SOS tugmali ayol: Prezident Mirziyoyev bola va ayol qanday muhofazaga olinayotganini aytdi

Prezident Mirziyoyev 8 mart bayrami munosabati bilan Toshkentda tashkil qilingan ayollar bilan uchrashuvda

Surat manbasi, O'zbekiston prezidenti matbuot xizmati

O'qilish vaqti: 3 daq

Prezident Shavkat Mirziyoyev 3 martda imzolagan farmoni bilan O‘zbekistonda bundan keyin xotin-qizlar va bolalarga qarshi jinoyatlarni butkul yo‘q qilish maqsadida qanday choralarga qo‘l urilayotgani haqida gapirdi.

"Ayollarga tazyiq ko‘rsatib, yoshlarga qo‘l ko‘targan, endi O‘zbekistonda yo ko‘chib ketadi, yo majbur bo‘ladi qonun asosida yashashga", dedi Prezident Mirziyoyev 8 mart Xotin-qizlar kuni munosabati bilan Toshkentda tashkil etilgan marosimda.

"Agar o‘qigan bo‘lsangizlar, umrbod [bolalarga nisbatan jinsiy jinoyatlarni takroran sodir etganlar uchun umrbod qamoq jazosi] deb yozib qo‘ydim", deya Prezident Mirziyoyevdan iqtibos keltirdi gazeta.uz veb nashri.

Hamma yuristlar qarshi bo‘ldi, lekin men o‘zbek millatida bu bo‘lishi mumkin emas dedim. O‘zbek mamlakatida, Yangi O‘zbekistonda, ko‘p millatli xalqimizga yarashmaydi deb shuni yozib qo‘ydim. Shuning uchun qattiq tizim asosida kurash olib boramiz, — dedi prezident.

Prezident 3 martda imzolagan farmon "Ayollar va bolalar huquqlarining himoyasini kuchaytirish hamda ularga nisbatan tazyiq va zo‘ravonlik holatlarining oldini olish bo‘yicha qo‘shimcha tashkiliy-huquqiy choralar to‘g‘risida" deb nomlanadi.

Ushbu farmonga muvofiq, 2026 yil 1 aprelidan oilaviy zo‘ravonlik oldini olish maqsadida ichki ishlar organlariga tez xabar yetkazish tartibi ishga tushiriladi.

Himoya orderini olgan jabrlanuvchi ayol rozilik bersa, uning aloqa vositalari(telefoni, planshet yoki boshqa qurilmasiga) O‘zbekiston Ijtimoiy himoya milliy agentligining my.ihma.uz mobil ilovasi («SOS» tugmasi) o‘rnatiladi.

Bu ilova tazyiq va zo‘ravonlik holati haqida zudlik bilan xabar berish imkonini beradi.

Tugma bosilganda, 5 km radiusda bo‘lgan ichki ishlar organlari xodimlari 10 daqiqa ichida yetib kelishlari shart bo‘ladi.

O‘tkazib yuboring YouTube post
Google YouTube контентига рухсат бериш

Ayni maqolada Google YouTube tomonidan taqdim qilingan kontent mavjud. Biz bu kontent yuklanmasidan avval sizning roziligingizni so‘raymiz, chunki ular kuki va boshqa texnologiyalardan foydalangan bo‘lishi mumkin. Siz Google YouTube havolasida kukilarga doir va shaxsiy ma’lumotlarga oid qoidalar haqida avval o‘qib, keyin qabul qilishga rozi bo‘lishingiz mumkin. Ko‘rish uchun “qabul qilish va davom etish”ni tanlang.

Ogohlantirish: Bi-bi-si tashqi sahifalardagi kontent uchun mas’ul emas YouTube bu kontentda reklama bo‘lishi mumkin

Oxiri YouTube post

Prezident farmoni bilan O‘zbekiston qonunchiligida jazolar qattiqlashtiriladi.

1 noyabrdan boshlab Jinoyat kodeksining oltita moddasi: 118 (Nomusga tegish), 119 (Jinsiy ehtiyojni zo‘rlik ishlatib g‘ayritabiiy shaklda qondirish), 121 (Shaxsni jinsiy aloqa qilishga majbur etish), 128 (16 yoshga to‘lmagan shaxs bilan jinsiy aloqa qilish), 128−1 (16 yoshdan 18 yoshgacha bo‘lgan shaxs bilan moddiy qimmatliklar yoki mulkiy yoxud boshqacha manfaatdorlik berish orqali jinsiy aloqa qilish), 129 (16 yoshga to‘lmagan shaxsga nisbatan uyatsiz-buzuq harakatlar qilish) bandlar bo‘yicha tergov faqat prokuratura tomonidan o‘tkaziladi.

Prezident voyaga yetmaganlarning jinsiy erkinligiga qarshi jinoyatlar, ular bilan jinsiy aloqa qilish va uyatsiz-buzuq harakatlar sodir etish uchun ilgari sudlangan shaxslar ko‘zda tutilgan yangi qonun loyihasini uch oy ichida tayyorlash topshirig‘ini berdi.

Yangi qonunda 14 yoshga to‘lmagan shaxsning nomusiga tekkanlik uchun — umrbod qamoq jazosi, 14 yoshga to‘lmagan shaxsga nisbatan jinsiy ehtiyojni zo‘rlik ishlatib g‘ayritabiiy shaklda qondirganlik uchun — uzoq muddatli qamoq taklif etilayapti.

Iqtibos

O‘zbekiston 2008 yili o‘lim jazosini bekor qilgan.

Hozir mamlakat qonunchiligida eng qattiq jazo — umrbod ozodlikdan mahrum qilish hisoblanadi.

Va umrbod qamoq jazosi terrorizm, odam o‘ldirishning ayrim og‘ir ko‘rinishlari, davlat xavfsizligiga qarshi jinoyatlar uchun qo‘llaniladi.

Shuningdek, 25 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish, mol-mulk musodarasi va katta miqdordagi jarima kabi og‘ir jazo turlari ham mavjud.

Qonunchilikka yangi atamalar kiritiladi

Prezident Mirziyoyev farmoniga binoan, uch oy ichida xotin-qizlar va bolalar huquqlarini himoya qilish sohasidagi xalqaro standartlar hamda ilg‘or xorijiy tajribani o‘rganish asosida quyidagilar uchun qonunchilikda javobgarlik belgilash bo‘yicha takliflar tayyorlanishi lozim:

  • xotin-qizlarni aynan jinsi sababli qasddan o‘ldirish (femitsid);
  • oila a’zolarini qasddan o‘ldirish (familitsid);
  • shaxsni uning erkiga qarshi ravishda noqonuniy ta’qib qilish (stalking);
  • internet yoki ijtimoiy tarmoqlarda sodir etiladigan zo‘ravonlik (kiberzo‘ravonlik);
  • voyaga yetmagan shaxslardan jinsiy foydalanish hamda shu maqsadda internet orqali voyaga yetmagan shaxsning ishonchini qozonish (onlayn-gruming).