Jinsiy a’zongizga kirib oladigan parazitlarni bilasizmi? Ular butun dunyoga tarqalmoqda

Surat manbasi, Getty Images
- Author, Keyt Boui
- Role, Global sog‘liqni saqlash, Bi-Bi-Si Jahon xizmati
- O'qilish vaqti: 4 daq
U teri orqali kirib, qonga qo‘shiladi. Tuxumlari jigar, o‘pka va jinsiy a’zolarda joylashadi. Yillarcha o‘zini sezdirmasligi mumkin.
Olimlar e’tibordan chetda qolgan parazitar kasallik – shilliqqurt isitmasi nazorat qilib bo‘lmas tarzda rivojlanayotgani haqida ogohlantirmoqda.
Har yili bu kasallikdan davolanadigan 250 million kishining aksariyati Afrikada yashaydi, chunki parazit tashuvchi shilliqqurtlarning ma’lum turlari aynan shu qit’ada uchraydi.
Biroq parazitlarning tarqalishi dunyoning 78 mamlakatida, jumladan, Xitoy, Venesuela va Indoneziyada ham qayd etilgan.
Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti (JSST) parazitdagi o‘zgarish haqidagi tadqiqotlar natijalaridan so‘ng, bu "global xavotir" ekanligini e’lon qildi, chunki bu o‘zgarish kasallikning yangi hududlarga tarqalishiga olib kelishi mumkin.
Bu ogohlantiruv JSST tomonidan Butunjahon e’tibordan chetda qolgan tropik kasalliklar kuni munosabati bilan e’lon qilindi. Bu kun qashshoq hududlarda yashovchi bir milliarddan ortiq odamga nomutanosib darajada ta’sir etadigan virus, bakteriya, parazit va zamburug‘lar keltirib chiqaradigan kasalliklarga e’tibor qaratish uchun belgilangan.
Shilliqqurt isitmasi nima?
Shilliqqurt isitmasi odam yoki hayvonlarga shilliqqurtlar chiqargan lichinkalar bilan ifloslangan suvdan o‘tadi. Lichinkalar terini eritadigan ferment ajratadi va shu orqali tanaga kirib oladi.
Ular chuvalchanglarga aylanib, qon tomirlarida yashaydi, so‘ng urg‘ochilari tuxum qo‘yadi. Bu tuxumlar ba’zan najas yoki siydik bilan chiqadi, ammo ular to‘qimalarda ushlanib qolishi ham mumkin. Organizmning bu tuxumlarga qarshi immun reaktsiyasi atrofdagi sog‘lom to‘qimalarni yo‘q qiladi va a’zolar shikastlanishiga olib keladi.
Tuxumlar chanoq a’zolari ichiga va atrofiga joylashishi ham mumkin. Bu urogenital shistosomoz deb ataladi. Bu kasallik qorin og‘rig‘i, saraton va og‘ir holatlarda o‘limga sabab bo‘lishi mumkin.
JSST tavsiya qilishicha, shilliqqurt isitmasiga chalingan, xavf guruhiga kiruvchi yosh bolalar, qishloq xo‘jaligi ishchilari va baliqchilarni bir necha yil davomida parazitlarga qarshi dori bilan davolash mumkin.
Biroq, Malavi Liverpool Wellcome klinik tadqiqotlar dasturi direktor o‘rinbosari, professor Janelisa Musaya kabi olimlar parazitning yangi shakllariga
"Aysberg uchi"
Xo‘sh, mahalliy kasallik o‘choqlari ko‘payishiga nima sabab bo‘lmoqda? Tadqiqotlar ko‘rsatishicha, odam va hayvonga o‘tadigan parazitlarning turlari o‘zaro chatishib, yangi "gibrid" turlarni hosil qilmoqda.
Bu gibridlar ham odamlarga, ham hayvonlarga yuqishi mumkin, shuning uchun tarqalishini nazorat qilish qiyinlashadi.
Olimlar parazitlar turlari o‘zaro chatishayotganini allaqachon bilishardi, ammo bu gibrid tuxumlarning inson tanasidan tashqarida ham rivojlanishi va omon qolishiga ishonchlari komil emas edi.
Buni isbotlash uchun ular Malavining ayrim jamoalaridagi odamlar va hayvonlardan namunalar olishdi. Ular tekshirgan parazitlarning 7 foizi mutant duragaylar ekanligi aniqlandi – bu kutilganidan ancha ko‘p.
Bu mutant parazitlar muvaffaqiyatli ko‘payib, oxir-oqibat keng tarqalishini anglatadi.
