Ramazon: Ro‘za tutganda tanangizda nima sodir bo‘ladi?

Surat manbasi, Getty Images
Har yili millionlab musulmonlar Ramazon oyida kun otishdan botishgacha 30 kun ro‘za tutadi.
So‘nggi yillarda shimoliy yarim sharda Ramazon yoz oylariga to‘g‘ri kelgan edi.
Bu yil u bahorda — mart oyida boshlandi.
Bu shuni anglatadiki, ba’zi mamlakatlarda kunlar qisqaroq bo‘lib, tong otishidan botishigacha bo‘lgan ro‘za dunyoning qaerida ekanligingizga qarab 12 soatdan 17 soatgacha davom etadi.
Bu sog‘liq uchun foydali bo‘lishi mumkinmi? 30 kun ro‘za tutganingizda tanangizda qanday o‘zgarishlar ro‘y beradi?
Eng qiyini – dastlabki ikki kun

Surat manbasi, Getty Images
Aslida, tanangiz oxirgi ovqatlanishdan taxminan sakkiz soat o‘tgach "ochlik holatiga" kiradi.
Bu ichagingiz oziq-ovqatdan ozuqa moddalarini o‘zlashtirishni tugatgan vaqtga to‘g‘ri keladi.
Shundan so‘ng, tanangiz energiya olish uchun jigar va mushaklarda to‘plangan glyukozadan foydalana boshlaydi.
Ro‘zaning keyingi bosqichlarida, glyukoza zaxirasi tugagach, yog‘ tanangiz uchun navbatdagi energiya manbaiga aylanadi.

Surat manbasi, Getty Images
Tana yog‘larni yoqa boshlaganda, bu vazn yo‘qotishga yordam beradi, xolesterin darajasini pasaytiradi va qandli diabet xavfini kamaytiradi.
Biroq, qondagi qand miqdori pasayishi holsizlik va lanjlikni keltirib chiqaradi.
Bosh og‘rig‘i, bosh aylanishi, ko‘ngil aynishi va og‘izdan yoqimsiz hid kelishi mumkin.
Aynan shu paytda ochlik hissi eng kuchli bo‘ladi.
Suvsizlanishdan ehtiyot bo‘ling – 3-7 kun
Tanangiz ro‘zaga ko‘nika boshlagach, yog‘lar parchalanib, qondagi qand moddasiga aylanadi.
Ro‘za paytida kamroq suyuqlik iste’mol qilganingiz uchun, iftorlik va saharlik vaqtida yetarli miqdorda suyuqlik ichishingiz kerak, aks holda, terlash suvsizlanishga olib kelishi mumkin.

Surat manbasi, Getty Images
Taomingizda uglevodlar va ma’lum miqdorda yog‘lar kabi "energiya beruvchi oziq-ovqat" bo‘lishi kerak.
Oqsillar, tuzlar va suvni o‘z ichiga olgan ozuqaviy moddalar bilan muvozanatli ovqatlanish muhim.
Endi ko‘nikyapsiz – 8-15 kun
Uchinchi bosqichga kelib, kayfiyatingiz yaxshilanishini sezishingiz kerak, chunki tanangiz ro‘zaga to‘liq moslashadi.
Kembrijdagi Addenbruk shifoxonasining anesteziya va reanimatsiya bo‘yicha maslahatchisi doktor Razin Mahrufning aytishicha, boshqa afzalliklar ham bor.

Surat manbasi, Getty Images
"Oddiy kundalik hayotda biz ko‘pincha juda ko‘p kaloriya iste’mol qilamiz va bu tananing boshqa vazifalarni, masalan, o‘zini tiklashni yetarli darajada bajarishiga to‘sqinlik qilishi mumkin."
"Bu ro‘zada tuzatiladi, bu esa organizmga e’tiborni boshqa funktsiyalarga qaratish imkonini beradi.
Demak, ro‘za tanaga sog‘ayishga yordam berish bilan birga, infektsiyalar oldini olish va ularga qarshi kurashish orqali foyda keltirishi mumkin."
Tozalanish – 16-30 kun
Ramazon oyining ikkinchi yarmida organizmingiz ro‘za tutishga to‘liq moslashgan bo‘ladi.
Yo‘g‘on ichak, jigar, buyrak va teringiz allaqachon tozalanish davrini boshdan kechiradi.
"Sog‘lom odamda, bu bosqichda organ funktsiyalari maksimal darajaga qaytishi kerak. Xotira va diqqatingiz yaxshilanishi va ko‘proq energiyaga ega bo‘lishingiz mumkin," deydi doktor Mahruf.
Ramazon oyi roʻzasi faqat tongdan shomgacha davom etgani uchun, oʻzimizni energiya bilan taʼminlovchi oziq-ovqat va suyuqliklar bilan toʻyintirish uchun yetarlicha imkoniyat bor.
"Tanangiz energiya uchun oqsillarni yoqmasligi kerak. Aks holda, u ochlik rejimiga o‘tadi va mushaklardan energiya uchun foydalanadi. Bu ko‘p kundan haftalargacha davom etadigan uzluksiz ochlikda sodir bo‘ladi."
"Ramazon oyi ro‘zasi faqat tongdan shomgacha davom etgani uchun, o‘zimizni energiya bilan ta’minlovchi oziq-ovqat va suyuqliklar bilan to‘yintirish uchun yetarlicha imkoniyat bor. Bu mushaklarni saqlab qoladi, lekin vazn yo‘qotishga ham yordam beradi."
Xo‘sh, ro‘za tutish sog‘liq uchun foydalimi?
Doktor Mahruf "ha" deydi, lekin shartli ravishda.
"Ro‘za tutish sog‘lig‘imiz uchun foydali, chunki u bizga nimani va qachon yeyishga e’tibor qaratishga yordam beradi. Ammo bir oy ro‘za tutish ma’qul bo‘lsa-da, to‘xtovsiz ro‘za tutish tavsiya etilmaydi."

Surat manbasi, Getty Images
"Uzluksiz ochlik uzoq muddatli vazn yo‘qotish uchun yaxshi usul emas, chunki oxir-oqibat tanangiz yog‘larni energiyaga aylantirishni to‘xtatadi va buning o‘rniga mushaklarni yoqa boshlaydi.
Bu nosog‘lom va tanangiz ochlik rejimiga o‘tishini anglatadi."
Uning ta’kidlashicha, (Ramazondan tashqari) vaqti-vaqti bilan ro‘za tutish yoki 5:2 parhezi (sog‘lom ovqatlanish kunlari orasida haftada bir-ikki kun ro‘za tutish) bir necha oy davomida uzluksiz ro‘za tutishdan ko‘ra sog‘lomroq muqobil bo‘ladi.
"To‘g‘ri bajarilgan Ramazon ro‘zasi har kuni energiya zaxirangizni to‘ldirishga imkon berishi kerak, bu esa tanangiz qimmatli mushak to‘qimalarini yoqmasdan vazn yo‘qotishingizni anglatishi mumkin."












