Yangilanmoqda: Yaqin Sharq bo‘ylab raketalar uchishda davom etmoqda – Urush beshinchi kuniga kirdi (Video)

Surat manbasi, EPA/Shutterstock
AQSh va Isroilning Eronga urush boshlaganiga 5 kun bo‘ldi. Bugunga kelib urush asoratlari mintaqaning boshqa hududlariga ham sachrayotganini ko‘rish mumkin.
Mintaqadagi so‘nggi voqealar:
Shri-Lanka harbiy-dengiz kuchlari bugun ertalab Eron harbiy-dengiz flotiga qarashli "IRIS Dena" kemasidan falokat signali kelib tushganidan so‘ng 32 kishini qutqarganini tasdiqladi. Taxminan 140 kishi bedarak yo‘qolgan deb hisoblanmoqda. Hodisa sababi hozircha noma’lum.
Isroil mintaqada yangi hujumlar to‘lqinini boshladi. Livanga qilingan zarbalarda bir necha kishi halok bo‘lgani aytilmoqda. Isroil mudofaa kuchlari bu hujumlar "Hizbulloh" a’zolari va ob’ektlariga qaratilganini ma’lum qildi. Armiya janubiy Livandagi tinch aholini harbiy amaliyot oldidan "darhol" hududni tark etishga chaqirmoqda.
Tehronda ko‘plab binolar vayron bo‘ldi. Isroil harbiylari ma’lumotiga ko‘ra, tungi hujumlarda u yerdagi "xavfsizlik qarorgohlari" ham nishonga olingan.
Yangi tasvirlarda seshanba kuni Eron droni hujumi ortidan Dubaydagi AQSh konsulxonasi yonganini ko‘rish mumkin. Shuningdek, Qatardagi AQSh harbiy-havo bazasiga Eron raketa zarbasi berilgan.
Erondagi vaziyat:
Shanba kuni Isroil hujumida halok bo‘lgan Oyatulloh Xomanaiyni so‘nggi yo‘lga kuzatish marosimi bugun boshlanishi kerak edi. Biroq Eron davlat OAVlari xabar berishicha, uch kunlik janoza marosimi "keyinga qoldirilgan".
Oliy rahbarning o‘rnini kim egallashi haqida taxminlar kuchaymoqda. Reuters agentligiga gapirgan ikki eronlik manbaga ko‘ra, uning o‘g‘li Mujtabo Xomanaiy hujumlardan omon qolgan.
"Har kuni vaziyat yomonlashmoqda", dedi bir eronlik erkak BBCga. AQShda joylashgan Human Rights Activist News Agency esa shanba kuni boshlangan AQSh–Isroil hujumlaridan beri Eronda kamida 1 097 nafar tinch aholi halok bo‘lganini bildirmoqda.
Evakuatsiya ishlari davom etmoqda:
Parvozlardagi jiddiy uzilishlar fonida davlatlar Yaqin Sharqni tark etmoqchi bo‘lgan fuqarolarini evakuatsiya qilish ustida ishlamoqda. Buyuk Britaniya hukumati tomonidan maxsus tashkil etilgan ilk reys mahalliy vaqt bilan soat 23:00 da Maskat xalqaro aeroportidan uchib ketishi rejalashtirilgan.
Eron: Jabrlanganlar orasida o‘zbekistonliklar bormi? Ispaniya Tramp tahdidiga javob qaytardi

