Rossiyalik askarlar o‘z safdoshlari qo‘mondonlar buyrug‘i bilan qatl etilganini aytib berishdi

Kollaj rasmda ikki urushda qatnashgan erkak surati
    • Author, BBC yangiliklar bo'limi
  • O'qilish vaqti: 7 daq

Diqqat: Maqolada o‘ta shafqatsizlik tafsilotlari va suitsidga ishoralar bor.

To‘rt nafar rossiyalik askar Ukrainadagi frontning Rossiya tomonidagi dahshatli va shafqatsiz sharoitni fosh qildi. Ulardan ikki nafari Bi-bi-siga buyruqni bajarishdan bosh tortgan askarlar joyida-yoq qatl etilganiga guvoh bo‘lganini aytib berdi.

Askarlardan biri hujjatli film ijodkorlariga 2024 yilda "Rossiya Qahramoni" unvoni berilgan qo‘mondonning buyrug‘i bilan bir askar qatl etilganini ko‘rganini so‘zlab berdi.

"Ko‘rib turibman, atigi ikki-uch metr narida... chirt, chirt, paq", dedi u.

Boshqa bir bo‘linmadagi askar esa qo‘mondonining o‘zi to‘rt kishini otib tashlaganini ko‘rganini aytdi.

"Men ularni tanirdim, – deydi u qatl etilgan askarlar haqida. – Ulardan birining "Otmang, nima desangiz qilaman!" deb baqirgani esimda".

Yana bir askar o‘z safdoshlari tomonidan nollashtirilgan 20 nafar askar jasadi chuqurda yotganini ko‘rganini bildirdi. "Nollashtirish" ("Obnulenie") atamasi rus harbiylari jargonida o‘z safdoshini qatl etishni anglatadi.

"Nol chizig‘i: Rossiya urushi ichkaridan" nomli hujjatli filmda askarlar, o‘z ta’birlarida, "o‘limga borish" hujumlarida qatnashishdan bosh tortganlari uchun qanday qiynoqlarga solingani haqida batafsil so‘zlab berdi. Rossiya qo‘shinlari bunday hujumlarni "go‘sht bo‘ron" deb ataydi, chunki Ukraina kuchlarini holdan toydirish uchun front chizig‘i bo‘ylab to‘xtovsiz askarlar to‘lqini jo‘natiladi.

Bi-bi-si ishonishicha, frontdagi rossiyalik askarlar qo‘mondonlar o‘z odamlarini qatl etishga buyruq berganiga guvoh bo‘lganliklarini birinchi marta ochiq aytmoqda.

Vazifasi halok bo‘lgan askarlarni aniqlash va sanash bo‘lgan askarlardan biri u bilan birga safarbar qilingan 79 kishilik guruhdan faqat o‘zi tirik qolganini tasdiqlovchi batafsil ro‘yxatni taqdim etdi. Uning aytishicha, front chizig‘iga borishdan bosh tortgani uchun uni qiynoqqa solishgan va ustiga siyishgan. Bo‘linmasida buyruqni rad etgan boshqalarni esa elektr toki bilan qiynashgan, och qoldirishgan, so‘ng qurolsiz holda "go‘sht bo‘ron"ga majburlab jo‘natishgan.

Hozir yashirinib yurgan bu to‘rt kishi Rossiyadan tashqaridagi noma’lum joyda o‘zlari guvoh bo‘lgan dahshatlar haqida so‘zlab berdi.

Rossiyada prezident Vladimir Putinning Ukrainaga bostirib kirishiga qarshi deyarli barcha ommaviy noroziliklar bostirilgan. Moskva qurbonlarning rasmiy sonini e’lon qilmaydi, biroq Buyuk Britaniya Mudofaa vazirligi 2022 yil 24 fevraldagi keng ko‘lamli bosqindan buyon 1,2 milliondan ortiq rossiyalik askar halok bo‘lgani yoki yaralanganini ma’lum qildi.

Rossiya hukumati esa o‘z qurolli kuchlari "shiddatli to‘qnashuvlarda imkon qadar vazmin harakat qilishini, o‘z shaxsiy tarkibiga maksimal darajada g‘amxo‘r munosabatda bo‘lishini" ta’kidlaydi.

