Marhum Oyatulloh Xomanaiy qanday rahbar edi?

Surat manbasi, Getty Images
Oyatulloh Ali Xomanaiyning qattiqqo‘l avtoritar qarashlari va siyosati qariyb qirq yil davomida Eron hayotini shakllantirib keldi. U 1989 yilda Ruhulloh Xumayniy vafotidan so‘ng, 1979-yilgi inqilobdan keyingi ikkinchi oliy rahbar bo‘ldi.
Xomanaiy davlat rahbari va qurolli kuchlar, jumladan, qudratli Inqilob qo‘riqchilari korpusi bosh qo‘mondoni sifatida amalda mutlaq hokimiyat sohibi edi.
Uning bunday shiddatli voqealar natijasida vafot etishi Eron uchun ham, butun mintaqa uchun ham yangi va mavhum kelajakdan darak beradi.

Surat manbasi, Getty Images
Diniy tarbiya
Ali Xomanaiy 1939 yilda Eronning ikkinchi yirik shahri Mashhadda tug‘ilgan.
Uning otasi shia ruhoniysi edi.
Xomanaiy o‘zining "faqir, ammo taqvodor" o‘tgan bolaligini romantik bo‘yoqlarda tasvirlab, ko‘pincha "non va mayizdan" boshqa narsa yemaganini aytardi.
U diniy ta’limni Mashhadda boshlagan, qisqa muddat Iroqning Najaf shahrida bo‘lgan, so‘ng Eronning diniy markazi Qum shahridagi madrasada o‘qigan.
Unga bir necha ruhoniy, jumladan, keyinchalik Islom Respublikasiga asos solgan Xumayniy ham saboq bergan.

Surat manbasi, Office of the Supreme Leader via EPA
Xomanaiy 1979-yilgi "Islom inqilobi" natijasida taxtdan ag‘darilgan Eron shohini tanqid qiluvchilar safida edi.
Xomanaiy yillar davomida yashirin hayot kechirgan yoki qamoqda saqlangan.
Shohning maxfiy politsiyasi uni olti marta hibsga olgan va qiynoqqa solgan.

Surat manbasi, Getty Images
Inqilob chog‘ida Xomanaiy Oyatulloh Xumayniyning yaqin safdoshlari orasida muhim shaxs emas edi, biroq qo‘zg‘olondan so‘ng tezda yuksaldi.
U Inqilobiy kengashga a’zo bo‘ldi. Shoh rejimi qulagach, bu kengash inqilobga rahbarlik qilib, muvaqqat boshqaruv organiga aylandi.
Uning Islom Respublikasidagi ilk lavozimi Mudofaa vaziri o‘rinbosarligi edi.
O‘sha yili Xumayniy uni Tehron juma namozlariga imom-xatib etib tayinladi, bu lavozimni u umrbod egalladi.
Ali Xomanaiyning butun mamlakat bo‘ylab efirga uzatilgan siyosiy xutbalari uni yangi rahbariyat safidagi mavqeini mustahkamladi.
Suiqasd urinishi

Surat manbasi, Khamenei.ir
1981 yil iyunida Xomanaiy suiqasddan omon qoldi.
Muxolif guruh u va’z o‘qiyotganda bomba portlatdi.
Bu hujum uning hayotini saqlab qolgan bo‘lishi mumkin.
Xomanaiy inqilobdan keyingi rahbariyat hokimiyatini mustahkamlashga yordam bergan Islom Respublikasi partiyasining hammuassisi va yetakchisi edi. Biroq u partiya shtabiga uyushtirilgan yirik portlash paytida avvalgi suiqasd sababli kasalxonada bo‘lgan.
Hujumdan so‘ng uning o‘pkasi bir necha oyda tiklandi, ammo o‘ng qo‘li bir umrga mayib bo‘lib qoldi.
O‘sha yil oxirida u Eron prezidentligiga nomzod bo‘ldi.

