Kaspiydan Karachigacha: Rus transport yo‘laklariga qaramlikdan qutilish uchun O‘zbekiston qanday yo‘llarni izlamoqda?

xarita
Surat tagso‘zi, "O‘zbekiston transport tizimini 2035 yilgacha rivojlantirish strategiyasi" ham asosiy e’tiborni g‘arb va janubga qaratib, ularni muhim prioritet sifatida ko‘radi.
O'qilish vaqti: 7 daq

2023 yilda Xitoy O‘zbekiston bilan savdo aylanmasida ilk bora Rossiyani ortda qoldirdi. Bu mamlakatning eng yirik tashqi savdo hamkori bo‘lib kelgan Moskva uchun ijobiy yangilik emas edi.

Rossiya Ukrainadagi urush bilan band bo‘larkan, Markaziy Osiyo davlatlari, jumladan, O‘zbekiston uning ta’siridan qochishga intilyotgandek. Bu, ayniqsa, mamlakat so‘nggi vaqtlarda jiddiy kirishgan transport loyihalarida namoyon bo‘ladi.

"O‘zbekiston transport tizimini 2035 yilgacha rivojlantirish strategiyasi" ham asosiy e’tiborni g‘arb va janubga qaratib, ularni muhim prioritet sifatida ko‘radi.

Rossiya ta’siridan qochish?

Sharq va G‘arbni bog‘lovchi karvon yo‘lining yuragi o‘laroq, Amudaryo-Sirdaryo oralig‘i inkor etib bo‘lmas geosiyosiy ahamiyatga ega edi. U paytlar dengiz yo‘llari ochilmagandi. Mintaqa ham bir boshqaruv ostida edi.

Asrlar osha jarayon shu qadar evrildiki, bugun mintaqa uchun eng og‘riqli masalalardan biri — ayni shu savdo "karvonlariga" qo‘shila olish. Har tomondan quruqlik bilan chegaralangan O‘zbekistonda dengiz yo‘llariga to‘g‘ridan-to‘g‘ri chiqish imkoniyati yo‘q. Muammoli qo‘shnilar quruqlikdagi transport rejalarining istiqboliga ham shubha soladi.

vazir

Surat manbasi, Transport vazirligi

Surat tagso‘zi, Transport vaziri Ilhom Mahkamov esa "muqobil transport yo‘laklarini qurish uchun qo‘limizdan kelgan hamma narsani qilamiz," degan mahalliy matbuotga bergan intervyusida.

Rossiyaning Ukrainiaga bosqini mavjud taranglikni yanada kuchaytirdi. The Jamestown Foundation tadqiqot markazining yozishicha, eksport va importning taxminan 80 foizini rus transport yo‘laklari orqali amalga oshiradigan O‘zbekiston uchun buning ta’siri, tabiiyki, sezilarli bo‘ladi. Bir tomondan g‘arb sanksiyalari, boshqa tomondan tashqi savdoda rus yo‘laklariga qaramlikdan qutulish ehtiyoji mamlakatni yangi yo‘llarni kashf etishga undamoqda.

Mavjud zaruriyat hamda imkoniyatlar manzarasida, sharq, g‘arb va janubga intilish mamlakatning strategik ahamiyatini oshirishi mumkin. Biroq, bunga erishishda hali ko‘p qadamlar bosib o‘tilishi kerak, deydi kuzatuvchilar. Transport vaziri Ilhom Mahkamov esa "muqobil transport yo‘laklarini qurish uchun qo‘limizdan kelgan hamma narsani qilamiz," degan mahalliy matbuotga bergan intervyusida.

"Bir makon, bir yo‘l": Xitoy imkoniyatmi yoki xavf?

"Bir makon, bir yo‘l" O‘zbekistonni sharqqa, Xitoyga yanada yaqinroq qiluvchi loyihadir. Uning doirasida Xitoy-Qirg‘iziston-O‘zbekiston magistral temir yo‘lining qurilishi mamlakat uchun istiqbolli eshiklarni ochishi kutilmoqda. Biroq, salkam 30 yil deganda haqiqatga ko‘chgan tashabbusda ehtimoliy xavf ham bo‘lishi mumkin.

2024 yilning 27 dekabrida Jalolobodda magistral temir yo‘l qurilishi boshlandi – ramziy ma’noda. O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev ta’biri bilan aytganda, bu tadbir mamlakatlar uchun "tarixiy voqelik" bo‘ldi.

