Tojikistonda muzliklar kamaymoqda: O‘zbekiston uchun xavf nimada?

Mamlakat hozirda Orolbo‘yi va Amudaryoning quyi oqimida qurg‘oqchilik bilan kurashayotgan bo‘lsa, keyingi o‘n yillarda bu keskinlashuv boshqa hududlar, ayniqsa Amudaryoning o‘rta oqimida ham yuz berishi mumkin.

Surat manbasi, AFP

Surat tagso‘zi, Mamlakat hozirda Orolbo‘yi va Amudaryoning quyi oqimida qurg‘oqchilik bilan kurashayotgan bo‘lsa, keyingi o‘n yillarda bu keskinlashuv boshqa hududlar, ayniqsa Amudaryoning o‘rta oqimida ham yuz berishi mumkin.
O'qilish vaqti: 5 daq

Yaqin kelajakda O‘zbekistondagi suv bilan bog‘liq vaziyat yanada yomonlashishi mumkin. Mamlakat hozirda Orolbo‘yi va Amudaryoning quyi oqimida qurg‘oqchilik bilan kurashayotgan bo‘lsa, keyingi o‘n yillarda bu keskinlashuv boshqa hududlar, ayniqsa Amudaryoning o‘rta oqimida ham yuz berishi mumkin.

Sababi, Tojikiston va Qirg‘iziston tog‘laridagi muzliklar har doimgidan-da yuqori suratda erimoqda. O‘zbekistonning asosiy suv ta’minotchilari bo‘lgan Amudaryo va Sirdaryo esa ayni muzliklardan boshlanadi.

May so‘ngida Dushanbe muzliklarni asrash bo‘yicha o‘tkazilgan ilk xalqaro konferentsiyaga mezbonlik qildi. Tadbirda Tojikiston muzliklari yuqori sur’atda kamayib borayotganidan tashvish bildirilgan.

Bu o‘z suv ta’minotining yarmidan ko‘pini Tojikistondan oluvchi O‘zbekiston uchun ham xavotir keltirib chiqaradi. So‘nggi yillardagi hukumat qarorlari va loyihalariga qaramasdan, mamlakatda suv bilan bog‘liq muammolar hanuz ko‘payishda davom etmoqda.

Iqlim isib, qurg‘oqchilik xavfi ortib borayotgan bir paytda Dushanbedagi so‘nggi tadbirlar Toshkent uchun nimani anglatadi? Markaziy Osiyo ayni resurs taqsimotini qanday yo‘lga qo‘ymoqchi? Suv mintaqada geosiyosiy qurolga aylanishi mumkinmi?

Aloqador mavzular:

Suv mintaqada geosiyosiy qurolga aylanishi mumkinmi?

29-31 may kunlari Dushanbeda muzliklarni asrash bo‘yicha birinchi xalqaro konferentsiya bo‘lib o‘tdi. Tadbir Tojikiston poytaxtiga 80 mamlakatdan 2500 dan ortiq vakilni jalb qilgan.

Yig‘in manzarasida mintaqadagi muzliklarga doir qator ma’lumotlar e’lon qilindi. Mutaxassislar ularning aksarini xavotirli va jiddiy e’tiborga molik deya baholashmoqda.

Unga ko‘ra, Tojikiston so‘nggi 23 yil ichida 1000 dan ortiq muzliklarni yo‘qotgan. Bu mamlakatdagi jami muzliklarning qariyb 10 foizini tashkil etadi. Ayni holat butun Markaziy Osiyo bo‘ylab millionlab odamlar hayotini xavf ostiga qo‘yishi aytilmoqda.

Jumladan, O‘zbekiston uchun ushbu ma’lumotlar ogohlantirish kabi yangramoqda. Yuqori ko‘rsatkichdagi demografik o‘sish davrida bu yanada xavotirli tus olishi mumkin.

Sababi, qariyb 40 millionga yaqinlashgan o‘zbekistonliklar suv taqchilligining turli ta’sirlarida allaqachon yashab keladi. Buni so‘nggi yillarda oshayotgan narxlar va qishloq xo‘jaligida unumdorlikning kamayishi misollarida ham ko‘rish mumkin.

Dilrabo Mansuri
Dilrabo Mansuri
Bu jarayon alohida yillarda sekin kechayotgandek tuyulsa-da, uzoq muddatli o‘zgarish sifatida juda xavotirli.
Dilrabor Mansuri
Tojikiston Respublikasi Bosh Vaziri o'rinbosari

Tojikiston muzliklari O‘zbekiston uchun nega muhim?

