Yangiliklar: Pokiston Tolibonni 'yanchish'ga tayyorligini bildirdi, 'ochiq urush' e’lon qildi – keskinlik Markaziy Osiyo xavfsizligiga yangi tahdidmi? Video

Mintaqa xaritasi
Surat tagso‘zi, Pokistondan tashqari uch Markaziy Osiyo davlati – O‘zbekiston, Tojikiston va Turkmaniston ham Afg‘onistonga chegaradosh. Yana Eron va Xitoy ham.
O'qilish vaqti: 8 daq

Pokiston Tolibon boshqaruvi ostidagi Afg‘oniston eng ko‘p to‘qnashayotgan mintaqa davlatiga aylandi. Uch Markaziy Osiyo davlati – O‘zbekiston, Tojikiston va Turkmaniston ham Pokiston kabi Afg‘onistonga chegaradosh. So‘nggi tafsilotlar.

Tolibon va Pokiston o‘rtasidagi mojaro "ochiq urush" bosqichiga chiqdi - videoni tomosha qilish uchun linkimizni bosing:

O‘tkazib yuboring YouTube post , 1
Google YouTube контентига рухсат бериш

Ayni maqolada Google YouTube tomonidan taqdim qilingan kontent mavjud. Biz bu kontent yuklanmasidan avval sizning roziligingizni so‘raymiz, chunki ular kuki va boshqa texnologiyalardan foydalangan bo‘lishi mumkin. Siz Google YouTube havolasida kukilarga doir va shaxsiy ma’lumotlarga oid qoidalar haqida avval o‘qib, keyin qabul qilishga rozi bo‘lishingiz mumkin. Ko‘rish uchun “qabul qilish va davom etish”ni tanlang.

Ogohlantirish: Bi-bi-si tashqi sahifalardagi kontent uchun mas’ul emas YouTube bu kontentda reklama bo‘lishi mumkin

Oxiri YouTube post, 1

Yangi hujumlar

Pokiston Bosh vaziri Tolibonni "yanchish"ga tayyorliklarini bildirdi.

Tanglik avj olgan bir paytda mamlakati "har qanday tajovuzkor ambitsiyalarni bostirish uchun to‘liq imkoniyatga ega" ekanini aytdi.

Mamlakatning Mudofaa vaziri esa "ochiq urush" e’lon qildi.

"Agar bizga hujum qilinsa, Afg‘oniston Toliboni javob qaytaradi, ammo hozircha to‘qnashuvlarni boshlamaymiz", dedi ularning harbiy voizi BBC ga.

Afg‘oniston sobiq prezidenti Homid Karzay afg‘onlar "suyukli vatanlarini himoya qiladilar", dedi.

"Bu voqealarning to‘xtatilishi kerak bo‘lgan dahshatli rivoji", dedi AQShning Afg‘onistondagi sulh jarayonlari bo‘yicha sobiq maxsus vakili Zalmay Xalilzod.

Ikkovlonning ayni mazmundagi bayonotlariga rasmiy Islomobodning munosabati hozircha ma’lum emas.

BMT rasmiylari harbiy harakatlarni zudlik bilan kamaytirishga chaqirdi.

Xitoy Afg‘oniston-Pokiston chegarasidagi keskinlik kuchayib borayotganidan "chuqur xavotirda" ekanini bildirdi.

Rasmiy Pekin nizolarni tugatish uchun "muloqot va muzokaralar"ga chaqirdi.

Tashqi ishlar vazirligi Xitoy "o‘z kanallari orqali mojaro bo‘yicha vositachilik qilish uchun ishlayotgani, keskinlikni yumshatish va ikki tomonlama aloqalarni yaxshilash uchun amaliy rol o‘ynashda davom etishga tayyor"ligini bildirdi.

Eron ham yana bir bor vositachilik qilish taklifi bilan chiqdi.

Ittifoqchisi Saudiya Arabistoni tashqi ishlar vaziri pokistonlik hamkasbi bilan uchrashib, tanglikni yumshatish yo‘llarini muhokama qildi.

