Moda olami kelajagi shu materiallardami?

Surat manbasi, Charlotte McCurdy Research
Bizni kiyim-kechak bilan ta’minlaydigan sanoat katta biznes – u har yili dunyo bo‘ylab taxminan 1,7 trillion dollar keltiradi.
Biroq, bu sanoat atrof-muhitni juda ifloslantiradi. BMT ma’lumotlariga ko‘ra, moda sanoati global issiqxona gazlari chiqindilarining 8 foizigacha bo‘lgan qismini yaratadi – bu ko‘rsatkich urfga kirgan, arzon, bir martalik kiyimlarning o‘sishi bilan oshib bormoqda.
Kiyimning butun hayot sikli atrof-muhitga ta’sir ko‘rsatadi – paxtaga sepiladigan pestitsidlardan tortib, poliefir ishlab chiqarish uchun ishlatiladigan neftgacha, matolarni bo‘yash, fabrikalarni elektr bilan ta’minlashdan chiqindixonalarga tashlanadigan tonnalab kiyim-kechak chiqindilaridan ajraladigan gazlargacha.
Mutaxassislar ogohlantirishicha, modani ishlab chiqarish va iste’mol qilishning hozirgi tendentsiyalari barqaror va sog‘lom emas.
"Siz 7 dollarga futbolka sotib olasiz, lekin bu Yer uchun haqiqiy narx emas", deydi London universiteti kolleji materialshunos professori Mark Miodovnik BBC Radio 4 ning "Inside Science" dasturiga.
"Biz o‘z iste’molimiz tufayli atmosfera va okeanlarda salbiy o‘zgarishlar bo‘layotganini tan olgimiz kelmaydi", deb davom etadi u.
"Agar kiyim sayyoraga zarar yetkazmaydi shaklda ishlab chiqarilsa, uning haqiqiy narxi, masalan, futbolka uchun 54 dollar bo‘lishi mumkin, bunday holatda uni kamroq sotib olgan bo‘lardingiz".

Surat manbasi, Martin Bernetti/AFP via Getty Images
Ikkinchi qo‘l kiyimlar savdosi o‘sishi bilan bir qatorda, dizaynerlar modaning atrof-muhitga ta’sirini kamaytirish uchun innovatsion materiallar va ishlab chiqarish usullarini o‘rganmoqda.
Ular hozircha faqat oz miqdorda ishlab chiqarilayotgan bo‘lsa-da, mutaxassislar fikricha, bir kun kelib ular moda kelajagini o‘zgartirishi mumkin.
Mana o‘sha materiallardan uchtasi.
1. 3D materiallar
O‘z uyingizda qulay sharoitda o‘zingizga mos kiyimlarni 3D-printerda chop etish imkoni bo‘lsa-chi? Bu amalga oshishi mumkin.
Professor Miodovnik shaxsni skanerlay oladigan, raqamli dizayn yaratadigan va keyin kichik zanjirli halqalardan tashkil topgan sintetik yoki bioplastik asosidagi materialni bir vaqtda bir qatlam qilib chop etadigan texnologiya ustida ishlamoqda.
"Bu biz mato va moda deb o‘ylaydigan narsalarning chegaralarini haqiqatan ham kengaytirmoqda", deydi u.
Nike, New Balance, Adidas va Balenciaga kabi brendlar allaqachon 3D bosib chiqarishni sinab ko‘rgan.

