O‘zbekistonda go‘sht nega qimmat? U qachon arzon bo‘ladi?
Go‘sht. Uni sotib olish imkoni O‘zbekistonda har bir oilaning o‘ziga to‘qligini belgilovchi norasmiy ko‘rsatkichlardan biridir. Bugun esa ko‘pchilik go‘sht qimmatligini va uni sotib olish imkoniyati kamayayotganini aytmoqda.

Poytaxtning doimiy gavjum bozorlaridan biri, Chorsuga kirarkansiz, xaridorlarni chorlayotgan qassoblar rastasini payqamaslikning deyarli iloji yo‘q. Bir tarafda mahalliy aholiga xos narx ustidagi tortishuvlar bo‘lsa, boshqa tarafdan pichoqlarning charxlanayotgani-yu, oyboltaning taq-tuq ovozi quloqqa chalinadi. Bozor qiziydi, go‘sht sotiladi.
Biroq so‘nggi paytlarga kelib, bu rastalarda sotuv kayfiyati o‘zgargan. Go‘sht narxi oshmoqda. Mahalliy aholi esa daromadga taqqoslaganda narxdagi bu o‘sish qimmatchilikka aylanayotganidan yozg‘iradi.
Mamlakatning iqtisodiy jihatdan eng rivojlangan shahri Toshkentda yashovchi Karim bobo ham yillardirki mahalliy bozorning doimiy xaridorlaridan. Biroq oxirgi yillarda go‘sht sotib olish uning xonadoni uchun ham og‘irlik qilmoqda:
"Toshkentning go‘shti qimmat. Hamyon ko‘tarmaydi. Majbur bo‘lamiz chetning go‘shtini olishga. Mahalliy go‘shtni 140 ming deyapti. Qayerdan olamiz uni? Bola-chaqaga qanday yediramiz? Shu sababli yo tovuq go‘shti, yoki chetdan import qilingan muzlatilgan go‘sht olamiz", — deydi u.
Poytaxtlik otaxonning fikrlari keyingi yillarda davlat boshqaruvining eng yuqori minbarlarida ham yangramoqda. Hatto shaxsan Prezident Mirziyoyev chorvachilik va go‘sht yetishtirishni kuchaytirish, sohani isloh etish zarurligiga e’tibor qaratgan.
Hukumat oxirgi yillarda chet eldan go‘sht import qilishga alohida yengilliklar berishni boshladi. Ba’zi hollarda bu sohada imtiyozlar yaratilmoqda. Masalan, ayrim davlatlardan mayda chorva mollari keltirganlar uchun xarajatlarning muayyan qismini qoplash kabi choralar ko‘rilmoqda.
Biroq shunga qaramasdan ham, mamlakatda go‘shtga bo‘lgan talab to‘liq qondirilmayotgandek ko‘rinadi. Narx oshishda davom etmoqda. Aksar holatlarda esa aholi daromadiga nisbatan go‘sht narxining yuqori qolayotganidan shikoyat qilinadi.
O‘zbekistonda ayni vaqtda eng kam oylik maosh 1 271 000 so‘m. Bu 100 AQSh dollaridan biroz oshadi. Bir kilogramm mol go‘shti esa 120-130 ming so‘m atrofida baholandi. Bu taxminan 10 AQSh dollari degani. Boshqacha aytganda, bir oylik eng kam daromadga O‘zbekistonda 9-10 kg mol go‘shti olish mumkin.
"Bizda yem-xashaklarning qimmatligi, chorva yetishtirishning kamayganligi sababli ham narx-navo o‘z-o‘zidan o‘sib boryapti… Agar bizda ham chorva ko‘payib, yem-xashak ko‘proq yetishtirilsa, bu narx tushadi deb o‘ylayman", — deydi Chorsuda ish yuritadigan qassob Nodir.
Masalan, Hindiston mol go‘shti 80-90 ming so‘m bo‘lsa, O‘zbekiston mol go‘shti
130 ming so‘m.O‘rtadagi farq esa ozmuncha emas.
Bozorda mahalliy, ya’ni O‘zbekiston go‘shti hatto uzoq o‘lkalardan keltirilgan go‘shtlardan ham qimmatroq. Masalan, Hindiston mol go‘shtining kilosi 80-90 ming so‘m bo‘lsa, O‘zbekiston mol go‘shtining bir kilosi 130 ming so‘m. O‘rtadagi farq esa ozmuncha emas. Nafaqat xaridorlarning aksariyati, balki qassoblarning o‘zi ham xorijdan kelgan go‘shtning talabgoriga aylangan. Ular arzonroq hamda musulmon ko‘pchilik yashovchi O‘zbekiston bozoriga moslangan bo‘lib, "halol" sertifikatiga ega ekanligi aytiladi.
"Chetdan kelgan go‘shtlarning arzonligi sababini men o‘zim ham, to‘g‘risi, bilmayman. Lekin kelayotgan go‘shtlarimizning hammasi halol, sertifikatlari bor. Misol uchun, aholining hammasi mana shu go‘shtdan yeyotgani uchun o‘zim ham shu go‘shtdan yeyman. Aslida mahalliy go‘shtdan yegim keladi, lekin biroz qimmatligi, cho‘ntak ko‘tarmaganligi uchun shundan [xorijdan keltirilgan go‘shtdan] yeyapmiz", — deya fikr bildiradi Ahmad qassob muzlatilgan go‘sht bo‘laklarini kesib tayyorlay turib.
