200 ming qurbon: Rossiyaning Ukrainada to‘rt yillik urush davomidagi yo‘qotishlari haqida nima bilamiz

Ukrainaga nisbatan boshlangan to‘rt yillik keng ko‘lamli bosqin davomida kamida 200 186 nafar rossiyalik harbiy halok bo‘ldi. Bu haqda Bi-bi-si, «Mediazona»* va ko‘ngillilar jamoasi ochiq ma’lumotlar asosida birgalikda yuritayotgan hisob-kitoblardan ma’lum bo‘ldi. Halok bo‘lganlarning aksariyati - 57 foizi ko‘ngillilar, safarbar etilganlar va axloq tuzatish koloniyalaridan urushga ketgan mahkumlardir, ya’ni urush boshlangan paytda armiyaga aloqasi bo‘lmagan shaxslardir.
So‘nggi bir oy ichida ro‘yxatimiz yana 35 ming kishining ismi bilan to‘ldi. Bu rekord darajadagi ko‘payish frontdagi hozirgi vaziyat bilan bog‘liq emas.
Biz e’lon qilinayotgan nekrologlarni o‘rganish jarayonida bedarak yo‘qolganlarni qidirish haqidagi barcha e’lonlarni saqlab boramiz. O‘tgan bir oy ichida biz bir necha yil davomida to‘plangan qaydlarni davlat ma’lumotlar bazalaridagi ochiq ma’lumotlar bilan, birinchi navbatda, meros ishlari reestri ro‘yxatlari bilan solishtirishga muvaffaq bo‘ldik (meros uchun murojaat qilinganligi shaxsning o‘limini tasdiqlaydi).
Urushning to‘rtinchi yili yakunlarini sarhisob qilar ekanmiz, loyihamiz tufayli aniqlashga muvaffaq bo‘lgan beshta asosiy jihatni keltirib o‘tamiz.
1. 2025 - yil urushning eng qonli yili bo‘ldi
Oxirgi 12 oy ichida halok bo‘lgan askarlarning o‘limi haqidagi e’lonlar kelib tushishda davom etmoqda va o‘tgan yilgi talofatlar bo‘yicha yakuniy xulosa chiqarishimiz uchun yana bir necha oylik ish talab etiladi. Shunday bo‘lsa-da, namoyon allaqachon namoyon bo‘lgan.
Hozirgi vaqtda bizga o‘tgan yili halok bo‘lgan 49 935 nafar rossiyalik harbiylarning ismlari ma’lum ( nekrologda o‘limning aniq sanasi ko‘rsatilmagan hollarda, uning e’lon qilingan sanasini asos qilib oldik). Rasman bu raqamlar hozircha 2024-yilgi ko‘rsatkichlardan kamroq - o‘shanda kamida 83 706 nafar rossiyalik askar va ofitser halok bo‘lgan edi. Biroq, o‘lim sanasi yoki dafn etilgan sanasi sifatida 2025-yil ko‘rsatilgan, hali qayta ko‘rib chiqilmagan nekrologlar to‘plami yana o‘n minglab qaydlarni o‘z ichiga oladi. Dastlabki baholashimizga ko‘ra, 2025-yilda halok bo‘lgan rossiyalik harbiylar soni 90 ming kishidan oshishi mumkin.
Hozirgi vaqtda ma’lumki, 2025-yilda o‘tgan yilga nisbatan 40 foiz ko‘proq nekrolog e’lon qilingan. To‘liq ishonch bilan aytish mumkinki, 2025-yil — bir qator diplomatik uchrashuvlar va ehtimoliy tinchlik haqidagi muzokaralarga qaramasdan Rossiya armiyasi uchun eng qonli yilga aylanadi.
2. Ko‘ngillilar - armiya talofatlari o‘rnini to‘ldirishning asosiy manbayi
2025-yilda halok bo‘lgan o‘n minglab rossiyaliklardan biri - Volgograddan bo‘lgan 46 yoshli Aleksey Sitnikov. U sog‘ligidagi jiddiy cheklovlarga qaramay, o‘z xohishi bilan shartnoma imzolagan: yaqinlarining aytishicha, uning har ikki oyog‘ining panja qismlari bo‘lmagan va u faqat tovonida yurgan.

Surat manbasi, collage BBC/Getty images
"Biz o‘zimiz ham shokdamiz! U bir oy o‘quv qismida bo‘lgan. 16-yanvar kuni uni Donetsk viloyatiga olib ketishdi. 17-kuni esa allaqachon jangovar topshiriqqa yuborishgan", - deb yozgan Sitnikovning tanishlaridan biri uning safdoshlarini topishga urinib.
