Eronning AQSh hujumiga bu safargi javobi nima uchun boshqacha bo‘lishi mumkin?

USS Abraham Lincoln (CVN-72), Nimits turkumiga mansub yadroviy dvigatelga ega avianosets, 2025‑yil 11‑avgustida AQShning Kaliforniya shtati, San-Diego shahridagi Nort Aylend harbiy-dengiz aviatashuvchilari bazasida tasvirlangan.

Surat manbasi, Mike Blake/Reuters

Surat tagso‘zi, "Avraam Linkoln" aviatashuvchi zarba guruhi Yaqin Sharqqa yetib keldi, deb xabar berilmoqda
    • Author, Amir Azimi
    • Role, BBC yangiliklari Fors xizmati
  • O'qilish vaqti: 5 daq

AQSh Markaziy qo‘mondonligi mas’ul bo‘lgan hududga, Eron suvlariga yaqin joyga, "Avraam Linkoln" aviatashuvchi zarba guruhi kelgani keng miqyosli to‘qnashuv yuz berishi mumkinligi haqidagi xavotirni yanada kuchaytirdi.

Erondagi norozilik namoyishlariga qarshi eng keng qamrovli va shafqatsiz choralar ko‘rilayotgan bir paytda, bu joylashtiruv Vashington va Tehron to‘g‘ridan-to‘g‘ri to‘qnashuvga yaqinlashganini ko‘rsatadi.

Eron rahbarlari, bir tomondan, rejimni yo‘q qilishni tobora ko‘proq talab qilayotgan norozilik harakati va, boshqa tomondan, o‘z niyatini atay mujmal qoldirayotgan, nafaqat Tehronda, balki shundoq ham beqaror mintaqada xavotir uyg‘otayotgan AQSh prezidenti o‘rtasida qisilib qolgandek ko‘rinmoqda.

Eronning keyingi ehtimoliy javob zarbasi Vashington bilan oldingi qarama-qarshiliklarda ko‘ringan andazaga mos kelmasligi mumkin.

Prezident Donald Trampning so‘nggi tahdidlari Eronning ichki tartibsizliklarni zo‘ravonlik bilan bostirishi manzarasida, g‘oyat og‘ir ichki taranglik paytida yangradi. AQShning hozir har qanday hujumi eskalatsiyani mintaqaviy miqyosda va Eron ichida sezilarli darajada oshirib yuborishi mumkin.

So‘nggi yillarda Tehron shoshmasdan va cheklangan qasos olishni afzal ko‘rib kelmoqda.

2025 yil 21-22 iyunь kunlari AQSh Eron yadro ob’ektlariga zarba berganidan so‘ng, Eron ertasi kuni Qatardagi AQSh boshqaradigan Al-Udeyd aviabazasiga raketa hujumi bilan javob qaytardi.

Prezident Trampning aytishicha, Eron zarba haqida oldindan ogohlantirgan, bu esa havo mudofaasiga raketalarning aksariyatini yo‘q qilish imkonini bergan. Qurbonlar haqida xabar qilinmagan. Bu almashinuv Eronning keng ko‘lamli urushdan tiyilgani, shunchaki o‘z qat’iyatini ko‘rsatishga uringani sifatida talqin qilindi.

Xuddi shunday holat 2020 yil yanvarida, Trampning birinchi prezidentligi davrida ham kuzatilgan. 3 yanvarь kuni Bag‘dod aeroporti yaqinida AQSh Quds kuchlari qo‘mondoni Qosim Sulaymoniyni o‘ldirganidan so‘ng, Eron besh kun o‘tib AQShning Iroqdagi Ayn al-Asad aviabazasiga raketalar bilan hujum qilgandi.

Yana oldindan ogohlantirish bilan. AQSh harbiy xizmatchilari halok bo‘lmagan bo‘lsa-da, keyinchalik o‘nlab kishilar bosh miya jarohatlari haqida xabar berishdi. Bu voqea Tehronning vaziyatni keskinlashtirish emas, balki uni boshqarishga intilganini tasdiqlardi.