"Taxmin qilinayotgan huquqbuzarliklar va jinoyatlar haqidagi ma’lumotlar tegishli tartibda tekshiriladi", deya qo‘shimcha qildi hukumat.

"Biz siz taqdim etgan ma’lumotlarning to‘g‘riligi yoki haqqoniyligini mustaqil ravishda tekshira olmaymiz", deyiladi bayonotda.

Moviy denim (jinsli) kurtka kiygan Ilya noma’lum joydagi omborxonada derazadan tashqariga qaramoqda.

Surat manbasi, Ben Steele/BBC

Surat tagso‘zi, Manzili sir qolish sharti bilan Bi-bi-siga intervyu bergan Ilyaning aytishicha, u komandir to‘rt nafar safdoshini yaqin masofadan otib tashlaganiga guvoh bo‘lgan

To‘rt kishining batafsil guvohliklari ham frontda qonun va tartib izdan chiqqani haqidagi xabarlarni tasdiqlaydi.

Halok bo‘lgan askarlarni aniqlab, sanagan askar Ilya o‘z safdoshlarining qo‘mondonlar tomonidan o‘ldirilganiga guvoh bo‘lganini aytganlardan biri.

Urushdan oldin 35 yoshli Ilya Ural tog‘laridagi Kungur shahrida alohida ehtiyojli, autizmi bor bolalarga dars bergan. 2024 yil may oyida esa politsiya uning ota-onasining uyiga kelib, armiyaga chaqirilayotganini aytgan.

Uning ta’kidlashicha, u Perm shahridagi chaqiruv punktida yana 78 kishi bilan birga safarbar qilingan.

"Deyarli hamma mast edi. Olg‘a, jangga! Zelenskiyni ushlaymiz va bayrog‘imizni tikamiz, deb qichqirgan edik", eslaydi u.

"Men ularni kuzatib, "bu yerga qanday kelib qoldim o‘zi?" deb o‘ylardim. Juda qo‘rqib ketgandim".

Ilyaning aytishicha, Ukrainaga yetib kelgach, askarlarning aksariyati to‘g‘ridan-to‘g‘ri front chizig‘iga jo‘natilgan. U hech kimni otishni yoki o‘ldirishni istamagani uchun qo‘mondonlik punktida qolgan.

Uning aytishicha, sharoitlar juda og‘ir bo‘lgan. U qo‘mondon to‘rt kishini yaqin masofadan otib tashlaganiga guvoh bo‘lgan. Ulardan biri Panteleymonovkada, uchtasi esa Novoazovskda (har ikkisi ham Ukraina sharqidagi Rossiya bosib olgan Donetskda) yuz bergan, chunki ular front chizig‘idan qochib, yana borishdan bosh tortgan edi.

"Eng achinarlisi, men ularni tanirdim. Ulardan birining "Otmang, nima desangiz qilaman!" deb baqirgani esimda, lekin u [qo‘mondon] baribir ularni nollashtirdi", deydi Ilya.

Askarlarning aytishicha, "nollashtirish" odatda buyruqni rad etganlik uchun jazo sifatida qo‘llanadi va boshqalarni qo‘rqitish vositasi bo‘lib xizmat qiladi.

"Taqdiringiz qo‘mondonga bog‘liq edi. Qo‘mondon ratsiyada: "Buni nollashtir, uni nollashtir", deb buyruq berardi", deydi Ilya.

Buyruqdan bosh tortgan askarlar qatl etilishi faqat Ilya xizmat qilgan bo‘linmada kuzatilmagan.

Moviy yoqali futbolka kiygan Dima noma’lum omborxonada Bi-bi-siga intervyu bermoqda.

Surat manbasi, Ben Steele/BBC

Surat tagso‘zi, Dima safdoshi o‘z komandirining bevosita buyrug‘i bilan qatl etilganiga guvoh bo‘lganini aytmoqda

"Albatta, ular o‘z odamlarini o‘ldirishadi, bu odatiy hol", deydi Dima.

Urushdan oldin 34 yoshli Dima rafiqasi va qizi bilan yashagan, Moskvada idish yuvish mashinalari ustasi bo‘lib ishlagan.

Uning aytishicha, 2022 yil oktyabrida u ishdan-ishga ketayotganida bir guruh politsiyachi uni to‘xtatib chaqirgan.