Tahlilchilarga ko‘ra, Tolibonning yadroviy qurolga ega Pokiston bilan odatiy urush olib borishi dargumon.

Ularning BBC ga aytishicha, bu Islomobod afg‘on rahbarlarini Pokiston Tolibonini dastaklaganliklari uchun "jazolash"ga jiddiy yondashayotganini anglatadi.

Chegara osha hujumlar kuchaydi: Pokiston yana Afg‘onistonga zarba berdi.

Bu haqda Pokiston tomonining o‘zi rasman xabar berdi.

Aytilishicha, hujumlar bugun, juma kuni tong saharda amalga oshirilgan.

Nishon Kobul, Qandahor, Paktiko,.. bo‘lgan.

Afg‘onistondagi Tolibon hukumati voizi bunga ham javob berganliklarini bildirgan.

U o‘zaro chegaradagi Pokiston qo‘shinlarini hujumga tutganliklari haqida yozgan.

Ammo keyin X tarmog‘idagi ushbu post o‘chirilgan.

Boshqa tomondan, Pokiston axborot vaziri afg‘on toliblarining Abbotobod, Svabi va Novsheradagi nishonlarga kichik dronlar bilan hujum qilish urinishlarini bartaraf etganliklarini bildirib, tvit qilgan.

Bu hujumlar hali ham misli ko‘rilmagan.

Chunki Tolibon jangarilari asosan ularning masofa va nishonga olish imkoniyatlarini cheklovchi qo‘lbola portlovchi vositali va savdoda imkonli bo‘lgan dronlarga tayanadi, deb o‘ylangan.

BBC hozircha barcha da’volarni tekshirishga muvaffaq bo‘lmadi.

Pokiston tomoniga ko‘ra, so‘nggi havo zarbalari "Afg‘onistonning asossiz hujumlariga javob" bo‘lgan.

Tolibon hukumatining bildirishicha esa, o‘zlarining keng ko‘lamli amaliyotlari bilan Pokistonning bundan avvalgi hujumlariga javob qaytarishgan.

Ular Pokistonning chegara yaqinidagi postlarini nishonga olishgan.

Ikki qo‘shni davlat oktyabr oyidagi halokatli to‘qnashuvlardan so‘ng o‘t ochishni vaqtincha to‘xtatishga kelishib olishgan.

Ammo so‘nggi kunlarda tomonlar o‘rtasida janglar yana avj olgan.

Har ikki taraf so‘nggi to‘qnashuvlar chog‘ida bir-birlariga katta talofat yetkazganliklarini da’vo qilib turibdi.

Pokiston tomoniga ko‘ra, Tolibonning payshanba tungi amaliyoti chog‘ida ikki askari halok bo‘lgan.

Tolibonning "asossiz hujumlari"ga javob qaytarishayotgan paytda yana uch nafari yaralangan.

Pokiston dastlab shu hafta boshida Afg‘onistonni hujumga tutgan.

Rasmiy Islomobod jangarilarning jamloqlari va boshpanalarini nishonga olganliklarini aytgan.

Pokistonda amalga oshirilgan xudkushlik hujumlaridan so‘ng bu ishga borganliklarini bildirgan.

Afg‘oniston tomonining aytishicha esa, Pokistonning hujumlari ayollar va bolalar ilova 18 kishining umriga zomin bo‘lgan.

Pokiston oddiy odamlarning uylari va diniy madrasalarni nishonga olgan.

Tolibon hukumati bosh voizi Zabihulloh Mujohidning aytishicha, payshanba kungi amaliyotlari chog‘ida "ko‘plab" Pokiston askarlari o‘ldirilgan, bir qanchasi asirga olingan, 15 chegara posti qo‘lga kiritilgan.

Pokiston Bosh vazirining matbuot kotibi uning bu da’volarini rad etgan.

U "barcha tajovuzlarga zudlik bilan va samarali" javob berilishini aytgan.

