O‘g‘il bolalar haddan ziyod ko‘p pornografiya ko‘rishmoqda

Ser Garet Sautgeyt Dimblbe ma’ruzasida.
Surat tagso‘zi, "Yosh yigitlar suhbatlashishdan, his-tuyg‘ularini ifodalashdan qochib, o‘zlarini chetga olishadi, – deydi ser Garet Sautgeyt. – Ular yo‘l-yo‘riqni ko‘proq internetda izlashadi, o‘yinlar, qimor, pornografiya kabi zararli odatlarga mukkasidan ketishadi."
    • Author, Greys Din
    • Role, BBC News
  • O'qilish vaqti: 4 daq

Angliya erkaklar futbol terma jamoasining sobiq Bosh murabbiyi ser Garet Sautgeyt yosh yigitlarning kompyuter o‘yinlari, qimor va pornografiyaga haddan tashqari ko‘p vaqt sarflayotganidan xavotir bildirdi.

Uning fikricha, ularga onlayn inflyuenserlardan tashqari boshqa ibrat bo‘la oladigan tuzukroq insonlar kerak.

Bi-bi-si telekanalining yillik Richard Dimblbi ma’ruzasida o‘z karьerasi unga ishonch va bardosh haqida qanday saboq bergani haqida gapirarkan, u Buyuk Britaniya yoshlarni, ayniqsa, yigitlarni, hayotda to‘g‘ri tanlov qilishga va muvaffaqiyatsizlikdan qo‘rqmaslikka ko‘proq undashi kerakligini ta’kidladi.

Ser Garet Sautgeyt kim?

Ser Garet himoyachi va yarim himoyachi sifatida "Kristal Pelas", "Aston Villa" va "Midlsbro" jamoalarida to‘p surgan hamda 1995-2004 yillarda Angliya terma jamoasi safida o‘ynagan.

U 2016 yilda Bosh murabbiy lavozimini egallab, jamoani 2018 yilgi Jahon chempionati yarim finaliga, 2022 yilgi Jahon chempionati chorak finaliga va 2020 hamda 2024 yillarda Yevropa chempionati finallariga olib chiqqan.

U Angliya terma jamoasi Yevropa chempionatida Ispaniyaga mag‘lub bo‘lganidan ikki kun o‘tib, iyul oyida murabbiylikni tark etdi.

Ser Garet Angliya terma jamoasini qayta jonlantirgani uchun olqishlandi va dekabrь oyida Qirolning Yangi yil mukofotlari doirasida ritsarь unvoniga ega bo‘ldi.

U 1972 yildan buyon teleradiokompaniya Richard Dimblbi xotirasiga bag‘ishlab o‘tkazib kelayotgan ma’ruzalarda nutq so‘zlagan akademiklar, biznes yetakchilar va boshqa taniqli shaxslar qatoridan joy oldi.

Avvalgi ma’ruzachilar orasida o‘sha paytda Uels shahzodasi bo‘lgan hozirgi qirol Charlz III, texnologiya tadbirkori va xayriyachi Bill Geyts hamda Xalqaro valyuta jamg‘armasining o‘sha vaqtdagi boshqaruvchi direktori Kristin Lagard bor edi.

"Zaharli inflyuenserlar"

Ser Garetning aytishicha, ko‘plab yosh yigitlar o‘qituvchilar, sport murabbiylari yoki yoshlar guruhlari yetakchilariga murojaat qilish o‘rniga internetdan yo‘l-yo‘riq izlayotganidan xavotirda. Ular internetda o‘zlari uchun namuna bo‘ladigan odamlarni topmoqda, ammo bu namunalar ko‘pincha ularga naf bermaydi.

"Bular shafqatsiz, manipulyativ va zaharli inflyuenserlar bo‘lib, ularning yagona maqsadi o‘z manfaati," deydi u.

"Ular yosh yigitlarga muvaffaqiyat pul va hukmronlikda, kuch esa his-tuyg‘ularni namoyon qilmaslikda, dunyo, ayniqsa, ayollar ularga qarshi ekanligini uqtirishga urinadi."

Ser Garetning fikrlari Netflix'ning yangi "O‘smirlik" seriyali butun dunyo bo‘ylab tomoshabinlarni o‘ziga jalb qilayotgani bilan bog‘liq.

To‘rt qismdan iborat mazkur serial shu hafta dunyoning 71 mamlakatida eng ko‘p tomosha qilingan filmdir.

