Jurnalistika universitetida kiyim muammosi, Olmaliq kombinatidan 200 mln dollarlik "shubhali" bitim so‘rovi, Agalarov Chorvoqdagi loyiha ekologik bo‘lishini istaydi

O‘zJOKU magistranti Akmaljon

Surat manbasi, Facebook/Bahodirxon Eliboyev

O'qilish vaqti: 5 daq

O‘zbekiston Jurnalistika va ommaviy kommunikatsiyalar universiteti talabalari kiyinish talablari bois darsga kiritilmaganlari ijtimoiy tarmoqlarda keng muhokamalarga sabab mavzuga aylandi.

O‘zbekistonlik jurnalist va taniqli inson huquqlari himoyachisi Bahodir Eliboev o‘zining Feysbukdagi sahifasida JOKU hududiga kiritilmagan talabalar videosini e’lon qildi.

"O‘zJOKUda dress-kod masalasi hanuz aktual.

O‘tgan hafta prorektor kirib oq kuylak va galstukda bo‘lish kerakligini tavsiya qilgan edi. Boshlangan haftadan ushbu tavsiya kuchga kirgan ko‘rinadi va tahminan 100 nafar talaba (bakalavr va magistrantlar) o‘qishga kiritilmadilar.

Ularga oq ko‘ylak va galstuksiz kiritilmasligi aytildi", deb yozdi Bahodir Eliboev.

Iqtibos

"Meni kiritishmadi. Sababi, galstugim yo‘q edi. Shuning uchun kiritishmadi. "Dars tayyorladingmi? Ma’ruzalarga qatnashdingmi? Adabiyotlarni o‘qidingmi?", deb hech kim mendan so‘ragani yo‘q. "Galstuging qani? Galstuging bo‘lmasa, bor, ketaver! Bu ichki tartib-qoida. Bu hamma narsadan ustun", deyishayapti", dedi magistrant Akmaljon.

Ijtimoiy tarmoqlardagi postlarda talabalardan dress-kod talab qilish Sho‘ro zamoni yondashuviga qiyoslanganini ko‘rish mumkin.

Hozircha O‘zbekiston Jurnalistika va ommaviy kommunikatsiyalar universiteti rasman bu noroziliklarga munosabat bildirgani yo‘q.

O‘zbekiston kon gigantidan "shubhali" bitimlarni tushuntirib berishni talab qilmoqdalar

Jurnalist Anora Sodiq

Surat manbasi, YouTube/Uzdiplomat

Uyushgan jinoyatchilik va korruptsiyani tadqiq qilish markazi - The Organised Crime and Corruption Reporting Project (OCCRP) O‘zbekistonga bag‘ishlangan yangi tadqiqot e’lon qildi.

U O‘zbekistonning kon giganti hisoblangan davlat nazoratidagi Olmaliq Kon-metallurgiya kombinati tenderlariga bag‘ishlangan.

Surishtiruv Olmaliq kombinati 200 million AQSh dollarlik tenderlarni shaffof bo‘lmagan shirkatlarga berganini aniqlagan.

O‘zbekistonlik taniqli jurnalist Anora Sodiq bu haqda alohida ko‘rsatuv tayyorladi.

YouTube dagi Uzdiplomat kanalida e’lon qilingan videoda jurnalist Anora Sodiq Olmaliq kombinatining kuzatuv kengashi, shu jumladan, bosh vazir nega bu shartnomalar tasdiqlanganini tushuntirib berishlari lozimligini aytdi.

Jurnalist Anora Sodiq ushbu masala iqtisodiyotdan ham yuqoriga ko‘tarilishi va "siyosiy hisobdorlik" bilan bog‘liq jiddiy savollarni o‘rtaga chiqarishini ta’kidladi.

Emin Agalarov Sea Breeze Uzbekistan ekologik loyiha bo‘lishidan manfaatdorligini aytdi

Sea Breeze Uzbekistan rahbari Emin Agalarov

Surat manbasi, gazeta.uz

Surat tagso‘zi, Sea Breeze Uzbekistan rahbari Emin Agalarov gazeta.uz nashriga intervyu berdi

O‘zbekistondagi gazeta.uz veb-nashri yozishicha, bahorda Toshkent yaqinidagi Chorvoq suv ombori sohilida yil davomida faoliyat yuritadigan Sea Breeze Uzbekistan kurortining qurilishi boshlanadi.

Shu yil 23 yanvar kuni Bo‘stonliq tumani markazi G‘azalkent shahrida Sea Breeze dam olish maskani loyihasiga bag‘ishlangan jamoatchilik tinglovi bo‘lib o‘tgan.

Jamoatchilik tinglovida 150 odam qatnashgan.

Bu loyiha qanchalar puxta o‘ylangani, atrof-muhit, eng muhimi, Toshkent shahri suv ta’minotiga qanchalar ta’sir etishi bilan bog‘liq savollarga javob berilgan.

"Biz bu loyihani amalga oshirishga juda katta tayyorgarlik ko‘rganmiz va tegishli ekspertizalardan o‘tkazganmiz. Nafaqat ekologik, balki iqtisodiy ekspertiza ham qilingan. [Ushbu loyiha] fuqarolarimiz va iqtisodiyotimizga qay darajada manfaat keltirishi, qanchalik ish o‘rinlari yaratilishi, umuman olganda, Toshkent viloyatining turistik salohiyatini qanchalik yuksaltirishi o‘rganilgan. Bu loyiha har tomonlama qulay va maqsadga muvofiq bo‘lgani uchun ijobiy baholangan. Vazirlar Mahkamasining tegishli qarori qabul qilingach, juda qisqa muddat ichida qurilish ishlari boshlandi. Ekologik sharoitni yaxshilash nuqtai nazaridan hozirgi kunda 1000 dan ziyod daraxt ham ekildi", deb aytgan Toshkent viloyati hokimi o‘rinbosari Najmiddinxodja Sharipov.