Mulozimlar to‘qnashuvlar sabab deportatsiya qilingan afg‘onlarni ortga qaytarish jarayonini to‘xtatib qo‘yishgan.

Yana afg‘on muhojirlari uchun ikki davlat o‘rtasidagi o‘tish nuqtasi ham yopb qo‘yilgan.

Pokiston va Afg‘onistonni tog‘lar osha uzangan 2,574 kilometrlik chegara ajratib turadi.

Pokiston Kobulni bombaladi - videoni tomosha qilish uchun ilova qilingan linki bosing:

O‘tkazib yuboring YouTube post , 2
Google YouTube контентига рухсат бериш

Ayni maqolada Google YouTube tomonidan taqdim qilingan kontent mavjud. Biz bu kontent yuklanmasidan avval sizning roziligingizni so‘raymiz, chunki ular kuki va boshqa texnologiyalardan foydalangan bo‘lishi mumkin. Siz Google YouTube havolasida kukilarga doir va shaxsiy ma’lumotlarga oid qoidalar haqida avval o‘qib, keyin qabul qilishga rozi bo‘lishingiz mumkin. Ko‘rish uchun “qabul qilish va davom etish”ni tanlang.

Ogohlantirish: Bi-bi-si tashqi sahifalardagi kontent uchun mas’ul emas YouTube bu kontentda reklama bo‘lishi mumkin

Oxiri YouTube post, 2

Afg‘oniston va Pokiston o‘zi nega urushmoqda - tahlil

Dovud A’zamiy

Xalqaro siyosat va xavfsizlik masalalari bo‘yicha ekspert, BBC

Довуд Аъзамий
skrinshot
Mintaqadagi turli davlatlar xavfsizlik bo‘shlig‘i, kengroq va uzoq davom etadigan beqarorlik oxir-oqibat o‘zlariga ham ziyon yetkazishidan xavotirdalar.
Dovud A’zamiy
Xalqaro siyosat va xavfsizlik masalalari bo‘yicha ekspert, BBC (batafsil: bbc.com/uzbek da).

