Qachondir ota-onangiz bilan aloqani uzishingiz kerakmi?

Surat manbasi, Getty Images/BBC
Sara 21 yoshga to‘lganidan bir necha kun o‘tib onasi bilan aloqani birinchi marta uzdi. "Men juda jahl ustida edim", deydi Sara (ismi shaxsini himoya qilish uchun o‘zgartirildi). U telefonda gaplashar ekan g‘azab bilan onasi bilan munosabatga chek qo‘ydi.
Ota-onasining uning tug‘ilgan kunini nishonlashga vaqt ajrata olmagani bir bahona bo‘ldi. Ammo bundan ham ko‘proq sabablar bor edi. Sara onasining sovuqqonligi, o‘ziga bino qo‘ygani va qizining hayotiga qiziqmasligidan to‘ygan edi. Onasi Saraning ta’lim olishiga bepisand qarab, uni oilaviy fermada ishlashga majburlardi. Eng asosiysi, Sara onasi uni qattiqqo‘l va ba’zan zo‘ravon otasidan himoya qila olmaganidan qattiq ranjigan edi.
Ikki-uch yil davomida Sara onasi bilan mutlaqo aloqa qilmadi, onasi ham indamay yuraverdi. "Erkinlikni his qildim", deb eslaydi Sara.
Biroq, oxir-oqibat chet elga ko‘chib ketishga qaror qilganda, Sara o‘rtadagi vaziyat yanada yomon bo‘lishini istamaganidan ota-onasi bilan yana bog‘landi. Uning aytishicha, ular hech narsadan afsuslanmagan, o‘zlarini go‘yo hech narsa bo‘lmagandek tutishgan. Keyingi o‘n yilliklar davomida begonalashuv yanada kuchaydi.
Ko‘pchilik yaqinlarning bunday begonalashuvi ko‘payib borayotganini ta’kidlaydi, ammo buni tasdiqlash uchun yetarli ma’lumot yo‘q. Mavjud ma’lumotlarga ko‘ra, bu holat kutilgandan ko‘ra keng tarqalgan. Ota-ona bilan aloqani uzish esa og‘ir qarordir.
Xo‘sh, bu qachon to‘g‘ri qaror bo‘ladi? U bizni baxtliroq yoki donoroq qiladimi? Umuman, ota-onamiz bizdan nima qarzdor va biz ulardan nima qarzdormiz?

Surat manbasi, Getty Images/BBC
G‘arbiy Angliya universitetining psixologiya bo‘yicha katta o‘qituvchisi va "Mukammal oila yo‘q: Chalkash voqelikni qabul qilish bo‘yicha qo‘llanma" kitobi muallifi Lyusi Bleykning aytishicha, begonalashuv bo‘yicha tadqiqotlar nisbatan kam. "Bu hali ham tabu mavzu, – deydi u. – Bu juda qo‘rqinchli, odamlar bu haqda gaplashishni istamaydi. Bunaqa holatlar faqat boshqalarda bo‘ladi deb o‘ylashadi."
2022 yilda AQShda 8500 dan ortiq kishi orasida o‘tkazilgan so‘rovnoma natijalariga ko‘ra, 24 yil davomida ularning 26 foizi otasidan va 6 foizi onasidan uzoqlashgan. Ularning ba’zilari ota-onasini ko‘rib turadi. Germaniyada 10200 kishi orasida o‘tkazilgan shunga o‘xshash tadqiqot natijasida, 13 yil davomida respondentlarning 9 foizi onasidan va 20 foizi otasidan uzoqlashgani aniqlangan.
2020 yilda chop etilgan mazkur kitobda keltirilgan Kornell universiteti sotsiologi Karl Pillemer AQShda o‘tkazgan yana bir so‘rovnomada 1340 kishi orasida 10 foizi hozirda ota-onasi yoki farzandi bilan butunlay aloqani uzganini – umuman muloqot qilmasligini aniqlagan.
Ammo uzoq vaqt davomida begonalashgan odamlar haqida kuzatuv ma’lumotlari yo‘qligi sababli, bu hodisa tobora keng tarqalayotganini aniq aytish qiyin. Biroq Pillemer kabi ba’zi tadqiqotchilar shunday hisoblamoqda.
"Bumer avloddan oldingi avlodlarda oilaviy birdamlik haqida kuchli tushuncha bor edi. Bu me’yorlar endi zaiflashdi", deydi Pillemer va bu albatta salbiy hodisa emasligini ta’kidlaydi. Uning aytishicha, nikohsiz juftliklar va farzandsiz er-xotinlar kabi yangi oilaviy me’yorlar ham vaqt o‘tishi bilan qabul qilinadigan bo‘ldi.