Surat manbasi, EPA
O‘zbekistonning Tehrondagi elchixonasi Eronda bo‘lib turgan O‘zbekiston fuqarolari haqida ma’lumot berdi. Oldinroq Tashqi ishlar vaziri Baxtiyor Saidov Eron Tashqi ishlar vaziri bilan telefon orqali suhbatlashgandi. Ispaniya Bosh vaziri Donald Tramp tahdidlariga javob berdi.
Eronda jabrlanganlar orasida O‘zbekiston fuqarolari yo‘q
O‘zbekistonning Erondagi elchixonasi ma’lum qilishicha, jabrlanganlar orasida O‘zbekiston fuqarolari yo‘q.
Elchixonaga ko‘ra, hozirgi vaqtda Eron hududida 81 nafar O‘zbekiston Respublikasi fuqarosi bo‘lib turibdi.
Ayni maqolada Google YouTube tomonidan taqdim qilingan kontent mavjud. Biz bu kontent yuklanmasidan avval sizning roziligingizni so‘raymiz, chunki ular kuki va boshqa texnologiyalardan foydalangan bo‘lishi mumkin. Siz Google YouTube havolasida kukilarga doir va shaxsiy ma’lumotlarga oid qoidalar haqida avval o‘qib, keyin qabul qilishga rozi bo‘lishingiz mumkin. Ko‘rish uchun “qabul qilish va davom etish”ni tanlang.
Oxiri YouTube post
"Shulardan 8 nafari — diplomatik vakolatxonalar xodimlari, 9 nafari — Qum shahrida tahsil olayotgan talabalar, 55 nafari — Eron hududida doimiy yashovchi fuqarolar, 9 nafari — xususiy safar bilan borganlar", deyiladi xabarda.
Oldinroq O‘zbekiston Tashqi ishlar vaziri Baxtiyor Saidov Eron Islom Respublikasi Tashqi ishlar vaziri Sayyid Abbos Arakchi bilan telefon orqali muloqot qilgani haqida aytdi.

Surat manbasi, Расмий
"So‘nggi voqealar oqibatida tinch aholi orasida qurbonlar bo‘lgani munosabati bilan ta’ziya izhor etib, jabrlangan oilalarga nisbatan hamdardligimizni bildirdik", deb yozdi Saidov Facebook sahifasida.
Vazir hamkasbi bilan mintaqadagi vaziyatni muhokama qilgan va har qanday keyingi keskinlashuv jiddiy gumanitar va xavfsizlik oqibatlariga olib kelishi mumkinligini qayd etishgan.
"Barcha kelishmovchilik va nizolar faqat tinch yo‘l bilan – muloqot va diplomatiya orqali hal etilishi lozimligi haqidagi qat’iy va izchil pozitsiyamizni yana bir bor tasdiqladik", deydi Baxtiyor Saidov.
O‘tgan shanba kuni AQSh va Isroil hujum boshlagandan beri Eronda kamida 1097 tinch aholi halok bo‘lgan, demoqda Amerikada joylashgan Inson huquqlari faollari xabar agentligi. Agentlikka ko‘ra, nobud bo‘lganlarning 181 nafari 10 yoshdan kichik bolalar. Yaralangan tinch fuqarolar 5402 kishiga yetgan, ularning 100 nafari bolalar demoqda agentlik.
O‘limlar haqidagi yana yuzlab xabarlar tekshirilmoqda.
Pedro Sanches Trampning tahdidlariga javob qaytardi: "Urushga yo‘q deymiz!"

Surat manbasi, La Moncloa Handout
Ispaniya Bosh vaziri Pedro Sanches Madridning Eron bombardimon qilinishiga qarshiligi sababli Donald Tramp tomonidan ikki davlat o‘rtasidagi savdo aloqalarini to‘xtatish bilan bog‘liq tahdidlariga javob qaytardi.
Chorshanba kuni ertalab televidenie orqali qilgan chiqishida Sanches hukumat mavqeini "urushga yo‘q" degan so‘zlar bilan ifodalash mumkinligini aytdi.
End of Ijtimoiy tarmoqlardagi sahifalarimiz:
U 2003 yilgi Iroqqa bostirib kirish voqealariga ishora qilib, "o‘tmishdagi xatolarni" takrorlamaslikka chaqirdi. Bosh vazirga ko‘ra, Iroq urushi o‘z maqsadlariga erisha olmagan, aksincha, beqarorlikni keltirib chiqarib, ko‘plab insonlar hayotini yomonlashtirgan.
Sanches Eronga qilinayotgan hujumlar millionlab oddiy odamlar uchun xuddi shunday oqibatlarga olib kelishi mumkinligini ta’kidlab, hukumat bunga qarshi choralarni ko‘rib chiqayotganini bildirdi.
Kecha Tramp Sanchesning AQShga Eronga hujum qilish uchun o‘z harbiy bazalaridan foydalanishga ruxsat bermaganidan so‘ng, Ispaniya bilan "barcha aloqalarni uzishga" va’da bergan va mamlakatni "dahshatli" deb ta’riflagan edi. Madrid mazkur hujumlarni "asossiz va xavfli harbiy aralashuv", deb atagan.



