"Ular shunchaki pasportimni ko‘rib, noutbuklarida nimanidir tekshirishdi-da, menga: "armiyaga bormasang, qamalasan", deyishdi", deb eslaydi u ingliz tilida.

Dimaning aytishicha, u hech kimni o‘ldirishni istamagan, shuning uchun tibbiy tajribasi bo‘lmasa ham, feldsherlar bo‘linmasiga qo‘shilgan. Keyinroq u yarador askarlarni front chizig‘idan evakuatsiya qilish vazifasi yuklangan brigadaga o‘tkazilgan.

Dimaning aytishicha, u safdoshlarining o‘z qo‘mondoni buyrug‘i bilan qatl etilganiga aynan shu yerda, 25-brigadada guvoh bo‘lgan.

"Ko‘rib turibman – atigi ikki, uch metr narida. Shunchaki qotilliklar, shunchaki shiq, taq, paq. Bu drama emas, kino ham emas, bu – haqiqiy hayot", deydi u.

Dimaning qo‘mondoni Aleksey Ksenofontov 2024 yilda davlatning eng oliy medali – "Oltin yulduz" bilan taqdirlangan va "Rossiya Qahramoni" unvoniga sazovor bo‘lgan.

Skip Ijtimoiy tarmoqlardagi sahifalarimiz: and continue readingIjtimoiy tarmoqlardagi sahifalarimiz:

End of Ijtimoiy tarmoqlardagi sahifalarimiz:

Biroq Ksenofontovni o‘z bo‘linmasida halok bo‘lgan askarlarning oilalari qoralab chiqqan. 2025 yil yanvarida yozilgan qo‘shma xatda ular Putinga to‘g‘ridan-to‘g‘ri murojaat qilib, uning bo‘linmasidagi shafqatsizlikka oid da’volarni tekshirishni so‘ragan.

"Ular Vatanimizni sharaf va g‘urur bilan himoya qilishdi!!! Ammo ular o‘n minglab o‘lgan va bedarak yo‘qolganlar evaziga mukofot olgan ana shu qo‘mondonlar to‘dasiga tushib qolishgan!" deyiladi xatda.

"Ular jazolanmasliklarini bilib, yigitlarimizni qirishda davom etmoqda!"

Dima Ksenofontovni "qassob" deb ataydi.

"U askarlarni o‘ldirishga haddan tashqari ko‘p buyruq bergan, qo‘llari juda qonga botgan, juda ham".

Dima bir kun avval kechasi bazaga kelgan 20 kishining otib o‘ldirilgan jasadlari xandaqda yotganini ko‘rganini ham tasvirlab beradi.

Uning aytishicha, ertasi kuni ertalab olib ketilishlaridan oldin, hammasi sobiq mahbus bo‘lgan bu yigitlarning bir nechtasi bilan gaplashgan.

Tibbiy xizmatda bo‘lgani uchun Dimaga o‘lganlar haqida muntazam xabar berib turishgan. Uning aytishicha, unga bu odamlarni bir qo‘mondon otib o‘ldirgani va ularning bank kartalarini olib qo‘ygani aytilgan.

"Bizga yigirmata yigitni olib kelishdi. Shunchaki bank kartalarini olib, o‘ldirib yuborishdi, – deb eslaydi u. – Kimnidir hisobdan chiqarish muammo emas. Shunchaki hisobot yozib qo‘yasan, tamom".

Dimaning aytishicha, bank kartalarini qo‘mondonlar olib qo‘yganini unga aytishgan.

Bi-bi-si hujjatli filmida yana bir sobiq askar – o‘n yetti yil Rossiya armiyasida xizmat qilganini aytgan yuqori martabali shtab ofitseri ham so‘zlagan. Ismini oshkor qilmayotganimiz mazkur sobiq ofitserning aytishicha, u yuqori martabali ofitserlar guruhini o‘ldirishga yordam bergan odam bilan gaplashgan.

"U omon qolganlarni yo‘q qilish uchun yuborilgan "tugatish otryadi" tarkibida bo‘lganini aytgandi", deb eslaydi sobiq ofitser.

"Shuncha yillik xizmatim davomida bunaqasini hech ko‘rmaganman".