Ayni maqolada Google YouTube tomonidan taqdim qilingan kontent mavjud. Biz bu kontent yuklanmasidan avval sizning roziligingizni so‘raymiz, chunki ular kuki va boshqa texnologiyalardan foydalangan bo‘lishi mumkin. Siz Google YouTube havolasida kukilarga doir va shaxsiy ma’lumotlarga oid qoidalar haqida avval o‘qib, keyin qabul qilishga rozi bo‘lishingiz mumkin. Ko‘rish uchun “qabul qilish va davom etish”ni tanlang.
Oxiri YouTube post
Biroq O‘zbekistonda go‘shtni arzonlatish yoki aholi daromadiga moslash mumkinmi, buning uchun nima qilish kerak? Iqtisodchi Kamoliddin Shodmonqulov buni yem-xashak bazasining yetishmasligi, aholida chorvachilikka bo‘lgan qiziqishning so‘nayotgani va import qamrovi hanuz cheklangani bilan izohlaydi.
"Biz bilamizki, birinchi navbatda go‘sht narxini arzonlashtirish uchun yem-xashak bazasini yaxshilashimiz kerak. Yem-xashak yetishtirilayotgan maydonlarni ko‘paytirishimiz lozim. Juda ko‘plab xo‘jalik foydalanadigan yerlar qarovsiz yoki unumdorligi past yerlar hisoblanadi. Ularni o‘zlashtirishni ko‘paytirishimiz, suv zaxirasini oshirishimiz kerak. Keyin, ikkinchidan, aholini chorva yetishtirishga qiziqtirish lozim. Oldinlari bilardik, har bir uyda chorva mollari bo‘lardi. Ularga imkoniyatlar yaratib berish, hukumat tomonidan imtiyozlar, imtiyozli kreditlar ajratish kerak. Faol aholini qo‘llab-quvvatlash lozim. Bu ham narxga ta’sir qiladi. Keyingi asosiy sabablardan biri — import geografiyasini kengaytirishimiz kerak. Hozir uch-to‘rtta davlatdan import qilayotgan bo‘lsak, masalan, Qozog‘iston, Belarusь, Pokiston, Hindistondan kelayotgan bo‘lsa, bu ro‘yxatni yanada kengaytirish kerak. Shundagina go‘sht narxi arzon bo‘ladi", — deydi iqtisodchi.
Go‘sht narxini arzonlashtirish uchun yem-xashak bazasini yaxshilashimiz kerak... [Xo‘jalik yerlarini] o‘zlashtirishni ko‘paytirishimiz kerak. Suv zaxirasini ko‘paytirish kerak.
O‘zbekiston hududining katta qismi Qizilqum va qurigan Orol dengizi o‘rnidagi Orolqum sahrosidan iborat. Cho‘llashish jadal. Mamlakat iste’mol qiladigan suvning ham aksariyat qismi qo‘shni Tojikiston va Qirg‘izistondan keladi.
Butun Markaziy Osiyo aholisining yarmiga yaqini aynan O‘zbekistonda yashaydi. Sovet davrida uzoq yillar asosan paxtaga asoslangan intensiv dehqonchilik qilingan. Buning ustiga, hozir iqlim o‘zgarishi omillari ham qo‘shilmoqda. Mutaxassislar shu kabi omillar chorvachilikka ham ta’sir qilishini aytishadi.
"Birinchidan, chorvachilikda yem-xashak narxining qimmatligi — arpa, beda va shu kabilar go‘sht narxiga bevosita ta’sir qilmoqda. Eng katta omillardan biri shu. Ikkinchidan, chorvachilik uchun yem yetishtiriladigan yaylovlarning yildan-yilga qisqarib borayotganligi. Uchinchidan, iqlim sharoitining o‘zgarishi. Oxirgi yillarda ko‘rayotgan bo‘lsak, qurg‘oqchilik kelishi, suv kamligi ham chorvachilikda go‘sht narxining oshishiga sabab bo‘lmoqda. Keyin esa aholi sonining ortishi va chorva sonining unga nomutanosib ravishda kamayayotganini misol qilib keltirishimiz mumkin", — deya mulohaza qiladi iqtisodchi Kamoliddin Shodmonqulov.

O‘zbekistondagi chorvachilik bozorlardagi go‘sht narxini va aholi dasturxonidagi taom bahosini belgilovchi asosiy omildir. Biroq iqlim o‘zgarishi, suv va yaylovlarning kamayishi, aholi soni ortib, go‘shtga bo‘lgan ehtiyojning yuksalishi ham bor gap.
Shunday holatda qator savollar hamon ochiq qolmoqda: bundan keyin mamlakatda go‘sht yetishtirish qimmatlab boraveradimi yoki ehtiyoj import go‘sht hisobidan qoplanadimi? O‘zgarayotgan iqlim hamda kamayib borayotgan zaxiralar yaqin kelajakda O‘zbekistondagi go‘sht narxiga yana qanday ta’sir qiladi?





























