O‘zbekiston: AQSh bilan yangi platforma, blogerlarga jazo, Britaniyalik Lord bilan nimalar gaplashildi?

Surat manbasi, Prezident.uz
O‘zbekiston–AQSh: Investitsiyalarda yangi sahifa
O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Vashingtonda ishbilarmonlik tadbirlari doirasida AQSh Eksport-import banki rahbari Jon Yovanovich va Xalqaro moliyaviy taraqqiyot korporatsiyasi (DFC) direktori Ben Blek bilan uchrashdi.
Uchrashuvda o‘tgan yili Prezident Donald Tramp bilan bo‘lgan muzokaralar AQSh biznesi bilan hamkorlikni kengaytirishga katta turtki bergani aytilgan.
Investitsiya platformasini ishga tushirish, Ishbilarmonlik kengashi ishini qo‘llab-quvvatlash va muhim loyihalarni muntazam ilgari surish masalalariga alohida e’tibor qaratilgan.
Eksimbank bilan yirik sanoat va infratuzilma loyihalarini moliyalashtirish, shuningdek, zamonaviy texnikalarni yetkazib berishni qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha kelishuvlar belgilangan.
DFC rahbariyati bilan qilinadigan hamkorlikni mustahkamlash, yirik milliy va mintaqaviy loyihalarda ishtirok etish, moliya bozori va energetika sohasini rivojlantirish bo‘yicha rejalarga e’tibor qaratildi va ularning qo‘llab-quvvatlanishi ta’kidlangan.
Prezident Mirziyoyev AQSh tomonini Toshkent xalqaro investitsiya forumida ishtirok etishga taklif qilgan.
Uchrashuv yakunida O‘zbekiston va AQSh o‘rtasida investitsiya platformasini yaratish to‘g‘risidagi bitim imzolangan hujjatlar almashilgan.
Ta’qiqlangan kontent javobsiz qolmadi

Surat manbasi, Getty Images
Raqobat qo‘mitasi axborot resurslari va ijtimoiy tarmoqlarda tarqatilayotgan reklamalarning qonunchilikka muvofiqligi bo‘yicha olib borayotgan monitoringlari davomida qator qoidabuzarliklarni aniqlagan.
Tahlillar jarayonida yuz minglab kuzatuvchilari mavjud bo‘lgan ayrim blogerlar o‘z sahifalarida bukmekerlik xizmatlarini reklama qilgani ma’lum bo‘ldi. Shuningdek, qimor o‘yinlarini targ‘ib etuvchi sahna ko‘rinishlari bilan tayyorlangan videolar tarqatilgani aniqlangan.
Aniqlangan holatlar yuzasidan Raqobat qo‘mitasi tomonidan blogerlar ma’muriy javobgarlikka tortilishi bo‘yicha belgilangan tartibda choralar ko‘rilgan va materiallar sudga yuborilgan.
Qayd etilishicha, O‘zbekistonning "Reklama to‘g‘risida"gi Qonuniga muvofiq, mamlakat hududida qimor va tavakkalchilikka asoslangan o‘yinlarni reklama qilish qat’iyan taqiqlanadi. Bu talabni buzish javobgarlikka sabab bo‘ladi.
O‘zbekiston–Britaniya hamkorligi kengayadi

Surat manbasi, Prezident.uz
O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 17-fevral kuni Buyuk Britaniyaning Markaziy Osiyo va Ozarbayjon bo‘yicha savdo vakili, lord Jon Olderdays bilan uchrashdi.
Uchrashuvda O‘zbekiston va Buyuk Britaniya o‘rtasidagi hamkorlikni - savdo va iqtisodiyot yo‘nalishlarini yanada kengaytirish masalalari muhokama qilingan.
Xavfsizlik borasida ham yaqindan hamkorlik yo‘lga qo‘yilgan.
So‘nggi 5 yilda O‘zbekiston va Britaniya o‘rtasidagi savdo hajmi ikki baravar oshgani ta’kidlab ketilgan.
London fond birjasida O‘zbekistonning 15 milliard dollardan ortiq obligatsiyalari mavjud. O‘tgan yilidan beri Qo‘shma iqtisodiy qo‘mita ham faoliyat boshlagani aytib o‘tilgan.
O‘zbekistonga kelayotgan britaniyalik sayyohlar soni ham ortib borayotgani ham nazardan qochmagan.
Uchrashuvda energetika, moliya, geologiya, transport, kimyo, farmatsevtika, fan va ta’lim sohalarida yangi loyihalarni amalga oshirish muhimligi qayd etilgan. Shuningdek, mintaqaviy va global masalalar ham muhokama qilingan.
Uchrashuv yakunida ikki tomonlama hamkorlikni yanada rivojlantirish bo‘yicha qo‘shma "yo‘l xaritasi"ni tayyorlashga kelishib olingan.
































