Tahlil: Ahvol tahlikali, ammo AQSh va Isroil fursatni boy bermoqchi emas

Zarbadan keyin Tehron ustidan tutun ko‘tarilmoqda

Surat manbasi, Reuters

Surat tagso‘zi, Zarbadan keyin Tehron ustidan tutun ko‘tarilmoqda
    • Author, Jeremi Bouen
    • Role, Xalqaro masalalar bo‘yicha muharrir
  • O'qilish vaqti: 4 daq
Video tagso‘zi, Tehron mahallasiga zarba berilgandan keyin keyin vaziyat izdan chiqqan manzaralar kuzatildi

AQSh va Isroilning Eronga qarshi yangi urushi oqibatlarini oldindan aytib bo‘lmaydigan o‘ta tahlikali vaziyatni yuzaga keltirmoqda. Isroil o‘z hujumini oqlash uchun "preventiv zarba" atamasini qo‘lladi.

Dalillarga qarasak, bu dushmanning ehtimoliy hujumidan avvalroq zarba berishni anglatuvchi "preventiv zarba"ga o‘xshamaydi. Aksincha, bu o‘ylab tanlangan urushdir.

Isroil va AQSh hozir Erondagi Islomiy rejimni zaif ahvolda deb hisobladi: u og‘ir iqtisodiy inqiroz, yil boshida namoyishchilarga qarshi shafqatsiz tazyiqlar oqibatlari bilan kurashmoqda, mudofaa tizimi esa o‘tgan yozgi urushda jiddiy zararlangan. Aftidan ularning xulosasi shunday bo‘lgan: bu boy berib bo‘lmaydigan fursat.

Bu hujumlar allaqachon hilvillab qolgan xalqaro huquq tizimiga berilgan yana bir zarba bo‘ldi.

Prezident Donald Tramp ham, Bosh vazir Benyamin Netanyahu ham o‘z bayonotlarida Eron o‘z mamlakatlari uchun xavf ekanini ta’kidladi – Tramp hatto uni global xavf deb atadi. Islomiy rejim, shubhasiz, ularning ashaddiy dushmani. Biroq bir tomondan AQSh va Isroil, ikkinchi tomondan Eron o‘rtasidagi kuchlar nisbatidagi ulkan tafovutni hisobga olsak, bu hujumlarni o‘z-o‘zini himoya qilish maqsadida bo‘layotganini qanday huquqiy asoslash mumkinligini tushunish qiyin.

Urush – siyosiy harakat. Qurolli mojarolar boshlangandan so‘ng uni nazorat qilish tabiiy qiyinlashadi. Rahbarlarda aniq maqsadlar bo‘lishi kerak.

Benyamin Netanyahu o‘nlab yillardan beri Eronni Isroilning eng qattol dushmani deb biladi. Uning uchun hozir Tehrondagi rejimga va Eronning harbiy salohiyatiga ko‘proq zarar yetkazish imkoniyati paydo bo‘ldi. Netanyahuni yil oxirida umumxalq saylovlari kutmoqda. Xamas bilan ikki yillik urush tajribasi ko‘rsatadiki, u Isroil urush holatida bo‘lganda o‘zining siyosiy mavqei mustahkamlanishiga ishonadi.

Donald Trampning maqsadlari esa o‘zgaruvchan, yo‘nalishini almashtirib turadi. Yanvarь oyida u Erondagi namoyishchilarga yordam yaqinligini aytgan edi. O‘sha paytda AQSh Harbiy-dengiz kuchlarining aksariyati Venesuela rahbarini ag‘darish bilan band bo‘lgani bois unda harbiy chora rejasi yo‘q edi.

AQSh mintaqaga ikkita aviatashuvchi zarba beruvchi guruhni hamda quruqlikdagi salmoqli kuchlarini joylashtirayotgan bir paytda, Tramp Eronning yadroviy istaklari xavfi haqida bot-bot gapirdi. Vaholanki, o‘tgan yozgi urushdan keyin uning o‘zi Eron yadro dasturi "yo‘q etilganini" e’lon qilgan edi.

Eron rejimi yadroviy qurolga ega bo‘lish istagini doim rad etib kelgan, ammo uranni tinchlik maqsadida ishlatiladigan darajadan ko‘proqqa boyitgan. Hech bo‘lmaganda, u bomba yaratish imkoniyatiga ega bo‘lishni istayotgan ko‘rinadi. Isroil va AQSh Eron buni amalga oshirish arafasida ekaniga dalil taqdim etganicha yo‘q.

Tramp o‘z videosida Eron xalqiga "ozodlik soati" yaqinligini aytdi. Netanyahu ham shunga o‘xshash xabar yo‘llab, bu urush Eron xalqiga rejimni ag‘darish imkoniyatini berajagini ta’kidladi. Bu esa mutlaqo aniq emas.

Quruq havo hujumlari orqali rejimni o‘zgartirish mumkinligiga birorta ham misol yo‘q. Saddam Husayn 2003 yilda AQSh boshchiligidagi ulkan ishg‘olchi kuchlar tomonidan ag‘darilgan. Muammar Qaddofiy 2011 yilda NATO va ayrim arab davlatlarining havo kuchlari bilan dastaklangan isyonchi guruhlar tomonidan ag‘darilgan edi. Ikkala holatda ham natija davlatning parchalanishi, fuqarolar urushi va minglab qotilliklar bo‘ldi. Liviya hamon abgor davlatligicha qolmoqda. Iroq esa bosqin va undan keyingi xunrezliklar oqibatlari bilan kurashadi.