Surat manbasi, Christian Partik
3D bosib chiqarish afzalligi shundaki, buyumlarni chiqindisiz va ortiqcha ishlab chiqarishsiz buyurtma asosida tayyorlash mumkin. Bioplastlar makkajo‘xori kraxmali yoki shakarqamish kabi o‘simliklardan tayyorlanadi va foydalanib bo‘lingach, sanoat miqyosida kompostga aylantirilishi mumkin.
Ammo boshqa ehtimoliy foydalar ham bor.
Professor Miodovnik harakatlanish qobiliyati cheklangan odamlarga oyoq-qo‘llarini osonroq harakatlantirish imkonini berish uchun 3D bosib chiqarilgan materialga sensorlar va harakatlanish qurilmalarini joylashtirish ustida ham ishlamoqda.
"Agar stuldan oson tura olmasangiz, biz sizga mushaklaringizni taranglashtiruvchi va o‘sha paytda sizga yordam beruvchi matoni loyihalashimiz mumkin. Keyin u bo‘shashadi va normal yurishga imkon beradi", deydi u.
"Biz umurtqa pog‘onasining turli xil shikastlanishlari va umurtqa pog‘onasi bilan bog‘liq muammolari bo‘lgan odamlar bilan gaplashyapmiz, bu texnologiya ular uchun ham qo‘l keladi".
2. Kombucha charm
Agar stuldan qiynalib tursangiz, mushaklaringizni taranglashtiruvchi va o‘shanda yordam beruvchi matoni loyihalashimiz mumkin. Keyin u bo‘shashadi a normal yurishga imkon beradi.
Kombucha – choy va shakarni bijg‘itishdan tayyorlangan ichimlik bo‘lib, ichakka foydali bakteriyalari bilan mashhur, uning dizaynerlar tajriba o‘tkazayotgan qo‘shimcha mahsuloti bor.
Agar u taxminan uch hafta davomida damlansa, bakteriyalar suyuqlik ustida parda hosil qiladi.
Buyuk Britaniyaning Manchester universitetidan to‘qimachilik texnologiyasi bo‘yicha mutaxassis doktor Jeyn Vud aytishicha, "Siz bu pardani yig‘ib, uni shunchaki suv bilan yuvib, quritishingiz mumkin, charmga juda o‘xshash narsa hosil bo‘ladi".
Doktor Vud aytishicha, kombucha charm sigir boqishga qaraganda iqlimga zarari pastroq, hatto mototsiklda qo‘llanadigan charmlarga qaraganda ham "juda ishqalanishga chidamli."
"U juda tez biologik parchalanadi, – deya qo‘shimcha qiladi u. – Uni kompost qutisiga solib qo‘ysangiz, ikki hafta ichida hech narsa qolmaydi".

Surat manbasi, Bernhard Schipper/SCTM UG
Kombucha charm suv o‘tkazadi, shuning uchun yomg‘irbop emas, lekin buni yaxshilash uchun tabiiy moylar yoki asalari mumi bilan ishlov berish mumkin.
Tadqiqotchilar, shuningdek, zamburug‘lar yoki bakteriyalar kabi mikroblar qanday qilib to‘qimachilik uchun rang hosil qilishi mumkinligini o‘rganmoqda, bu esa yanada ekologik toza bo‘yoqlar olinishiga zamin hozirlaydi.
3. Dengiz o‘tlari matosi
Bir nechta brendlar organik moddalardan tayyorlangan yana bir yangi to‘qimachilik mahsuloti – dengiz o‘tlari bilan tajriba o‘tkaza boshladi.
Dengiz o‘tlarini quritish, maydalash va qayta ishlash orqali o‘simlikdan tola ajratib olish mumkin, so‘ng ular yigiriladi yoki to‘qiladi.
Stella MkKartni va H&M yaqinda suv o‘tlaridan olingan biopolimerdan tayyorlangan Kelsun tolasidan ishlab chiqarilgan kiyimlarni taqdim etdi.
Shu bilan birga, AQShning Stenford universiteti tadqiqotchisi va dizayneri Sharlotta MakKyordi suv o‘tlaridan olingan biopolimerdan shaffof yomg‘irpo‘sh yaratdi.
Xuddi shu material dizayner Filipp Lim bilan hamkorlikda yaratilgan yaltiroq libos uchun bezak tayyorlashda ishlatilgan.

Surat manbasi, Charlotte McCurdy/Phillip Lim
Dengiz o‘tlarining asosiy afzalligi shundaki, ular poliester kabi plastik asosli matolardan farqli o‘laroq biologik parchalanadi. Plastik matolar okeanlar va inson salomatligiga zararli bo‘lgan mikroplastik zarralarni ajratib chiqaradi.
Bundan tashqari, dengiz o‘tlari suv ostida o‘sayotganda karbonat angidridni o‘ziga singdiradi, ularga pestitsidlar kerak emas va ularni to‘qimachilik mahsulotiga aylantirish jarayoni an’anaviy sintetik tolalarga nisbatan ancha kam ifloslantiruvchi hisoblanadi.
End of Ijtimoiy tarmoqlardagi sahifalarimiz:
"Ko‘plab texnologiyalar chiqindi ko‘paytirmaslik va oson yo‘q qilish mumkin bo‘lgan mahsulotlarni yaratish uchun qanday qilib ekologik jihatdan mas’uliyatliroq bo‘lishimiz mumkinligiga e’tibor qaratmoqda," deydi doktor Vud.
"Arzon ommabop moda asosan poliesterdan iborat. Nima uchun faqat bir necha marta kiyiladigan libosni abadiy saqlanadigan materialdan tikish kerak?"





























