Qo‘shnilar islohoti va O‘zbekistondagi "to‘xtab qolgan" kurash: Siyosiy iroda yetmayaptimi?

Qora kostyum kiygan, yumshoq yuzli, kalta sochli erkak ekranga qarab turgan rasmi

Surat manbasi, Ilyos safarov

O'qilish vaqti: 3 daq

Qirg‘iziston prezidenti imzolagan "Korruptsiyaga qarshi kurashish to‘g‘risida"gi qonun haqidagi xabarlar o‘zbekistonliklarning ham diqqatini tortmoqda. Ikki davlatdagi islohotlar doimiy qiyoslab kelingani bois, prezident Sadir Japarov imzolagan yangi hujjat bilan o‘rnatilgan qat’iy taqiqlar — xususan, amaldorlarga xorijiy banklarda hisob raqami ochishning man etilishi va yaqin qarindoshlarning biznesiga ko‘maklashishga qo‘yilgan to‘siqlar — O‘zbekiston ijtimoiy tarmoqlarida qizg‘in muhokamalarga sabab bo‘lmoqda. Muhokamalarda asosan O‘zbekistonda bu kabi amaldorlarni jilovlovchi qonunlar nega qabul qilinmasligi yoki ishlamasligi haqida bir oz kinoyali va tanqidiy izohlar yozilganini ko‘rish mumkin.

Qirg‘iziston modeli: Korruptsiyani jilovlashning yangi dastaklari

Facebook sahifasidagi izohlardan biri ekrandan suratga olingan.

Surat manbasi, Facebook sahifasidan

Qirg‘iziston prezidenti imzolagan "Korruptsiyaga qarshi kurash to‘g‘risida"gi qonun korruptsiyaning oldini olishning bir nechta muhim va keskin dastaklarini taqdim etadi.

Masalan, unda mulozimlarga xorijiy banklarda hisob raqami ochish va egalik qilish taqiqlanishi aniq yozilgan. Bu chora davlat mablag‘larining noqonuniy ravishda mamlakatdan chiqib ketishiga to‘siq qo‘yish hamda amaldorlarning moliyaviy sodiqligini ta’minlashga qaratilgan. Bu nafaqat naqd pul mablag‘larini, balki xorijdagi boshqa turdagi moliyaviy aktivlarni ham qamrab oladi.

Shu bilan birga, davlat xizmatchilariga o‘z yaqin qarindoshlari yoki quda-andalarining tadbirkorlik faoliyatiga har qanday shaklda ko‘maklashish taqiqlandi. Agar amaldor o‘ziga yaqin bo‘lgan kompaniyalar ishtirok etayotgan bitimlarda qatnashsa, bu avtomatik ravishda korruptsion huquqbuzarlik deb baholanadi. Qonunning yana bir muhim jihati — moliyaviy nazoratning kuchaytirilishidir. Amaldorlar endilikda nafaqat o‘z daromadlari, balki xarajatlari, mulki va chet eldagi har qanday ulushlari haqida deklaratsiya berishi shart etib belgilandi.

O‘zbekiston: Va’dalar va "siyosiy iroda" muammosi

Facebook sahifasidagi izohlardan biri ekrandan suratga olingan.

Surat manbasi, Facebook sahifasidan

O‘zbekistonda ham davlat amaldorlarining daromad va xarajatlarini deklaratsiya qilish tizimi qariyb o‘n yildan beri muhokama qilinadi, ammo amalda to‘liq ishga tushgani yo‘q. Jurnalist Ilyos Safarovning Bi-bi-siga aytishicha, O‘zbekistonda korruptsiyaga qarshi kurashishdagi asosiy muammo, siyosiy irodaning yetishmasligida:

"O‘zbekistonda oddiy odamga yoki kichik lavozimdagi odamga kelganda qonun qattiqroq ta’sir kuchiga ega, davlat ahamiyatiga ega kattaroq amaldorga kelganda esa qonundagi eng yumshoq jazolar qo‘llanishi yoki ko‘p hollarda umuman chora ko‘rilmasligi, hatto korruptsiyaviy tekshiruvlar eng uzog‘i bir hokimiyat darajasida qolayotgani asosiy muammodir".

Ilyos Safarovning qo‘shimcha qilishicha, o‘tgan yili O‘zbekiston bosh prokurori prezidentga yil oxirigacha O‘zbekistonni maishiy korruptsiyadan xoli xududga aylantiramiz, deb va’da bergan, ammo yil tugaganiga qaramay bu va’da bajarilmagan.

"Birinchidan maishiy korruptsiya barham topmadi. Hali ham davom etmoqda. Ikkinchidan, nega endi faqat maishiy korruptsiya? Biz bilmaymiz-mi, elitar korruptsiya kuchli ekanini, ko‘pligini? Uning muammosi maishiy korruptsiyadan ko‘ra kattaroq ekanligini? Bilamiz!", - deydi u.

O‘zbekistonlik jurnalist Bi-bi-si bilan suhbat davomida poraxo‘rlik va firibgarlik kabi moddalar asosida qo‘lga olinayotgan bloger hamda jurnalistlar masalasiga ham to‘xtalib o‘tdi. Uning ta’kidlashicha, hokimiyatning mantig‘i bilan qarab, ularni aybdor degan taqdirda ham, yuzta jurnalistning bir yilda oladigan porasi bitta amaldorning olgan porasiga to‘g‘ri kelmaydi. Ammo kattaroq amaldorlarga, hatto qo‘lga tushgan taqdirda ham, mutlaqo boshqacha munosabat qilinadi.

"Jurnalist, bloger yoki kichikroq amaldor qamaladigan bo‘lsa, tezda rasmlari e’lon qilinadi, videolar tayyorlangan bo‘ladi, aybsizlik prezumptsiyasi amal qilishiga qaramay, oldindan jinoyatchi sifatida e’lon qilinadi", — deydi Ilyos Safarov.

O‘zbekistonlik boshqa ekspertlar va jamoatchilik faollari ham korruptsiyaga qarshi kurash faqat quyi bo‘g‘indagilarni jazolash bilan cheklanib qolmasligi kerak, degan fikrda. Haqiqiy o‘zgarishlar uchun eng yuqori martabali mulozimlarning ham daromad va xarajatlari jamoatchilik nazoratiga ochilishi, qonun oldida barchaning tengligi ta’minlanishi shart.

Qirg‘izistonning "radikal" qadamlari — amaldorlarga xorijiy hisob raqami ochishni taqiqlashi va yuqori lavozimdagilarning mulkini e’lon qilishi — butun mintaqa uchun o‘ziga xos sinov maydonidir. Agar qo‘shni davlatda ushbu mexanizm amalda ishlab ketsa, bu nafaqat qirg‘izistonliklarning davlatga ishonchini oshiradi, balki O‘zbekiston kabi qo‘shni mamlakatlar jamoatchiligi uchun ham o‘z hukumatlaridan shunday shaffoflikni talab qilishda kuchli asos bo‘lib xizmat qiladi.