hamjihatroq va hamdardroq qiladi hamda notanish odamlarga ko‘proq ishonishga undaydi.

Lekin hamma ham bunga ishonmaydi. Masalan, oksitotsinning miya-qon to‘sig‘idan o‘ta olishi tasdiqlanmagan.

Qalqonsimon bez ishlab chiqaradigan ikkita asosiy gormondagi nomutanosiblik depressiya va halovatsizlikka sabab bo‘lishi mumkinligi haqidagi nazariya ko‘proq qabul qilingan.

Bu gormonlar triyodtironin (T3) va tiroksin (T4) bo‘lib, ular birgalikda yurak urishi tezligi va tana haroratini tartibga solishga yordam beradi.

Biroq, gormon darajalari juda yuqori bo‘lganda – masalan, qalqonsimon bez haddan tashqari faollashsa, xavotirlanish ortishi mumkin. Aksincha, darajalar juda past bo‘lganda, odatda depressiya kuzatiladi. Xayriyatki, gormon darajalarini me’yorga keltirish ko‘pincha bemorlarni simptomlardan xalos etadi.

"Bemorlar shifokorga murojaat qilib, kayfiyatidagi o‘zgarishlardan shikoyat qilganda, shifokorlar birinchi galda ularning gormonal profilini tekshiradi. Chunki ko‘pincha o‘zgarayotgan gormonni to‘g‘rilay olsak, kayfiyatni ham yaxshilashga erishamiz", deydi Ismoil.

Qalqonsimon bez gormonining kayfiyatga ta’siri sababi noma’lum, ammo nazariyalardan biriga ko‘ra, xususan T3 miyada serotonin va dofamin darajasini oshirishi yoki bu neyromediatorlar retseptorlari sezgirligini kuchaytirishi mumkin.

Qalqonsimon bez gormoni retseptorlari miyaning kayfiyatni boshqarishda faol ishtirok etadigan qismlarida ham ko‘p.

Yangi davolash usullari

Gormonlar va ularning kayfiyatga ta’siri haqidagi bu yangi bilimlar yangi davolash usullariga asos bo‘lishiga umid qilinmoqda.

Allopregnanolon gormoniga o‘xshash ta’sir ko‘rsatadigan "Breksanolon" deb nomlangan dori tug‘ruqdan keyingi depressiyani davolashda juda samarali ekanligi buning dalilidir.

Shuningdek, agar sizda testosteron darajasi past bo‘lsa, ba’zi antidepressantlar bilan birga testosteron qo‘shimchalarini qabul qilish ularning ta’sirini kuchaytirishi mumkinligi haqida ma’lumotlar bor.

Tadqiqotlar ko‘rsatishicha, estrogen terapiya, shu jumladan, gormon o‘rnini bosuvchi terapiya ham perimenopauza va menopauzani boshdan kechirayotgan ayollarning bir qismida kayfiyatni yaxshilashga yordam beradi.

Shu bilan birga, gormonal kontratseptsiya PMDB bilan og‘rigan ba’zi ayollarga juda yaxshi yordam bersa, boshqalarda aksincha, simptomlarni kuchaytirishi mumkin.

Bu esa yangi davolash usullarini topishni murakkablashtiradi, chunki biz hali ham ba’zi odamlar nima uchun gormonal o‘zgarishlarga juda ta’sirchan, boshqalari esa bunday emasligini aniq tushunmaymiz.

"Gormonlar kayfiyat va ruhiy salomatlikka ta’sir qilishini bilamiz, lekin to‘g‘ri davolash usullarini ishlab chiqishdan oldin ularning ta’sir mexanizmini aniqlab olishimiz kerak," deydi professor Ismoil.

"Ma’lumki, serotonin darajasini tartibga soluvchi hozirgi antidepressantlar doim ham samarali emas. Ba’zi tadqiqotlar ularning ayniqsa o‘smirlarda kamroq samara berishini ko‘rsatmoqda. Shuning uchun biz bu yosh guruhi, ularning miyasi va uning rivojlanishi haqida ko‘proq o‘rganishimiz kerak. Bu ularga davo choralari kor qilmasligi sababini tushunishga yordam beradi."