Markaziy Osiyoda "asr qurilishi": Xitoy–Qirg‘iziston–O‘zbekiston temir yo‘lida xalq ulushi bo‘ladimi?

Xitoy–Qirg‘iziston–O‘zbekiston temir yo‘li quruvchilari.

Surat manbasi, Rasmiy

Surat tagso‘zi, Xitoy–Qirg‘iziston–O‘zbekiston temir yo‘li qurilishi rasman 2024 yili boshlangan.
O'qilish vaqti: 3 daq

"Bir belbog‘, bir yo‘l" ("One Belt, One Road") tashabbusi doirasida qurilayotgan Xitoy–Qirg‘iziston–O‘zbekiston temir yo‘li yangi bahsni uyg‘otdi. Milliardlab dollarlik loyihalarda oddiy fuqaro ulushi bo‘ladimi?

Mintaqaning so‘nggi o‘n yilliklardagi eng yirik "Bir belbog‘, bir yo‘l" infratuzilma tashabbusi juda ko‘p loyihalarni ko‘zda tutadi.

Xitoy doxil mintaqadan yuklarini Yevropaga qisqa vaqt ichida yetkazishni maqsad qilgan Xitoy-Qirg‘iziston-O‘zbekiston temir yo‘li ana shu loyihalardan biridir.

Xitoy–Qirg‘iziston–O‘zbekiston (XQO‘) temir yo‘li qurilishi qariyib 30 yillik "kutish"lardan so‘ng 2024 yili rasman amalga oshirila boshlangandi. Biroq Qirg‘izistonda qurilish ishlari bilan bir qatorda loyihani "xalqniki" qilish mumkinmi, degan savol kun tartibiga chiqdi.

Ushbu tashabbus Qirg‘izistonning sobiq bosh vaziri Feliks Qulov tomonidan ilgari surildi. Uning taklifi nafaqat Bishkek, balki loyihaning teng huquqli ishtirokchisi bo‘lgan Toshkent uchun ham muhim savollarni o‘rtaga qo‘yishi mumkin.

Rasmiy
Maqsad xalqdan pul yig‘ish emas, balki strategik loyihalarda xalqni “kuzatuvchi emas, nazoratchi”ga aylantirishdir.
Feliks Qulov
Qirg‘iziston sobiq bosh vaziri (BBC.COM/UZBEK)

"Xalq paketi" — majburiyatmi yoki imkoniyat?

Feliks Qulovning rejasiga ko‘ra, Qirg‘izistonning loyihadagi 24,5 foizlik ulushidan bir qismi alohida «Xalq paketi» sifatida ajratilib, fuqarolarga aktsiyalar shaklida sotilishi mumkin.

"Dastlabki hisoblar bo‘yicha, har bir katta yoshli kishi uchun boshlang‘ich paketning qiymati 4-5 ming somni (50 dollar atrofida) tashkil qiladi va uni 4-6 yilga bo‘lib to‘lash mumkin. Bu esa oyiga taxminan 60-90 so‘m (taqriban 10 dollar) bo‘ladi", — deb tushuntiradi u.

Biroq ijtimoiy tarmoqlarda bu tashabbus "davlat o‘z zimmasidagi moliyaviy yukni xalq yelkasiga ag‘darmoqda", degan tanqidlarga uchradi. Janob Qulov esa buni inkor etib, maqsad pul yig‘ish emas, balki xalqni strategik loyihalarda "kuzatuvchi emas, nazoratchi"ga aylantirish ekanini ta’kidlaydi.

Uning fikricha, yuz minglab aktsiyadorlarning mavjudligi loyihani siyosiy beqarorliklardan himoya qiluvchi eng katta kafolatdir.

Xitoy–Qirg‘iziston–O‘zbekiston temir yo‘li qurilishining rasmiy ochilish marosimi.