Agar bu faqat havo kuchlari bilan rejimni ag‘darishning ilk namunasi bo‘lgan taqdirda ham, Islomiy rejim o‘rnini inson huquqlarini hurmat qiladigan liberal demokratiya egallamaydi. Surgunda navbat kutib turgan ishonchli muqobil hukumatning o‘zi yo‘q.

Ijtimoiy tarmoqlardan olingan va Reuters axborot agentligi tomonidan tasdiqlangan ushbu tasvir AQSh va Isroil zarbalaridan keyin Tehrondagi manzarani ko‘rsatmoqda.

Surat manbasi, Reuters

Qariyb yarim asr davomida Eron rejimi mafkura, korruptsiya va zarur bo‘lganda beshafqat kuch ishlatishga asoslangan murakkab siyosiy tizimni yaratdi. Tehron rejimi yanvarь oyida namoyishchilarni o‘ldirishga tayyorligini ko‘rsatdi. Uning xavfsizlik kuchlari ko‘chalarda tuzumga qarshi chiqqan va ozodlik talab qilgan minglab fuqarolarni otib o‘ldirish haqidagi buyruqlarga bo‘ysunadi.

Balki AQSh va Isroil oliy rahbar Oyatulloh Ali Xomanaiyni o‘ldirishga urinayotgandir. Isroil suiqasdning strategik kuchiga ishonadi. So‘nggi ikki yilda u G‘azodagi Xamas va Livandagi "Hizbulloh" yetakchilarini hamda ularning ko‘plab yordamchilarini o‘ldirdi.

Erondagi Islomiy rejim esa boshqa masala. U qurolli harakatga emas, davlatga rahbarlik qiladi. Bu bir kishining tomoshasi emas. Agar oliy rahbar o‘ldirilsa, uning o‘rnini boshqa birov, katta ehtimol bilan, Eron Islom inqilobi qo‘riqchilari korpusi qo‘llab-quvvatlaydigan boshqa bir oyatulloh egallaydi. Inqilob qo‘riqchilari korpusi an’anaviy qurolli kuchlar bilan bir qatorda mavjud bo‘lib, uning aniq vazifasi rejimni ichki va tashqi tahdidlardan himoya qilishdir.

Tramp ularga qurollarini topshirsa daxlsizlik, aks holda, muqarrar o‘limni va’da qildi. Inqilob qo‘riqchilari korpusi uning taklifiga uchishi dargumon. Shahidlik Islom Respublikasi mafkurasi va shialik uchun tamal g‘oyadir.

Tramp siyosat va hayotdagi asosiy harakatlantiruvchi kuch – o‘zaro manfaatli kelishuvlar deb hisoblaydi; o‘z kitobida ta’kidlaganidek, bitimlar tuza olish san’atidir. Biroq Eron bilan muomala qilishda mafkura va e’tiqod kuchini ham inobatga olish talab etiladi. Buni o‘lchash esa ancha mushkul.

Yil boshidan buyon inqiroz kuchayib, Amerika o‘z armadasini to‘plar ekan, Tehron rahbariyati urushni muqarrar deb hisoblayotgani alomatlari ko‘paymoqda.

Ular na AQShga, na isroilliklarga ishonadi. Tramp o‘zining birinchi prezidentlik muddatida Eronning yadroviy dasturini cheklagan, Obama ma’muriyatining tashqi siyosatdagi eng yorqin yutug‘i sanalgan Eron yadroviy kelishuvidan chiqib ketgan edi.

Eron, hech qursa vaqtdan yutish uchun, yadroviy kelishuvning ikkinchi talqinini qabul qilishga tayyorligiga ishoralar bor edi. Biroq AQSh ham, o‘z navbatida, Eronning raketa dasturini, Isroil hamda AQShga qarshi bo‘lgan ittifoqchilarini qo‘llab-quvvatlashini keskin cheklashni talab qilayotgan ko‘rinadi.

Bu talablar Eron uchun nomaqbul bo‘lib, taslim bo‘lish bilan barobar edi. Raketalar va ittifoqchilardan voz kechish, Eron rahbariyati nazarida, mamlakatni hujum tahdididan ham ko‘ra rejim o‘zgarishi xavfi ostida qoldirishi mumkin.

Eron rahbarlari endi urushdan qanday eson-omon chiqish, qanday omon qolish va uning oqibatlarini qanday bartaraf etish hisobini qiladi. Saudiya Arabistoni boshchiligidagi qo‘shni davlatlar esa bugungi voqealarning noaniq va ehtimoliy oqibatlaridan chuqur xavotirga tushib qolgan.

Yaqin Sharqning muammolarni "eksport qilish" salohiyatini inobatga olsak, bu yerda shiddatli urushning avj olishi mintaqadagi notinchlikni yanada chuqurlashtiradi, shusiz ham zo‘ravonlikka to‘la bo‘lgan dunyodagi notinchlikni battarlashtiradi.