Uyqumda baqirib yuborardim: suriyalik alaviy ayollar o‘g‘irlanishi va zo‘rlanish haqida so‘zlab bermoqda

Suriya binolari va tepalik yonbag'irlari fonida qora niqobli ayol tasvirlangan kollaj tasviri - uning yuzi ko'rinmaydi. Uning orqasida va chap tomonida niqobli erkakning silueti tasvirlangan.
    • Author, BBC News Arab xizmati
  • O'qilish vaqti: 6 daq

Diqqat: Ushbu xabarda ayrim o‘quvchilar dilini xira qiladigan jinsiy zo‘ravonlik va shafqatsizlik tafsilotlari mavjud.

Ramiya Suriya g‘arbidagi Latakiya viloyatidagi qishlog‘ida jazirama yoz kunida oilaviy sayil uchun tayyorgarlik ko‘rayotganda, oq avtomobil kelib to‘xtaganini aytdi.

Undan uchta qurollangan erkak tushib, o‘zlarini hukumat xavfsizlik xodimi deb tanishtirgan va o‘smir qizni mashinaga sudrab olib chiqqan. Xavfsizligi va shaxsini himoya qilish maqsadida ismi o‘zgartirilgan bu qiz o‘z kechmishi haqida Bi-bi-si Jahon xizmatiga so‘zlab berdi.

Uning aytishicha, erkaklar uni kaltaklagan, yig‘lab qichqira boshlaganida yanada qattiqroq urgan.

"Ulardan biri mening sunniy yoki alaviy ekanligimni so‘radi. Alaviy deb javob berganim zahoti ular e’tiqodimni haqoratlashga tushdi", deya qo‘shimcha qildi u.

Ramiya 2024 yil dekabrda Bashar Asad diktaturasi ag‘darilganidan beri o‘g‘irlab ketilgani xabar qilingan o‘nlab ayollardan biridir.

Ayollar huquqlarini himoya qiluvchi "Suriya feministik lobbisi" (SFL) tashkiloti oilalar, OAV va boshqa manbalar orqali bedarak yo‘qolgan 80 dan ortiq ayol haqidagi ma’lumotlarni qayd etganini bildirdi. Tashkilot ularning 26 nafari o‘g‘irlash bilan bog‘liqligini tasdiqlagan.

Bedarak yo‘qolganlarning deyarli barchasi Suriya aholisining taxminan 10 foizini tashkil etadigan va ag‘darilgan prezident mansub bo‘lgan shialikning alaviy mazhabiga mansub ayollardir.

Dekabr oyida Latakiyada suratga olingan ushbu ayollar kabi namoyishchilar alaviy jamoalarini yaxshiroq himoya qilishni talab qilishdi.

Surat manbasi, Kenana Hendawi/Anadolu via Getty Image

Surat tagso‘zi, Dekabr oyida Latakiyada suratga olingan ushbu ayollar kabi namoyishchilar alaviy jamoalarini yaxshiroq himoya qilishni talab qilishdi.

Mazhabiy asosdagi zo‘ravonlik

Ikki alaviy ayol va yana uch nafarining oila a’zolari o‘g‘irlash va zo‘ravonlik tafsilotlarini Bi-bi-si bilan bo‘lishdi. Xavfsizligi va maxfiylikni saqlash maqsadida ularning barcha ismlari o‘zgartirildi.

Ularning barchasi muvaqqat hukumatning politsiya vazifasini bajarayotgan Umumiy xavfsizlik xizmati to‘laqonli tergov o‘tkazmaganini ta’kidladi. Ulardan biri aytishicha, o‘z boshidan o‘tganlarini xabar qilganida, xodimlar uni masxara qilgan.

Ichki ishlar vazirligi matbuot kotibi noyabrь oyida 42 ta o‘g‘irlik holati tekshirilgani, bittasidan tashqari hammasi "soxta" ekanini ma’lum qilgandi. Bi-bi-si murojaat qilganida, qo‘shimcha izoh bermasligini bildirdi. Biroq xavfsizlikka aloqador manba Bi-bi-siga o‘g‘irlash holatlari bo‘lganini, jumladan, ba’zilarida xavfsizlik xizmati a’zolari ham ishtirok etganini va ular ishdan bo‘shatilganini aytdi.

