Pul qadrsizlangani eronliklarni oyoqqa turg‘azdi

Surat manbasi, EPA
Yakshanba kuni Tehron shahridagi do‘kondorlar boshlagan norozilik namoyishlari butun mamlakatga tarqaldi, Eron milliy valyutasi Riyal qadrsizlangani odamlar hayotini og‘irlashtirgan.
31 dekabr kuni Eron hukumati kutilmaganda dam olish kuni e’lon qildi.
Musulmon mamlakat Eronda odatda payshanba va juma dam olish kunlari, ammo chorshanba kuni hordiq kuni deb e’lon etilganini rasmiylar norozilik namoyishlari bilan bog‘layotganlari yo‘q.
28 dekabr kuni Eron Riyalining AQSh dollariga nisbatan narxi keskin tushib ketishi Tehronning mashhur bozori - Bozori Buzurgdagi mobil telefonlar va texnika mollari bilan savdo qiladigan do‘kondorlarni g‘azablantirdi.
Ular do‘konlarini yopib norozilik namoyishi uyushtirdilar.
Shu kecha-kunduzda Eronda 1 AQSh dollari 1 million 420 ming Eron Riyaliga to‘g‘ri kelayapti.
Bundan bir yil oldin 1 dollar 830000 Riyal atrofida edi.
Poytaxt Tehronda boshlangan protestlar mamlakatning boshqa shaharlariga ham kuzatilgani aniqlandi.
Bi-bi-si Fors xizmati haqiqiy ekanini tasdiqlagan namoyishlar videolari Eronning Karaj, Homidon, Qeshm, Malard, Isfahon, Kermanshoh, Sheroz va Yazd shaharlarida tasvirga olingani aniqlandi.
Eron hukumati "protestlarni tan olishini", ularni "hatto ovozlarini baland ohangda gapirayotgan bo‘lsalar ham tinglashi"ni aytdi.
Ayni maqolada Google YouTube tomonidan taqdim qilingan kontent mavjud. Biz bu kontent yuklanmasidan avval sizning roziligingizni so‘raymiz, chunki ular kuki va boshqa texnologiyalardan foydalangan bo‘lishi mumkin. Siz Google YouTube havolasida kukilarga doir va shaxsiy ma’lumotlarga oid qoidalar haqida avval o‘qib, keyin qabul qilishga rozi bo‘lishingiz mumkin. Ko‘rish uchun “qabul qilish va davom etish”ni tanlang.
Oxiri YouTube post
Prezident Mas’ud Pezeshkiyon Eron Markaziy Banki raisi Muhammadrizo Farzin iste’fosini qabul qildi.
O‘rniga sobiq iqtsodiyot va moliya vaziri Abdulnosir Himmatiyni tayinladi.
O‘zining X(sobiq Tvitter)dagi sahifasida Prezident Pezeshkiyon Eron Ichki ishlar vaziriga namoyishchilar "vakillari" bilan uchrashish hamda "muammolarni hal qilish va mas’uliyatli chora ko‘rish" buyrug‘ini bergani haqida yozdi.
31 dekabr kuni Eron Bosh prokurori Muhammad Muvohidiy-Ozod norozilik chiqishlarini tartibsizliklarga aylantirish oqibatlaridan ogohlantirdi.
Bosh prokuror so‘zlariga ko‘ra, norozlikni izhor etish qonuniy, ammo xavfsizlikni izdan chiqarish urinishlariga nisbatan shafqatsiz chora ko‘riladi.
Norozilik namoyishlariga Erondagi yirik universitetlar talabalari ham qo‘shildilar.
Muxbirlarning yozishicha, dekabr oyining oxirgi kunlarida Eron uchun xos bo‘lmagan havo harorati sovishi kuzatilgan, harorat Selsiy bo‘yicha 10 dan tushib ketgan.
Hukumat havo sovuqligi va energiyani asrash maqsadida maktablar, banklar va davlat tashkilotlarini yopishga qaror qilganini aytdi.

G‘arbning bir necha o‘n yillik iqtisodiy jazo choralari Eron iqtisodiyotini og‘ir ahvolga solib qo‘ygan.
Shu yil sentyabrida BMT 10 yil ilgari olib tashlangan Eronga qarshi xalqaro sanksiyalarni yana qayta tikladi, bu Tehronning harbiy maqsadni ko‘zlagan yadroviy dasturini qayta tiklashga uringani uchun deb aytildi.
Eron masalasi 29 dekabr kuni Floridada o‘tgan AQSh Prezidenti Donald Tramp va Isroil Bosh vaziri Benyamin Netanyahu o‘rtasidagi muzokara kun tartibida ham bo‘ldi.
Ikki rahbar ishtirokidagi matbuot anjumanida Prezident Trampdan Erondagi rejim almashishini qo‘llab-quvvatlamasligi haqida so‘rashdi.
U bu savolga ha yoki yo‘q deb javob berishdan bosh tortdi, biroq shunday dedi:
"Ularda rosa ko‘p muammolar bor: ulkan inflyatsiya, iqtisodiyoti kasodga uchragan, ularning iqtisodiyoti yaxshi emas. Va men odamlar xursand emasligini bilaman".
Agar Eron ballistik raketa qayta qursa yoki yadroviy dasturini qayta tiklamoqchi bo‘lsa, Isroilning yana Eronga havo zarbalarini dastaklashi mumkinligini aytdi AQSh Prezidenti Tramp.
2025 yil iyunidagi Isroil va Eron o‘rtasidagi 12 kunlik urush payti AQSh Eronning asosiy uranni to‘yintirish inshootlariga zarba bergan edi.
Eron uranni tinchlik maqsadida boyitayotganini aytadi.
Eron Oliy ruhoniy rahbari Oyatulloh Ali Hamenei takror-takror, Isroil hukumati o‘sha urush payti Eronda ommaviy namoyishlar kelib chiqadi va rejimni ag‘daradi deb umid qilgandi, deb aytadi.
"Ular ko‘chalarda g‘alayonlarga gijgijlamoqchi bo‘ldilar... Biroq odamlar dushman ta’siriga tushmadilar", deb aytdi Oyatulloh Ali Hamenei sentyabr oyida.