Ajrashgan oilalar bilan ishlaydigan va bu mavzuda bir nechta kitoblar yozgan klinik psixolog Joshua Koulman ham bu fikrga qo‘shiladi. U yana individualizm kuchayishi ham begonalashuvga yo‘l ochishi mumkinligini qo‘shimcha qiladi.
"Individualizm madaniyati – o‘z shaxsiyati, o‘zligini anglash va o‘z baxtiga e’tibor qaratishdir, – deb ta’kidlaydi u. – Natijada, boshqalar bilan munosabatlarimiz ikkinchi darajali hisoblanadi." Tadqiqotlar ko‘rsatishicha, AQShdagi keksa ota-onalar Isroil, Germaniya va Buyuk Britaniya kabi biroz kamroq individualistik mamlakatlardagi ota-onalarga qaraganda farzandlari bilan sovuq munosabatda bo‘lish ehtimoli ikki baravar yuqori.
Koulmanning ta’kidlashicha, bu ijtimoiy tarmoqlar ta’sirida yanada kuchaymoqda. Internetda o‘zimizga o‘xshagan odamlarni topish osonlashmoqda va ko‘plab inflyuenserlar bizni "zaharli" odamlar bilan aloqani uzishga undamoqda.

Surat manbasi, Getty Images/BBC
Terapevtlar bilan muloqotlar ham o‘z ta’sirini ko‘rsatmay qolmayapti, deydi u. Bu har doim ham ijobiy emas, ba’zi terapevtlar, masalan, voqeaning faqat bir tomonini eshitgandan so‘ng, oila a’zolari bilan uchrashmasdan ham ularga psixiatrik kasallik tashxisini qo‘yishi mumkin. Biroq, bu psixiatriya va psixologiya sohasidagi axloqiy me’yorlarga zid keladi. Koulman ko‘plab voyaga yetgan bolalarni uchratganini aytadi, ular terapiyadan so‘ng ota-onasini toksiklik, nartsist yoki chegaraviy shaxsiyat buzilishida ayblashgan.
Bu aloqalarni uzish albatta yomon qaror degani emas. Ko‘pchilikning, ayniqsa, bolaligida zo‘ravonlikka uchraganlarning bunday qilish uchun juda yaxshi sabablari bor, deydi Pillemer. "Bu borada ijtimoiy uyat bo‘lmasligi kerak, – deydi u. Koulmanning qo‘shimcha qilishicha, agar ota-onangiz o‘z xatti-harakatlaridan mutlaqo pushaymon bo‘lmasa yoki sizni tinglashni ham istamasa, xuddi shunday yo‘l tutish to‘g‘ri bo‘lishi mumkin.
Biroq, Pillemerning ta’kidlashicha, uning 300 nafar o‘z yaqinidan begonalashgan odamlar bilan o‘tkazgan so‘rovnomasi va atroflicha suhbatlarini jamlagan tadqiqoti shuni ko‘rsatdiki, ko‘pincha aloqalarni uzishga olib keladigan sabab "mayda salbiy munosabatlarning to‘planib borishi", masalan, er yoki xotin tomonidagi qarindoshlar bilan kelishmovchiliklar bo‘ladi.
AQShda Koulman 1000 dan ortiq odam orasida o‘tkazgan so‘rovda, ko‘pchilik begonalashuv sabablari sifatida oila a’zolarining muayyan xulqi yoki umumiy oilaviy munosabatlarni ko‘rsatgan. Bu ba’zan er-xotinning ajrashishi oqibatlari, ota-onadan birini tanlash yoki ajrashgan ota yoki onaning yangi turmush o‘rtog‘ini yoqtirmaslik bilan bog‘liq. Shaxsiy va jinsiy o‘ziga xoslik ham muhim omillar bo‘lishi mumkin, masalan, ba’zi ota-onalar farzandining gey ekanligini qabul qilolmaydi. Begonalashganlarning deyarli har beshinchisi siyosiy kelishmovchiliklar sababli ekanligini aytgan.
Biroq, Bleyk Buyuk Britaniyada oila a’zolaridan uzoqlashgan 800 ga yaqin odam bilan so‘rov o‘tkazganida, ko‘pchilik hissiy zo‘ravonlikni asosiy sabab sifatida ko‘rsatganini aniqladi. "Bu odatda muammoli ota-onalik bilan bog‘liq, masalan, haddan tashqari qattiqqo‘l yoki avtoritar tarbiya uslubi," deydi u. Lekin uning so‘rovida ishtirok etganlar begonalashuvni yengish uchun maxsus yordam so‘ragan odamlar edi. Shu bois ular bu holatni boshdan kechirgan hamma odamlarni aks ettirmasligi mumkin. Ammo bu qiyin oilaviy munosabatlarning ko‘pincha e’tibordan chetda qoladigan jihatini ochib beradi.