SFL qayd etgan o‘g‘irlash va bedarak yo‘qolish holatlari 2025 yil fevralidan dekabrь oyi boshigacha davrni qamrab oladi. Bu voqealar mart oyidan oldin ham, keyin ham sodir bo‘lgan. O‘sha paytda sohil hududlarida mazhabiy asosdagi zo‘ravonlik oqibatida 1400 dan ortiq odam, asosan alaviy tinch aholi halok bo‘lgandi. Sunniy islomchilar boshchiligidagi hukumatga sodiq kuchlar Asad tarafdorlarining halokatli hujumidan so‘ng qasos olish maqsadida qotilliklar uyushtirganlikda ayblangan.

Asad rejimi elitasining ko‘plab a’zolari alaviylar edi, ammo mazhabning boshqa a’zolari sobiq prezidentga qarshi chiqqani uchun ta’qibga uchragan.

"O‘z joniga qasd qilishga urinishlar"

Ramiya burqaga o‘ranishga majburlangani haqida gapirdi. Uni yerto‘ladagi xonaga qamab qo‘yishgan, u yerda yotoq va ustida gigiena buyumlari hamda prezervativ turgan shkaf bor edi.

O‘sha yerda ikki kun ushlab turilgan, bir marta qochishga uringan va ikki marta o‘z joniga qasd qilmoqchi bo‘lgan.

Meni tutib turgan shaxs arab tilida ravon gapirmaydigan "osiyocha qiyofali edi", deydi u, uning niqobini yechib, suratga olganini qo‘shimcha qilar ekan.

Ramiyaning aytishicha, shu binoda yashovchi, o‘zini o‘sha erkakning xotini deb tanishtirgan ayol suratdan maqsad "sotish narxini aniqlash" bo‘lganini tushuntirgan.

Uning so‘zlariga ko‘ra, ayol undan oldin ham "ko‘plab" ayollar o‘g‘irlab ketilgani, ularning ba’zilari zo‘rlanib, qo‘yib yuborilgani, boshqalari esa "sotilgani"ni aytgan.

Bi-bi-si o‘g‘irlangan ayollar sotilganini tasdiqlay olmadi, ammo faollar xabar berishicha, jabrlanganlar ularni sotish yoki majburiy nikohlash bilan tahdid qilishganini so‘zlab berishgan.

"Bir necha marta zo‘rlangan"

O‘ttiz yoshlardagi ona Nesma Bi-bi-siga aytishicha, uni Latakiya viloyatidagi qishlog‘idan oynalari parda bilan to‘silgan furgonda olib ketishgan.

Telefonda uning ovozi titrab chiqardi, u yetti kun davomida sanoat korxonasiga o‘xshash joyda baland derazali xonada ushlab turilganini va uch erkak uning qishloqdoshlari va sobiq tuzum bilan aloqasi bor-yo‘qligi haqida so‘roq qilganini aytdi.

Uning aytishicha, ularning barchasi niqob taqqan va suriyacha arab lahjasida gaplashgan. Ular unga "Alaviya ayollari sabaya bo‘lish uchun yaratilgan" deyishgan. Bu "cho‘ri" ma’nosini anglatuvchi eskirgan arabcha so‘z bo‘lib, ba’zi islomiy ekstremistlar jinsiy qul sifatida foydalaniladigan ayollarni shunday ataydi.

O‘tgan yili mart oyida G‘arbiy Suriyadagi sektalar o‘rtasida zo‘ravonlik 1400 dan ortiq insonning umriga zomin bo‘ldi

Surat manbasi, Abdulvacit Haci Isteyfi/Anadolu via Getty Images

Surat tagso‘zi, O‘tgan yili mart oyida G‘arbiy Suriyadagi sektalar o‘rtasida zo‘ravonlik 1400 dan ortiq insonning umriga zomin bo‘ldi

Asir oluvchilar uni bir necha bor zo‘rlashgan. U shunday dedi: "Men faqat o‘lim haqida o‘ylardim – o‘lib, bolamni onasiz qoldirishdan qo‘rqardim."

Yana bir o‘smir qiz Lin kaltaklash, qurol bilan qilingan tahdid va kundalik jinsiy zo‘ravonlikka duchor bo‘lgani haqida gapirdi uning onasi Hasna Bi-bi-si bilan suhbatda.