"Agar tabiatda tarqalish davom etayotgan bo‘lsa, bu juda katta ko‘rsatkich", dedi Musaya Bi-bi-si bilan suhbatda.
Uning jamoasi faqat ma’lum hududlarda tekshiruv o‘tkazgani uchun, u bu "aysbergning uchi" bo‘lishi mumkinligini ta’kidlaydi, ayniqsa, testlar doim ham buni aniqlay olmasligini hisobga olsak.
Musayaning ogohlantirishicha, kelajakda bu gibridlar parazitning asl turlarini siqib chiqarishi mumkin.
Bu katta muammo bo‘lishi mumkin, chunki shifokorlar hali gibridlar bilan zararlangan bemorlarni qanday davolashni bilmaydi, deydi u.
"Bu siyosatchilarga qaratilgan ogohlantiruv: Hushyor bo‘ling... Ular katta muammoga aylanmasidan burun biror chorasini ko‘ra olamizmi?"
Olimlar gibrid parazitlar jinsiy a’zolarga zarar yetkazuvchi kasallikning yangi mintaqalarga tez sur’atda tarqalishiga olib kelishi mumkinligidan jiddiy xavotirda.
Testlar jinsiy a’zolardagi kasallikni aniqlamaydi
Tadqiqot shuni ko‘rsatdiki, gibridlar odamning jinsiy a’zolarini ham zararlaydi. Biroq gibrid shilliqqurt isitmasi holatlarini aniqlash qiyinroq, chunki ularning tuxumlari mikroskop ostida odatiy parazit tuxumlariga o‘xshamaydi. Shifokorlar simptomlarni jinsiy yo‘l bilan yuqadigan infektsiya bilan adashtirishlari ham mumkin.
Davolanmasa, urogenital shistosomoz jinsiy a’zolarning shikastlanishi, bepushtlik va OIV yuqish xavfi oshishiga olib keladi. Bu kasallikning klinik, ijtimoiy va reproduktiv oqibatlari ayollar uchun og‘irroq kechadi.
"Tasavvur qiling, agar ayol farzand ko‘ra olmasa... Bizning mahalliy madaniyatimizda farzand ko‘rish juda muhim, aks holda, odamlar sizni kamsituvchi nomlar bilan chaqira boshlaydi. Bu haqiqatan ham juda yomon, ayanchli kasallik", deydi Musaya.
Bosim ostidagi rivojlanish
Olimlar aniqlashicha, gibrid parazitlar kasallikning yangi hududlarga tarqalishiga yordam berishi mumkin.
Iqlim o‘zgarishi, sayohatlar va migratsiya shilliqqurt isitmasi tarqalishiga olib keladi, gibridlar esa uni nazorat qilishni yanada qiyinlashtiradi. Allaqachon Yevropaning janubiy qismlarida gibrid kasallik o‘choqlari qayd etilgan.
"Bu global muammo", deydi JSSTning shistosomozni nazorat qilish dasturini boshqaruvchi doktor Amadu Garba Djirmay.
Tashkilot bu holat kasalliklarni yo‘q qilish maqsadlariga putur yetkazishidan xavotirda.
"Bizda odamlarga yuqish holati yo‘q bo‘lgan mamlakatlar bor, ammo parazit hayvonlarda saqlanib qolmoqda, bu esa odamlar uchun xavf tug‘dirishi mumkin", deydi u.
JSST yangi tahdidga qarshi o‘z yondashuvini o‘zgartirmoqda. Bu yil u hayvonlarda kasallikni nazorat qilish bo‘yicha yangi ko‘rsatmalar chiqaradi. Davlatlarga gibrid turlar haqida ogohlantiruvchi xalqaro xabarlar ham yuborilgan.
Parazitlarga qarshi keng ko‘lamli dori-darmon dasturlari yordamida 2006 yildan 2024 yilgacha shilliqqurt isitmasi holatlari 60 foizga kamaydi.
Biroq, JSST ta’kidlashicha, taraqqiyot barqaror moliyalashtirishni talab qiladi. Erishilgan ijobiy natijalar ham 2018 va 2023 yillar mobaynida e’tiborsiz qoldirilgan tropik kasalliklarga yordam ko‘rsatish hajmi 41 foizga kamayishi ortidan xavf ostida qolmoqda.
Musaya kasallikni to‘xtatish mumkinligiga umidini yo‘qotmagan.
"Biz kasallikni bartaraf etishimiz mumkin, ammo bu bir kishining ishi emas... Biz faol harakat qilmoqdamiz. Muammo bor, uni hoziroq hal qilaylik, deyapmiz."
