"Menimcha, hech kim o‘zini xavfsiz his qilmaydigan munosabatda qolishi shart emas, – deydi u. – Biz ko‘pincha jismoniy yoki jinsiy zo‘ravonlik haqida o‘ylaymiz, lekin hissiy zo‘ravonlik haqida gaplashish ham xuddi shunday muhimdir."

Surat manbasi, Getty Images/BBC
Koulman va Pillemerning ta’kidlashicha, hissiy (emotsional) zo‘ravonlik murakkab tushuncha bo‘lib, uni noto‘g‘ri qo‘llash mumkin. Koulman aytishicha, ba’zida voyaga yetgan farzandda ruhiy kasallik yoki giyohvand moddalarga ruju qo‘yish muammosi bo‘lishi mumkin, bu esa ularning butun bolalik davrini noto‘g‘ri talqin qilishiga va g‘amxo‘r ota-onalarini nohaq ayblashiga sabab bo‘ladi. Biroq, haqiqiy hissiy zo‘ravonlikdan jabrlanganlarni e’tibordan chetda qoldirmaslik va ularning xotiralarini hisobga olish muhimdir.
U yana ta’kidlashicha, sog‘lom tarbiya me’yorlari ham doimiy o‘zgarib turadi. Bugun hissiy zo‘ravonlik yoki e’tiborsizlik deb hisoblangan narsa o‘tmishda bunday hisoblanmagan bo‘lishi mumkin. Masalan, bugungi kunda ota-onalar ko‘pincha farzandining ruhiy kasalligini tan olishga va qo‘llab-quvvatlashga harakat qiladi. Ammo 40 yil oldin jamiyatning ruhiy salomatlik muammolari haqidagi tushunchasi bugungi kundagiga qaraganda ancha cheklangan edi.
Ko‘rinib turibdiki, ba’zilar ota-onasi bilan aloqani uzish kerakligini his qiladi. Lekin aslida biz ulardan qancha qarzdormiz?
Dublin Universitet kollejidan faylasuf Kristofer Kaulidan ota-onamiz bilan umrbod munosabatda bo‘lishimiz kerakmi, deb so‘rashganida, u shunday javob beradi: "Ikkilanib qoldim. Bir tomondan, ota-onamga to‘g‘ridan-to‘g‘ri metafizik va ekzistentsial ma’noda hamma narsam uchun qarzdorman. Biroq, agar men ota-onamning shafqatsiz zulmidan omon qolgan bo‘lsam, demak, mening boshqa majburiyatim yo‘q." Uning fikricha, ota-ona va voyaga yetgan farzand o‘rtasidagi ideal munosabat do‘stlikka o‘xshash bo‘lishi kerak.
Biz bola bo‘lganimizda, munosabatlarning kuchi va mas’uliyati to‘liq ota-onamiz zimmasida bo‘ladi. Ammo bu yosh o‘tgan sari o‘zgaradi. Kouli tushuntirishicha, o‘smirlar uzoqlashuv uchun ota-onalarini ayblashlari va tanqid qilishlari kerak. "Ammo to‘liq voyaga yetganingizdan so‘ng, barcha muammolaringizni ota-onangizga to‘nkay olmaysiz," deydi u. Bir kun kelib ota-onalarimiz juda qarib, zaif bo‘lib qoladi. Shunda biroz sabrli va rahmdil bo‘lishimiz joiz, deydi u.
Biz o‘z muvaffaqiyatsizliklarimizga baho berganimizda, ko‘pincha o‘zimizni emas, balki tashqi omillarni ayblaymiz. Masalan, agar muddatni o‘tkazib yuborsak, yetarli vaqt berilmaganini yoki it uy vazifamizni yeb qo‘yganini bahona qilishimiz mumkin. Ammo o‘zimiz doim ham boshqalarni tushunavermaymiz. Demak, ota-onamizga adolatli bo‘lmoqchi bo‘lsak, ularning tashqi sharoitlarini ham hisobga olishimiz kerak. Bilimsizlik, ruhiy kasallik, ruhiy jarohat yoki moddiy qiyinchiliklar ularning yomon ota-onalik qilishiga sabab bo‘lgan bo‘lishi mumkinmi?
