'Seks-kamera sanoati bizni maktab o‘quvchiligimizdan yollagan'

    • Author, Sofiya Bettiza
    • Role, Global sog‘liqni saqlash masalalari bo‘yicha muxbir. Jahon xizmati
  • O'qilish vaqti: 7 daq

Bu kabi studiyalar ijrochilarni jinsiy harakatlar qildirib, butun dunyo bo‘ylab translyatsiya qiladi. Ko‘ruvchilar esa vositachilarga yozma so‘rov orqali pul to‘lab, xizmatdan foydalanadi.

Keyni

Surat manbasi, Jorge Calle / BBC

Surat tagso‘zi, Hozir 20 yoshda bo‘lgan Keyni 17 yoshida veb-kamera modeli sifatida ishlay boshlagan.

Bir kuni tushdan keyin Izabella maktabdan chiqib ketayotganida, kimdir uning qo‘liga varaqcha tutqazdi. Unda: "Go‘zalliging bilan pul topishni xohlaysanmi?", deb yozilgan edi.

Izabellaning aytishicha, model qizlarni qidirayotgan studiya Kolumbiya poytaxti Bogotada aynan uning tumanidagi o‘smirlarni ovlagan edi.

Ikki yoshli o‘g‘lini boqishi kerak bo‘lgan 17 yoshli Izabella juda ehtiyojmand edi. Ko‘proq ma’lumot olish uchun u varaqchada ko‘rsatilgan manzilga bordi. U yerda vayrona uyda joylashgan, bir er-xotinga tegishli studiyaga yo‘liqdi. Bu uyda har biri yotoqxonaga o‘xshab jihozlangan sakkizta xona bo‘lib, ularda veb-kameralar, kompyuterlar, yoritish uskunalari va internet bor edi.

Bu kabi studiyalar ijrochilarni jinsiy harakatlar qildirib, butun dunyo bo‘ylab translyatsiya qiladi. Tomoshabinlar esa vositachilarga yozma so‘rov orqali pul to‘lab xizmatdan foydalanadi. Bu vositachilar monitorlar deb ham ataladi.

Izabella aytishicha, ertasi kuniyoq u studiyada ish boshladi. Ammo Kolumbiyada 18 yoshga to‘lmaganlarni bunday faoliyatga jalb qilish qonunan taqiqlangan. Unga hech qanday yozma shartnoma taklif qilinmagan, huquqlari tushuntirilmagan. "Ular menga: "Mana kamera, boshladik", deyishdi. Hech narsa o‘rgatishmadi", deydi u BBC Jahon xizmatiga.

Uning aytishicha, tez orada studiya unga maktabdan ham to‘g‘ridan to‘g‘ri efirga chiqishni so‘ragan. Sinfda, boshqalar ingliz tili o‘rganayotgan paytda, u telefonni o‘rnatib, efirni boshlaydi. "Tomoshabinlar mendan jinsiy harakatlar qilishni so‘ray boshlardi. O‘qituvchidan hojatxonaga chiqish uchun ruxsat so‘rardim va u yerda mijozlar talab qilgan ishni qilardim", deydi u.

"O‘qituvchim nima bo‘layotganini bilmasdi, shuning uchun men bunday ishni boshqa darslarda ham davom ettirdim. Farzandim haqida o‘ylardim. Uni boqish uchun qilyapman, derdim. Bu menga kuch berardi", deydi u.

Aloqador mavzular

Eski akkauntlar va soxta IDlar

Bogotadagi namoyishlar
Surat tagso‘zi, Bogotadagi namoyishchilar veb-kamera modellarining huquqlarini himoya qilish va sanoatni yanada qattiqroq nazorat qilishga chaqirmoqda.

Global seks-kamera sanoati tobora o‘sib bormoqda. SEMrush tahlil kompaniyasi ma’lumotlariga ko‘ra, butun dunyodagi veb-kamera platformalarining oylik ko‘rishlari 2017 yildan beri uch baravar oshgan va 2025 yil aprelida 1,3 milliardga yetgan.

Kolumbiyada shunday faoliyat bilan shug‘ullanuvchi 12 mingga yaqin studiya va taxminan 400 mingta model borligi aytilmoqda. Studiyalar ijrochilarni videoga olib, kontentni global platformaga uzatadi. Millionlab tomoshabinlar esa ularni to‘g‘ridan-to‘g‘ri tomosha qiladi.

