Rossiya: Moskvada yana bir general otib ketildi

General-leytenant Vladimir Alekseev

Surat manbasi, Rossiya mudofaa vazirligi

Surat tagso‘zi, General-leytenant Vladimir Alekseev
    • Author, Bi-bi-si yangiliklar bo‘limi
  • O'qilish vaqti: 1 daq

Rossiya armiyasining nufuzli generali Moskvada otib ketildi va jarohat oldi.

General-leytenant Vladimir Alekseev poytaxtning shimoli-g‘arbidagi Volokolamskoe shosseda yuz bergan hujum ortidan zudlik bilan kasalxonaga olib ketilgan. Uning ahvoli hozircha noma’lum.

"Jabrlanuvchi shahar kasalxonalaridan biriga yotqizildi", - dedi Rossiya Tergov qo‘mitasi vakili Svetlana Petrenko. Qotillik harakati bo‘yicha jinoiy ish ochilgan.

Alekseev - Rossiya harbiy shtabining bosh boshqarmasidagi yuqori darajali shaxs.

U Ukraina urushida muhim rol o‘ynagan va Rossiya 2022 yilda Mariupolni ishg‘ol qilganida muzokaralarda qatnashgan.

2018 yilda GRU Britaniyaning Solsberi shahridagi novichok hujumiga aloqadorlikda ayblangach, Alekseev Yevropa Ittifoqining sanksiyasiga tushgandi.

U, shuningdek, 2023 yilda «Vagner» jangarilar guruhining rahbari Yevgeniy Prigojin Rossiya armiyasiga qarshi yurish qilganida, «Vagner»ning kuratorlaridan biri deb atalgandi.

Yurish ortidan u Prigojin bilan kelishish uchun yo‘llangan.

Rossiya matbuoti tergovchilarga tayanib yozishicha, Alekseevga turar joyda to‘pponchadan o‘t ochilgan.

O‘t ochgan erkak hozirda qidirilmoqda.

Skip Ijtimoiy tarmoqlardagi sahifalarimiz and continue readingIjtimoiy tarmoqlardagi sahifalarimiz

End of Ijtimoiy tarmoqlardagi sahifalarimiz

Hozircha hujum ortida kim turgani noma’lum. O‘tmishda Ukraina Rossiyaning yuqori rutbali zobitlariga qarshi ba’zi hujumlar uchun mas’uliyatni olgan.

Rossiya josuslik kuchlari o‘tgan oy oxirida Sankt-Peterburgda rus askarini o‘ldirish harakatini to‘xtatib qolishganini aytishgan.

Alekseev qariyb to‘rt yil avval Rossiya Ukrainaga qarshi keng-ko‘lamli urushni boshlaganidan beri nishonga olingan yana bir yuqori rutbali zobit bo‘lmoqda.

2025 yil aprelida Rossiya Qurolli kuchlarining bosh shtabi general-leytenanti Yaroslav Moskalik o‘ldirib ketilgandi.

O‘zbekistonning Angren shahrida tug‘ilgan Moskvalik o‘z uyi tashqarisidagi avtomobilining portlashi oqibatida o‘lgan.

O‘tgan yil noyabrida Rossiya sudi Ignat Kuzinni umrbod qamoq jazosiga hukm qildi.

2024 yil yanvarida esa o‘zbekistonlik Ahmadjon Qurbonov yana bir general, Igor Kirillovning o‘limi uchun qamoq jazosiga hukm qilindi.

Rossiyaning yadroviy, biologik va kimyoviy mudofaa qo‘shinlari rahbari bo‘lgan Kirillov Moskvadagi turar joyi tashqarisida yuz bergan portlashda o‘lgandi.