AQSh va Isroilning Eron bilan urushi qonuniymi? Hamda Tramp harakatlariga oid boshqa savollar (video)

Surat manbasi, Getty Images
Ayni maqolada Google YouTube tomonidan taqdim qilingan kontent mavjud. Biz bu kontent yuklanmasidan avval sizning roziligingizni so‘raymiz, chunki ular kuki va boshqa texnologiyalardan foydalangan bo‘lishi mumkin. Siz Google YouTube havolasida kukilarga doir va shaxsiy ma’lumotlarga oid qoidalar haqida avval o‘qib, keyin qabul qilishga rozi bo‘lishingiz mumkin. Ko‘rish uchun “qabul qilish va davom etish”ni tanlang.
Oxiri YouTube post
AQSh bilan Isroilning Eronga qarshi urushining qonuniyligi Rossiyani, Xitoyni va Shimoliy Koreyanigina emas, balki NATOning ba’zi davlatlarini ham xavotirga solmoqda. Biroq bu BMTga nisbatan dushmanlik kayfiyatida bo‘lgan va ittifoqchilarining fikrini mensimaydigan Donald Tramp ma’muriyatiga ta’sir qilishi dargumon.Oq uy uchun bundan ham jiddiyroq muammo bor – Amerikada bu operatsiya keng qo‘llab-quvvatlanmadi va oshkora o‘ngchi respublikachilar urushga qarshi qat’iy pozitsiyasini ko‘rsatmoqda.
Amerika-Isroilning Eronga qarshi operatsiyasi ahamiyatini tushunish uchun bir faktni eslash kifoya: Oyatulloh Ali Xomanaiy o‘ldirilgunga qadar, oxirgi marta bir davlatning harbiylari boshqa bir davlatning rahbarini 1979 yilda qatl qilgan edi. O‘shanda SSSR KGBsining maxsus kuchlari Afg‘onistonning yetakchisi Hafizullo Aminni o‘ldirib, sovet hukumati bu mamlakatga bostirib kirgan edi. Iroqning diktatori Saddam Husayn va Liviya avtokrati Muammar Qaddafiyning o‘limi harbiy operatsiyaning bir qismi bo‘lmagan — Vashington va uning ittifoqchilari ularning o‘limi uchun javobgarlikni to‘g‘ridan-to‘g‘ri o‘z zimmalariga olishni istamagandi.
2001 yilda Afg‘onistondagi urush BMT tomonidan qo‘llab-quvvatlangan edi, 2003 yilda Iroqqa bostirib kirishdan oldin esa AQSh va Britaniya hech bo‘lmaganda Xavfsizlik Kengashidan, NATOdagi ittifoqchilaridan hamda umuman xalqaro hamjamiyatning roziligini olishga harakat qilgan.
Ayni vaqtda Oq uyni BMTning fikri ko‘p ham qiziqtirgani yo‘q, chunki Tramp BMTni bunga qadar harakatsizlik va quruq gapda ayblab kelgan. Vashingtonni yevropalik ittifoqchilarning dastagi ham kamroq tashvishga solyapti — ayniqsa, Tramp yaqinda yevropaliklar Afg‘oniston urushi paytida o‘zlarini xavfga qo‘ymaganliklarini bayon qilganidan keyin.
«Xalqaro institutlar deb ataladigan tuzilmalar nima deyishidan qat’i nazar, Amerika tarixdagi eng halokatli va aniq havo kampaniyasini o‘tkazmoqda», — deb bildirdi AQShning Mudofaa vaziri Pit Xegset.
End of Ijtimoiy tarmoqlardagi sahifalarimiz
O‘zini himoya qilishmi yoki agressiya?
AQSh va Isroil Eronga qarshi operatsiyani xalqaro huquqda ko‘zda tutilgan mutlaqo qonuniy o‘z-o‘zini himoya qilish akti sifatida taqdim etmoqda.