Uni tutqun qilgan erkak yuzini yashirgan, arab tilida yaxshi gapira olmagan va mart oyidagi zo‘ravonliklarda alaviylarni o‘ldirishda qatnashgani bilan maqtangan, dedi Hasna.

"U bizning qizlarimizni sabaya deb atardi, chunki "ular Xudoga ishonmaydi" derdi", deydi Hasna. Ba’zi sunniy ekstremistlar alaviylarni adashganlar deb hisoblaydi.

Bi-bi-si, shuningdek, xotini Nur o‘g‘irlab ketilgani va bir necha hafta davomida ushlab turilganini aytgan Ali hamda o‘smir qizining "ketma-ket 10 kun davomida" jinsiy zo‘ravonlikka uchraganini aytgan ona Sumaya bilan ham suhbatlashdi.

«Telefon orqali tahdid»

Nesma Bi-bi-siga aytishicha, u o‘g‘irlab ketilganini xabar qilgani borganda, xavfsizlik xodimlari unga "masxara va hurmatsizlik bilan" munosabat qilgan: "Ular menga "sayilda bo‘lgandirsan-da" deyishdi."

Ramiyaning aytishicha, dastlab politsiyachilar uning ishi bilan shug‘ullangandek ko‘ringan, ammo uni o‘g‘irlagan shaxs aniqlangach, qo‘ng‘iroqlariga javob bermay qo‘yishgan. Oila a’zolariga telefon qilib, bu haqda "gapirsangiz, badalini o‘taysiz" deb tahdidlar qilishgan. Shu sababli ular mamlakatdan qochishga majbur bo‘lishdi.

Ali Bi-bi-siga shunday dedi: "Ular o‘g‘rini hibsga olishdi, ammo keyin nima bo‘lganini bilmaymiz". U o‘g‘ri qo‘yib yuborilishidan va o‘zlarini "ta’qib qilishidan" qo‘rqqani haqida gapirdi.

Linning onasi aytishicha, qizi xavfsizlik xodimlari tomonidan bir necha bor "qiziqish va hamdardlik bilan" so‘roq qilingan, ammo bir necha oy o‘tsa hamki, tergov natijalaridan darak yo‘q. Sumaya sodir bo‘lgan voqea haqida xabar berganini, biroq hech qanday yangilik olmaganini aytdi.

Noyabrь oyida Umumiy xavfsizlik xizmatini nazorat qiluvchi Suriya Ichki ishlar vazirligi 42 ta odam o‘g‘irligi holati bo‘yicha matbuot anjumani o‘tkazdi.

Vazirlik matbuot kotibi Nuriddin al-Boboning aytishicha, faqat bitta holat "haqiqiy o‘g‘irlik" bo‘lgan. Uning so‘zlariga ko‘ra, qolganlari "ixtiyoriy qochish", "qarindoshlari yoki do‘stlari bilan qolish", "oiladagi zo‘ravonlikdan qochish", "ijtimoiy tarmoqlarda yolg‘on da’volar" yoki "fohishalik va tovlamachilik bilan shug‘ullanish" deb izohlangan, to‘rttasi esa "aybdorlar qamalgan jinoiy huquqbuzarliklar" ekan.

U vazirlik bunday xabarlarga "o‘ta jiddiy va mas’uliyat bilan" yondashganini ta’kidladi.

Noyabrь oyi oxirida Bi-bi-si to‘plangan ma’lumotlarga munosabat olish uchun vazirlik bilan bog‘landi. Vazirlik boshqa izoh bermasligini aytdi.

Latakiyadagi ko'p qavatli binolar orasidan o'tadigan asosiy yo'lning aerofotosurati. Yo'l mashinalar bilan gavjum va o'rtasida aylana shaklidagi chiziq mavjud. Dengiz osmon chizig'ida ko'rinadi, port infratuzilmasi esa ko'rinadi.

Surat manbasi, OMAR HAJ KADOUR/AFP via Getty Images

Qirg‘oqbo‘yi hududidagi xavfsizlik manbasi Bi-bi-siga anonimlik sharti bilan shunday dedi: "Ba’zi shaxslar moliyaviy tovlamachilik, o‘zboshimchalik yoki avvalgi tuzum davridan qolgan shaxsiy sabablar tufayli odam o‘g‘irlamoqda."

