Trampning millatga murojaati. Demokrat haydab chiqarildi. Xokkeychilar olqishlandi. Yana nimalar bo‘ldi?

Surat manbasi, Reuters
AQSh tarixidagi eng uzoq davom etgan millatga murojaat, deya ta’riflanayotgan nutqida prezident Donald Tramp mamlakat kelajagi haqidagi o‘z qarashlarini g‘olibona ohangda izhor etdi.
O‘z partiyasi - Respublikachilarga tahsinlar aytdi.
Millatga murojaat an’anaviy ravishda Kongress a’zolari, vazirlar va Oliy Mahkama hakamlari huzurida qilinadi.
Prezident oilasi va va boshqa mehmonlar ham taklif etiladi.
Bu galgi murojaat Eron bilan munosabatlarining tanglashishi, janob Tramp tomonidan ilgari surilgan jahon bo‘ylab tariflarni kiritish taklifi Oliy Mahkama tomonidan rad etilgani va mamlakat bo‘ylab narxlarning oshib borayotgani yuzasidan xavotirlar manzarasida qilindi.
Bularning hammasi shu yil kutilayotgan o‘rta saylovlarda Prezidentning Kongress ustidan to‘liq nazoratni yo‘qotishiga sabab bo‘lishi mumkin bo‘lgan omillardir.
Prezident Tramp nutqining asosiy nuqtalariga nazar tashlaymiz.
1. Oliy Mahkamaning hamma a’zolari kelishmadi

Surat manbasi, Reuters
AQSh Oliy Mahkamasi prezident Trampning jahon bo‘ylab yoppasiga tariflar kiritish taklifini rad etganidan so‘ng bu ularning ilk yuzma-yuz uchrashuvlari bo‘ldi.
Odatda Mahkamaning hamma a’zolari millatga murojaatni tinglash uchun yig‘ilishadi.
Ammo seshanba kungi nutqni Mahkamaning 9 hakamidan faqat 4 nafari eshitgani kelishdi.
Oliy hakam Jon Roberts bilan qo‘l siqib ko‘rishar ekan ikkisining nigohi o‘rtada tanglik borligidan dalolat berardi. Chunki hakam Roberts tariflarga qarshi ovoz berganlardan biridir.
O‘z nutqida tariflar masalasini tilga olgan vaqti prezident Tramp Oliy Mahkama hakamlarini tanqid qilib o‘tdi. Lekin bu galgi tanqid ohangi avvalgilaridan yumshoqroq edi.
Tariflarning rad etilishini janob Tramp "afsuslanarli va achinarli" holat deya, ta’riflar ekan hakamlar tomon to‘g‘ridan-to‘g‘ri nazar tashladi. Ammo ular pinaklarini buzganlar. yo‘q.
2. Demokratlar yana haydab chiqarildi

Surat manbasi, Bloomberg via Getty Images
AQSh prezidentlarining millatga murojaatlari vaqtida muxolif partiya vakillarining noroziliklari odatiy holga aylangan.
Bu galgi millatga murojaatga ko‘plab Demokratlar kelishmadi.
Kelganlari esa o‘z noroziliklarini izhor etishdan tiyilishmadi.
Texasdan Kongress a’zosi Grin ikkinchi yildirki majlis zalidan qo‘riqchilar yordamida chiqarib yuborildi.
Janob Tramp zalga kirib kelar ekan Grin "Qora tanlilar maymun emas", deya yozilgan lavhani ushlab turgandi.

Surat manbasi, Getty Images
Bu lavha yaqinda prezident Tramp tomonidan Ijtimoiy tarmoqda chop etilgan va keyinchalik olib tashlagan videoga ishora edi.
Videoda sobiq prezident Barak Obama va uning rafiqasi maymun sifatida ko‘rsatilgandi.
Ana shu lavha va baqirib norozilik izhor etishi ortidan kongress a’zosi Grin zaldan chiqarib yuborildi. Xuddi shunday uni o‘tgan yili ham millatga murojaat vaqtida chiqarib yuborishgandi.
Kongress a’zosi Minnesota shtatidan demokrat Ilhan Umar ham janob Tramp muhojirlar masalasi va Minnesotdagi somalilik amerikaliklar ayblangan qallobliklarni tilga olgan vaqti baqirib o‘z noroziligini aytdi.
"Bu yolg‘on, siz yolg‘onchisiz", deya baqirdi u.
Uning yonida o‘tirgan Michigan shtatidan demokrat Kongress a’zosi Rashida Tlayib ham bir necha bor norozilik bildirishdi.
3. 'U-S-A, U-S-A' - Vatanparvarlik hayqiriqlari

Surat manbasi, AFP via Getty Images
Majlislar zaliga xokkey bo‘yicha AQSh milliy jamoasining kirib kelishi ehtirosli onlar bo‘ldi.
YIg‘ilganlar ularni qarsaklar bilan kutib olib, "U-S-A", deya hayqira boshlashdi.
Xokkey jamoasi Qishki Olimpiya o‘yinlarida Kanada ustidan g‘alaba qozonib, oltin medalni qo‘lga kiritishgandi.
Janob Tramp ham yig‘ilganlar qarsaklariga qo‘shildi.
Jamoa sardoriga Prezidentning Ozodlik medali berilishini e’lon qildi.
Xokkey jamoasini shaxsan prezident Tramp ular kiyim almashtirish xonasida bo‘lgan vaqtlari unga telefon qilganlarida Millatga murojaat marosimiga taklif qilgandi.
Shu bilan birga janob Tramp qarama-qarshi fikrlarni uyg‘otgan izhorotni ham qildi.
"Biz ayollar xokkey jamoasini ham taklif qilishimiz kerak endi. Agar bunday qilmasam menga impichment e’lon qilishadi", dedi janob Tramp.
Trampning bu so‘zlari Ijtimoiy tarmoqlarda keng tanqidlarga tutilmoqda. U o‘z nutqida ayollar xokkey jamoasi ham oltin medalni qo‘lga kiritganini aytib o‘tdi.
Janob Tramp nutqining asosiy nuqtasi vatanparvarlik edi. Ammo bu yil AQSh 250 yilligini nishonlash marosimlari rejalangani haqida aytar ekan, mamlakatdagi bo‘linishlarga ham ishora qilib o‘tdi.
O‘z nutqi mobaynida u asosan Kongress a’zolaridan iborat bo‘lgan yig‘ilganlarga murojaat qilib, "Amerika hukumatining eng dastlabki vazifasi noqonuniy kelgindilarni emas amerikaliklarni himoya qilishdir", degan izhorotni qo‘llovchilarni o‘rinlaridan turishni so‘radi.
Shu onda kameralar o‘rinlilaridan olqishlar bilan turgan Respublikachilarni ko‘rsatdi. Ammo zalning boshqa qismi o‘rinlarida jimgina o‘tirishgandi.
Tram Demokratlar qarsak chalishmayotgani yoki uni qo‘llamayotganlarini bir necha bor tilga olib, "Ular aqldan ozgan", deya aytdi.






