Ularning nuqtai nazariga ko‘ra, Erondagi yadroviy dastur va ballistik raketalarning ishlab chiqilishi Isroilga va AQShga jiddiy xavf tug‘dirayogan edi. To‘g‘ridan-to‘g‘ri muzokaralar Tehronni yadroviy dasturdan voz kechishga va raketa ishlab chiqarishni cheklashga ko‘ndira olmadi, shu bois Amerika va Isroil Eronning kelajakdagi hujumining oldini olish uchun birinchi bo‘lib hujum qilishdan boshqa chorasi qolmagan.
Men qo‘llab-quvvatlagan inson... Iroqdagi urushni qoralab, bundan keyin boshqa o‘lkalardagi urushlarga, rejimlarini o‘zgartirishga aralashmaymiz, deb va’da bergandi.
«Bizning maqsadimiz Eron rejimining — o‘ta shafqatsiz va qo‘rqinchli odamlar guruhining bevosita tahdidini yo‘q qilish orqali Amerika xalqini himoya qilish bo‘ldi. Ularning mash’um harakatlari AQShga, harbiylarimizga, xorijdagi bazalarimizga va butun dunyodagi ittifoqchilarimizga bevosita xavf tug‘dirayotgan edi», — dedi Tramp urush boshlanganidan keyingi videomurojaatida.
U AQShga bevosita tahdid faktini Eron go‘yoki AQShgacha yetib bora oladigan qit’alararo ballistik raketalarni yaratishga kirishgani bilan asosladi. «Biroq, bu da’voni Amerika razvedka xizmati ma’lumotlari inkor etmoqda», deb yozadi Reuters.. Oq uyning rasmiy bayonoti esa urushni «Eron rejimi qo‘lidagi yadroviy qurol xavfi» bilan oqlamoqda.
Isroil prezidenti Itsxak Gertsog Bi-bi-siga bergan intervyusida «Erondan kelayotgan tahdid unga qarshi zarba berishni qonuniy qiladi», deb bildirdi. « Oyatulloh Ali Xomanaiy rejimi o‘z xalqining milliardlab mablag‘larini ommaviy qirg‘in qurollarini yaratish va tartibsizlik hamda terror keltirib chiqarish maqsadida sarfladi», — dedi Gertsog.
«Xalqaro huquqqa muvofiq, dushman seni yer yuzidan yo‘q qilish uchun bomba yaratayotganda va seni yo‘q qilaman deb ochiqcha bildirganda, o‘zingni himoya qilish huquqidan foydalanasan», — deya qo‘shimcha qildi Isroil prezidenti.

Surat manbasi, EPA
Prezident Gertsogning fikriga ko‘plab ekspertlar qo‘shilmaydi. Reding universitetining xalqaro huquq professori Marko Milankovichning yozishicha, bu urush noqonuniydir va BMT Nizomida mustahkamlangan kuch ishlatishni taqiqlash qoidasini buzadi.
«Na Isroil va na AQSh [BMT] Nizomining 51-moddasiga muvofiq Eronga qarshi yakka tartibda yoki jamoaviy ravishda o‘z-o‘zini himoya qilish huquqini amalga oshirayotganini asosli ravishda da’vo qila olmaydi. <...> Eron tomonidan o‘z-o‘zini himoya qilish tartibida kuch ishlatishni oqlaydigan davomli qurolli hujum bo‘lmagan», — deb hisoblaydi Milankovich.
Urush kelajakdagi hujumning oldini olish uchun boshlangan degan argument Tehronda buni amalga oshirish niyati va imkoniyati borligi bilan tasdiqlanishi kerak edi. Ammo Trampning o‘zi o‘tgan yili Eron yadroviy dasturi yo‘q qilinganini aytgan edi, deb eslatadi professor.
«AKSh bilan Isroilning o‘zini-o‘zi himoya qilish haqida dalillari xalqaro huquq odatda talab qilinuvchi chegaraga yetmaydi», — deydi AQSh Davlat departamentining sobiq yuristi, hozirgi vaqtda Kolumbiya universitetining milliy xavfsizlik sohasidagi huquq bo‘yicha dasturining katta ilmiy xodimi Skott R. Anderson.

