"Kambag‘allikni kambag‘allar bilan o‘lchash" - iqtisodchi 715 ming so‘m haqida nima deydi?

Toshkent bozori
O'qilish vaqti: 3 daq

O‘zbekiston hukumati 2026 yil uchun yashash minimumini belgiladi: bir kishi uchun oyiga 715 ming so‘m.

Yangi belgilangan miqdor o‘tgan yilgi 669 ming so‘mdan 6,9 foizga yuqori — bu kuniga taxminan 23 ming so‘m degani.

Ammo bu pul bilan real hayotda yashab bo‘ladimi?

Bi-bi-si bilan suhbatda iqtisodiy tahlilchi Jamshid Muslimov bu savolga javoban oddiy misol keltiradi:

"Bu savolga javob berish uchun bozorga chiqish kifoya. Bir kilo go‘sht narxi to‘rt-besh kunlik yashash minimumiga teng. Gaz, elektr, suv to‘lovlari yana yarim oylik byudjet. Dori-darmon, kiyim-kechak, bolalarning maktab xarajatlariga nima qoladi?»

Statistik qopqon: Majburiy tejamkorlik me’yori

Jamshid Muslimovning asosiy tanqidi metodologiyaga qaratilgan. Uning xulosasiga ko‘ra, amaldagi yondashuv kambag‘allikni bartaraf etmaydi, balki uni «rasmiylashtiradi»:

«Statistika idorasi bu miqdorni kam daromadli oilalarning hozirgi iste’moliga qarab hisoblaydi. Ya’ni "kambag‘allar kamroq iste’mol qiladi, demak, kamroq xarajat ham yetadi" degan mantiq. Bu — kambag‘allikni kambag‘allarning o‘zi bilan o‘lchashdir».

Iqtisodchining fikriga ko‘ra, bu jiddiy metodologik muammo.

Agar minimum real ehtiyoj emas, balki muhtoj qatlamning hozirgi imkoniyatlariga qarab hisoblansa, u doim past bo‘lib qolaveradi: kambag‘allar majburlikdan kam iste’mol qilsa, rasmiy minimum ham shunchalik kam chiqaveradi.

Iqtibos

"Hukumat maqsad qo‘yadi, statistika raqam ishlab chiqadi"

Jamshid Muslimov buni shunchaki texnik xato emas, balki ongli siyosiy tanlov deb hisoblaydi:

"Har qanday kambag‘allik chegarasi — tanlov. Qayerda chiziq o‘tkazilishi kimningdir qaroriga bog‘liq. Demokratik mamlakatlarda bu qaror ochiq muhokama qilinadi. Bizda esa hukumat maqsad qo‘yadi, statistika idorasi shu maqsadga mos raqamlarni ishlab chiqadi".

Shu sababli ekspert kambag‘allik statistikasini ko‘zguga emas, ko‘zoynakka o‘xshatadi: qanday linza taqilsa, shunday manzara ko‘rinadi.

Amaliy ta’sir: Nafaqa va yordamdan mahrumlik

Bu raqam shunchaki statistika emas, iqtisodchiga ko‘ra, u millionlab odamlarning cho‘ntagiga bevosita ta’sir qiladi:

«Agar jon boshiga daromadingiz shu chiziqdan bir so‘m yuqori bo‘lsa, siz rasman kambag‘al emassiz. Demak, bola nafaqasi, moddiy yordam va kommunal kompensatsiyalarga haqingiz yo‘q. Yashash minimumi past bo‘lsa, davlat "qonunga ko‘ra to‘layapmiz" deydi, lekin bu pul hayot uchun yetmaydi».

Bozordagi inflyatsiya raqamlarni "quvib o‘tdi"

Espertning xulosalarini fevraldagi inflyatsiya ma’lumotlari ham tasdiqlaydi.

Umumiy inflyatsiya 0,6 foiz deb e’lon qilingan bo‘lsa-da, kundalik mahsulotlar keskin qimmatlashgan: .

  • Pomidor: +12,1%
  • Poezd chiptalari: +14%
  • Kartoshka: +5,0%
  • Qo‘y go‘shti: +2,6%
Infografika

Hukumat belgilagan 715 ming so‘mlik raqam kuchga kirguncha, bozor uni allaqachon "quvib o‘tgan".

Bundan tashqari, MIX e’lon qilinishining kechikishi muhtoj oilalarga beriladigan to‘lovlarni ham ortga surgan.

«Farg‘ona» axborot agentligining yozishicha, qonunchilikka ko‘ra, MIX miqdori 20 yanvargacha e’lon qilinishi kerak edi.

Ammo rasmiylar bu yil ham muddatni kechiktirishgan.

Nashrning yozishicha, kechikish ijtimoiy yordamga muhtoj yangi qatlamni aniqlash va tizimga kiritishni ortga suradi.

Natijada eng muhtoj oilalar davlatdan olishi kerak bo‘lgan moliyaviy yordamni amalda to‘liq ololmaydi.

Toshkent bozori

Raqamlar va real hayot o‘rtasidagi jarlik

Ekspertning fikricha, 715 ming so‘mlik chegara ikki xil dunyoqarashning to‘qnashuvini aks ettirmoqda. Bir tomonda — rasmiy metodologiya va so‘rovnomaga tayangan statistika. Ikkinchi tomonda — kundalik narx-navoning keskin o‘sishini his qilayotgan oddiy iste’molchi.

Statistika qo‘mitasi esa bu raqamlarni xalqaro metodologiya va oziq-ovqat indekslari bilan izohlaydi.

Shuningdek, qo‘mita 2027 yilda MIX mezonlarini tubdan yangilashni rejalashtirgan — bunda aholini ro‘yxatdan o‘tkazish ma’lumotlari va uy xo‘jaligining real daromadlari inobatga olinishi xabar qilingan.

"Joriy yilda aholini ro‘yxatdan o‘tkazish ma’lumotlari hamda 16 mingta uy xo‘jaligining iste’moli va daromadlari bo‘yicha so‘rov natijalari asosida 2027 yilda minimal iste’mol xarajatlarining yangilangan mezonlarini ishlab chiqish rejalashtirilgan", - deb yoziladi qo‘mita xabarida.

Biroq Jamshid Muslimovga ko‘ra, bu asosiy muammoni hal qilishga yetmasligi mumkin:

«Metodologiya rasman to‘g‘ri bo‘lishi va xalqaro tashkilotlar uni qabul qilishi mumkin. Ammo chegaraning qayerdan o‘tkazilishi — sof siyosiy qaror. Asosiy maqsad kambag‘allikni faqat qog‘ozda emas, balki odamlarning dasturxonida kamaytirish bo‘lib qolishi shart».