2026‑yil 9‑yanvarda tarqatilgan ijtimoiy tarmoqdagi video tasviridan olingan kadrda Eronning Tehron shahrida hukumatga qarshi tartibsizliklar avj olayotgan bir paytda, transport vositalari yonib turgani orasida namoyishchilar to‘plangani ko‘rsatilgan.

Surat manbasi, Reuters

Surat tagso‘zi, Tramp namoyishchilar o‘ldirilgan taqdirda Eronga hujum qilish bilan tahdid qilgan

Hozirgi vaziyat esa butunlay boshqa.

Eron 1979 yilda Islom Respublikasi tashkil etilganidan beri ichki tartibsizliklarning eng jiddiy to‘lqinlaridan biridan o‘tmoqda.

Dekabrь oyi oxiri va yanvarь oyi boshlarida boshlangan norozilik namoyishlari qattiq zo‘ravonlik bilan bostirildi. Mamlakat ichidagi inson huquqlari tashkilotlari va tibbiyot xodimlari bir necha ming kishi halok bo‘lgani, yana ko‘plab odamlar jarohatlangani yoki hibsga olingani haqida xabar berdi.

Kirish imkoniyati yo‘qligi va ikki haftadan ortiq davom etgan internet uzilishi tufayli aniq raqamlarni tekshirish imkonsiz. Eron rasmiylari halok bo‘lganlar uchun javobgarlikni o‘z zimmasiga olmadi, aksincha, ular "terrorchi guruhlar"ni va Isroilni tartibsizlik qo‘zg‘atishda aybladi.

Bu bayonotlar davlatning eng yuqori darajalarida ham takrorlandi. Yaqinda Eron Oliy Milliy Xavfsizlik Kengashi kotibi norozilik namoyishlarini o‘tgan yozda Isroil bilan bo‘lgan 12 kunlik urushning davomi sifatida ko‘rish kerakligini aytdi. Bu esa qatag‘onning ko‘lami hamda shiddatini oqlash uchun bahona sifatida ishlatilgan bo‘lishi mumkin.

O‘shandan buyon ko‘cha namoyishlari ko‘lami kamaygan bo‘lsa-da, ular to‘xtamadi. Noroziliklar hali ham hal etilmagan, jamiyatning aksar qismi bilan hukmron tizim o‘rtasidagi ajralish bunchalik keng bo‘lmagandi.

Xabar qilinishicha, 8 va 9 yanvar kunlari xavfsizlik kuchlari katta kuch bilan nazoratni qayta tiklashdan oldin yirik shaharlardagi bir qancha shahar va mahallalarning bir qismini nazoratdan chiqarib yuborgan.

Nazoratning qisqa muddat yo‘qolishi hokimiyatni qattiq sarosimaga solgan ko‘rinadi. Shundan so‘ng o‘rnatilgan tinchlik muzokaralar emas, kuch bilan o‘rnatildi, bu esa vaziyatni juda yonuvchan, mo‘rt qilib qo‘ydi.

Murosasiz ritorika

Shu vaziyatda AQShning har qanday zarbasi hal qiluvchi ahamiyat kasb etadi.

Cheklangan darajadagi hujum Vashingtonga mintaqaviy urushga sabab bo‘lmasdan, harbiy g‘alabaga erishganini da’vo qilish imkonini berishi mumkin, ammo bu Eron rasmiylariga ichki qatag‘onlarning navbatdagi bosqichi uchun bahona bo‘lishi ham mumkin.

Bunday stsenariy yangi qatag‘onlar, ommaviy hibslar va qamoqda bo‘lgan namoyishchilar uchun o‘lim jazosi xavfini tug‘diradi.

Boshqa tomondan, AQShning Eron davlatini sezilarli zaiflashtiradigan yoki izdan chiqaradigan kengroq harbiy kampaniyasi mamlakatni tartibsizlik yoqasiga olib kelishi mumkin.