Uyida sharoit yo‘q yoki interneti barqaror bo‘lmagan ko‘plab modellar studiyada ishlashga majbur. Ular odatda yosh va kambag‘al bo‘lib, ota-onasi bilan yashaydi. Ba’zi studiyalar yaxshi sharoit yaratishi mumkin, ammo boshqalari odamlarni aldab, zaif ijrochilardan foydalanadi. Kolumbiya prezidenti Gustavo Petro bunday studiya egalarini "quldorlar", deb atagandi.

Yevropa va AQShda joylashgan asosiy platformalar – BongaCams, Chaturbate, LiveJasmin va StripChat – ijrochilarning 18 yoshdan katta ekanligini tekshirishlari kerak. Yevropa Ittifoqi va AQSh qonunlari 18 yoshga to‘lmagan shaxs ishtirokidagi shahvoniy kontentni taqiqlaydi.

Ammo modellarning Bi-bi-siga aytishicha, agar studiya voyaga yetmagan qizlarni yollashni istasa, bu tekshiruvlarni osongina chetlab o‘tishi mumkin. Ulardan biri – voyaga yetgan, ammo endi ishlamayotgan modelning eski akkauntini qayta faollashtirib, uni voyaga yetmagan qizning foydalanishiga berish.

Izabella: "Studiya rahbari yoshim yetmagani muammo bo‘lmasligini aytdi. U boshqa ayolning akkauntidan foydalandi. Keyin men shu nom bilan ish boshladim", deydi.

Boshqa modellar esa studiya ularga soxta shaxsiy guvohnoma berganini aytishdi. Keyni ismli ijrochi aytishicha, u 17 yoshida BongaCams'da shunday yo‘l bilan ish boshlagan.

Kolumbiyadagi BongaCams vakili Milley Achinte
Surat tagso‘zi, Kolumbiyadagi BongaCams vakili Milley Achinte ish sharoitlarini tekshirish uchun studiyalarga borib turishini aytdi.

BongaCams'ning Kolumbiyadagi vakili Milli Achinte Bi-bi-siga ular voyaga yetmaganlarga efirga chiqishni taqiqlashini va qoida buzilganda akkauntlar yopilishini aytdi. Shuningdek, platforma hukumat sayti orqali shaxsni tasdiqlovchi hujjatlarni tekshiradi. Agar model studiyani tark etgan bo‘lsa, u o‘z akkauntini yopishi uchun paroli qaytarib beriladi.

Chaturbate o‘z bayonotida soxta IDlardan foydalanishni "qat’iy" taqiqlaganini ma’lum qildi. Unga ko‘ra, modellar muntazam ravishda davlat tomonidan berilgan shaxsiy guvohnomasi bilan birga tushgan jonli tasvirlarini yuborishlari lozim. Bu tasvirlar raqamli va qo‘lda tekshiriladi. Kompaniya ta’kidlashicha, "o‘rtacha bir nazoratchi 10 tacha translyatsiyani tekshiradi" va "har bir efir doimiy tekshiruvdan o‘tishi" tufayli yoshni yashirishga urinishlar fosh qilinadi.

StripChat ham "voyaga yetmagan modellarga nisbatan mutlaqo toqatsizlik siyosati" borligini ma’lum qildi. Uning bildirishicha, ijrochilar "shaxsni va yoshni tasdiqlash jarayoni"dan o‘tishi shart. Kompaniya, shuningdek, shaxsni aniqlash uchun uchinchi tomon verifikatorlari bilan hamkorlik qilishini ham bildirdi.

StripChat qayd etishicha, "eski akkauntlar" platformadan foydalana olmaydi va yaqinda kiritilgan o‘zgarishlarga ko‘ra, har bir efirda akkaunt egasining shaxsan o‘zi qatnashishi shart. Agar ijrochi mustaqil faoliyat boshlab, yangi akkaunt ochsa, avvalgi akkaunt avtomatik ravishda yopiladi va studiya uni ishlata olmaydi.

LiveJasmin esa Bi-bi-sining izoh so‘roviga javob qaytarmadi.

Tomoshabinlarga "yosh ko‘rinish yoqadi"

Keyni
BBC
Tomoshabinlar mendan jinsiy harakatlar qilishni so‘ray boshlardi. O‘qituvchidan hojatxonaga chiqish uchun ruxsat so‘rardim va u yerda mijozlar talab qilgan ishni qilardim...
Keyni
Veb-kamera modeli (batafsil: bbc.com/uzbek da).

Keyni hozirda 20 yoshda va u Medellindagi uyidagi yotoqxonasidan to‘g‘ridan to‘g‘ri efirga chiqadi. U katta xalqaro platformalarga ulanadigan boshqa bir studiya orqali ishlaydi.

