O‘zbekiston: Bog‘cha bolalarida ommaviy zaharlanish. Muammo ildizlari yanada chuqurmi? - Video

Nurafshon shahridagi Bolalar tibbiyot markazi

Surat manbasi, BBC.COM/UZBEK

Surat tagso‘zi, Nurafshon shahridagi Bolalar tibbiyot markazi
O'qilish vaqti: 5 daq

Bir necha kun oldin bemor bolalar bilan to‘lgan kasalxona dahlizlarini aks ettiruvchi video tasvirlar ijtimoiy tarmoqlar bo‘ylab tarqalgan edi. Keyinroq Maktabgacha Ta’lim vazirligi Toshkent viloyatidagi bog‘cha bolalarining aksariyatida ommaviy zaharlanish kuzatilganini tasdiqladi.

Zaharlanish bilan murojaat qilgan bolalarning umumiy soni bo‘yicha hali rasmiy ma’lumot mavjud emas. Biroq mahalliy nashrlar ularning soni ikki mingga yaqinlashganini iddao qiladilar.

Bi-bi-si vaziyatni to‘laqonli yoritish uchun hodisa yuzasidan berilgan rasmiy axborot va munosabatlarni o‘rgandi hamda bemor bolalarning hozirgi holatini bilish uchun ular yotqizilgan kasalxonalardan birida bo‘ldi.

O‘tkazib yuboring YouTube post
Google YouTube контентига рухсат бериш

Ayni maqolada Google YouTube tomonidan taqdim qilingan kontent mavjud. Biz bu kontent yuklanmasidan avval sizning roziligingizni so‘raymiz, chunki ular kuki va boshqa texnologiyalardan foydalangan bo‘lishi mumkin. Siz Google YouTube havolasida kukilarga doir va shaxsiy ma’lumotlarga oid qoidalar haqida avval o‘qib, keyin qabul qilishga rozi bo‘lishingiz mumkin. Ko‘rish uchun “qabul qilish va davom etish”ni tanlang.

Ogohlantirish: Bi-bi-si tashqi sahifalardagi kontent uchun mas’ul emas YouTube bu kontentda reklama bo‘lishi mumkin

Oxiri YouTube post

Maktabgacha ta’lim vazirligi nima dedi?

25 sentyabrь kuni tongda Maktabgacha Ta’lim vazirligi Piskent va Bo‘ka tumanlarida bolalar bog‘chalari tarbiyalanuvchilari zaharlanish alomatlari bilan shifoxonaga yotqizilgani ma’lum qildi.

Surat manbasi, Мактабгача Таълим вазирлиги

Surat tagso‘zi, 25 sentyabr kuni tongda Maktabgacha Ta’lim vazirligi Piskent va Bo‘ka tumanlarida bolalar bog‘chalari tarbiyalanuvchilari zaharlanish alomatlari bilan shifoxonaga yotqizilgani ma’lum qildi.

Tarqalgan videolarda Toshkent viloyatidagi bolalar shifoxonasini ko‘rish mumkin.

Unda kasalxona dahlizlari bemor bolalar va ularning ota-onalari bilan to‘lganini, bino tashqarisida ham tizilgan zich navbatlar akslanadi.

25 sentyabr kuni tongda Maktabgacha Ta’lim vazirligi Piskent va Bo‘ka tumanlarida bolalar bog‘chalari tarbiyalanuvchilari zaharlanish alomatlari bilan shifoxonaga yotqizilgani ma’lum qildi.

"Dastlabki tibbiy ko‘riklar xulosasi asosida bemor bolalarga "Oshqozon ichak faoliyatining o‘tkir funktsional buzilishi, ovqat toksikinfektsiyasi" tashxisi qo‘yilib, zaruriy muolajalar amalga oshirilgan hamda shu kunning o‘zida aksariyat bolalarning sog‘lig‘i yaxshilangani tufayli uylariga javob berib yuborilgan. Og‘ir ahvoldagi bemorlar aniqlanmagan", - deyiladi vazirlikning ilk munosabatida.

O‘sha kunning o‘zi kechroq MTV kasalxonalarda 109 nafar bola, jumladan, Quyi Chirchiq tumanida 12 nafar va Oqqo‘rg‘on tumanida 97 nafar bola borligini ma’lum qildi. Vazirlik ularning ahvolini barqaror deb baholagan.