Skip Bizni ijtimoiy tarmoqlarda ham kuzating: and continue readingBizni ijtimoiy tarmoqlarda ham kuzating:

End of Bizni ijtimoiy tarmoqlarda ham kuzating:

Ilk tashabbus 1996 yilda ilgari surilganiga qaramay, yillardirki turli siyosiy, iqtisodiy, texnik va geosiyosiy sabablar bilan ortga surib kelingan edi. Birlamchi sabab o‘laroq talqin etiladigan Qirg‘izistondagi siyosiy beqarorlik loyiha ishini 12 yilga kechiktirgani aytiladi. 2012 yilda Qirg‘iziston sobiq prezidenti Almazbek Atambaevning Pekinga tashrifi bilan, magistral masalasi yana kun tartibiga chiqdi.

prezident

Surat manbasi, Prezident matbuot xizmati

Surat tagso‘zi, Shavkat Mirziyoyev Jalolobodda magistral temir yo‘l qurilishi boshlanishi O‘zbekiston va Qirg‘iziston uchun "tarixiy voqelik" bo‘lganini aytgan edi.

Ilk tashabbus 1996 yilda ilgari surilganiga qaramay, yillardirki turli siyosiy, iqtisodiy, texnik va geosiyosiy sabablar bilan ortga surib kelingan edi. Birlamchi sabab o‘laroq talqin etiladigan Qirg‘izistondagi siyosiy beqarorlik loyiha ishini 12 yilga kechiktirgani aytiladi. 2012 yilda Qirg‘iziston sobiq prezidenti Almazbek Atambaevning Pekinga tashrifi bilan, magistral masalasi yana kun tartibiga chiqdi.

Biroq, Rossiya temir yo‘l loyihasiga xayrixoh emasdi. Negaki, shu vaqtga qadar Xitoyni G‘arbga bog‘lab kelgan asosiy transport yo‘lagi, Trans-Sibir temir yo‘li uning hududidan o‘tadi. Jumladan, Markaziy Osiyoning ikki davlati bilan Xitoy aloqalarining kengayuvi va savdo ko‘lamida Rossiyadan uzoqlashuvi Moskva uchun geosiyosiy signal edi.

Transport vazirligi
Rossiyani loyihadan chetlashtirish mintaqani oʻz taʼsir doirasida koʻruvchi Moskva tanqidiga uchradi. Ammo Ukrainaga bosqin ortidan magistralning keyingi taqdiriga aralasha olmadi.
Sed Fazle Hayder
“The Jamestown Foundation” tadiqiqotchisi (Batafsil: bbc.com/uzbek)

"Rossiyani loyihadan chetlashtirish Markaziy Osiyoni o‘z ta’sir doirasida ko‘ruvchi Moskvaning tanqidiga uchradi. Biroq, 2022 yilda Rossiya Ukrainaga bostirib kirdi va G‘arb sanksiyalari qurshovida qoldi. Bunga qarshi turishda Xitoyning ko‘magiga muhtoj bo‘lganidan ham, u magistralning keyingi taqdiriga aralasha olmadi," deb yozgan "The Jamestown Foundation" tadiqiqotchisi Sed Fazle Hayder " The Central Asia-Caucasus" da chop etilgan maqolasida.

Temir yo‘l ishga tushishi bilan O‘zbekiston va Qirg‘iziston Xitoy eksporti uchun muhim tranzit mamlakatlarga aylanadi. Har ikki davlat mintaqaviy va global savdodagi iqtisodiy rolini oshirib, tranzit to‘lovlaridan sezilarli foyda olishi mumkin.

Oxirgi bosqichda loyiha Yevropa, Turkmaniston, Eron va Turkiyadagi temir yo‘l tizimlari bilan integratsiyalashishni maqsad qilgan. Bu shimol ta’siridan chiqish va yangi yo‘llarni kashf etishga muttasil intilayotgan O‘zbekiston manfaatlariga ham mos yondashuvdir.

Biroq, loyiha taqdiri haqida bu qadar balandparvoz gapirish halicha yaramaydi. Sababi, qurilish ilk bosqichining o‘ziyoq jiddiy xavotirlarni uyg‘otmoqda. Taxminan 532 kilometrga cho‘ziluvchi ushbu temir yo‘l loyihasining qiymati 8 milliard AQSh dollari bo‘lib, Qirg‘iziston uchastkasini qurish uchun 4,7 milliard AQSh dollari sarflanishi ko‘zda tutilgan.