Agar bir nechta halqali chiroqlar, kamera va katta ekran bo‘lmaganida, bu xona bolalar xonasiga o‘xshardi: unda o‘nlab yumshoq o‘yinchoqlar, pushti yakshoxli otlar va ayiqchalar bor.

Keynining aytishicha, "tomoshabinlarga yosh ko‘rinish juda yoqadi." U qo‘shimcha qiladi: "Ba’zan bu menga muammoli. Ayrim mijozlar sizdan boladek tutishingizni so‘raydi – bu to‘g‘ri emas."

U ota-onasi ajrashib ketganidan keyin oilasiga moliyaviy yordam berish uchun bu sohani tanlaganini aytadi. Otasi uning bu ishidan xabardor va qo‘llab-quvvatlashini aytadi.

Keyni 17 yoshida bu ishni boshlaganini tan oladi. Ammo u sobiq ish beruvchilaridan rozi. Aksincha, ularni hozir oyiga taxminan 2000 dollar topishiga sababchi deb hisoblaydi. Kolumbiyadagi eng kam ish haqi taxminan 300 dollar.

"Bu ish orqali men onamga, otamga, singlimga – butun oilamga yordam beryapman," deydi u.

Ba’zi studiyalar o‘z ijrochilariga g‘amxo‘rlik qiladigan yaxshi muhit yaratishga etishga harakat qiladi. Masalan, Bi-bi-si eng yirik studiyalardan biri AJ Studios'ga borib, u yerda modellar uchun ruhiy salomatlikni qo‘llab-quvvatlovchi ichki psixolog bilan uchrashdi. Studiyada pedikyur, massaj, botoks va lab to‘ldirish xizmatlari "chegirma" bilan taklif qilinadi. Yuqori daromadli va boshqa modellarga yordam ko‘rsatuvchilar esa bu xizmatlarni mukofot sifatida bepul olishi mumkin.

Hojatxonaga borgani uchun jarima

Ammo, mamlakat prezidenti ta’kidlaganidek, har bir ijrochiga yaxshi sharoit yaratilmaydi yoki ular yaxshi pul topa olmaydi. Endi mazkur sanoat yangi mehnat qonuni orqali qattiqroq nazoratga olinishi mumkin.

Modellar va studiyalar Bi-bi-siga bildirishicha, striming platformalari odatda tomoshabin to‘lagan mablag‘ning 50 foizini oladi, studiyalar 20-30 foizini, modellarga esa qolgani tegadi. Ya’ni, agar tomosha $100 ishlab topsa, model odatda $20-$30 atrofida oladi. Ularning aytishicha, vijdonsiz studiyalar ko‘p holatda bundan ham ko‘prog‘ini o‘ziga oladi.

Modellar ba’zi holatlarda sakkiz soatlik seansda atigi $5 ishlab topishganini, bu ko‘proq efirni kam odam ko‘rganda bo‘lishini aytishdi.

Boshqalar esa 18 soatgacha uzluksiz efir qilishga majbur qilingani, ovqatlanishga yoki hojatxonaga chiqqani uchun jarima to‘lashga majbur bo‘lganini ta’kidladi.

Bu aytilayotgan holatlar 2024 yil dekabrida chop etilgan Human Rights Watch hisobotida ham qayd etilgan. Ushbu maqola uchun qo‘shimcha tadqiqot olib borgan muallif Erin Kilbrayd Bi-bi-siga aytishicha, ba’zi ayollar qandala va suvaraklar bosgan iflos, tor xonalarda tasvirga olingan va og‘riqli hamda qadr-qimmatni kamsituvchi jinsiy harakatlarga majburlangan.

Sofining aytishicha, o‘zi ishlagan studiya uni qilishni istamagan jinsiy xatti-harakatlarga majburlagan.

Surat manbasi, Jorge Calle / BBC

Surat tagso‘zi, Sofining aytishicha, o‘zi ishlagan studiya uni qilishni istamagan jinsiy xatti-harakatlarga majburlagan.

Ikki bolaning onasi medelinlik Sofi avval tungi klubda ofitsiant bo‘lib ishlagan, ammo mijozlarning haqoratlaridan charchab, seks-kamera modelligiga o‘tgan.

Ammo 26 yoshli Sofi aytishicha, ishlagan studiyasi undan og‘riqli va tahqirlovchi jinsiy harakatlarni, jumladan, yana uchta qiz bilan birga chiqishni talab qilgan.

Uning aytishicha, bunday talablar tomoshabinlardan keladi va studiya monitorlari – model va tomoshabin o‘rtasidagi vositachilar tomonidan tasdiqlanadi.