Dovud A’zamiy: "Afg‘oniston va Pokiston o‘rtasidagi tanglik yangilik emas. Bu ikki qo‘shni o‘rtasidagi munosabatlarda baland-pastliklar ko‘p bo‘lgan. O‘zaro aloqalari silliq emas. So‘nggi inqiroz Pokiston o‘tgan oktyabr oyida Afg‘onistonga uyushtirgan havo hujumlari ortidan boshlandi. Tolibon Afg‘onistonda qudratga qaytgan so‘nggi to‘rt yil ichida esa, Pokistonning bunga o‘xshash hujumlarining soni o‘ndan ortadi. Islomobod Pokiston Tolibon harakati a’zolari va qo‘mondonlariga zarba berayotganligini aytadi. Guruhni Pokiston ichkarisidagi zo‘ravon hujumlarda ayblaydi. Biroq Afg‘onistondagi Tolibon hukumati Pokistonning ushbu da’volarini takroriy ravishda rad etib keladi. Afg‘on hududidan boshqa bir davlat xavfsizligiga qarshi foydalanilishiga izn bermasligini aytadi. Tolibon hukumati Pokistonning so‘nggi hujumlarini ham bejavob qoldirmadi. Pokistonning bir qancha chegara postlariga dron hujumlari uyushtirdi. O‘nlab Pokiston askarini o‘ldirib, yaraladi. Qarama-qarshilik bir necha kun davom etdi. Keyin Qatar va Turkiya vositachiligida muvaqqat otashkesimga erishildi. Biroq muammo o‘zining yechimini topmadi. Har ikki tomondan tahdid va ayblovlar davom etdi. Islomobod Tolibon hukumatining Pokiston Tolibon harakatiga qarshi jang qilishi, uning kurashini Islomga zid va noqonuniy, deb e’lon qilishini istaydi. Boshqa tomondan, Tolibon hukumati Pokistonni o‘zlariga qarshi urushayotgan IShIDning Xuroson qanotiga xavfsiz boshpana berishda ayblaydi. Biroq Pokiston ham buni rad etadi. Bundan tashqari, ikki davlat o‘rtasidagi tanglikning kuchayishiga sabab bo‘lgan boshqa tarixiy va geosiyosiy muammolar ham bor. Masalan, Tolibon hukumatining Pokistonning azaliy raqibi bo‘lgan Hindiston bilan aloqalari yaxshilandi. Pokiston Hindistonning Afg‘onistondagi roli va ta’siri ortib borayotganini o‘zining manfaatlariga zid, deb biladi. Pokistonning Afg‘onistondagi so‘nggi havo hujumlari ham Tolibon Tashqi ishlar vazirining Hindistonga ilk safari chog‘ida yuz berdi. Ikkinchidan, ba’zi afg‘onlar va Tolibon hukumati rasmiylari Pokistonning hozirgi keskin mavqeini Afg‘onistonda to‘g‘on qurish masalasiga ham bog‘lashmoqda. Bilasiz, Afg‘onistonning iqtisodi ko‘proq qishloq xo‘jaligiga asoslangan. Ammo so‘nggi bir necha yil qattiq qurg‘oqchilikka duch kelgan. Tolibon hukumati endi asosan qo‘shni davlatlarga oqib ketayotgan mamlakat daryolarini boshqarishni rejalashtirmoqda. Bundan bir necha o‘n yillar avval rejalashtirilgan, biroq Afg‘onistondagi davomiy urushlar sabab qurilmay qolgan to‘g‘onlarni barpo etmoqchi. Ana shunday to‘g‘onlardan biri Afg‘oniston sharqidagi Pokistonga oqib o‘tuvchi daryolar ustiga qad rostlashi kerak. Uchinchidan, chegara mojarosi ham ikki tomon o‘rtasidagi o‘zaro ziddiyatga sabab asos va azaliy muammolardan biri bo‘ladi. Afg‘oniston o‘zining Pokiston bilan chegarasini qonuniy xalqaro chegara, deb tan olmaydi. Bu "Dyurand chizig‘i" etnik pushtunlarni bo‘lib tashlagan. Shu bois, mazkur chegara nizosi ham geosiyosiy beqarorlik va o‘zaro tanglik manbasiligicha qolayotir."

Yadroviy Pokiston va Tolibon boshqaruvi ostidagi Afg‘oniston - kuchlar nisbati qanday?

Afg‘oniston-Pokiston chegarasi

Surat manbasi, Getty Images

Surat tagso‘zi, Tolibon hukumatini shu paytgacha Rossiyadan boshqa hech kim rasman tan olmagan. AQSh prezidenti esa Tolibon boshqaruvi ostidagi Afg‘onistonga nisbatan o‘zining siyosatini halicha ochiqlamagan.

Pokiston va afg‘on toliblari o‘rtasida harbiy salohiyatda sezilarli tafovut mavjud.

Pokistonning yadro quroliga ega bo‘lgan Qurolli kuchlari harbiy salohiyati bo‘yicha doimiy ravishda dunyoning birinchi 15 taligidan joy olib kelgan.

Afg‘on Toliboni esa bu kabi harbiy resurslarga ega emas va o‘z muammolari bor.

Tolibon harbiylariga tegishli qurollar asosan uchta manbadan keladi:

  • sobiq afg‘on armiyasidan qolgan;
  • xorijiy kuchlar tashlab ketgan;
  • qora bozor ilova turli manbalardan olingan yangi qurollar;

Mutaxassislarning aytishicha, chegaradagi avvalgi to‘qnashuvlar aks etgan videolar Tolibon kuchlari asosan Pokiston harbiylariga qarshi yengil qurollardan foydalanganini ko‘rsatadi.

Vaholanki, Tolibon partizanlar urushida katta tajribaga ega, deydi tahlilchilar.