Uning so‘zlariga ko‘ra, bunday shaxslar orasida Umumiy xavfsizlik xizmati xodimlari ham bor. "Ba’zi ofitserlar odam o‘g‘irlashni qasos sifatida ko‘radi, – dedi u. – Ayrim holatlar fosh etilib, aybdor xodimlar darhol ishdan bo‘shatildi."

Bi-bi-si bilan suhbatlashgan to‘rt nafar ayol va ularning oila a’zolari o‘g‘rilarning kimligini bilmasliklarini aytishdi. Bittasi bilishini, ammo u xavfsizlik xizmatidan emasligini aytdi. Ikkitasi jamoatchilik bosimi tufayli qo‘yib yuborilganini, qolganlari esa nima uchun ozod qilinganini bilmasliklarini aytishdi.

"Jazosizlik muhiti"

Abdulvacit Haci Isteyfi/Anadolu via Getty Images
Ular menga "Alaviy ayollari sabaya bo‘lish uchun yaratilgan" deyishdi. Men faqat o‘lim haqida o‘ylardim – o‘lib, bolamni onasiz qoldirishdan qo‘rqardim.
30 yashar ona Nesma
Zo'rlanganini aytgan alaviy ayol (Batafsil: bbc.com/uzbek)

Iyul oyida Xalqaro Amnistiya tashkiloti uch yoshdan 40 yoshgacha bo‘lgan kamida 36 nafar alaviy ayol va qizlar o‘g‘irlangani haqida ishonchli xabarlar olganini, sakkizta holatni batafsil hujjatlashtirgani haqida ma’lum qildi.

Tashkilotning mintaqaviy direktori o‘rinbosari Kristin Bekkerle Bi-bi-siga bergan intervyusida, ular hujjatlashtirgan "deyarli barcha" holatlarda oilalar "tergov natijasi bo‘yicha hech qanday tayinli ma’lumot olmagani haqida" gapirgan.

Germaniyada istiqomat qiluvchi suriyalik huquq himoyachisi va yozuvchi Yamen Husaynning fikricha, omon qolganlarning hikoyalari o‘g‘irlashlar "mag‘lub tomonni tahqirlashga asoslangani" va "alaviy ayollar orasida qo‘rquv uyg‘otish" ko‘zlanganini ko‘rsatadi.

Skip Ijtimoiy tarmoqlardagi sahifalarimiz: and continue readingIjtimoiy tarmoqlardagi sahifalarimiz:

End of Ijtimoiy tarmoqlardagi sahifalarimiz:

Biroq, uning qo‘shimcha qilishicha, "umumiy jazosizlik muhiti" hech qanday mafkuraviy maqsadi bo‘lmagan guruhlarni ham odam o‘g‘irlashga rag‘batlantirgan.

SFL ma’lumotlariga ko‘ra, oz sonli druz va sunniy ayollar o‘g‘irlab ketilgani xabar qilingan, ammo keyinchalik ular ozod qilingan. Tashkilot ma’lumotiga ko‘ra, 16 nafar ayoldan – ularning barchasi alaviylar – hanuz darak yo‘q.

Bi-bi-si suhbatlashgan oilalar hamon qo‘rqib yashamoqda – ular gapirganlik uchun qasosdan ham, jinsiy tahqirlanganlik bilan bog‘liq ijtimoiy isnoddan ham qo‘rqmoqda.

Lin doim xavotirda yashaydi, eshik taqillasa yuragi o‘ynaydi, deydi onasi. Nesmaning turmushi barbod bo‘ldi. "Uyqumda baqirib yuborardim", deydi Ramiya. U terapevtga murojaat qilayotganini, ammo hali ham uxlashga qiynalayotganini va "taskin topolmayotganini" aytdi.

Alining Bi-bi-siga aytishicha, u va Nur adolat izlashdan juda qo‘rqishgan. Sumaya esa qizi maktabga qaytganini, ammo "atrofdagi hech kim bo‘lib o‘tgan voqeadan xabardor emasligini" aytdi.

"Bizga nima bo‘lganini inkor etmasligimiz, shu bilan birga o‘zimizni xavf ostiga ham qo‘ymasligimiz kerak", deydi u.