Keyin ma’lum bo‘ldiki, Aleksey frontda atigi uch kun bo‘lib, halok bo‘lgan.
Sitnikovning hikoyasi Rossiya askarlarining oldingi chiziqda qo‘llanishiga xos bir nechta odatiy amaliyotlarni aks ettiradi. Birinchidan, harbiylarning o‘zlari aytishicha, 2022-yildan beri shartnoma imzolash vaqtida sog‘liqni tekshirish ko‘pincha faqat rasmiyatchilik uchun o‘tkaziladi. Natijada frontga turli surunkali kasalliklari va jismoniy cheklovlari bo‘lgan odamlar tez-tez yuborilmoqda. Hozir halok bo‘lgan ko‘ngillilarning o‘rtacha yoshi 43 ga yetmoqda. Bunga qadar esa urushning birinchi yilida, asosan, 32–34 yoshdagi erkaklar ko‘ngilli bo‘lib yozilardi.
Ikkinchidan, ko‘plab yangi kelganlar juda minimal tayyorgarlikdan o‘tadilar. Bi-bi-si bilan gaplashgan, Rossiya armiyasi bilan shartnoma imzolaganlarning aytishicha, o‘rtacha tayyorgarlik bir necha hafta davom etadi, ammo ba’zan odamlar shartnoma imzolanganidan atigi besh kundan so‘ng frontga tushib qolgan. Ko‘ngillilarning o‘z sharhlaridan kelib chiqib aytganda, mashg‘ulotlar ko‘pincha maydondagi saf tortish va poligonda ikki kunlik otishma bilan cheklanadi.
Shundan so‘ng yangidan safga qo‘shilgan askarlarni odatda shturm guruhlariga yuborishadi. Aynan mana shu bo‘linmalar hozir - ham halok bo‘lganlar, ham yaradorlar bo‘yicha eng katta yo‘qotishlarni boshdan kechirmoqda. Chunki ularning vazifasi Ukraina Qurolli Kuchlarining mustahkamlangan pozitsiyalariga hujum qilishdir.
Tayyorgarlikka vaqtni tejash, yaradorlikdan keyingi qisqartirilgan davolash protokollari va yoshi katta askarlarning mavjud kasalliklari Rossiya uchun ko‘ngillilardan tuzilgan bo‘linmalarda yo‘qotishlarning yanada oshishiga hamda bir qator taktik xatolarga sabab bo‘lmoqda.
Amerika Urushni o‘rganish instituti (ISW) hisoblashicha, Rossiya armiyasi tobora kamroq murakkab manevrlardan foydalanmoqda. Chunki bunday taktikalar uchun esa savodli va yaxshi tayyorlangan zobitlar zarur. Armiya esa tobora ko‘proq kuchli artilleriya o‘q yog‘dirishlariga va shturmchilarning tinimsiz "to‘lqinli" hujumlariga tayanmoqda.
ISW va Britaniya harbiy razvedkasi ma’lumotlariga ko‘ra, hozirda shartnomani ixtiyoriy ravishda imzolayotgan odamlar front chizig‘idagi holdan toygan bo‘linmalarning o‘rnini to‘ldirish uchun asosiy manbaga aylangan.
Bizning ma’lumotlarimizga ko‘ra, 2024-yil fevraliga kelib, halok bo‘lganlarning qariyb 40 foizi - urush boshlanganidan keyin Rossiya armiyasi bilan kontrakt imzolaganlar. Bir yil avval esa bu toifa o‘limlarning atigi 20 foizini tashkil etardi.
Mutaxassislarning fikricha, Moskva armiyaga zarur bo‘lgan ko‘ngillilar oqimini saqlab qolishga qodir.
"O‘ylashimcha, Rossiya iqtisodiyoti sekinlashib, ish haqi o‘sishi pasaya borar ekan, shartnoma imzolash va urushga borishni o‘ziga imkoniyat deb biladigan odamlar soni ko‘payib boradi", deya ta’kidlaydi Yevropa siyosatini tahlil qilish markazining taklif etilgan xodimi Aleksandr Kolyandr.
3. Asosiy yo‘qotishlar kichik va nochor aholi punktlariga to‘g‘ri keldi
Bizning ma’lumotlarimizning batafsil tahlili shuni ko‘rsatadiki, ko‘pincha shartnomani kichik shaharlar va qishloqlardan bo‘lgan aholi imzolaydi — bu joylarda barqaror va yaxshi haq to‘lanadigan ishlar yetishmaydi, mahalliy hokimiyatning targ‘iboti esa yirik shaharlardagiga qaraganda ancha kuchli bo‘lishi mumkin.
