Jenevada Eron-AQSh muzokaralari va hujum xavfi. Eron yadro dasturidan nima qoldi?

Surat manbasi, Reuters
AQSh va Eron o‘rtasida yangi yadro dasturi bitimiga erishish borasidagi bilvosita muzokaralar Jenevadagi Oman elchisi rezidentsiyasida o‘tkazilmoqda.
AQSh va Eron rasmiylari Jenevada bilvosita muzokaralarning uchinchi davrasini boshlashmoqda.
Prezident Tramp agarda Eron yadro dasturi bo‘yicha kelishuvga rozi bo‘lmasa hujumlar amalga oshirilishi haqida ogohlantirgan.
Muzokaralar Yaqin Sharqda 2003 yilgi Iroq urushidan beri AQSh harbiylarining eng keng miqyosda jamlanishi manzarasida ro‘y bermoqda.
Eron o‘z navbatida hujumlar amalga oshirilgudek bo‘lsa, munosib javob qaytarishi haqida aytmoqda.
Jenevadagi muzokaralar mojaroning oldini olish yo‘lidagi oxirgi harakat sifatida ko‘rilsa ham, bitimga erishish ehtimoli mavhum qolmoqda.
Janob Tramp vaziyatni diplomatik yo‘l bilan yechilishi tarafdori ekanligini aytgan. Ayni vaqtda Eron rahbariyati bitimni qabul qilishlari uchun cheklangan kuch ishlatilishi imkonini ko‘rib chiqayotganini ham bildirgan.
Eron AQShning uranni boyitish jarayonini to‘xtatish talabini rad etgan. Shu bilan birga yadro dasturi sohasida ba’zi yon bosishlarga tayyor ekanligini bildirgan.

Surat manbasi, Getty Images
Eron yadro dasturi qanday ahvolda?
Eron yadro dasturi qanday ahvolda ekanligini aniq ma’lum emas.
2025 yil iyun oyida mamlakatdagi yadro markazlari nishonli havo hujumiga tutilgandi.
O‘shanda AQSh Eron bilan Isroil orasida 12 kun davom etgan urush mobaynida Isfahon, Natanz va Fordodagi yadro tadqiqotlari markazlarini nishonga olgandi.
Hujumlardan so‘ng janob Tramp ushbu markazlar "yo‘q qilingani"ni aytgandi. Bundan bir hafta o‘tib Xalqaro Atom energiyasi agentligi rahbari Rafael Grossi hujumlar "anchayin jiddiy ammo mutlaq bo‘lmagan" zarar yetkazgani va uranni boyitish bir necha oydan keyin boshlanishi mumkinligini bildirgandi.

Xalqaro Atom energiyasi agentligi (IAEA) taxminlariga ko‘ra, 2025 yil Isroil havo hujumlarini amalga oshirgan vaqti Eron 440 kg 60 foizga boyitilgan uranga ega bo‘lgan. Bu yadro quroli uchun zarur bo‘lgan 90 foizga boyitilgan urandan atigi bir qadam uzoq.
Agentlik rahbari o‘tgan oktyabr oyida Associated Press ga agarda mavjud uran yanada boyitilsa 10 ta atom bombasiga yetarli bo‘lishi mumkinligini aytgandi.
Noyabr oyida esa Eron Tashqi Ishlar vaziri Abbos Aroqchi "Economist" jurnaliga uranni boyitish to‘xtatilganligini aytgan.
Ammo o‘tgan oyda Fox News kanali bilan suhbatda " Ha, markazlarni va uskunalarni yo‘qotdingiz, ammo texnologiyani va intilishni bombalay olmaysiz", deya aytgandi.
Reuters agentligi bilan suhbatda janob Grossi yanvar oyida Erondagi 13 yadro tadqiqoti markazi tekshirilgani, ammo hujumga tutilgan 3 markazga borish imkoni bo‘lmaganligini bildirgan.
Shuning uchun boyitilgan uran qaerda va qay miqdorda saqlanayotgani shuningdek, boyitish markazlari ahvoli haqidagi muhim savollar ochiq qolmoqda.

Surat manbasi, Getty Images
Joriy vaziyat qanday kelib chiqdi?
Eron hukumati yadro dasturi tinch maqsadlarda amalga oshirilayotganini hamisha ta’kidlab kelgan.
Eron Yadro qurollarini tarqatmaslik haqidagi bitimga imzo chekkan. Bu bitim tibbiyot, qishloq xo‘jaligi va energiya sohalarida yadro texnologiyalaridan foydalanishga izn beradi, ammo atom qurolini ishlab chiqish yo‘lida emas.
Ammo IAEA 10 yil davomida o‘tkazgan tadqiqoti natijasida Eron "1980-2003 yillar oralig‘ida portlovchi yadro uskunasini yaratish bilan bog‘liq qator amallarni amalga oshirgan"ligini aniqlagan.
IAEAga ko‘ra, mavjud ma’lumotlarga asosan Amad loyihasi, deya nomlangan bu dastur o‘shanda to‘xtatilgan. Lekin 2009 yilga kelib G‘arb josuslik agentliklari Fordodagi yadro uskunasi haqida ma’lumotni qo‘lga kiritishdi.
2015 yili IAEA hisobotida "2009 yildan so‘ng Eronda portlovchi yadro uskunasini yaratish bilan bog‘liq jarayon haqida ishonchli ma’lumot yo‘q"ligini aytgandi.
O‘sha yili Eron jahonning yirik 6 davlati bilan jazo choralarini yengillashtirish evaziga yadro dasturini cheklash borasida bitini imzoladi.
Lekin 2018 yili prezident Tramp bu bitim Eronning atom bombasiga erishish yo‘lini to‘sa olmasligini da’vo qilib, undan chiqishini e’lon qildi.
Bunga javoban Eron bitimda qayd etilgan cheklovlarni buzib, Fordodagi uranni boyitish jarayonini qayta boshlab, murakkab sentrifugalarni o‘rnatib, uranni 60 foizga qadar boyita boshladi.
2025 yil 12 iyun kuni IAEA boshqaruv kengashi oxirgi 20 yilda ilk bor Eron Yadro qurollarini tarqatmaslik bitimi o‘ngidagi majburiyatlarini buzganligini bildirdi. Kelgusi kuni Eronga qarshi Isroil hujumlari boshlandi.