Ismi sir tutilgan sobiq Rossiya armiyasi ofitseri omborxonada to‘q sariq rangli balaklava (niqob) kiygan holda o‘tiribdi.

Surat manbasi, Ben Steele/BBC

Surat tagso‘zi, Yuqori martabali shtab ofitserining aytishicha, u bir guruh yuqori lavozimli ofitserlarni o‘ldirishda yordam bergan shaxs bilan suhbatlashgan

To‘rtala askar bizga Ukraina jang maydonlaridagi rus harbiylarining keng ko‘lamli "go‘shtqiymalagich" taktikasining bir qismi bo‘lgan dahshatli "go‘sht bo‘ron" missiyalari haqida batafsil so‘zlab berdi.

Bu hujumlar shunchalik halokatliki, ularni xudkushlik missiyalariga qiyoslashadi.

"Qo‘mondonlar to‘lqin ortidan to‘lqin yuborib, odamlarni ukrainaliklarga go‘sht kabi otayotganini ko‘rdim. Maqsad, dushmanning o‘q-dorilari va dronlarini tugatish, shunda keyingi to‘lqin o‘z manziliga yetib borishi mumkin bo‘ladi", deydi yana bir sobiq askar Denis.

Buyuk Britaniya Mudofaa vazirligi ma’lumotlariga ko‘ra, 2025 yilda har kuni Ukrainada 900 dan 1500 nafargacha rossiyalik halok bo‘lgan yoki yaralangan.

Dima hujumlarning amalda qanday ishlashini tushuntiradi.

"Uchta yigitni yuborasan, keyin yana uchtasini. O‘xshamasa, o‘ntasini jo‘natasan. O‘ntasi bilan ham bo‘lmasa, elliktasini", deydi u.

"Oxir-oqibat yorib o‘tasan. Harbiylarning mantig‘i shunday".

"Uch kun ichida 200 ta o‘ligimiz bor edi. Polkimizning birinchi "go‘sht bo‘roni"dayoq bizni sindirishdi, polkimiz atigi uch kunda yo‘q qilindi", deydi u.

So‘ng Dima 2023 yil oktyabrida ijtimoiy tarmoqlarga yuklangan videoni ko‘rsatadi: unda o‘z bo‘linmasida halok bo‘lgan askarlarning onalari va xotinlari katta yo‘qotishlardan shikoyat qilib gapirayotgan edi.

Bir ayolning: "Yigitlarimizga faqat avtomat va belkuraklar bilan qurollanib, oldinga yurish buyurilgan", degani eshitiladi. Boshqasi esa: "Yo‘qotishlar dahshatli. Yigitlarimizni qirib yuborishyapti", deydi.

"Go‘sht bo‘ron"dan bosh tortgani uchun o‘ldirilmaganlar ko‘pincha dahshatli va g‘ayriinsoniy oqibatlarga duchor bo‘ladi, deydi Ilya.

U Telegram'da Donetskdagi Panteleymonovka qishlog‘ida olingan, o‘z bo‘linmasi yigitlari aks etgan videoni ko‘rsatadi.

"Qani, hayvonlarni boqaylik", deydi bir kishi va chuqurda cho‘kkalab o‘tirgan uch odamni ko‘rsatish uchun qopqoqni ko‘taradi.

"Ie, qorning ochdimi? Yemish xohlaysanmi?" – deb so‘raydi videoga olayotgan odam. Shunda erkaklardan biri boshini ko‘tarib, qo‘llarini cho‘zgancha bosh irg‘aydi, chuqurga biroz quruq don sepiladi.

"Qara, qanday yeyapti", deydi videoga olayotgan odam, chuqurdagi kishi donni yer ekan.

Ilyaning aytishicha, ayrimlarni qurolsiz holda "go‘sht bo‘ron"ga jo‘natishdan oldin "kunlab och qoldirib", elektr toki bilan qiynashgan.

Uning aytishicha, bir hujumda qatnashishdan bosh tortganidan so‘ng, o‘zini ham qiynoqqa solishgan.

"Meni daraxtga bog‘lab, tayoq bilan bir-ikki marta urishdi, boshimga to‘pponcha tirashdi".