Pillemer bir ona va uning begonalashgan o‘g‘li bilan suhbatlashganini eslaydi. Ular taxminan 25 yildan beri ko‘rishmagan edi. Ona haqida u shunday deydi: "1960-yillar boshlarida eri uni tashlab ketgan, ayollar uchun imkoniyatlar kam edi. Shunday qilib, u uncha yaxshi bo‘lmasa-da, har holda zo‘ravon bo‘lmagan odamga turmushga chiqqan. O‘g‘il buning uchun onadan xafa bo‘lgan, lekin ona oilasini himoya qilish kerakligini his qilgandi va vaqt o‘tib o‘g‘il buni tushunib yetdi."
Koulman esa ba’zida yolg‘iz ona tarbiyalagan voyaga yetgan farzandlarga duch kelishini aytadi. "Bola deydi: "Siz doim ishda edingiz, men e’tiboringizdan chetda qolib ketganimni his qilardim", deydi. Bir tomondan, ota-ona buni his qilishi kerak. Ammo bola ham uni tarbiyalash uchun onasi ikkita ishda ishlashga majbur bo‘lganini tushunishi lozim."
Ota-onamizning xatti-harakatlarini tushunishga intilish bizga xotirjamlik berishi mumkin. Ularning barcha harakatlari yovuzlik yoki qasddan bo‘lmaganini anglasak, og‘riq biroz yengillashishi mumkin. Bu ularni kechirishimiz yoki ular bilan munosabat saqlashimiz shartligini anglatmaydi. Biroq, vaziyatni aniqroq tushunish orqali xira o‘tmishning dahshatli ta’sirini zararsizlantirishimiz mumkin. Bunday fikrlash, biz ham ota-ona bo‘lsak, o‘zimizga tushadigan bosimni kamaytirishi mumkin.
Kauli kimnidir hayotimizdan chiqarib tashlashdan oldin begonalashuvning umrbod psixologik ta’sirini e’tiborga olishimiz kerakligini ta’kidlaydi. Agar ota-ona vafot etsa, o‘sha qaror to‘g‘ri tuyulaveradimi? "Keyin sizni nima ta’qib qilishini nazorat qila olmaysiz," deb ta’kidlaydi u.
Ba’zi odamlar uchun aloqa yo‘llarini qisman ochiq qoldirish afzalroq bo‘lishi mumkin, chunki bu keyingi muloqot imkoniyatini saqlab qoladi. Agar biz aloqalarni butunlay uzsak, qolgan umrimizni nega shunday bo‘lganini tushunishga urinish bilan o‘tkazishimiz mumkin.
Nihoyat, Bibliyada aytilgan va faylasuf Immanuil Kant ta’kidlagan tamoyildan foydalanishingiz mumkin: boshqalarga o‘zimizga qanday munosabatda bo‘lishlarini istasak, shunday munosabatda bo‘lish. Kaulining aytishicha, kelajakdagi o‘zingizni tasavvur qiling. Voyaga yetgan farzandingiz to‘satdan zamonaviy mezonlarga asoslanib, sizning tarbiyangiz yomon bo‘lganini aytsa, o‘zingizni qanday his qilasiz? Pillemer ta’kidlaganidek, "Biz ota-onamiz yo‘l qo‘ygan xatolarni takrorlamaymiz deb o‘ylash oson, ammo boshqa xatolarga yo‘l qo‘yamiz".
Yana bir muhim jihat: bolalik xotiralaringiz butunlay to‘g‘rimi? Inson xotirasi ishonchsiz bo‘lib, biz ko‘pincha voqealarni noto‘g‘ri eslaymiz yoki butunlay soxta xotiralar yaratamiz, ayniqsa, katta yoshda.
Bu bizga o‘zimiz haqimizdagi ziddiyatli tasavvurlardan xalos bo‘lishga yordam beradi. Masalan, o‘zingizni ekstravert deb hisoblagan bo‘lsangiz, xotiralaringiz odamlar va ijtimoiy tadbirlar bilan to‘la bo‘lishi mumkin. Keyinchalik o‘zingizni introvert deb his qilsangiz, xotiralaringiz o‘zgarishi mumkin – yolg‘iz bo‘lgan yoki ijtimoiy vaziyatlarda noqulaylik sezgan paytlaringizni kuchliroq eslay boshlaysiz.