Hududlar bo‘yicha halok bo‘lganlarning taqsimotida odatda bir qonuniyat ko‘rinadi: qashshoqlik darajasi qanchalik yuqori bo‘lsa, yo‘qotishlar ko‘rsatkichi ham odatda shunchalik yuqori bo‘ladi (bu mavzu bo‘yicha Bi-bi-si va "Mediazona" ma’lumotlariga asoslangan batafsil tahlilni The Bell nashri e’lon qilgan).*
Hududlar va poytaxt o‘rtasida yo‘qotishlar darajasidagi tafovutlar — Rossiyada allaqachon mavjud bo‘lgan ichki ijtimoiy tafovutlarning yanada chuqurlashayotganini aks ettiradi, deya tushuntirdi Bi-bi-siga demografiya bo‘yicha ixtisoslashgan rossiyalik olim. U mavzuning nozikligi sababli anonim qolishni so‘ragan.
Quyida keltirilgan grafik-slaydlarda hududlar o‘rtasidagi bog‘liqlik va ularning holatini batafsil o‘rganish mumkin (slaydlarni yurg‘izish uchun ekranining chap yuqori burchagidagi o‘qlarni bosing, grafikdagi nuqtalarga sichqoncha olib borilganda qo‘shimcha ma’lumotlar paydo bo‘ladi).
Bi-bi-si va "Mediazona" ma’lumotlarini tahlil qilgan demograf shunday xulosaga keldi: yo‘qotishlar ulushi yuqori bo‘lgan hududlar ro‘yxati ko‘p jihatdan umr ko‘rish davomiyligi past bo‘lgan hududlar ro‘yxati bilan mos keladi. Bu esa armiyada va jangovar yo‘qotishlar orasida kambag‘al hududlar aholisi, hamda etnik ozchiliklar ulushi ko‘pincha ularning umumiy aholidagi ulushiga nisbatan yuqori bo‘lishini anglatadi.
Boshqacha aytganda, o‘lim xavfi avvaldan yuqoriroq bo‘lgan hududlarda yashovchilar urushga borishga ko‘proq moyil. Mutaxassisning baholashicha, hozir shartnoma imzolayotgan odamlarni faqat qashshoqlik emas, balki istiqbollarning yo‘qligi, "baribir yo‘qotadigan hech narsa yo‘q" degan tuyg‘u ham undashi mumkin.
Boshqirdiston va Tatariston (aholi jon boshiga emas, balki umumiy son bo‘yicha qaralganda) halok bo‘lganlar soni eng ko‘p aniqlangan hududlar ro‘yxatida hanuz yuqorida turadi. Bunga bir sabab - bu respublikalarda yo‘qotishlar haqidagi ma’lumotlarni tizimli ravishda yig‘ib boradigan ko‘ngillilar juda faol ishlaydi.
Erkaklar aholisining jon boshiga yo‘qotishlar darajasi bo‘yicha esa Tiva va Buryatiya juda katta farq bilan yetakchilik qilmoqda.
4. Yo‘qotishlarning taqsimlanishiga xos xususiyatlar ularni rossiyaliklar uchun kamroq sezilarli qiladi
Urushning dastlabki uch yili davomida Rossiyaning Ukrainadagi yo‘qotishlarining qariyb yarmi Rossiya jamiyati hayotida deyarli ishtirok etmagan odamlarga to‘g‘ri kelgan.
Urushning birinchi yilida halok bo‘lganlarning katta qismini Rossiya tomonidan bosib olingan Donetsk va Lugansk viloyatlarining hududlaridan majburan safarbar qilingan odamlar tashkil etgan.
O‘zini "DNR" va "LNR" deb e’lon qilgan hududlardan safarbar qilingan kishilarni Rossiyada deyarli dafn etishmaydi, ko‘pchiligi Rossiya maktablarida o‘qimagan va rossiyaliklarning o‘ziga qaraganda mamlakat ichida ancha kam ijtimoiy aloqalarga ega bo‘lgan.
2023-yilda va 2024-yil boshida esa frontda ko‘pincha Rossiya koloniyalaridan urushga yollangan mahkumlar halok bo‘lgan. Bu odamlarning katta qismi yillar davomida koloniyalarda yashagan va aslida jamiyatning qolgan qismidan ajralgan holda istiqomat qilgan.