O‘zbekiston suv resurslarining katta qismi transchegaraviy daryolarga, ayniqsa Tojikiston hududidan keluvchi suv oqimlariga bog‘liq. Tojikiston, butun Markaziy Osiyoda eng ko‘p muzliklarga ega bo‘lgan davlat sifatida, O‘zbekistonning suv xavfsizligida hal qiluvchi o‘ringa ega.

Amudaryo va Zarafshon daryolarining bosh oqimini asosan Tojikiston tog‘ tizmalarida boshlanuvchi irmoqlar tashkil qiladi. Ma’lumotlarga ko‘ra, O‘zbekiston umumiy daryo oqimining taxminan 80 foizi tashqi hududlardan keladi. Shundan 60 foizga yaqini Tojikistondan.

Tojikistondagi muzliklar asosan yuqori tog‘li hududlarda joylashganligi bois, ular tabiiy suv ombori vazifasini bajaradi. Yil davomida asta-sekin eriydigan muzliklar daryolar uchun tabiiy regulyator kabi ishlaydi.

Biroq, ayni muzliklar tez sur’atda eriydigan bo‘lsa, bu O‘zbekistonning sug‘oriladigan yerlarida hosildorlikni xavf ostiga qo‘yadi. Sababi, kelgusi o‘n yilliklarda kutilayotgam yuqori harorat daryolar bahorda toshib ketishi, yozda esa qurib qolishi ehtimolini oshirishi mumkin.

Ilmiy kuzatuvlarga ko‘ra, oxirgi 50 yil ichida Markaziy Osiyoda havo harorati o‘rtacha 1,5–2°S ga oshgan. Bu esa muzliklarning erish sur’atini sezilarli darajada tezlashtirgan. Natijada, ba’zi tog‘li hududlardagi muzliklar 30–40 foizgacha qisqargani kuzatilmoqda.

"Bu jarayon alohida yillarda sekin kechayotgandek tuyulsa-da, uzoq muddatli o‘zgarish sifatida juda xavotirli," – degan Tojikiston bosh Vaziri o‘rinbosari Dilrabo Mansuri.

Ilmiy kuzatuvlarga ko‘ra, oxirgi 50 yil ichida Markaziy Osiyoda havo harorati o‘rtacha 1,5–2°S ga oshgan

Surat manbasi, AFP

Surat tagso‘zi, Ilmiy kuzatuvlarga ko‘ra, oxirgi 50 yil ichida Markaziy Osiyoda havo harorati o‘rtacha 1,5–2°S ga oshgan

Suv bo‘yicha kelishuv qanday ishlaydi?

Tojikiston va O‘zbekiston o‘rtasida suv resurslaridan foydalanish bo‘yicha kelishuvlar imzolangan. Ammo ba’zi kuzatuvchilar ushbu kelishuvlarning keyingi taqdiri muzliklardagi barqarorlikka bog‘liq degan fikrda.

"Iqlim o‘zgarishi fonida har ikki mamlakatning ilmiy hamkorligi, monitoring tizimlari va suv siyosati bir-biriga mos bo‘lishi talab etiladi. Tojikistondagi muzliklar barqarorligi O‘zbekistonning kelajakdagi suv ta’minoti uchun strategik ahamiyatga ega," – deb yozadi siyosiy tahlilchi Uilder Sanchez Markaziy Osiyo suv ta’minoti bo‘yicha "Atlantic Council"da chop etgan maqolasida.

"Markaziy Osiyodagi muzliklarning jadallik bilan erishi O‘zbekistonning suv ta’minoti, qishloq xo‘jaligi va infratuzilmasiga bevosita ta’sir qilmoqda. Amudaryo va Sirdaryo daryolari mamlakatdagi asosiy suv manbalari bo‘lib, ular oqimining katta qismi tog‘ muzliklari orqali shakllanadi. Shu bois, bu muzliklardagi har qanday o‘zgarish O‘zbekiston suv tizimining barqarorligiga xavf soladi."

Taqdim
Tojikistondagi muzliklar barqarorligi O‘zbekistonning kelajakdagi suv ta’minoti uchun strategik ahamiyatga ega.
Uilder Sanchez
Mustaqil tahlilchi

Muzliklarninng erishishi O‘zbekistonga qanday ta’sir qilmoqda?

O‘rganishlarga ko‘ra, daryo oqimlarining mavsumiy va umumiy hajmi o‘zgarib bormoqda. Ilgari bahor va yoz oylarida barqaror ravishda daryoga quyiladigan muzlik suvlari bugungi kunda may-iyun oylariga kelibgina to‘lib oqmoqda.