Unda o‘smir qizning pichoqlanishi oqibatlari, uning maktabidagi 13 yoshli bolaning qotillikda ayblanib hibsga olingani, ayollarga nisbatan nafrat uyg‘otuvchi inflyuenserlar va ijtimoiy tarmoqlarning ba’zi o‘smir o‘g‘il bolalarga salbiy ta’siri yoritilgan.

"O‘smirlik" seriali ijodkorlari asarning maktablarda va Buyuk Britaniya parlamentida namoyish etilishini istayotganlarini aytmoqda.

"Ko‘plab yosh yigitlar yakkalanib qolgan"

Тунги Лондон
gettyimages
Yosh yigitlar yo‘l-yo‘riqni ko‘proq internetda izlashadi, o‘yinlar, qimor, pornografiya kabi zararli odatlarga mukkasidan ketishadi...
Ser Garet Sautgeyt
Futbol bo‘yicha Angliya terma jamoasining sobiq Bosh murabbiyi (batafsil: bbc.com/uzbek da).

Ser Garetning nutqi yigitlar uchun ishonch va bardoshlilik ahamiyati haqidadir. U bularni shakllantirish uchun zarur bo‘lgan uch narsani sanaydi: o‘zlik (identlik), boshqalar bilan o‘zaro aloqa va madaniyat.

U shu oy boshida Buyuk Britaniyaning Ijtimoiy adolat markazi tomonidan e’lon qilingan hisobotni keltiradi. Unda o‘g‘il bolalar va yosh yigitlar "inqirozda" ekanligi, ta’lim olmaydigan, ishsiz yoki kasb o‘rganmayotganlar soni "hayratlanarli darajada" ko‘paygani aytilgan.

"Ko‘plab yosh yigitlar yakkalanib qolgan, – deydi ser Garet o‘z nutqida. – Ko‘pchilik do‘stlari yoki oilasi bilan ochiq gaplashishga o‘zini noqulay his qiladi. Ko‘pchilikning ustozlari – o‘qituvchilari, murabbiylari, rahbarlari yo‘q, borlari ham yigitlarni qanday tarbiyalashni bilmaydi. Shu bois, qiyinchilikka duch kelgan yigitlar vaziyatni yolg‘iz o‘zlari hal qilishga urinadi."

"Yosh yigitlar suhbatlashishdan, his-tuyg‘ularini ifodalashdan qochib, o‘zlarini chetga olishadi, – deya qo‘shimcha qildi u. – Ular yo‘l-yo‘riqni ko‘proq internetda izlashadi, o‘yinlar, qimor, pornografiya kabi zararli odatlarga mukkasidan ketishadi."

"Men ko‘rmagan matonat"

Shuningdek, u yigitlarga muvaffaqiyatsizlikka uchrash va xatolaridan saboq chiqarish uchun yetarli imkoniyat berilmayotganini ta’kidlaydi.

"Fikrimcha, agar biz hozir yosh o‘g‘il bolalarga hayotni juda osonlashtirsak, ular katta bo‘lganida qiynalib qolishi muqarrar, – deydi u. – Ko‘plab yosh yigitlar muvaffaqiyatsizlikdan qo‘rqadi, chunki ularda muvaffaqiyatsizlikni boshdan kechirish va uni yengib o‘tish uchun juda kam imkoniyat bo‘lgan. Ular urinib ko‘rish, muvaffaqiyatsizlikni his qilish o‘rniga umuman harakat qilmaydi."

"Agar men futboldagi hayotimdan biror narsa o‘rgangan bo‘lsam, bu muvaffaqiyat o‘yinning yakuniy natijasidan ko‘ra kattaroqligidir, – deydi u. – Haqiqiy muvaffaqiyat – eng qiyin daqiqalarda o‘zingni qanday tutishingda."

Garet Sautgeyt futbol maydonida.

Surat manbasi, PA Media

U 1996 yilgi Yevropa chempionati yarimfinalida Angliya terma jamoasi Germaniyaga mag‘lub bo‘lganida hal qiluvchi penaltida urolmagani haqida gapirar ekan, bu uni hayotiy sinov oldida to‘xtatib qo‘ymaganini aytadi.

"Bu og‘riq meni hamon qiynaydi, – deydi u, – ehtimol, har doim qiynaydigan bo‘ladi."

"O‘sha penaltini o‘tkazib yuborish, shubhasiz, meni kuchliroq, yaxshiroq insonga aylantirgan hal qiluvchi lahza edi, – dedi ser Garet ma’ruzada. – U meni chuqurroq o‘ylashga majbur qildi, men hech qachon his qilmagan ichki ishonch va matonatni kashf etishimga sabab bo‘ldi."