Aks-sadolar

Afg‘oniston-Pokiston chegarasi

Surat manbasi, Getty Images

Surat tagso‘zi, Pokiston Tolibon qudratga qaytishi ortidan, Afg‘oniston eng ko‘p to‘qnashayotgan mintaqa mamlakatiga aylandi.

Afg‘oniston va Pokiston orasida so‘nggi oylarda yuzaga kelgan tanglik va keskinlik orada O‘zbekistonda ham aks-sado bergan.

Muhokamalar mavzusiga aylangan, mintaqa tinchligi va barqarorligiga xavfli signallar paydo bo‘lgani, endi butun mintaqa xavfsizlik arxitekturasi o‘zgarishi mazmunidagi tahlil va talqinlarga ham sabab bo‘lgan.

Pokistondan tashqari uch Markaziy Osiyo davlati – O‘zbekiston, Tojikiston va Turkmaniston ham Afg‘onistonga chegaradosh. Yana Eron va Xitoy ham.

Bu tanglik yadroviy qudratlarning e’tiborini ham o‘ziga tortdi.

Rossiya ham mavjud vaziyatdan o‘z tashvishini rasman va oshkora bildirdi.

Bu boshqa yirik mintaqaviy o‘yinchilarda ham xavotir uyg‘otdi, Eron ham aralashmoqchi bo‘ldi, o‘zining vositachiligini taklif qildi.

Pokistonning o‘zi ham mintaqadagi to‘rtta yadroviy qudratdan bittasi bo‘ladi.

Markaziy Osiyo davlatlari poytaxtlari esa hozircha jim, ularning butun mintaqa taraqqiyoti, o‘z xavfsizliklari va iqtisodlari uchun muhim bo‘lgan bu ikki davlat o‘rtasidagi tanglik yuzasidan biror bir bayonot bilan chiqqanliklari ko‘rilmaydi.

Ammo uch Markaziy Osiyo davlati va Tolibon boshqaruvi ostidagi Afg‘oniston o‘rtasida ham ziddiyatli masalalar yo‘q emas.

Bir tomondan, Afg‘onistonning amaldagi rahbariyati jadallik bilan qurishni boshlagan ziddiyatli Qo‘shtepa kanali misolida Amudaryo suvi taqsimoti....

Boshqa tarafdan, Afg‘onistondan olib qochilgan AQSh harbiy aviatexnikasining taqdiri.

Tolibon o‘tgan yili qattiq yuvilib ketgani talqinida yana Markaziy Osiyo davlatlari bilan chegaralarini ham qayta ko‘rib chiqmoqchi ekanini aytgan.

Yaqinda, dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, to‘qnashuvga Panj (Amudaryo) daryosining oqimi o‘zgargani va bu ikki davlat o‘rtasidagi tabiiy chegara chizig‘iga ta’sir qilgani sabab bo‘lgani aytilib, Tolibon boshqaruvi ostidagi Afg‘oniston va Tojikiston o‘rtasida otishma yuz berganiga oid xabarlar ham olingan.

Suv taqsimoti, ya’ni to‘g‘onlar masalasida esa o‘zaro qurolli to‘qnashuvlar bugungi Afg‘oniston va Eron o‘rtasida ham yuz bergan.

Skip Bizni ijtimoiy tarmoqlarda ham kuzatib boring: and continue readingBizni ijtimoiy tarmoqlarda ham kuzatib boring:

End of Bizni ijtimoiy tarmoqlarda ham kuzatib boring:

Infografika
Surat tagso‘zi, Afg‘oniston Tolibon harakati yaqin-yaqingacha mintaqadagi eng yirik jangari guruh, deb ko‘rilgan, ja’mi a’zolari va tarafdorlarining soni 200 mingdan ortishi aytilgan, qudratga qaytishidan qisqa vaqt o‘tmay esa, muvaqqat hukumati mintaqada eng yirik Armiyaga ega bo‘lish rejasini oshkora bayon qilgan tashkilot.

Ammo

O‘zbekiston va Afg‘onistondagi Tolibon hukumatining tashqi ishlar vaziri quchoq ochib ko‘rishayotgan payt.