2025 - yilda yo‘qotishlarning eng katta qismi ko‘ngillilar hissasiga to‘g‘ri keldi. Ammo ularning aksariyati - kichik aholi punktlaridan chiqqan odamlar. Halok bo‘lgan rossiyalik harbiylarning 67 foizi qishloq joylari va aholisi 100 ming kishidan kam bo‘lgan kichik shaharlardan urushga jo‘nab ketgan, garchi statistikaga ko‘ra mamlakat aholisining yarmidan kam qismi ana shunday hududlarda istiqomat qilsa-da.
Moskvada yo‘qotishlar darajasi butun Rossiya bo‘yicha eng past bo‘lgan: har 10 ming erkak aholiga atigi besh kishi. Iqtisodiy jihatdan kam ta’minlangan hududlarda masalan, Buryatiya va Tivada - bu ko‘rsatkichlar 27 va 33 baravar yuqori.
"Rossiya jamiyatining aynan resurslari kam bo‘lgan qismi — ta’lim, moliyaviy va siyosiy imkoniyatlari cheklangan qatlam eng ko‘p yo‘qotishlarni ko‘rmoqda. Kremlning boshidanoq strategiyasi ko‘proq resursga ega jamiyat qatlami urushni imkon qadar kam sezishi bo‘lganga o‘xshaydi: ", - deb tushuntirgan Bi-bi-siga London Qirollik kollejining Rossiyani o‘rganish instituti direktori Gulnaz Sharafutdinova.
5. Zobitlarning o‘zgaruvchan taqdiri
To‘liq bosqinchilik boshlanganidan beri Rossiya, bizning ma’lumotlarimizga ko‘ra, qariyb 7000 nafar zobitni janglarda yo‘qotgan, ularning 77 foizi esa quyi bo‘g‘in komandirlari hisoblanadi. Aynan quyi zobitlar (kichik leytenantdan kapitangacha bo‘lganlar) jangda muhim vazifani bajaradi: ular operatsiyalarni rejalashtiruvchi komandirlar va bu rejalarni amalga oshirishi kerak bo‘lgan askarlar o‘rtasida aloqa bo‘g‘ini bo‘lib xizmat qiladi.
Quyi zobitlar buyruqlarning bajarilishini nazorat qiladi, intizomni saqlaydi, boshqa bo‘linmalar va qo‘shin turlari bilan harakatlarni muvofiqlashtiradi. Shu bilan birga, quyi komandirlar ko‘pincha yetarli yordam ololmaydi, natijada "to‘p yemi"ga aylanib, armiyadagi tizimli muammolarning qurboni bo‘lishmoqda.
Harbiy bilim yurtlari yetarli miqdorda zobit tayyorlab ulgurmayapti: bitta komandirni tayyorlash uchun kamida to‘rt yil kerak bo‘ladi. Shu sababli Mudofaa vazirligiga tobora ko‘proq kechagi oddiy askarlarni - front tajribasiga ega bo‘lib ulgurgan va qisqa tayyorgarlik kurslaridan o‘tganlarni - tezkor ravishda yuqori unvonlarga ko‘tarishga to‘g‘ri kelmoqda.
Bu modelning kuchli tomonlari ham bor. "Shturmchi" bo‘linmalardan chiqqan zobitlar oldingi chiziqdagi haqiqiy vaziyatni yaxshiroq tushunadi, tanqidiy vaziyatlarda tez harakat qilishga o‘rgangan bo‘ladi va askarlar ishonchiga ega. Ammo bu jarayonning salbiy tomoni ham mavjud: kechagi oddiy askarlar shturmni urushni yuritishning asosiy usuli deb qabul qila boshlaydi. Bu esa qayta-qayta "peshona bilan hujum" taktikasi mustahkamlanishiga va yo‘qotishlarning yuqori bo‘lishiga olib keladi.
Amerika Urushni o‘rganish instituti (ISW) va Britaniya harbiy razvedkasi bir necha bor ta’kidlaganidek, katta yo‘qotishlar sabab Rossiya qo‘shinlari quyi va o‘rta bo‘g‘indagi komandirlarga keskin ehtiyoj sezmoqda.
O‘tgan yil davomida rossiyalik generallar hayoti ham sezilarli darajada o‘zgardi. Agar bosqinining dastlabki yillarida generallar tez-tez oldingi chiziqda halok bo‘lishgan bo‘lsa, hozirgi yo‘qotishlar asosan Rossiyaning o‘zida yuz bermoqda.
2024-yil dekabridan beri Rossiya uch nafar generalni yo‘qotdi va ularning barchasi Moskva yoki Moskva viloyatida o‘ldirilgan. To‘rtinchi general — GRU boshlig‘ining birinchi o‘rinbosari, general-leytenant Vladimir Alekseev — suiqasd chog‘ida bir nechta og‘ir jarohatlar olgan, biroq tirik qolgan.
