Antarktidaning muz qoplami ostida yashiringan manzara oydinlashdi

Surat manbasi, Getty Images
Yangi xarita Antarktida qit’asi sathini qoplagan qalin muz qatlami ostidagi landshaftni misli ko‘rilmagan tarzda ochib berdi. Olimlar fikricha, bu "muz qit’asi" haqidagi tushunchamizni sezilarli kengaytirishi mumkin.
Tadqiqotchilar sun’iy yo‘ldosh ma’lumotlari va Antarktida muzliklari harakati fizikasidan foydalanib, qit’aning muz ostidagi ehtimoliy manzarasini aniqlashdi.
Ular ilgari noma’lum bo‘lgan minglab tepalik va tizmalarni topib, Antarktidaning ba’zi yashirin tog‘ tizmalarini har qachongidan aniqroq xaritaga tushirishga erishdilar.
Xaritalarda ma’lum darajada noaniqliklar bo‘lsa-da, tadqiqotchilar fikricha, yangi ma’lumotlar Antarktidaga iqlim o‘zgarishi qanday ta’sir qilayotgani va buning dengiz sathi ko‘tarilishiga ta’siriini aniqlashga yordam berishi mumkin.

"Bu xuddi ilgari qo‘lingizda donador pikselli plyonkali kamera bo‘lib, hozir esa aniq kattalashtirilgan raqamli tasvirlar bor deganidir", deydi Grenobl-Alp universiteti tadqiqotchisi doktor Helen Okenden BBC News'ga.
Sun’iy yo‘ldoshlar yordamida olimlar Antarktidaning muzli sathini yaxshi o‘rganishgan, ammo uning ostida nima borligi hamon sir bo‘lib qolmoqda edi.
Aslida, Quyosh tizimidagi ba’zi sayyoralar yuzasi haqida Antarktidaning muz qatlami ostidagi topografiyasidan ko‘ra ko‘proq bilamiz.
Biroq tadqiqotchilar hozirda bu topografiyaning eng to‘liq va batafsil xaritasi yaratildi, deb hisoblashmoqda.
Tadqiqot hammuallifi, Edinburg universitetidan muzshunos professor
Robert Bingem shunday deydi: "Bu xaritaga qarash, butun Antarktidani bir vaqtda ko‘rish ochig‘i juda hayajonli. Ajoyib."
Yerdan yoki havodan o‘tkazilgan an’anaviy o‘lchovlarda muz ostini "ko‘rish" uchun radarlardan foydalanilgan – ba’zi joylarda qalinligi 4,8 km.gacha bo‘lgan muz qatlamini ko‘pincha alohida o‘lchov chiziqlari yoki yo‘llari bo‘ylab tekshirishgan.
Ammo bu yo‘llar bir-biridan o‘nlab kilometr uzoqlikda bo‘lishi mumkin edi, shuning uchun olimlar oradagi bo‘shliqlarni to‘ldirishlari kerak bo‘ldi.
"Agar Shotlandiya tog‘lari yoki Yevropa Alplarini muz bilan qoplangan deb tasavvur qilsak va ularning shaklini o‘rganish uchun ustidan bir necha kilometr oraliq masofada uchsak, undagi barcha o‘tkir cho‘qqilar va vodiylarni ko‘ra olmasdik", deydi Bingem.
Shunday qilib, tadqiqotchilar masalaga yangicha yondashishdi: sun’iy yo‘ldoshlardan olingan muz yuzasi haqidagi ma’lumotlarni va muzning harakatlanish fizikasini birlashtirmb, ularni oldingi yo‘llar bilan solishtirib, tekshirdilar.
"Bu xuddi daryoda qayiqda suzishga o‘xshaydi. Suv ostida toshlar bo‘lganda, ba’zan suv yuzasida uyurmalar paydo bo‘ladi, bu esa suv ostidagi toshlardan darak beradi", deb tushuntirdi Okenden.
"Muz, albatta, suvdan juda farqli oqadi, lekin muz tizmalar yoki tub qoyadagi tepalik ustidan oqib o‘tganda bu uning sirt topografiyasida va tezligida namoyon bo‘ladi."

Biz Antarktidaning yirik tog‘ tizmalari haqida bilganmiz, olimlarning yangi yondashuvi ilgari noma’lum bo‘lgan o‘n minglab tepaliklar va tizmalarni, shuningdek, muz ostida yashiringan ba’zi tog‘lar va kanьonlar atrofini batafsilroq ochib berdi.
"Menimcha, bu yangi landshaftlarni kuzatish va u yerda nima borligini ko‘rish juda qiziqarli", deydi Okenden.
"Bu xuddi Marsdagi topografiya xaritasini birinchi marta ko‘rib, "Juda qiziq, biroz Shotlandiyaga o‘xsharkan" yoki "Bunaqasini ilgari hech ko‘rmaganman", degan fikrga turtki beradi".
Qiziqarli topilmalardan biri – Maud muz osti havzasi deb nomlangan hududda Antarktida tubida joylashgan chuqur kanal.
Kanalning chuqurligi o‘rtacha 50 metr, kengligi 6 kilometr va uzunligi deyarli 400 kilometr – bu taxminan Londondan Nyukaslgacha bo‘lgan masofani tashkil qiladi.
Bu yangi xarita yakuniy bo‘lmasligi mumkin. Chunki u noaniq muz oqimi haqidagi taxminlarga asoslanadi.
Muz ostida yotgan tog‘ jinslari va cho‘kindilar haqida hali ko‘p narsalarni o‘rganish kerak.
Biroq boshqa tadqiqotchilar ham yer, havo va kosmosdan o‘tkaziladigan kuzatuvlar bilan birga bu xaritalar muhim yutuq bo‘lishini tasdiqlamoqda.
"Bu haqiqatan ham samarali natija", dedi Kembrijdagi Britaniya Antarktika tadqiqotlari markazining katta tadqiqotchisi, yangi tadqiqotda ishtirok etmagan, ammo oldingi xaritalash ishlarida keng qatnashgan doktor Piter Fretuell.
"Bu bizga o‘tkazilgan tadqiqotlar o‘rtasidagi bo‘shliqlarni to‘ldirish imkonini beradi", deya qo‘shimcha qildi u.
Tadqiqotchilar ta’kidlashicha, barcha tizmalar, tepaliklar, tog‘lar va kanallarni yanada chuqurroq tushunish Antarktida kelajakda qanday o‘zgarishi mumkinligi haqidagi kompyuter modellarini takomillashtirishi mumkin.
Chunki muz ostidagi yer shakllari va xususiyatlari pirovardida yuqoridagi muzliklarning qanchalik tez harakatlanishini va iqlim isishi sharoitida ularning qanchalik chekinishini belgilaydi.
Bu muhim, chunki Antarktidada kelajakdagi muz erish tezligi iqlimshunoslikdagi eng katta noaniqliklardan biri hisoblanadi.
"[Ushbu tadqiqot] bizga kelajakda nima sodir bo‘lishi va Antarktida muzlarining global dengiz sathi ko‘tarilishiga qanchalik tez hissa qo‘shishi haqida aniqroq tasavvur beradi", deydi Fretuell.
Tadqiqot natijalari "Science" ilmiy jurnalida nashr etilgan.
































