Qirg‘izistonda imomlarga $200 dollarga yaqin maosh berila boshlaydi

imam

Surat manbasi, Getty Images

Surat tagso‘zi, So‘z 4000 dan ortiq imom haqida ketmoqda. Ma’lum bo‘lishicha, bu masalaga shaxsan prezidentning o‘zi ham e’tibor qaratgan.
O'qilish vaqti: 2 daq

Qirg‘izistonda mart oyidan boshlab mamlakat bo‘ylab 4 mingdan ortiq masjid imomlariga har oy 15 ming som (taqriban $170) miqdorida ish haqi to‘lana boshlaydi.

Ularga oylik maosh muftiyat hisobidan to‘lanadi.

Bu haqda Qirg‘iziston Vazirlar Mahkamasi raisining o‘rinbosari Edil Baysalov 27 fevralda, prezident Sadir Japarov ishtirokida o‘tayotgan respublika kengashida ma’lum qildi.

Diniy sohada hukumat tomonidan amalga oshirilayotgan ishlarga to‘xtalar ekan, Baysalov Qirg‘iziston o‘z tarixida ilk bor o‘tgan yili 235 ta qishloq hukumati imomlariga 8 ming somdan (taqriban $90) oylik to‘laganini eslatib o‘tdi.

Bu masala oxirgi Qurultoyda ham ko‘tarilgan edi. Prezident Sadir Japarov keyinroq "Kabar" axborot agentligiga bergan intervyusida diniy soha xodimlariga ish haqi qaysi mablag‘lar hisobidan ajratilishini tushuntirib bergandi:

"Mart oyida har bir qishloq mullasiga 8 ming somdan berila boshlaydi. Yil yakuniga borib esa, har bir qishloq mullasi 20 ming somga (taqriban $230) yaqin oylik ola boshlaydi. Bu mablag‘lar byudjet mablag‘lari emas. Ilgari muftiyat tomonidan e’tibor qaratilmagan mablag‘ manbalarini masjidlar tomonga, aniqrog‘i mullalarga yo‘naltirishga yordam beryapmiz. Biz dunyoviy davlat sifatida dinga aralashmaymiz. Din sohasi ham davlat ishlariga aralashmaydi. Shu bois davlat byudjetidan mablag‘ ajrata olmaymiz. Biroq biz, davlat sifatida, qo‘limizdan kelgancha boshqa masalalarda muftiyatga yordam berishga tayyormiz".

Prezidentning ta’kidlashicha, mamlakatda diniy xavfsizlik masalasida huquq-tartibot organlarining jazolash usulidan ko‘ra, muftiyat va joylardagi mullalar orqali oldindan tushuntirish ishlarini olib borish samaraliroq bo‘ladi.

Qirg‘izistonda o‘tgan yili vijdon erkinligi va diniy tashkilotlar to‘g‘risidagi qonun yangilandi. Mamlakatda 2,6 mingga yaqin masjid, 100 dan ortiq madrasa va 10 ta islom instituti faoliyat yuritmoqda.