Umuman olganda, Ukraina bosqinidan beri kamida 13 nafar rossiyalik general halok bo‘lgan.
End of Ijtimoiy tarmoqlardagi sahifalarimiz:
Haqiqiy talofat raqamlari aslida qanday?
Rossiya tomonining haqiqiy yo‘qotishlari biz ochiq manbalar orqali aniqlay olgan raqamlardan ancha yuqori. Harbiy tahlilchilarning baholashicha, qabristonlar, yodgorliklar va nekrologlar asosida qilgan hisob-kitobimiz asl halok bo‘lganlar sonining 45–65 foizini qamrab oladi.
Buning sababi shundaki, so‘nggi oylar ichida halok bo‘lgan harbiylarning katta qismi hali ham jang maydonida qolgan bo‘lishi mumkin: ularni olib chiqish tirik askarlar uchun xavf tug‘diradi, avvalo dron zarbalari sabab.
Yuqoridagi baholashlardan kelib chiqib, Rossiya tomonidagi haqiqiy halok bo‘lganlar soni 308 000 dan 445 000 kishigacha bo‘lishi mumkin.
Agar 2022-yil oxirigacha Ukrainaga qarshi o‘zini e’lon qilgan DNR va LNR bo‘linmalari tarkibida jang qilganlarni ham hisobga olsak, yakuniy raqam yanada oshadi. Nekrologlar va uzoq vaqt aloqaga chiqmay qolgan LDNR jangchilari haqida berilgan qidiruv e’lonlari tahlili shuni ko‘rsatadiki, bosqinning birinchi yilida 21 000 - 23 500 kishi halok bo‘lgan.
Keyinroq halok bo‘lganlar Rossiya yo‘qotishlari tarkibida "chet ellik fuqarolar" sifatida qayd etiladi, chunki LDNR bo‘linmalari Rossiya armiyasi tarkibiga qo‘shib yuborilgan.
Natijada, barcha prorossiya kuchlarining umumiy yo‘qotishlari 329 000 - 468 500 kishi oralig‘ida bo‘lishi mumkin.
Biz halok bo‘lgan harbiylar haqidagi ma’lumotlarni yig‘ishda davom etamiz. Agar sizda bu mavzu bo‘yicha ma’lumot bo‘lsa, iltimos, bbc.uzbek@bbc.co.uk manziliga yozing.
Rossiyada har kuni halok bo‘lganlar ismlari va dafn marosimlaridan olingan suratlar e’lon qilinadi. Aksariyat hollarda familiyalarni viloyat rahbarlari, tuman ma’muriyatlari vakillari, mahalliy OAV, halok bo‘lganlar o‘qigan ta’lim muassasalari yoki ularning qarindoshlari e’lon qiladi.
Bi-bi-si, "Mediazona" va ko‘ngillilar guruhi ushbu ma’lumotlarni o‘rganib chiqadi va biz to‘liq bosqinchilik boshlanganidan beri yuritib kelayotgan ro‘yxatga kiritadi.
Halok bo‘lganlikni tasdiqlovchi manbalar sifatida quyidagilarni qabul qilamiz:
Rossiyaning rasmiy manbalari yoki OAVdagi e’lonlar
Davlat reestrlaridagi ma’lumotlar
Qarindoshlar tomonidan berilgan xabarlar
Boshqa manbalardagi postlar, agar ular dafn marosimi suratlari bilan birga berilgan bo‘lsa
Asosiy hisobda o‘zini e’lon qilgan Donbass "respublikalari"ning 2023-yilgacha bo‘lgan yo‘qotishlari inobatga olinmaydi.
2023-yil yanvaridan boshlab esa, "DNR xalq militsiyasi" Rossiya armiyasi tarkibiga qo‘shilgani uchun, Donetsk va Lugansk viloyatlaridan halok bo‘lganlar Rossiya bo‘linmalari tarkibida jang qilgan "chet elliklar" sifatida hisobga olinadi.
Qo‘shin turlarini halok bo‘lganlarning qaerda xizmat qilgani haqidagi xabarlarga yoki uniformadagi farqlash belgilariga qarab aniqladik.
Safarbar qilinganlar, ko‘ngillilar va mahkumlar alohida qo‘shin turi emas, biroq ularning yo‘qotishlarini muntazam armiyaning professional (kontrakt) qismlari bilan solishtirish uchun alohida toifada ajratdik.
* "Mediazona" va The Bell nashrlari Rossiya hukumati tomonidan "xorijiy agent" deb e’tirof etilgan.
