Biroq, mahalliy nashrlar shifoxonalarga zaharlanish alomati bilan murojaat qilgan bolalarning soni ikki mingga yaqin ekanligini iddao qildilar.

26 sentyabr kuni Gazeta.uz'ning yozishicha, ular 1922 nafar bo‘lgan.

"Ularning 930 nafaridan ortig‘ida kasallik tasdiqlanmay, uyiga javob berilgan. 26 sentyabr kuni ertalab 961 nafar bemor ro‘yxatda turgan bo‘lib, ulardan 941 nafarining ahvoli yengil, 22 nafarining ahvoli o‘rtacha", - deb yozadi nashr o‘z manbasiga tayanib.

Nurafshonda nima gap?

Iltifot Xasanova, Nurafshon shahar ShTB Bolalar bo‘limi reanimatolog shifokori

Surat manbasi, BBC.COM/UZBEK

Surat tagso‘zi, Iltifot Xasanova, Nurafshon shahar ShTB Bolalar bo‘limi reanimatolog shifokori

Bi-bi-si yemor bolalarning hozirgi holatini bilish uchun ular yotqizilgan Nurafshon shahridagi Bolalar tibbiyot markazida bo‘ldi. 25 sentyabr kuni ertalab Piskent tumanidagi shifoxonalarga sig‘magan bemor bolalarning ba’zilari ayni markazga olib kelingan.

Markaz shifokorlarining ma’lum qilishicha, shifoxonaga 48-50 nafar atrofida bemor olib kelingan. Ularning holati o‘rtacha va yengil bo‘lgan. Faqatgina bir nafari og‘ir ahvolda bo‘lgan.

"Asosan 4-5 yosh atrofidagi bolalar [edi]. Bog‘chaga borishgan. Ko‘pining [ota-onalarning] aytishicha, kechqurun 01:30, 02:00 dan boshlab, qorni og‘rib, ichi ketib, qusishni boshlashgan. Issig‘i chiqqan bemorlar ham bor edi. Tezlik bilan muolaja qilib, birinchi yordam ko‘rsatishni boshladik. Muolajadan keyin 2-3 soat ichida yaxshi bo‘la boshlashdi. Ota-onalar o‘z xohishi bilan yengil holatda kelganlarni o‘sha kunning o‘zida olib ketishdi", - deydi Iltifot Xasanova, Nurafshon shahar ShTB Bolalar bo‘limi reanimatolog shifokori.

U zaharlanish alomati bilan markazga olib kelingan bolalarga tibbiy yordam ko‘rsatgan shifokorlardan biri bo‘lgan.

Shifokorning aytishicha, o‘rtacha holatda bo‘lgan bemorlar hamda bir nafar og‘ir ahvolda bo‘lgan tarbiyalanuvchi ham ayni shifoxonadada bir kun qolgan va ertasi kuniyoq sog‘ayib, uyga qaytishgan.

Tergov

Bolalar ombudsmani idorasining ma’lum qilishicha, voqea bo‘yicha 25 sentyabrь kuni Jinoyat kodeksining 257−1-moddasi 1-qismi (Sanitariyaga oid qonunchilikni yoki epidemiyaga qarshi kurash qoidalarini buzish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.

"Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi viloyat boshqarmasi hamda Piskent, Bo‘ka va Oqqo‘rg‘on tuman bo‘limlari mutaxassislari tomonidan DMT muassasalarining oshxonalari ko‘zdan kechirilib, bolalar sutkalik iste’mol qilgan taomlardan olingan namunalar laboratoriyalarda tegishli tartibda tekshirilmoqda." – deyiladi Obmudsman 25 sentyabr kuni o‘z Telegram sahifasida e’lon qilgan munosabatda.

Maktabgacha Ta’lim vazirligining dastlabki taxminlariga ko‘ra, bolalar sog‘lig‘idagi o‘zgarishlarga sifatsiz sut mahsulotlari sabab bo‘lgan.

Maktabagacha ta’lim tashkilotlariga shu kuni olib kelingan 3,2% li kefir mahsuloti Oqqo‘rg‘on tumanidagi sexlarning birida ishlab chiqarilgani aniqlangan. Ammo bu yakuniy xulosa emas.