Garchi xarajatlarning 51 foizi allaqachon Xitoy tomonidan moliyalashtirilsada, Qirg‘iziston Xitoydan o‘z ulushidagi xarajatlarni qoplash uchun ham 2,35 milliard AQSh dollari miqdorida kredit so‘ragan. Bu yondashuv Qirg‘izistonni Xitoyning qarz tuzog‘iga tushirishi mumkin, deydi kuzatuvchilar.

O‘zbekiston zimmasidagi to‘lovni qanday amalga oshirishi hali jamoatchilikka ma’lum emas. Biroq, qurilish 2030 yilda yakunlanishi va keyingi 30-40 yil ichida o‘zini oqlashiga umid bog‘lanayotganligi hisobga olinsa, iqtisodi halicha barqaror bo‘lmagan O‘zbekiston uchun loyiha jiddiy yuk bo‘lishi mumkin.

"O‘rta koridor": G‘arbga chiqish g‘oyasi qanchalik haqiqatga yaqin?

O‘zbekiston uchun muhim transport yo‘laklaridan biri bu Trans Kaspiy koridoridir. Qozog‘istondan Turkiya va Yevropagacha cho‘ziluvchi koridor yo‘nalishi O‘zbekistonni chetlab o‘tadi. Biroq, yillardirki O‘zbekiston qo‘shnilari Qozog‘iston va Turkmaniston orqali ushbu yo‘lakka chiqishga harakat qilib keladi.

Xitoy-Qirg‘iziston-O‘zbekiston temir yo‘li qurilishi bilan jarayon tezlashishi mumkin. Mamlakatda Xitoy va Yevropa infratuzilmasini bog‘lovchi markaz bo‘lish imkoniyati tug‘iladi.

Koridorga qo‘shilish O‘zbekiston uchun ahamiyatli loyihadir. U orqali Turkiya va Yevropaga osonroq chiqish mumkin. Ammo bir vaqtning o‘zida amalga oshirilayotgan boshqa qator transport loyihalari hisobga olinsa, "O‘rta koridor"da strategik ahamiyat kasb etish mamlakat uchun o‘n yilliklarga cho‘zilishi mumkin.

temiryoʻl

Surat manbasi, Transport vazirligi

Allaqachon koridorda muhim yo‘nalishga ega bo‘lgan Qozog‘iston bilan raqobatlashish uchun zamonaviy infratuzilma hamda yirik hamkorlar zarur. "International Tax and Investment Center" tahlilchisi Vesli Hill O‘zbekiston ayni vaqtda ko‘proq e’tiborni Xitoy bilan temir yo‘l qurish loyihalariga qaratishi kerakligini ta’kidlaydi. Uning fikricha, Xitoy qo‘llovi hamda infratuzilma tizimi orqali O‘zbekiston G‘arbiy yo‘nalishlarni o‘z hududiga bura oladi.

"O‘rta koridorga qo‘shilish O‘zbekiston uchun muhim, ammo hozir mamlakat ko‘proq sharq va janub bilan strategik loyihalarga e’tibor qaratishi kerak. Xitoy bilan muvaffaqiyatli transport yo‘laklari qurish O‘zbekiston va Xitoyning G‘arbga chiqish maqsadlarini uyg‘unlashtiradi. Yirik savdo hamkori bilan transport yo‘nalishini mintaqaga burish osonroq kechadi."

Afg‘oniston orqali dengizga: Janubdan umid bormi?

Quruqlikda savdo aloqalarini yo‘lga qo‘yish bilan birga O‘zbekiston uchun dengizga chiqish har doimgidanda muhimroq. Buning uchun janubga yuzlanish kerak: Eronning Chabahar va Bandar Abbas portlari orqali Fors ko‘rfaziga chiqish; Pokistonning Karachi porti orqali Hind okeaniga chiqish.

Har ikki yo‘l samarali ko‘rinadi. Ammo ularning qanchalik istiqbolli ekani savol ostida. Afg‘onistondagi siyosiy beqarorlik hamda Eronning sanksiyalar qurshovidaligi vaziyatni chigallashtirishi mumkin.