Surat manbasi, Getty Images
Eron yadro markazlarida ishlar davom etmoqdami?
Sun’iy yo‘ldoshlardan olingan tasvirlarda oxirgi oylarda Natanz va Fordo markazlarida ishlar davom etayotganligi aks etadi.
Isfahondagi markazga olib kiruvchi tunnellar tuproq bilan qoplangani va yangi tom qurilayotgani ko‘rinadi.
Natanzdagi markaz uzra ham yangi tom qurilayotgani ko‘rinmoqda.
Isroil hujumga tutgan, Natanzdan 2 km uzoqlikdagi yer osti markazida ham xavfsizlik va himoyani ta’minlash ishlari ketayotganligi aks etmoqda.
Eron atom quroliga yetishishi uchun qancha vaqt kerak?
Yadro qurolida ishlatilishi mumkin bo‘lgan darajada uranni boyitish bu kabi qurolga ega bo‘lishni anglatmaydi. Bu yo‘lda kelgusi texnik jarayon talab qilinadi.
AQSh Mudofaa josuslik xizmati hali Isroil va Amerika hujumlaridan avval - 2025 yil may oyida Eron ilk atom quroliga yetarli bo‘lgan uranga "bir hafta ichida" erishishi mumkinligini ma’lum qilgandi.
Ammo Eron haqiqatan ham boyitilgan urandan qurol sifatida foydalanishga harakat qilayotganligi borasida taxminlar anchayin farqli.
Agentlik hisobotida "Eron atom quroli ishlab chiqmayotgani deyarli aniq, ammo oxirgi yillarda bu kabi qurolni ishlab chiqish ehtimolini ko‘paytiruvchi ammallarni bajargan", deya aytiladi.
Iyun oyida esa Isroil harbiylari Eron yadro qurolida ishlatilishi mumkin bo‘lgan tarkibiy qismlarni ishlab chiqarish yo‘lidagi harakatlarida ilgari surilgani haqida josuslik ma’lumotlari jamlanganini aytishgandi.
"Eron 2003 yilga qadar yadro qurolini ishlab chiqarish sohasida ba’zi imkoniyatlarni qo‘lga kiritgan. Ko‘rinishicha bu loyiha 2003 yili to‘xtatilgandi. Lekin 2015 yili yadro dasturi borasidagi bitim buzilgani va yangi bitimga erishish harakatlari samara bermaganidan so‘ng ehtimolki yadro quroli ishlab chiqarish jarayonini qayta boshlashga qaror bergan bo‘lishi mumkin", deydi qurol-yarog‘lar nazorati bo‘yicha mutaxassis doktor Patrishiya Lyuis.
2026 fevralida IAEA rahbari Grossidan yadro qurolini ishlab chiqarish yo‘nalishida faollik belgilari bormi, deb so‘ralganida u "Yo‘q", deya javob bergandi.
Janob Grossining qo‘shimcha qilishicha, ham Eron va ham AQSh tomonidan bitimga erishish istagi borligini ko‘rmoqda.

Surat manbasi, Getty Images
End of Ijtimoiy tarmoqlardagi sahifalarimiz
Eronning yadro quroliga ega bo‘lish yo bo‘lmasligi nima uchun muhim?
G‘arb rahbarlari Eron yadro quroliga ega bo‘lmasligi kerakligini muttasil aytib kelishadi.
2025 yili janob Tramp "Eron yadro quroliga ega bo‘lsa jahon vayron bo‘ladi", deya aytgandi.
Undan avval esa "Isroil yo‘qotiladi", deya izohlagandi.
Britaniya Bosh vaziri Kir Starmer yadro quroliga ega Eron mintaqadagi barqarorlikka eng katta xavf bo‘lishini aytgan.
Ba’zi tahlilchilarga ko‘ra, yadro quroliga erishish Eronning o‘ziga ishonchini ko‘paytirib, Xitoy va Rossiya bilan aloqalarini kuchaytirib, Saudiya Arabistoni bilan qurol poygasining boshlanishiga turtki berishi mumkin.
Mintaqada Isroil ham yadro quroliga ega ekanligi aytiladi, ammo Isroil buni na rad etgan va na tasdiqlagan.
Yaqin Sharq masalalari bo‘yicha mutaxassis doktor H.A, Hellar fikricha esa, "Eronning yadro quroliga ega bo‘lishi mintaqadagi tanglikni kuchaytirib, mojarolarni nazorat qilishni qiyinlashtiradi. Ayniqsa Isroil va AQSh uchun. Shu bilan birga ehtimoliy natija shu bo‘lishi mumkinki, bir ondagi tanglikda ko‘ra bir-birlarini o‘zaro to‘xtatib turish omili ham bo‘lishi mumkin".






