Xuddi shunday, ota-onamiz haqidagi xotiralarimiz ham, ularning biz haqidagi xotiralari ham o‘zgaruvchan bo‘lishi, bu ba’zilar nima uchun begonalashishi sabablaridan biri bo‘lishi mumkin. Koulman aytishicha, ko‘p odamlar ota-onalari haqida ziddiyatli xotiralarni stress sababchisi deb biladi. Aloqalarni uzish orqali bu odamlar bunday his-tuyg‘ulardan xalos bo‘lmoqchi bo‘ladi, shuning uchun ular salbiy jihatlarni qabul qilib, ijobiy tomonlarni unutishga harakat qilishadi.
End of Ijtimoiy tarmoqlardagi sahifalarimiz:
Ehtimol, muhim savol shuki, aloqalarni uzish bizni haqiqatan baxtli qiladimi? Ko‘pchilik uchun shunday. "So‘rovlar ko‘rsatishicha, voyaga yetgan farzandlar ko‘pincha ana shunday uzilish natijasida o‘zlarini baxtliroq va kamroq stress ostida his qilishlarini aytishadi, – deydi Koulman. – Ular qanday uyat yoki aybdorlik his qilishmasin, bu to‘g‘ri qaror bo‘lganini ham his qilishadi. Ota-onalar uchun esa aksincha. Ular uchun bu faqat yurak og‘rig‘i, qayg‘udan iborat."
Biroq, boshqa hollarda bu munosabatlarning uzilishi o‘z muammolarini keltirib chiqaradi.
"Begonalashuv juda yolg‘izlantiruvchi bo‘lishi mumkin," deydi Bleyk. U ko‘plab begonalashgan farzandlar, ayniqsa, oilalar an’anaviy ravishda ko‘p vaqt birga o‘tkazadigan bayramlarda qiynalishini aniqlagan. Shuning uchun, agar siz ota-onangiz bilan aloqani uzishga jiddiy qaror qilsangiz, atrofingizda qo‘llab-quvvatlovchi odamlar borligiga e’tibor bering, deb maslahat beradi u.
Pillemerning tadqiqotida odamlarning faqat to‘rtdan bir qismigina o‘zlarining begonalashuvidan xavotirlanmagan. Uning aytishicha, odamlar suhbatni o‘z qarorlaridan mamnunliklarini aytish bilan boshlashlari odatiy hol edi, ammo keyinchalik ular xafa bo‘lganliklarini va muammolar hal etilmaganligini tan olishardi. Ko‘pchilik o‘z qaroridan afsuslanishdan qo‘rqardi. "Begonalashganda, men o‘zim o‘tirgan shoxni kesib tashlayman, – deb tushuntiradi Kauli. – O‘ylashimcha, voyaga yetgan farzand uchun o‘z ildizlaridan uzilib qolish zararli."
Kauli, Pillemer va Koulman ta’kidlashicha, agar siz ota-onangiz bilan munosabatlarni chindan ham yoqtirmasangiz, ma’lum muddat masofa saqlashdan boshlashingiz kerak. "Men har kuni yillar davomida begonalashgan va o‘zini o‘ldirish haqida o‘ylayotgan ota-onalarga duch kelaman," deydi Koulman. U begonalashishni tanlagan voyaga yetgan farzandlarga bir yildan so‘ng ota-onalari bilan aloqani qayta tiklashni tavsiya qiladi. "Ba’zida bu vaqt ota-onani uyg‘otish uchun yetarli bo‘ladi."
Ota-onalar ko‘pincha munosabatlarga ko‘proq vaqt, pul va kuch sarflaganlari uchun, begonalashuv ular uchun og‘irroq kechadi. Shu sababli, odatda munosabatlarni tiklash uchun ular ko‘proq harakat qilishlari tabiiy.
Yarashish imkoniyati bor. AQShda 2022 yilda 8500 kishi ishtirokida o‘tkazilgan tadqiqot shuni ko‘rsatdiki, onasidan begonalashgan odamlarning 62 foizi va otasidan begonalashganlarning 44 foizi 10 yil ichida ma’lum darajada yarashgan.
Hozirda onasi bilan munosabati cheklangan Sara bilan ham shunday bo‘ldi. Sara aytishicha, onasi keksayib qolgan va "juda og‘ir hayot kechirgan", vaqti-vaqti bilan jiddiy ruhiy kasalliklarga chalingan. "Men unga biroz achinaman", deydi Sara.
Ota-onalar farzandlarining mukammal bolaligini ta’minlab qo‘yishga majbur emas. Farzandlar esa ota-onalaridan umrbod minnatdor bo‘lishga majbur emas. Ehtimol, ular bir-birlariga hamdard bo‘lib, o‘zlarini anglab, bir-birlarini tinglay olishlari kerakdir.






