O‘sha yil oxirida u Eron prezidentligiga nomzod bo‘ldi.
Nomzodlarni tasdiqlovchi kengashni Oyatulloh Xumayniy nazorat qilardi. Ali Xomanaiy 97 foiz ovoz bilan g‘alaba qozondi.
Xomanaiyning lavozimga kirishish nutqi uning prezident sifatidagi boshqaruv yo‘lini belgilab berdi. U "zalolat, liberalizm va Amerika ta’siridagi so‘lchilarni" qoraladi.
Eron-Iroq urushi
Qo‘shni Iroq saylovlardan bir necha oy oldin Eronga bostirib kirdi.
Iroq prezidenti Saddam Husayn Eron inqilobi uning rejimiga putur yetkazishidan qo‘rqardi.
Xomanaiy prezident bo‘lishidan oldin, urush boshida bir necha oyni front chizig‘ida o‘tkazdi.
Sakkiz yillik urush davomida har ikki tomondan yuz minglab odam halok bo‘ldi.

Surat manbasi, Getty Images
Urush Xomanaiyning Iroqni zimdan qo‘llab-quvvatlagan AQShga nisbatan ishonchsizligini yanada kuchaytirdi.

Surat manbasi, Getty Images
Oliy rahbarlik
1989 yilda Oyatulloh Xumayniy vafot etdi. Rahbarlik bo‘yicha ekspertlar kengashi Xomanaiyni uning vorisi etib sayladi.
Ba’zilar bu yangi rahbarning diniy ilmi sayoz deb hisoblardi.

Surat manbasi, Getty Images
"Men sernuqson bir odamman, oddiy bir tolibi ilmman", deb tan olgandi u lavozimga kirishish chog‘idagi ilk nutqida.
"Biroq, zimmamga mas’uliyat yuklandi va men bu og‘ir yukni ko‘tarish uchun bor qobiliyatim va qodir Allohga bo‘lgan butun iymonimni ishga solaman".

Surat manbasi, Getty Images
Ammo keyin u sud-huquq tizimi, politsiya, ommaviy axborot vositalari, ruhoniylar elitasi, parlament, Inqilob qo‘riqchilari korpusi va razvedka idoralarida o‘ziga sodiqlar tarmog‘ini yarata oldi.
Vashingtondagi Karnegi Xalqaro tinchlik jamg‘armasi xodimi Karim Sadjadpur BBC News'ga bergan intervyusida Xomanaiy "murosasiz ruhoniylar va zumda boyib ketgan inqilob qo‘riqchilarining o‘zaro jips karteliga" tayanib qolganini aytgan edi.
Eron davlat ommaviy axborot vositalari uni Tehronda rafiqasi, farzandlari va nabiralari bilan kamtarona hayot kechirayotgan shaxs sifatida tasvirlardi.

Surat manbasi, Getty Images
Noroziliklarni bostirish
Xomanaiy o‘z hukmronligi davrida muxolifatni tor-mor etdi.
1999 yilda talabalarning norozilik namoyishlari bostirildi.
O‘n yil o‘tib, saylovlar soxtalashtirilganiga qarshi boshlangan isyon chog‘ida namoyishchilarga qalampir asosli ko‘zni yoshlantiruvchi gaz sepildi, ular kaltaklandi, o‘qqa tutildi.

Surat manbasi, AFP
2019 yilda yoqilg‘i narxlari keskin oshishi ko‘cha namoyishlariga sabab bo‘ldi, rasmiylar internetni to‘sib qo‘ydi.
"Amnesty International" tashkilotiga ko‘ra, politsiya namoyishchilarni otib o‘ldirgan.
Hijob o‘rashga qarshi chiqqan ayollar qiynoqqa solindi, bir kishilik kameralarda saqlandi.
Inson huquqlari bo‘yicha ayol advokatlardan biriga jami 38 yillik qamoq va 148 darra urish tayinlandi.
2022 yilda hijob o‘ramagani uchun hibsga olingan 22 yoshli kurd ayol Mahsa Aminiyning politsiya hibsxonasida vafot etgani ortidan eng katta noroziliklardan biri kelib chiqdi.
AQShda joylashgan Eron Inson huquqlari faollari axborot agentligi (HRANA) keyingi norozilik namoyishlarida halok bo‘lgan 400 dan ortiq odamning ism-sharifi ro‘yxatini olganini ma’lum qildi.