Surat manbasi, Getty Images
«Xalqaro huquq muqarrar qurolli hujumni talab qiladi. Har holda, xalqaro huquq bo‘yicha mutaxassislar, BMT Xalqaro sudi va dunyoning ko‘plab mamlakatlari masalani shunday tushunishadi», — deydi Anderson.
Uning qayd etishicha, Tramp ma’muriyati shunchaki Amerikaning eski an’anasini davom ettirmoqda. AQSh va Isroil nimani qurolli hujum deb hisoblash va nimani muqarrar deb bilish masalasida juda keng talqinga amal qiladi. Andersonning so‘zlariga ko‘ra, xuddi shunday talqin 1987-88 yillarda Eron neft platformalariga qilingan Amerika hujumlarini oqlash uchun ham ishlatilgan.
AQSh va Isroilning harakatlarini Xitoy, Rossiya hamda Shimoliy Koreya qoraladi. Amerikaning G‘arbdagi ittifoqchilarining munosabati esa kutilmagan va turlicha bo‘ldi. Trampning oxirgi qo‘rqituvlariga qaramay, Avstraliya va Kanada Eron bilan urushni ochiq qo‘llab-quvvatladi, Frantsiya va Germaniya ham AQSh tarafida bo‘ldi. Shu bilan birga, Ispaniya Bosh vaziri buni xalqaro huquqning buzilishi deb atadi.
Eng noaniq pozitsiya Britaniyaniki bo‘ldi — uning hukumati dastlab Eronga zarba berish uchun o‘z bazalaridan foydalanishga rozilik bermadi va faqat Eronning javob zarbalari Britaniya fuqarolari hayotiga tahdid solganidan keyingina o‘z fikrini o‘zgartirdi. London gazetalarining yozishicha, Vazirlar mahkamasi Amerika-Isroil operatsiyasining xalqaro huquqqa mos kelmasligidan xavotirda.

Surat manbasi, Reuters
Hatto Britaniya bazalaridan foydalanishga berilgan ruxsat ham ular Eron yetakchilariga emas, balki raketa qurilmalariga zarba berish uchun ishlatilishi sharti bilan berilgan. Donald Tramp Britaniya Bosh vaziri Kir Starmerdan qattiq hafsalasi pir bo‘lganini aytdi va uni Amerika operatsiyasining qonuniyligi masalasi tashvishga solganini tasdiqladi.
Britaniya pozitsiyasining o‘zgarishi Eronning Fors ko‘rfazi davlatlari — BAA, Saudiya Arabistoni, Qatar, Bahrayn va Umonga zarbalar berayotgani bilan ham bog‘liq.
Reding universiteti professori Milankovichning qayd etishicha, garchi ularning ba’zilarida Amerika harbiy bazalari bo‘lsa-da, bu bazalar Eronga hujum qilish uchun ishlatilmayapti va shuning uchun javob zarbalari uchun qonuniy nishon hisoblanmaydi. Bundan tashqari, Eron dronlari va raketalari nafaqat bazalarga, balki fuqarolik ob’ektlariga ham zarba bermoqda.
«Eronning Fors ko‘rfazi davlatlariga raketa va uchuvchisiz uchoqlar bilan bergan zarbalari qurolli hujum hisoblanadi, chunki ular qonuniy o‘z-o‘zini himoya qilish doirasidan chiqib ketgan», — deb hisoblaydi Milankovich.
Shu kabi mantiq Britaniya hukumatining huquqiy pozitsiyasining qisqacha mazmunida ham aks etgan: «Xalqaro huquq Britaniya va uning ittifoqchilariga, agar o‘z-o‘zini himoya qilish qurolli hujumga nisbatan yagona mumkin bo‘lgan javob bo‘lsa va ishlatilayotgan kuch zarur hamda mutanosib bo‘lsa, kuch ishlatishga yoki uni ishlatishda yordam berishga ruxsat beradi».