Chorvoq atrofida 577 gektar maydonni egaallaydigan va 2035 yilgacha barpo etilishi mo‘ljallangan loyiha rahbari Emin Agalarov gazeta.uz ga intervyu berdi.

"Agar biz hatto nazariy jihatdan ekologiyaga zarar yetkazadigan biror ish qilmoqchi bo‘lsak ham, men bunga hech qachon qo‘l urmagan bo‘lardim, chunki bu mening shaxsiy loyihamga zarar keltiradi. Bugungi voqelikda ekologik bo‘lmagan developmentni sota olmaysiz, hech kim u yerga kelishni va dam olishni xohlamaydi. Shuning uchun ham men ekologik loyiha bo‘lishdan eng ko‘p manfaatdor shaxsman va bu shunday bo‘lishining kafiliman", dedi Emin Agalarov.

13 fevral. O‘zbekiston: Sanksiyalar nazorati, o‘rta koridor rivoji va "UzTest" tugatilishi

Temir yo'l qurilishi

Surat manbasi, Transport vazirligi

Turkmaniston, O‘zbekiston, Ozarbayjon va Gruziya Markaziy Osiyodan Yevropagacha bog‘laydigan Trans-Kaspiy xalqaro transport yo‘lagi (O‘rta koridor) bo‘yicha hamkorlikni kuchaytirishga doir yangi protokolni imzoladilar. Bu hujjat yagona qo‘shma logistika operatorini tuzishga asos yaratadi va xalqaro yuk tashuvchilar uchun marshrutni ancha qulay qiladi.

Mamlakatlar bir qator qadamlarda kelishib oldi:

  • Mart oyidan boshlab temir yo‘l va port infratuzilmasini to‘liq diagnostikadan o‘tkazish.
  • O‘zbekiston va Turkmanistonda yuklarni kuzatishga yordam beruvchi Control Tower dasturini joriy etish.
  • Kaspiy dengizida paromlar yetishmasligi tufayli yuzaga keladigan vagonlarning befoyda turib qolishi xarajatlarini birgalikda qoplash.
  • Biznes uchun to‘liq birlashgan logistika xizmati yaratish maqsadida yagona tariflar va muvofiqlashtirilgan chegara tartiblarini joriy etish.

O‘rta koridor orqali yuk hajmi yiliga oshib bormoqda: 2024 yilda 4,5 mln tonna yuk tashilgan, bu 2023 yilga nisbatan 65% ko‘p. 2030 yilga borib yuk aylanmasini 10–11 mln tonnaga yetkazish rejalashtirilgan.

Turkman OAVning ta’kidlashicha, ushbu tashabbus mintaqadagi chuqur texnik integratsiya boshlanganini va to‘rt mamlakatning Sharq bilan G‘arb o‘rtasida ishonchli transport ko‘prigi bo‘lish niyatini ko‘rsatadi.

Berlin Markaziy Osiyo mamlakatlarini Rossiyaga nisbatan sanksiyalarga qat’iy rioya qilishga chaqirdi

Germaniya tashqi ishlar vaziri Yoxann Vadeful

Surat manbasi, LUKAS COCH/EPA

Germaniya tashqi ishlar vaziri Yoxann Vadeful Markaziy Osiyo davlatlari hukumatlarini Rossiyaga qo‘yilgan sanksiyalarni chetlab o‘tish holatlariga nisbatan qat’iyroq choralar ko‘rishga chaqirdi.

"Sanksiyalarni aylanib o‘tishga urinishlar Rossiyaning tajovuzkor urushiga ko‘maklashadi va Yevropa Ittifoqi uchun to‘g‘ridan-to‘g‘ri tahdid tug‘diradi", - dedi Vadeful Turkmaniston, Tojikiston, Qirg‘iziston, O‘zbekiston va Qozog‘iston hamkasblari bilan uchrashuvlar chog‘ida.

Vazirning ta’kidlashicha, u Markaziy Osiyoning tashqi ishlar vazirlarini Rossiyaga qarshi sanksiyalarni chetlab o‘tish holatlariga barham berish uchun sa’y-harakatlarni kuchaytirishga va bu yo‘nalishda Yevropa Ittifoqi bilan yanada yaqin hamkorlik qilishga chaqirgan.

Vadefulning qayd etishicha, Germaniya va Yevropa Ittifoqi Markaziy Osiyo bilan o‘zaro foydaga asoslangan iqtisodiy hamkorlikni kengaytirishdan manfaatdor. Germaniya hukumati ayniqsa muhim xomashyolar va kamyob yer elementlarini ta’minot manbalari sifatida yuqori baholamoqda.

"UzTest" bekor qilindi

Shavkat Mirziyoyev

Surat manbasi, Prezident.uz

2026 yil 12 fevral kuni Prezident Shavkat Mirziyoyev texnik reglamentlash tizimini xalqaro standartlarga moslashtirish bo‘yicha tubdan yangilash rejalarini ko‘rib chiqdi.

Hukumatning asosiy maqsadi - davlatning bu sohadagi ishtirokini qisqartirish va ortiqcha byurokratiyani bartaraf etish maqsadida testdan o‘tkazish va sertifikatlashtirish funktsiyalarini to‘liq xususiy sektorga o‘tkazish.

Islohotlar doirasida muhim institutsional o‘zgarishlar e’lon qilindi, jumladan, eng katta o‘zgarish - "UzTest" markazini tugatish haqidagi qarordir.