Sofi aytishicha, u bunday qilmasligini aytganida, "ular menda tanlov yo‘qligini aytishdi".

"Oxiri majbur bo‘ldim. Yo‘qsa akkauntimni bloklashardi," deydi u. Bu esa hisobni yo‘qotish bilan barobar edi.

Sofi hozir ham seks-kamera studiyalarida ishlaydi, chunki u Kolumbiyadagi oddiy maosh ikki farzandi va uni boqishga yetmasligini aytadi. U hozirda yuridik ta’lim olish uchun mablag‘ yig‘moqda.

Sofining aytishicha, uning seks-kamera sohasida ishlashi u farzandlarini boqishi va huquqshunoslik diplomi uchun pul tejashini anglatadi
Surat tagso‘zi, Sofining aytishicha, seks-kamera sohasida ishlashi uning uchun farzandlarini boqishi va huquqshunoslik diplomi uchun pul tejashini anglatadi.

Erin Kilbrayd ta’kidlashicha, bunday muammolar faqat Kolumbiya bilan cheklanmaydi. U yirik to‘rtta striming platformasi Bolgariya, Kanada, Chexiya, Vengriya, Hindiston, Ruminiya, Rossiya, Janubiy Afrika, Ukraina va AQShdagi studiyalardan ham kontent qabul qilishini aniqlagan.

Uning aytishicha, platforma siyosati va protokollaridagi "bo‘shliqlar inson huquqlari buzilishiga yo‘l ochishi yoki og‘irlashtirishi mumkin".

Bi-bi-si platformalardan studiyalardagi sharoitlar haqida so‘raganda, BongaCams vakili Milli Achinte aytishicha, u Kolumbiyadagi ba’zi studiyalarga borib, "modellarga haq to‘lanishini, xonalar tozaligini va modellar zo‘ravonlikka uchramasligini ta’minlashga harakat qilgan" sakkiz ayoldan iborat jamoa a’zosi bo‘lgan.

StripChat va Chaturbate studiyalarga borib tekshirmasliklarini va ijrochilarning to‘g‘ridan-to‘g‘ri ish beruvchisi emasliklarini aytdi. Ya’ni ular studiya va modellar o‘rtasidagi shartlarga aralashishmaydi. Biroq har ikki platforma "bexatar ish muhitini ta’minlashga sodiq ekanliklarini" bildirishdi. StripChat qo‘shimcha qilishicha, u studiyalardan "qulay ish sharoiti"ni ta’minlashni kutmoqda.

BongaCams, StripChat va Chaturbate hammasi, agar model zo‘rlanayotgani yoki majburlanayotgani aniqlansa, bunga aralashadigan jamoalari borligini bildirdi.

"Ular meni aldashdi"

Izabella ikki oy davomida har kuni soat 5:00 da uyg‘onib, veb-kamerada ishladi, maktabga bordi va farzandiga qaradi. U birinchi maoshini olish uchun juda intiq edi.

Biroq unga bor-yo‘g‘i 174,000 kolumbiya pesosi ($42) to‘langan. Bu uning kutganidan ancha kam edi. U studiya kelishilgan foizni berish o‘rniga daromadning ko‘pini o‘zlashtirgan, deb hisoblaydi.

"Bu pul juda oz edi", deydi u. Shu pulning bir qismini u sut va tagliklar sotib olishga sarflagan. "Ular meni aldashdi."

Izabella, hali ham maktabda o‘qishini davom ettirayotganiga qaramay, bir necha oy seks-kamerada model bo‘lib ishlagan, so‘ng tashlab ketgan.

Bu yoshda ko‘rgan munosabatlari uni ruhan qattiq jarohatladi. U yig‘lashdan to‘xtay olmasdi, onasi psixolog yolladi.

Izabella va yana olti nafar sobiq model birlashib, davlat prokuraturasiga rasmiy shikoyat arizasi topshirishdi. Ular studiyani voyaga yetmaganlarni ekspluatatsiya qilish, mehnat zo‘ravonligi va iqtisodiy zo‘ravonlikda ayblashmoqda.

"Mening videoyozuvlarim internetda hali ham bor. Ular yoshim yetmagan paytda yozilgan", deydi u. Ularni o‘chirtirishga uringanda o‘zini kuchsiz his qilgan. "Bu menga qattiq ta’sir qilgan. Hozir bu haqda o‘ylashni ham istamayman."

Maqolani tayyorlashda Vudi Morrisaning ham hissasi bor.