«Epshteyn g‘azabi operatsiyasi»
AQSh bilan Isroil harbiy operatsiyasi boshlanganidan so‘ng darhol uning nafaqat xalqaro, balki Amerika huquqiga mosligi borasida jiddiy shubhalar bildirildi. Demokrat senatorlar Oq uy harakatlarini noqonuniy deb atashdi. Tanqidchilar hatto operatsiyaning rasmiy «Epik g‘azab» nomini «Epshteyn g‘azabi operatsiyasi» deb o‘zgartirib, bu bilan Tramp saylovchilar e’tiborini marhum pedofil Epshteynning fayllari atrofida davom etayotgan janjaldan chalg‘itishga harakat qilmoqda deb tahmin qilishmoqda
«Prezident Bosh qo‘mondon sifatida qurolli kuchlardan foydalanish bo‘yicha muayyan vakolatlarga ega, ammo ular favqulodda vaziyatlar bilan cheklangan — qachonki hujum sodir bo‘layotgan va uni daf etish kerak bo‘lganida yoki, masalan, muqarrar hujum tayyorlanayotgani mutlaqo aniq bo‘lganida. Bugungi kunda bu shunday holat ekanini ko‘rsatadigan hech narsa yo‘q, bu esa [Eronga berilgan] zarbalarni noqonuniy qiladi», — dedi konstitutsiyaviy siyosat bo‘yicha mutaxassis Devid Yanovski Time jurnaliga bergan intervyusida.
Yanovskining qayd etishicha, Tramp ma’muriyati bu urush uchun Kongress roziligini olmagan va bu ham uning harakatlari qonuniyligi nuqtai nazaridan muammolar tug‘diradi. Afg‘oniston va Iroq urushlari boshlanishidan oldin kichik Jorj Bush ma’muriyati Kongressning ularni qo‘llab-quvvatlovchi rezolyutsiyalarini qo‘lga kiritgan edi.

Surat manbasi, Getty Images
Biroq, Oq uyni aytilayotgan tanqidlar va harakatlari konstitutsiyaga qanchalik mos kelishi unchalik xavotirga solmagandek.Ikkinchi prezidentlik muddatida Donald Tramp va uning yuristlari prezident boshchiligidagi ijro etuvchi hokimiyat vakolatlarini maksimal darajada keng va ba’zan misli ko‘rilmagan tarzda talqin qilishda davom etmoqdalar.
So‘nggi uch kun ichida o‘tkazilgan tezkor so‘rovnomalar natijalari Tramp va Respublikachilar partiyasi uchun ancha jiddiy muammoga aylanishi mumkin. Natijalarning barchasi amerikaliklarning katta qismi ma’muriyatning xatti-harakatlariga qarshi ekanini ko‘rsatmoqda.
Bir so‘rovnoma natijasiga ko‘ra, respondentlarning 48 foizi urushni qo‘llab-quvvatlamaydi, faqat 37 foizigina uni yoqlaydi. Yana bir so‘rovnomaga ko‘ra, respondentlarning 43 foizi qarshi, 29 foizi hozircha aniq bir to‘xtamga kelmaganini aytgan va faqat 27 foizigina qo‘llab-quvvatlagan.
Shu bilan birga, so‘rovnomalarga ko‘ra, respublikachilarning ko‘pchiligi baribir Trampning bu qarorini ma’qullamoqda. Biroq Amerika siyosatining ashaddiy o‘ng qanotidagi bir nechta o‘ta ta’sirli shaxslar qat’iy anti-urush pozitsiyasini egallashdi.
«Mening hafsalam pir bo‘ldi», — dedi Blackwater xususiy harbiy kompaniyasi asoschisi Erik Prins. Uning fikricha, bu urush Amerika manfaatlariga to‘g‘ri kelmaydi va Trampning «Amerikani yana buyuk qilamiz» (MAGA) degan va’dalariga ziddir. Shunday tanqid bilan Trampning tarafdori, teleboshlovchi Megin Kelli ham chiqdi.
