Qamchibek Tashiev Qirg‘izistondan chiqib ketdi

10 fevralda Qirg‘iziston prezidenti Sadir Japarov Qamchibek Tashievni Vazirlar Mahkamasi raisining o‘rinbosari — Milliy xavfsizlik davlat qo‘mitasi raisi lavozimidan bo‘shatgan edi.

Surat manbasi, Official

Surat tagso‘zi, 10 fevralda Qirg‘iziston prezidenti Sadir Japarov Qamchibek Tashievni Vazirlar Mahkamasi raisining o‘rinbosari — Milliy xavfsizlik davlat qo‘mitasi raisi lavozimidan bo‘shatgan edi.
    • Author, Bi-bi-si yangiliklar bo‘limi
  • O'qilish vaqti: 2 daq

Qirg‘iziston Milliy xavfsizlik davlat qo‘mitasining (MXDQ) sobiq raisi Qamchibek Tashiev chet elga chiqib ketdi. Bu haqda 17 fevralda uning tarafdori, jurnalist O‘tkurbek Raxmanov ma’lum qilib, ijtimoiy tarmoqlarda video e’lon qildi. Videoda Qamchibek Tashievning odamlar bilan xayrlashayotganini ko‘rish mumkin.

MXDQ sobiq raisi, mamlakatdagi "ikkinchi odam" deb atalib kelgan Qamchibek Tashiev chet elga qanday maqsadda ketgani noma’lum. Bu borada uning tarafdorlari yoki yaqinlari hozircha ma’lumot berishmadi.

Prezident Sadir Japarov 16 fevral kuni mamlakatdagi so‘nggi siyosiy voqealar va Qamchibek Tashiev bilan munosabatlari haqida "Kabar" milliy axborot agentligiga intervyu bergan edi. Unda davlat rahbari Tashiev bilan do‘st bo‘lib qolishini, biroq u hech qanday davlat lavozimiga kelmasligini aytgan.

Skip Ijtimoiy tarmoqlardagi sahifalarimiz and continue readingIjtimoiy tarmoqlardagi sahifalarimiz

End of Ijtimoiy tarmoqlardagi sahifalarimiz

10 fevralda Qirg‘iziston prezidenti Sadir Japarov Qamchibek Tashievni Vazirlar Mahkamasi raisining o‘rinbosari — Milliy xavfsizlik davlat qo‘mitasi raisi lavozimidan bo‘shatgan edi. O‘sha kuni Germaniyada bo‘lgan Tashiev bu qaror u uchun kutilmagan bo‘lganini bildirgan. Japarov esa qaror qabul qilishdan oldin do‘stiga telefon qilganini aytgan.

Sadir Japarov
president.kg
Ha, uchrashdik. Kecha kechqurun qabul qildim. Dam ol, do'stim, sog'lig'ingga qara, tinch yur, dedim.
Sadir Japarov
Qirg'iziston prezidenti (bbc.com/uzbek)

Bundan oldin Qamchibek Tashievning tarafdorlari u matbuot anjumani o‘tkazishini bildirishgan edi. Biroq Tashiev shu kunlarda jurnalistlar bilan uchrashmadi.

Sadir Japarov 16 fevraldagi intervyusida Qamchibek Tashiev bilan uchrashganini va u davlat xizmatiga qaytmasligini ta’kidladi:

"Ha, uchrashdik. Kecha kechqurun qabul qildim. "Dam ol do‘stim, sog‘lig‘ingga qara, tinch yur", dedim. Do‘stimning aytishicha, u "oqsoqollar" deymizmi, "ko‘ksaqollar" deymizmi, hech kim bilan gaplashmagan ekan. Shundan kelib chiqib xulosa qildimki, anavilar do‘stimga bildirmasdan, o‘zlaricha maxfiy reja bilan ish olib borishgan. Ruslar aytganidek, unga "ayiq xizmatini" (medvejьya usluga) ko‘rsatishdi", — dedi Sadir Japarov.

Shu kunning o‘zida Tashievning ukasi Shairbek Tashiev "Azattiq"qa intervyu berib, Germaniyadan qaytgan akasi bilan uchrashganini, sog‘lig‘ini tiklash uchun vaqt kerakligini va prezidentning qarori ularning oilasida hech qanday norozilik (rezonans) uyg‘otmaganini ta’kidladi. Bundan avval deputat Shairbek Tashievning ham Qirg‘izistondan chiqib ketgani haqida mish-mishlar tarqalgan edi:

"Sog‘lig‘ini tiklash uchun yana vaqt kerak. Prezident qabul qilgan qarorlarga kelsak, barcha xodimlar va fuqarolar prezident qarorini bajarishi shart. Bu prezidentning qarori va qonuniy holat. Biz uni to‘g‘ri yoki noto‘g‘ri deb tahlil qilishdan yiroqmiz. Bu qaror oilamizda hech qanday rezonans keltirib chiqarmadi".

57 yoshli Qamchibek Tashiev Sadir Japarovning do‘sti va siyosatdagi tandemdoshi sifatida davlatni boshqarish hamda qarorlar qabul qilish jarayonlarida bevosita ishtirok etib kelgan edi.