Surat manbasi, EPA
2025–2026 yil qishida iqtisodiy inqiroz tufayli Eronni bir qator ko‘cha namoyishlari qamrab oldi.
Hukumat qatag‘onlarni kuchaytirdi. Xomanaiy minglab odamlar o‘ldirilganini tan oldi, biroq zo‘ravonliklarni uyushtirganlikda tashqi dushmanlarni aybladi.
"Isroil va AQSh bilan aloqador bo‘lganlar katta zarar yetkazdi, bir necha ming kishini o‘ldirdi", dedi u va ularni tartibsizliklarni qo‘zg‘aganlikda aybladi. Ular "jinoyat va og‘ir tuhmatga qo‘l urdilar", dedi u.

Surat manbasi, User generated content
HRANA hukumat "o‘limga olib keluvchi kuch" qo‘llaganini bildirdi.
Unga ko‘ra, 7000 dan ortiq odam halok bo‘lgan, ularning aksariyati namoyishchilar bo‘lib, qurbonlarning 200 dan sal ko‘prog‘ini "harbiy va hukumat kuchlari" tashkil etgan.
.
Kovid vaktsinasiga taqiq
VVS Fors xizmati 2022 yilda o‘tkazgan surishtiruvga ko‘ra, pandemiya davrida Eronda Kovid qariyb 300 000 kishining o‘limiga sabab bo‘lgan – bu o‘sha paytdagi rasmiy aytilgan raqamdan ikki baravar ko‘p.

Surat manbasi, NurPhoto / Getty Images
Xomanaiy hech qanday dalil keltirmasdan: "Aytishlaricha, bu virusning bir qismi eroniylar genetikasi bo‘yicha ma’lumotlardan foydalanib, aynan Eron uchun yaratilgan", deb da’vo qildi.
Asosan AQSh va Yevropa farmatsevtika kompaniyalari boshchiligida vaktsinalarni global miqyosda tarqatish boshlanganda, u AQSh va Britaniya vaktsinalari importini taqiqladi.
Keyinchalik xabarlarda uning shaxsan o‘zi Eronda ishlab chiqarilgan bir necha vaktsinalardan birini qabul qilgani aytildi.

Surat manbasi, AFP via Getty Images
AQShga qarshilik
1979-yilgi inqilobdan ko‘p o‘tmay, Xumayniyga sodiq universitet talabalari AQSh elchixonasini egallab, taxtdan ag‘darilgan shohga boshpana berganiga norozilik sifatida diplomatlar va xodimlarni garovga oldi.
Garov 444 kun davom etdi va bu AQSh hamda G‘arbga qarshi pozitsiyaning rasmiy davlat siyosati sifatida mustahkamlanishiga yordam berdi.

Surat manbasi, Getty Images
AQShdagi 11 sentyabrь hujumlaridan so‘ng Prezident Bush Eronni "Yovuzlik o‘qi"dagi davlat deb atadi.
Eron Livandagi qurolli shia guruhi – "Hizbulloh"ni Isroil bilan doimiy mojaroda o‘zining ishonchli kuchi sifatida qo‘llab-quvvatladi.
Xomanaiy AQShni tanqid qildi, ammo uning siyosati na Vashington bilan murosa qildi, na unga to‘g‘ridan-to‘g‘ri qarshi chiqdi.
Yadro dasturi

Surat manbasi, Office of Iranian Supreme Leader / WANA via Reuters
Xomanaiy yadro qurolini islomga zid deb atagan va 2003 yilda uni ishlab chiqishga qarshi fatvo chiqargandi.
Biroq Isroil va G‘arb Mahmud Ahmadinajod prezidentligi davrida Eron yadroviy qurol yaratish salohiyatini niqoblash uchun yadro energetikasi va murakkab raketa dasturlariga ega bo‘lgan, deb hisobladi.
Natijada joriy etilgan sanksiyalar mamlakatni qashshoqlashtirdi.