Sobiq teleboshlovchi, hozirda esa ko‘p millionli auditoriyaga ega bloger Taker Karlson so‘nggi oylarda Eron bilan urushga faol ravishda qarshi chiqib kelayotgan edi va urush boshlangandan keyin uni keskin qoralab chiqdi. Karlson AQSh va Isroilning harakatlarini «past va jirkanch» deb atadi. U urush AQShning ham, Isroilning ham manfaatlariga to‘g‘ri kelmasligini, buning uchun Trampni Tehronga birgalikda hujum qilishga ko‘ndirgan Benьyamin Netanьyaxu javobgar ekanini aytdi.
New York Times o‘z manbalariga tayanib yozishicha, Karlson o‘tgan oy davomida Tramp bilan uch marta uchrashgan va prezidentni urushga aralashmaslikka undagan.

Surat manbasi, Getty Images
O‘ng qanot tanqidchilarini operatsiyaning xalqaro huquqqa mosligi ko‘p ham tashvishga solgani yo‘q, ular yanvarning boshida Venesuela lideri Nikolas Maduroni qo‘lga olish operatsiyasiga ancha xotirjam munosabatda bo‘lishgan edi.
Biroq Yaqin Sharqdagi Amerika harbiylarining o‘limiga olib kelgan yangi urush ularga Iroqdagi, Afg‘onistondagi va Tramp tugatishga va’da bergan «cheksiz urushlar»ni eslatmoqda. Ular Eron bilan mojaroda amerikalik soliq to‘lovchilarning pullarini yana qaytadan havoga sovuriladi deb aytishmoqda.
«Amerikaliklarning ko‘pchiligi bu urushga qarshi», — deb bildirdi sobiq kongressmen Merjori Teylor Grin. U yaqingacha Vashingtonda Trampning eng sodiq siyosatchilardan biri edi.
«Men qo‘llab-quvvatlagan inson... Iroqdagi urushni qoralab, endi bundan keyin boshqa o‘lkalardagi urushlarga, boshqa davlatlarning rejimlarini o‘zgartirishga qatnashmaymiz deb va’da bergan edi», — dedi Grin Tramp haqida.
Ashaddiy o‘ng qanot vakillarining tanqidi ayni damda juda og‘ir bo‘lishi mumkin, chunki noyabrda AQShda oraliq saylovlar bo‘lib o‘tadi. Hozirda Kongressning ikkala palatasida ham respublikachilar ustunlik qilmoqda. Agar kuzda demokratlar Senat yoki Vakillar palatasida nazoratni qo‘lga olsalar, bu Trampning harakat erkinligini ancha cheklab qo‘yadi.
Agar ular har ikkalasini ham nazorat qilsalar, bu Amerika siyosatini uning ikkinchi muddatining qolgan ikki yilida falaj qilib qo‘yishi mumkin — xuddi Barak Obamaning hokimiyatdagi so‘nggi yillarida bo‘lgani kabi.
Hozircha Tramp o‘ng qanotdan kelayotgan tanqidlarga e’tibor bermayapti. «Menimcha, MAGA [harakati] — bu Tramp; MAGA — bu anavi ikkisi emas», — dedi u Megin Kelli va Taker Karlsonning tanqidlariga javoban, hamda «MAGA'ga men qilayotgan hamma narsa yoqadi — har bir jihati», — deya qo‘shimcha qildi u.
Biroq prezidentning sobiq ittifoqchisi, hozirda esa muxolifiga aylangan Teylor Grin uning tarafdorlarining sabri ham cheksiz emasligini eslatib o‘tdi.
«Ular nima xohlashsa, shuni qilishmoqda. Agar kimdir ular bilan hatto bir-ikki masalada fikri bir joydan chiqmay qolsa, tamom, o‘sha zahoti bunday odamlarni xiyonatda ayblashmoqda, — deb yozdi Teylor-Grin Tramp ma’muriyati haqida. — Biroq bu abadiy davom etmaydi. Odamlarni tinimsiz qo‘rqitib-hurkitib, haqorat qilib va oxir-oqibat o‘z fikringga qo‘shilishga majburlab turib, barcha [siyosiy] koalitsiyalar yana respublikachilarga ovoz beradi deb umid qilmasliging kerak.»





























