Ramazon. Savol va javob: Tishni yuvish ro‘zani buzadimi, ro‘zador tupugini yutsa nima bo‘ladi? Nima bo‘lsa ham ro‘za tutish kerakmi?

Surat manbasi, Getty Images
- Author, Hanna Yusuf
- Role, BBC News
- O'qilish vaqti: 4 daq
Musulmonlarning muqaddas Ramazon oyi boshlandi va bu vaqtda butun dunyoda Islom diniga amal qiladiganlar tong otgandan kun botgunga qadar yegulik va ichimlikdan o‘zini tiyadi.
Maqsad - ko‘proq ibodatlar va nafsni tiyish orqali ruhiy ozuqa va diniy amallarni oshirish, chunki Ramazon kishining ruhiy olamini boyitish imkoniyati sifatida ko‘riladi.
Bir qarashda hamma narsa sodda va tushunarli bo‘lib ko‘rinsa-da, yillar davomida qarama-qarshi qarashlarga yo‘l ochgan bir nechta afsona va xato tushunchalar mavjud.
Quyida ulardan oltitasi haqida hofizi Qur’on, diniy ilmlar bo‘yicha ilg‘or Shobir Hasanning tahlili keltirilgan.
Shuni ham ta’kidlash joizki, ko‘p hollarda bu fikrlar mazhabga ko‘ra farqlanishi va ayrimlari talqinlarga ochiq bo‘lishi mumkin.
Agar siz odamlarni g‘iybat qilsangiz, bo‘hton qilsangiz yoki so‘ksangiz, ro‘zaning savobi kam bo‘ladi...
"Tishlaringizni yuvish ro‘zangizni buzadi"

Surat manbasi, Getty Images
Diniy ulamolar fikricha, tish yuvish ro‘zani buzmaydi.
Janob Hasanning aytishicha, ba’zida ro‘zadorlar tish pastasidagi ozgina yalpiz ta’mi ro‘zani ochish uchun yetarli, deb adashadi.
Ko‘pgina olimlar tishlarini cho‘tkalashning ma’qul ekanligini tasdiqlasa ham, janob Hasan juda ehtiyotkor bo‘lganlar uchun ba’zi maslahatlar beradi.
"Eng yaxshi maslahat - tish pastasini minimal miqdorda ishlatish - unchalik kuchli bo‘lmagan, o‘tkir yalpiz hidli bo‘lmagan narsadan foydalaning."
U, shuningdek, misvokdan - tish tozalagich novdadan foydalanishni tavsiya qiladi, chunki u juda yumshoq va tabiiy ta’mga ega.
Misvok Jahon Sog‘liqni Saqlash tashkiloti tomonidan og‘iz gigienasida foydalanish uchun tavsiya etilgan Salvadora persica daraxtidan olinadi.
"O‘z tupugingizni yuta olmaysiz"

Surat manbasi, Getty Images
O‘z tupugini yutish mutlaqo maqbul va hatto rag‘batlantiriladi.
"Bu xato tushunchaning hech qanday asosi yo‘q, - deydi janob Hasan, - tupukni yutish tabiiydir. Bu, albatta, ro‘zani buzmaydi".
Ro‘zani buzadigan narsa esa boshqa odam bilan tanadagi suyuqlik almashinuvidir.
"Birovning tupugini yutish - bu ro‘za tutish vaqtida oldini olish kerak bo‘lgan boshqa narsa", deydi janob Hasan.
"Siz sherigingiz yoki turmush o‘rtog‘ingiz bilan o‘pisha olmaysiz yoki ular bilan yaqinlasha olmaysiz. Ro‘zaning ma’nosi ovqat, ichimlik va yaqinlik dohil nafslaringizni tiyishdir".
"Bari ovqat va ichimlik haqida"

Surat manbasi, Getty Images
Ro‘za yeb-ichish bilangina buziladigan amal emas.
Ro‘zani buzadigan boshqa narsalar orasida "til bilan bog‘liq gunohlar" ham bor, deydi janob Hasan.
"Agar siz odamlarni g‘iybat qilsangiz, bo‘hton qilsangiz yoki so‘ksangiz, ro‘zaning savobi kam bo‘ladi", deydi u.
"Beixtiyor yeb yoki ichib qo‘yish ro‘zangizni buzadi"

Surat manbasi, Getty Images
Agar siz ro‘za tutganingizni butunlay unutib, biror narsa yesangiz, buni anglaganingizdan keyin darhol to‘xtasangiz, ro‘zangiz solim bo‘laveradi.
Ammo, agar siz beixtiyor, lekin oldini olish mumkin bo‘lgan narsalarni iste’mol qilsangiz, masalan, namozdan oldin tahorat olayotganingizda, ro‘zangiz buziladi.
Tahoratning sakkiz bosqichidan biri og‘izni chayishdan iborat bo‘lib, bu bosqichda tasodifan suvni yutvorish ro‘zangizni buzadi.
Janob Hasan tushuntiradi: "Ro‘zada tahorat olsangiz, tomoqda g‘arg‘ara qilishdan saqlanishingiz tavsiya qilinadi. Shunchaki og‘zingizni chayqab, darhol tupurishingiz kerak".
"Dori icholmaysiz"

Surat manbasi, Getty Images
Buyuk Britaniya musulmonlari kengashi (BMK) Xalqaro glaukoma assotsiatsiyasi bilan birgalikda ogohlantirib, odamlarni ko‘z tomchilari kabi ba’zi dori vositalaridan foydalanishni davom ettirishga chaqirdi.
BMK, shuningdek, kasalxonalarda foydalanish uchun mo‘ljallangan Ramazon sog‘lig‘i ma’lumot varag‘ini e’lon qildi, unda ko‘z tomchilari, quloq tomchilari, ukollar va siydik yo‘llari infuziyalari ro‘zani buzmaydigan dorilar qatoriga kiradi.
Ammo dorini yutish ro‘zani buzadi va uni saharlikdan oldin yoki iftorlikdan keyin qabul qilish kerak.
Janob Hasan aytadi: "Birinchidan, agar sizda biror kasallik bo‘lsa, avvalo, ro‘za tutishim kerakmi, deb o‘zingizdan so‘rang.
"Qur’onda aniq aytilgan narsa shundaki, siz doimo shifokor maslahatiga amal qilishingiz kerak".
"Nima bo‘lsa ham ro‘za tutish kerak"

Islomda ro‘za faqat sog‘lig‘i ko‘taradigan va balog‘atga yetgan, ya’ni odatda 15 yoshga to‘lgan kishilarga farz hisoblanadi.
BMT ma’lumotiga ko‘ra, yosh bolalar, kasal (jismoniy yoki ruhiy), nogironlar, musofirlar, homilador yoki emizikli bolasi bor ayollar mustasno qilinadi.
Ro‘za tutolmaydigan kattalar uchun o‘zini xavf ostiga qo‘ymasdan savob qozonish yo‘llari bor.
"Agar bu qisqa muddatli kasallik bo‘lsa, ular tuzalib ketishini bilsalar, boshqa kunlarda ro‘za tutishlari mumkin", deydi janob Hasan.
"Agar bu uzoq muddatli bo‘lsa va ular ro‘zani tutolmasalar, fidya qilishlari mumkin, bu siz har kuni to‘laydigan kichik ehson bo‘lib, kambag‘al oilani boqish uchun ajratasiz. Buyuk Britaniya uchun bu miqdor 4 dan 5 funtgacha.