26 sentyabr kuni Qonunchilik palatasidagi "Adolat" partiyasi fraktsiyasi ham ommaviy zaharlanish holati yuzasidan Bosh prokuraturaga deputatlik so‘rovi yuborgan. Partiya hodisa sabablarini o‘rganish va aybdorlarni javobgarlikka tortish zarurligini ma’lum qildi.

Keyinroq, mahalliy nashrlar, xususan, Vaqtyu.uz tergov doirasida 7 kishi qo‘lga olingani haqida yozdi.

Tarqatilgan axborotga ko‘ra, ulardan 3 nafari oziq-ovqat ishlab chiqaruvchi korxona mansabdorlari bo‘lib, mahsulot sifatidagi qonunbuzarliklarda ayblanmoqda va qolgan 4 kishi bog‘chalarga oziq-ovqat yetkazib beruvchi autsorser firmalar mas’ullari hisoblanadi.

"Jinoyat ishi dastlab Toshkent viloyati IIBB tomonidan tergov qilingan bo‘lsa, keyinchalik materiallar Ichki ishlar vazirligiga o‘tkazilgan. Huquqni muhofaza qiluvchi organlar aybdorlarga nisbatan qonun doirasida qat’iy choralar ko‘rilishi kerakligini bildirmoqda", - deyiladi Vaqt.uzning o‘z manbasiga tayanib yozgan xabarida.

Biroq, ayni axborot rasmiy tashkilotlar tomonidan na tasdiqlangan, na inkor etilgan.

BBC ma’lumot yuzasidan Ichki ishlar Bosh boshqarmasi Axborot xizmati bilan bog‘landi.

IIBB Matbuot kotibi Bobur Tulyaganov BBC'ga tergov davomida unga aloqador ma’lumotlar oshkor etilmasligini bildirdi.

So‘nggi tafsilot

Nurmat Otabekov, Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi qo‘mitasi raisining birinchi o‘rinbosari

Surat manbasi, Соғлиқни сақлаш вазирлиги

Surat tagso‘zi, Nurmat Otabekov, Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi qo‘mitasi raisining birinchi o‘rinbosari

29 sentyabr 12:00 holatiga ko‘ra, Sog‘liqni saqlash vazirligining Toshkent viloyatidagi shifoxonalarda 38 nafar bola davolanayotganini ma’lum qildi.

Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi qo‘mitasi raisining birinchi o‘rinbosari Nurmat Otabekov shtab faoliyatida ishtirok etayotgan maxsus komissiya vakillarining xulosasiga tayanib aytishicha, bemorlarning barchasiga o‘tkir gastroenterit tashxisi qo‘yilgan.

"Joriy yilning 29 sentyabr 12:00 holatiga [ko‘ra], Toshkent viloyati shifoxonalarida davolanayotgan bolalarning soni 38 nafarni tashkil etmoqda. Ularning ahvoli barqaror. Kasallik yengil shaklda kechmoqda. Og‘ir yoki asoratli holatlar qayd etilmagan", deydi Nurmat Otabekov vazirlik o‘z Telegram sahifasida e’lon qilgan video-munosabatda.

Mutaxassisning aytishicha, bu kasallik aksariyat hollarda ikki-uch kun davom etadigan va to‘g‘ri davolash muolajalari amalga oshirilsa, tezda davolanib ketadigan kasalliklar toifasiga kiradi.

Ijtimoiy tarmoqlarda bolalarning ommaviy zaharalanishi mavzusi keng muhokama etilayapti, faollar DOK-1 dorisidan halokatli zaharlanish hodisasini eslayaptilar. Muammo faqat nosog‘lom yegulikda emasligi aytilayapti.

"Bunday holatlar yuzaga kelishiga sababchi maktabgacha ta’lim tashkilotlarida bolalarni ovqatlantirishni davlat xususiy sheriklik asosida tadbikorga topshirilganligidir. «Jamoatchilik nazorati to‘g‘risida»gi qonunning 4-moddasiga jamoatchilik nazoratining ob’ekti sifatida ishlab chiqaruvchi, sotuvchi va xizmat ko‘rsatuvchilarning faoliyatini ham kiritish maqsadga muvofiqdir. «Dok-1 Maks» va MTTlardagi ovqatdan zaharlanishlar keysi bizga dars bo‘lishi kerak", deb yozdi huquqshunos Anvar Bozorov o‘zining Telegram kanalida.