90 milliondan ortiq aholi yashaydigan mamlakatda markaziy hokimiyatning to‘satdan qulashi silliq yoki tez o‘tish jarayoniga olib kelishi dargumon. Aksincha, u uzoq muddatli beqarorlik, guruhlar o‘rtasidagi zo‘ravonlikka turtki berishi, kamiga bu butun mintaqa bo‘ylab yoyilishi mumkin, buning oqibatlarini bartaraf etish uchun yillar talab etiladi.

Tehronning tobora murosasiz ritorikasini ana shu xavflar bilan izohlash mumkin.

Islomiy inqilob qo‘riqchilari korpusi va muntazam qurolli kuchlarning yuqori martabali qo‘mondonlari, shuningdek, yirik siyosiy amaldorlar AQShning har qanday hujumi, ko‘lamidan qat’i nazar, urush harakati sifatida qabul qilinishidan ogohlantirdilar.

Bunday bayonotlar Eronning qo‘shnilarini, ayniqsa, AQSh kuchlari joylashgan Fors ko‘rfazi davlatlarini tashvishga soldi. Eronning tezkor javobi bu mamlakatlar va Isroilni, ularning bevosita ishtiroki bo‘lmasa ham, xavf ostiga qo‘yadi, mojaroning Eron va AQShdan tashqariga tarqalish ehtimolini oshiradi.

Vashington ham cheklovlarga duch kelmoqda. Tramp bir necha bor Eron rahbariyatini namoyishchilarga nisbatan zo‘ravonlik ishlatmaslikka chaqirdi va tartibsizliklar avjiga chiqqan paytda eronliklarga "yordam borayotgani"ni aytdi. Bu so‘zlar Eron ichida keng tarqalib, namoyishchilarda umid uyg‘otdi.

2025‑yil 22‑iyunda AQSh havo hujumlaridan so‘ng Eronning Natanz yadroviy boyitish majmuasi tasvirlangan qo‘lyozma sun’iy yo‘ldosh surati e’lon qilingan.

Surat manbasi, Maxar Technologies/EPA

Surat tagso‘zi, 2025‑yil iyun oyida Eronning Isroil bilan urushi davomida AQSh Eronning yadroviy ob’ektlariga hujum qilgan

Har ikki tomon ham keng strategik manzaradan xabardor.

Tramp Eronning o‘tgan yozgi 12 kunlik urushdan oldingiga nisbatan harbiy jihatdan zaifroq ekanini biladi, Tehron esa Trampning keng ko‘lamli, muddatsiz urushga hushi yo‘qligini anglab turibdi.

Bu o‘zaro xabardorlik ma’lum darajada xotirjamlik berishi, ammo ayni paytda xavfli noto‘g‘ri xayollarni ham keltirib chiqarishi mumkin. Bunda har bir tomon o‘z imkoniyatini ortiqcha baholashi yoki raqib niyatlarini noto‘g‘ri talqin qilishi mumkin.

Tramp uchun muvozanatni qanday bo‘lmasin saqlash juda muhim. Unga Eronni yangi qatag‘onlar silsilasiga, tartibsizliklarga olib bormasdan, g‘alaba qozonganini ko‘rsatsa bo‘ladigan natija kerak.

Eron rahbarlari esa so‘nggi tartibsizliklar ko‘lamidan larzaga tushgan mamlakatning tashqi dushmanlarini tiyib turish va ichkarida nazoratni qayta o‘rnatish uchun tezkorlik zarur deb hisoblasa, kechiktirilgan, ramziy qasos endi yetarli bo‘lmasligi mumkin.

Biroq, tezkor javob qaytarish xato qilish xavfini keskin oshiradi va mintaqaviy ishtirokchilarni mojaroga tortib ketishi mumkin.

Har ikki tomon ham kuchli bosim ostida. Manyovr qilish imkoniyati cheklangan. Uzoq davom etgan hal qiluvchi o‘yin o‘zining eng xavfli pallasiga yaqinlashmoqda. Bu nuqtada muvozanatni buzish oqibatlari nafaqat hukumatlarga, balki millionlab oddiy eronliklar va butun mintaqaga ta’sir etadi.