"Buni qanday aytishni ham bilmayman... ustimga hojat qilishdi. Qo‘mondon hammaga: "Bizda yangi hojatxona paydo bo‘ldi", dedi. Yarim kun bog‘langan holda turdim".

Yechib yuborishganidan so‘ng Ilya o‘z joniga qasd qilishga uringan.

Och ko‘k rangli ko‘ylak kiygan Denis omborxonada Bi-bi-siga intervyu bermoqda

Surat manbasi, Ben Steele/BBC

Surat tagso‘zi, Denisning aytishicha, u yo‘qolgan dronni qidirishdan bosh tortganidan keyin kaltaklangan va tishlari urib tushirilgan

Bir paytlar chuqurdagi askarlarga yashirincha oziq-ovqat va suv olib borganini aytgan Denis hujjatli film guruhiga dezertirlikda ayblangan askarning ustiga peshob qilinayotgani aks etgan videoni ko‘rsatadi. Bi-bi-si bu videoning haqiqiyligini mustaqil tekshira olmagan.

"Bu inson sha’ni va qadr-qimmatini tahqirlash. Rossiya armiyasida bu oddiy holga aylanib qolgan", deydi u.

"Bu noqonuniy, ammo buning uchun hech kim jazolanmaydi. Aksincha, yigitlar bunga rag‘batlantiriladi".

27 yoshli Denis yo‘qolgan dronni qidirishni istamagani uchun boshliqlaridan biri uning ikkita oldingi tishini urib tushirganidan ko‘p o‘tmay olingan suratini ko‘rsatdi.

"Bu dahshat. Shunday bo‘lsa ham, xizmatni davom ettirishga majbur bo‘ldim".

Dima ofitser bo‘lishni istamasligini aytganiga qaramay, oxir-oqibat unvonini oshirishdi. U o‘ziga unvon topshirilgan marosimdagi suratni ko‘rsatdi.

Uning aytishicha, mansabi oshgach, o‘z odamlarini "go‘sht qiymalagich"ga jo‘natmagan bo‘lardi.

"Men buni qilishdan bosh tortdim. O‘zim frontga borishim shart bo‘lmasdi, lekin ularga shunchaki buyruq berib yubora olmasdim".

Uning so‘zlariga ko‘ra, shu sababli uni harbiy politsiya hibsga olib, vaqtinchalik qamoqxona – Zaytsevoga olib borgan.

"U yerda meni elektr toki bilan qiynashdi", deb eslaydi u va birinchi zarba kuchidan o‘zini tutolmay, ichi o‘tib ketganini qo‘shimcha qiladi.

Uning aytishicha, uni 72 kun davomida har kuni qiynashgan.

"Har kuni faqat qiynoq, yuzlarida hech qanday his-tuyg‘u yo‘q. Hech qanday hissiyot yo‘q, bu aqldan ozish", deydi u.

Biz suhbatlashgan barcha erkaklar hozir Rossiyadan tashqarida, biroq ularning qalbida Ukrainadagi frontdan qolgan chandiqlar bor.

"Tushlar ko‘raman. Jasadlarga to‘la o‘rmonni, yuzlari majaqlangan, qonga belangan iflos og‘izli odamlarni ko‘raman. Uning hidi... u hidlanmaydi, uning ta’mi keladi", deydi Dima.

"Men jinoyatchiman va bu hech kimni qiziqtirmaydi. Mening jinoyatim shunchaki odam o‘ldirishni istamaganim", deydi u.

"Rossiya armiyasida bu urushni istamaydigan, qo‘mondonlarni, Putinni, bizning tizimimizni yomon ko‘radigan yigitlar juda ko‘p va ular bizni sindirmoqchi".

Ilya o‘z vatanini sevishini, "ammo Putinning vataniga qilgan ishlarini emas"ligini aytadi.

"U yerda har qanday odamni sindirishlari mumkin, kuchli yoki kuchsiz ekaningiz farqi yo‘q".

"Meni deyarli sindirishdi, lekin to‘liq emas".

Ilya noma’lum joydagi dalada turgani tasvirlangan.

Surat manbasi, Ben Steele/BBC

Surat tagso‘zi, Ilyaning aytishicha, u qiynoqlarga solingani va haqoratlanganidan so‘ng o‘z joniga qasd qilishga uringan