Surat manbasi, Khamenei.ir
2015 yilda Eron, AQSh, Buyuk Britaniya, Frantsiya, Xitoy, Rossiya va Germaniya Eronning uran boyitishini cheklash bo‘yicha kelishuvga erishdi.
Biroq Donald Tramp o‘zining birinchi prezidentlik davrida kelishuvdan chiqdi va uni "qotil rejim faqat tinch yadroviy energetika dasturini xohlashi haqidagi ulkan uydirma" deb atadi.
Eron o‘z yadroviy dasturi tinch maqsadlarga qaratilganini, Xalqaro atom energiyasi agentligi ham uning kelishuvga rioya qilayotganini tasdiqlaganini ta’kidladi.
Kelishuvni imzolagan sobiq prezident Obama esa kelishuv amalda "ishlayotganini" yozgan edi.
AQSh kelishuvdan chiqqach, Frantsiya, Germaniya va Buyuk Britaniya bundan "afsusda ekanliklarini" bildirdi.
Trampning birinchi prezidentlik muddati yakunlanar ekan, AQSh Inqilob qo‘riqchilari korpusining yuqori martabali ofitseri Qosim Sulaymoniyni o‘ldirdi. Xomanaiy Rossiya va Xitoy bilan yaqinlashib, qasos olishga ont ichdi.

Surat manbasi, Iraq Security Media Cell via EPA
2025 yilda Isroil Eronning yadroviy dasturi, olimlari, harbiylari va yuqori martabali amaldorlariga qarshi harbiy harakatlar boshladi, jumladan, turar joylarga hujumlar uyushtirdi.
Bunga javoban Eron Isroilga raketa zarbalari berdi.

Surat manbasi, Maxar via EPA
Isroil hujumlariga AQSh ham qo‘shildi. Xomanaiy taslim bo‘lmaslikka va’da bergan bo‘lsa-da, avvalgidan zaifroq ko‘rinardi.
2026 yil 28 fevralda AQSh va Isroil birgalikda Eronga havo hujumlari uyushtirdi. Tramp bu hujumni Eron "hech qachon yadro quroliga ega bo‘la olmasligi" uchun deb oqladi.
Isroil Bosh vaziri Benyamin Netanyahu esa bu harakat Eron tomonidan yuzaga keltirilgan "ekzistentsial tahdid"ni bartaraf etish uchun qilinganini aytdi.
Isroil Eron unga qarshi javob zarbalari berganini ma’lum qildi, ayni paytda Fors ko‘rfazining bir qator davlatlarida portlashlar yuz berdi.

Surat manbasi, Abedin Tahaerkenareh / EPA
Xomanaiy Eron siyosatida hokimiyat dastaklarini qattiqqo‘llik va ko‘pincha shafqatsizlik bilan ushlab turdi.
Ba’zan oliy rahbar islohotchilar va konservatorlar o‘rtasidagi tortishuvlarga yuqoridan nazar tashlab, o‘zini go‘yo siyosatdan ustundek ko‘rsatardi. Ammo Oyatulloh Xomanaiy siyosatga nisbatan norozilik o‘zi ma’qullamagan tarzda avj olishiga kamdan-kam yo‘l qo‘yardi.
Erondagi hayot u joriy etgan qonunlar bilan tartibga solindi. Uning o‘rnini kim egallashini va shunga ko‘ra qanday o‘zgarishlar bo‘lishi mumkinligini hech kim avvaldan ayta olmaydi.
