Surat manbasi, Rasmiy

Raqamlar va moliyaviy yuk

Temir yo‘l qurilishi uchun taxminan 4 mlrd 665 mln dollar sarflanishi hisoblab chiqilgan. Uning yarmi (2,332 mlrd dollar) kredit shaklida olinadi. Qolgan mablag‘ning 51 foizini Xitoy moliyalashtiradi, Qirg‘iziston va O‘zbekiston esa 573 mln dollardan, har biri 24.5 foiz mablag‘ni ta’minlashi kerak.

O‘zbekiston uchun ham bu ulush katta mablag‘ demakdir. Qo‘shni davlatdagi bahs-munozaralar Toshkent uchun ham bilvosita dolzarb: milliardlab dollarlik loyihalar shunchaki "yuqoridan" boshqariladigan aktiv bo‘lib qoladimi yoki fuqarolarning real mulkiga aylanadimi?

"Bir belbog‘, bir yo‘l" infratuzilma tashabbusidagi loyihalar ro‘yxati.
Surat tagso‘zi, Mintaqaning so‘nggi o‘n yilliklardagi eng yirik "Bir belbog‘, bir yo‘l" infratuzilma tashabbusi juda ko‘p loyihalarni ko‘zda tutadi.

Tranzit tahlikasi: 6 ta chegara va 36 ta tekshiruv

Biroq, optimistik rejalar oldida jiddiy texnik to‘siqlar ham bor. Transport logistikasi bo‘yicha ekspert Marat Musuraliev tranzit yo‘lidagi qiyinchiliklarga e’tibor qaratadi. Uning hisob-kitobiga ko‘ra, Xitoydan Yevropagacha yuk poezdi oltita chegaradan o‘tishi va jami 36 ta tekshiruvdan (bojxona, chegara, fitosanitariya) o‘tishi kerak.

Bundan tashqari, temir yo‘l izlarining kengligidagi farq asosiy muammo bo‘lib qolmoqda.

Bu degani, yuklar har bir o‘tish nuqtasida boshqa vagonlarga qayta yuklanishi yoki vagon g‘ildiraklari almashtirilishi kerak. Turkiyadagi Van ko‘lida esa yuklarni poezddan kemaga va yana kemadan poezdga qayta ortish zarurati tug‘iladi.

Shu bilan birga sobiq bosh vazirning fikriga munosabat bildirgan iqtisodchilar bu kabi loyihalar 20-30 yildan keyingina o‘zini oqlay boshlashi mumkinligini yozishgan.

Xitoy–Qirg‘iziston–O‘zbekiston temir yo‘li qurilishi.

Surat manbasi, Rasmiy

Surat tagso‘zi, XQO‘ temir yo‘li loyihada ishtirok etayotgan davlatlar uchun Fors ko‘rfazi va Yevropaga yo‘l ochadi.

XQO‘ temir yo‘li qurilishiga 2024 yil 27 dekabrda start berilgan. U loyihada ishtirok etayotgan davlatlar uchun nafaqat Fors ko‘rfazi va Yevropaga yo‘l ochadi, balki mintaqa davlatlari uchun iqtisodiy islohotlarning yangi imtihoniga aylanadi.

"Xitoy - Qirg‘iziston - O‘zbekiston" temir yo‘li qurilishi mintaqadagi texnik va muhandislik jihatdan eng murakkab loyihalardan biridir. Uning qurilishi doirasida umumiy uzunligi 120 kilometr bo‘lgan 50 ta ko‘prik va 29 ta tunnel qurilishi ko‘zda tutilgan. Bu - jami yo‘lning qariyb 40 foizi tunnel va ko‘priklar orqali o‘tadi, degani. Qirg‘iziston hududida temir yo‘lning umumiy uzunligi 304 kilometrni tashkil etadi.

Qirg‘iziston sobiq bosh vaziri Feliks Qulov taklifi ortidan hozirda o‘rtaga chiqayotgan asosiy savol bu O‘zbekiston va Qirg‘iziston xalqi bu loyihada "xo‘jayin" bo‘la oladimi yoki shunchaki kuzatuvchi sifatida qoladimi, degan savoldir.