Natijada iyul-avgustga borib, suv tanqisligining kuzatilishi mavsumiy hodisaga aylanishi mumkin. Suv miqdoridagi bu kabi kamayish tufayli mintaqada dehqonlar o‘z vaqtida yetarli miqdorda suv ololmayotgani aytiladi.

BMT o‘rganishlariga ko‘ra, bu Qoraqalpog‘iston respublikasi va Xorazm viloyatlarida ayniqsa sezilmoqda.

Tarmoqlardagi suv xavfsizligiga doir postlar izohlarida o‘zini xorazmlik yoki qoraqalpog‘istonlik deya tanishtiruvchi aksar hisob egalari dalalarga suv yetib bormayotganligi haqida yozishganini tez-tez uchratish mumkin.

Shu bilan birga, mutaxassislarning aytishicha, Markaziy Osiyoda muzliklarning tez erishi O‘zbekistonning suv resurslari bilan bog‘liq ijtimoiy va iqtisodiy tizimlariga sezilarli ta’sir ko‘rsatishni boshlagan.

"O‘zbekiston aholisi va iqtisodiyoti uchun hayotiy ahamiyatga ega bo‘lgan suv manbalari kamayib borayotgani qishloq xo‘jaligi, ichimlik suvi ta’minoti, migratsiya va sog‘liqni saqlash sohalarida qator muammolarni keltirib chiqarmoqda," – deb yozadi Uilder Sanchez.

Unga ko‘ra, suv tanqisligi O‘zbekiston qishloq xo‘jaligiga, ayniqsa, sug‘oriladigan yerlarga jiddiy zarar yetkazmoqda. Mamlakatning sug‘oriladigan yer maydoni taxminan 4,3 million gektarni tashkil etadi va bu maydonlarning katta qismi Amudaryo va Sirdaryo daryolaridan olinadigan suvga bog‘liq.

Ilgari bahor va yoz oylarida barqaror ravishda daryoga quyiladigan muzlik suvlari bugungi kunda may-iyun oylariga kelibgina to‘lib oqmoqda.

Surat manbasi, AFP

Surat tagso‘zi, Ilgari bahor va yoz oylarida barqaror ravishda daryoga quyiladigan muzlik suvlari bugungi kunda may-iyun oylariga kelibgina to‘lib oqmoqda.

So‘nggi yillarda muzliklarning erishi natijasida ushbu daryolarning suv miqdori kamaygan. Sug‘orish uchun suv yetishmovchiligi natijasida ko‘plab maydonlarda ekinlar vaqtida sug‘orilmay qolmoqda. Bu esa oziq-ovqat xavfsizligi uchun ham tahdid tug‘dirmoqda.

Xususan, tahlilchilar ayni trendning ta’siri O‘zbekistondagi paxta sanoatida aniq ko‘zga tashlanganini ta’kidlashadi.

"So‘nggi yillarda O‘zbekistondagi paxta sanoati ma’lum miqdorda pasayishni boshdan kechirdi. Bu esa paxta maydonlaridagi majburiy mehnatga qarshi reydlar emas, ko‘proq suv taqchilligi sabab yuz bermoqda. Sababi, paxta O‘zbekiston iqtisodiyotining ustuvor tarmoqlaridan biridir. Hosildorlikning pasayishi nafaqat fermerlarning daromadiga, balki mamlakatning eksport daromadlariga ham salbiy ta’sir ko‘rsatadi," – deb yozadi Uilder Sanchez.

Bizni ijtimoiy tarmoqlarda ham kuzating:

Jumladan, suv tanqisligi va qishloq xo‘jaligidagi qiyinchiliklar migratsiya jarayonlarini kuchaytirmoqda. Suvsizlik natijasida qishloq hududlarida ish o‘rinlari kamaygan. Aholining shaharlarga yoki chet elga ko‘chishi oshmoqda.

Hukumat ayni masalani siyosiy kun tartibga olib chiqishni boshlagan. Prezident Mirziyoyev qariyb har bir yig‘inda, xususan, Budapeshtdagi so‘nggi tadbirlarda ham ushbu mavzuga alohida to‘xtalib o‘tgan.

Katta miqdordagi investitsiya jalb qilinishi boshlangan bu sohadagi natijalar bir necha o‘n yilliklarda ko‘zga tashlanadi, deydi mutaxassislar.

Biroq, mamlakatda urchigan korruptsiya va ijrodagi muammolar xalqaro tashkilotlar va mahalliy hukumat loyihalarning qanchalik muvafaqqiyatli yakunlanishini savol ostida qoldiradi.