Surat manbasi, Baxtiyor Saidov_Telegram

Surat tagso‘zi, Ammo, boshqa tomondan, aksariyat Markaziy Osiyo davlatlari Tolibon hukumati bilan faol diplomatik muloqotda.

Afg‘oniston va Pokiston, ayniqsa, dengizga yo‘li ikki karra yopiq O‘zbekistonni dengiz savdo yo‘llariga olib chiqish potentsialiga ega.

Markaziy Osiyo so‘nggi yillarda Janubiy Osiyoning bu ikki davlati bilan o‘zaro manfaatli yirik energetika va temir yo‘llari loyihalariga bosh qo‘shish, jahon bozorlariga osonlik bilan chiqib, savdo-sotig‘ini kuchaytirish harakatida.

Afg‘oniston va Pokiston o‘rtasidagi so‘nggi inqiroz esa ularning Markaziy Osiyo bilan savdo-sotiqlariga ham ta’sir qilmay qo‘ymadi.

Pokiston bilan savdosini to‘xtatgan, O‘zbekiston esa ilk bor Tolibon bilan havo va quruq yo‘l koridorini ochishgacha borgani aytildi.

Tomonlar o‘rtasidagi muvaqqat sulhni doimiysiga uzaytirish esa, uzoqqa cho‘zildi.

Ikkovlon o‘rtasiga avvaliga Qatar va Turkiya tushdi. Xitoy, Hindiston, Eron va Rossiya ham ularga tinchish da’vati bilan chiqdi.

Pokiston esa, orada Tolibon hukumatiga Tora-Borani eslatdi.

Tolibon hukumati ham ularga to‘g‘ridan-to‘g‘ri urush bilan tahdid qildi.

Uzoq yillik urushlar girdobidagi, so‘nggi chorak asrning o‘zida Afg‘oniston Tolibon harakati misolida bir jangari guruh ikki bor hokimiyatni egallagan yagona mintaqa mamlakati.

Afg‘oniston Tolibon harakati yaqin-yaqingacha mintaqadagi eng yirik jangari guruh, deb ko‘rilgan, ja’mi a’zolari va tarafdorlarining soni 200 mingdan ortishi aytilgan, qudratga qaytishidan qisqa vaqt o‘tmay esa, muvaqqat hukumati mintaqada eng yirik Armiyaga ega bo‘lish rejasini oshkora bayon qilgan tashkilot.

Yaqinda AQSh Afg‘onistonda qiymati $7 milliard dollarga teng harbiy texnika qoldirgan bo‘lsa, ularning 70 foizi Tolibon nazoratiga o‘tganiga oid ma’lumotlar ham bo‘y ko‘rsatgan.

Tolibonning kattarib borayotgan armiyasi asosan xuddi shu texnikaga tayanishi ham aytilgan.

Rasmiy Islomobod esa Afg‘onistonda qoldirilgan AQSh texnikasidan qanchalik xavotirda ekanliklarini shu yil boshida rasman va oshkora bayon qilgan.

Tolibon hukumatini shu paytgacha Rossiyadan boshqa hech kim rasman tan olmagan.

AQSh prezidenti esa Tolibon boshqaruvi ostidagi Afg‘onistonga nisbatan o‘zining siyosatini halicha ochiqlamagan.

Ikki qo‘shni davlat o‘rtasidagi bu kabi keskinlik vaziyatga alal-oqibat G‘arbning aralashishi mumkinligiga fikru mulohazalarga ham zamin yaratmay qolmagan.

Afg‘oniston-Pokiston chegarasidagi qurolli to‘qnashuvlardan biri

Surat manbasi, Getty Images

Surat tagso‘zi, To‘rxam va Chamandagi yirik chegara o‘tish joylari har ikki mamlakat aholisi uchun juda muhim bo‘lsa-da, "Dyurand" chizig‘i bo‘linish, meros va hal etilmagan keskinlik ramzi bo‘lib qolmoqda.