Yillardirki, O‘zbekiston Termiz-Mozori Sharif-Kobul-Peshovar transafg‘on temiryo‘li loyihasini amalga oshirish uchun harakat qilib keladi. Loyiha orqali Markaziy Osiyo mamlakatlari uchun Pokistonning yirik dengiz portlariga chiqish yo‘li ochiladi.

Temir yo‘l ishga tushsa, Pokistondan O‘zbekistonga yuk tashish 35 emas, 3-5 kun davom etadi. Bundan tashqari, bitta standart konteynerni tashish narxi qariyb uch barobarga arzonlashishi mumkin.

Biroq, Afg‘oniston va Pokiston o‘rtasida hanuz mavjud kelishmovchiliklar qurilish boshlanmasdanoq uning istiqboliga soya solishi mumkin. Shunga qaramay, O‘zbekiston Transport vaziri Mahkamov 2025 yilda loyihaga tamal toshi qo‘yilishiga umid bog‘lagan.

uchrashuv

Surat manbasi, Prezident matbuot xizmati

Surat tagso‘zi, O‘zbekiston prezidenti va Pokiston Bosh vaziri Transafg‘on temir yo‘li loyihasini ko‘rib chiqish muhokamasida.

Tahlilchi Vesli Hillga ko‘ra, janub bilan iqtisodiy aloqalar doim ham silliq kechmaydi. Hududdagi ham ichki, ham transchegaraviy muammolar istalgan payt beqarorlashishi mumkin. O‘zbekiston ushbu temir yo‘l loyihasidan iqtisodiy emas, siyosiy manfaat izlashi kerakligini ta’kidlaydi u.

"Janubga tomon temir yo‘l qurishning eng katta afzalligi uning strategik ahamiyatidir. O‘zbekiston o‘z bozoriga janub (Hindiston va Pokiston) raqobatchiligini olib kirish orqali Xitoy yoki Rossiya bozorlariga qaramlikni bartaraf etishi mumkin. Bu O‘zbekiston uchun muhim strategik manfaatdir."

Transafg‘on temir yo‘li O‘zbekistonni nafaqat Pokiston va Hindistonga, balki mintaqadagi yana bir muhim tomon, Eronga bog‘laydi. So‘nggi yillardagi o‘zaro davlat tashriflari va vizasiz rejimning joriy etilishi hisobga olinsa, temir yo‘l qurilishi manzarasida O‘zbekiston-Eron munosabatlari haqiqatan iliqlashgan ko‘rinadi.

Eron O‘zbekiston uchun muhim geografik ustunliklar beradi. Ammo uning G‘arb sanksiyalari ostida ekanligi vaziyatni qiyinlashtirishi mumkin.

"Eron to‘g‘ridan-to‘g‘ri geografik ustunlikni taklif qilishi mumkin, ammo import yoki eksportning umidli natijalaridan qat’i nazar, bu aloqalar O‘zbekistonni Eronning geosiyosiy intrigasiga bog‘laydi.

Yangi tranzit yo‘nalishlarini ochishda O‘zbekistonda allaqachon mavjud geosiyosiy tanlovlarni hisobga olsak, bunday muammoli mamlakat bilan aloqa qilish O‘zbekistonga foyda keltirmaydi," deydi Vesli Hill.

Sharq, Xitoy bilan temir yo‘l loyihasi boshlanish arafasida. Ammo janubga va g‘arbga tomon transport yo‘laklarni qurish hanuz to‘liq yakunlanmagan rejalardir. Rossiya Ukrainada urush bilan band bo‘lgan bir vaqtda, O‘zbekiston muqobil yo‘laklarni izlashda davom etmoqda. Tahlilchi Vesli Hill ishlab chiqilayotgan transport loyihalarining keyingi taqdirini Rossiya-Ukraina urushi natijasiga bog‘laydi.

"O‘zbekiston rus transport yo‘laklariga muqobil yo‘llar izlar ekan, Ukrainadagi urush Rossiyani sukut saqlashga majbur qilmoqda. Ehtimol, urush tugagandan so‘ng, Rossiya mintaqada ta’sir kuchini tiklashi bilan, biz Markaziy Osiyoning jarayondagi iqtisodiy diversifikatsiyasiga rus g‘azabini ko‘rishimiz mumkin."