O‘zbekiston, Markaziy Osiyo va Kavkaz: kimning qo‘li baland? Rossiyami yoki AQSh? Video

Surat manbasi, ВВС
O‘zbekiston doxil Markaziy Osiyo va Janubiy Kavkazni o‘z ichiga olgan siyosiy shaxmat maydonida qaysi o‘yinchining donalari ilg‘orroq va jur’atliroq surilmoqda? AQSh yoki Rossiya?
DIQQAT BBC dasturimizda ana shu savolga javob qidiramiz.
Dasturimizni video shaklda quyida ilovada ko‘rishingiz mumkin:
Ayni maqolada Google YouTube tomonidan taqdim qilingan kontent mavjud. Biz bu kontent yuklanmasidan avval sizning roziligingizni so‘raymiz, chunki ular kuki va boshqa texnologiyalardan foydalangan bo‘lishi mumkin. Siz Google YouTube havolasida kukilarga doir va shaxsiy ma’lumotlarga oid qoidalar haqida avval o‘qib, keyin qabul qilishga rozi bo‘lishingiz mumkin. Ko‘rish uchun “qabul qilish va davom etish”ni tanlang.
Oxiri YouTube post
Markaziy Osiyo va Kavkaz hanuz Rossiyaning "dala hovlisi"mi?
Rossiya Markaziy Osiyo va Janubiy Kavkazni Sovet Ittifoqidan o‘ziga qolgan meros sifatida ko‘rib kelgan. Ya’ni bu mening dala hovlim, bu yerga faqat bizning ruxsatimiz bilan kirasiz qabilida.
Lekin Markaziy Osiyoning dashtu vodiylari va Janubiy Kavkaz tog‘laridan iborat shaxmat taxtasida hozirda vaziyat o‘zgaryaptimi?
Energiya va tabiiy boyliklar uchun raqobat, yangi transport yo‘nalishlari, bir o‘chib bir yonib turgan mojarolar va regiondagi davlatlarning o‘z mavqelarini mustahkamlash urinishlari manzarasida an’anaviy ravishda hamisha qo‘li baland bo‘lib kelgan Rossiya ta’sirini kamaytirish harakatlari har tomondan nazarga tashlanayotgandek.
Bu borada BBS O‘zbek xizmati DIQQAT BBC dasturida Rus xizmati muharriri, asli Ozarbayjonlik jurnalist Famil Ismoilov bilan suhbatlashdi.
VVS: Yaqinda AQSh vitse-prezidenti J.D, Vans Armaniston va Ozarbayjonga safar qildi. AQShning mintaqada o‘z ta’sirini kengaytirish harakatlari manzarasida bu safar nimani anglatadi?
Famil Ismoilov: Dastlab, aytib o‘tishimiz kerak, J.D. Vans Ozarbayjonga Armanistondan so‘ng yetib keldi. Ya’ni bu Yerevan va Bakuni o‘z ichiga olgan qo‘shma tashrif edi.
Lekin eng asosiysi shuki, bu safar biz o‘tgan yili kuzatgan hodisalar rivoji ekanligi. O‘shanda Armaniston bosh vaziri Nikol Pashinyan va Ozarbayjon prezidenti Ilhom Aliev Vashingtonda Tinchlik bitimi haqidagi deklaratsiyani imzolashgandi. Tinchlik bitimiga hali erishilmagan, lekin deklaratsiya AQSh prezidenti Donald Tramp homiyligida imzolandi. Bu Moskvaga bir aniq mujdani berdi. Ya’ni, hozirda Kavkazda ishlarni Rossiya emas AQSh hal qilmoqda, degan mujda.
Bilamizki, ikki davlat Tog‘li Qorabog‘ ustidan 30 yil urush vaziyatida bo‘lib kelishgan. 1994 yildan beri Armaniston Tog‘li Qarobog‘ va uning atrofidagi Ozarbayjon hududlarini o‘z nazorati ostida ushlab kelgandi. 2020 yili Ozarbayjon 44 kunlik harbiy amaliyot natijasida Tog‘li Qorabog‘ning aksar qismini qaytarib olishga muvaffaq bo‘ldi, lekin harbiy amaliyotlar Rossiya vositachiligida to‘xtatilgandi.
2020 yil 10 noyabrida Rossiya prezidenti Vladimir Putin bilan telefon suhbatidan so‘ng ikki tomon harbiy amallarni to‘xtatishga rozi bo‘lishdi va shu zahotiyoq Tog‘li Qorabog‘da Rossiya tinchlikni saqlash kuchlari paydo bo‘lishdi. Ana o‘shanda Kavkazda ishlarni Rossiya hal qilayotgandi.
Bugunda vaziyat o‘zgardi. Endilikda u yerda AQSh, yoki hatto shaxsan janob Tramp qarorlarni olmoqda. Ana shu nuqta juda muhim va janob Vansning safari xuddi ana shu siyosatning davomi edi.

"Mintaqada ishlarni endi AQSh boshqaradi"
VVS: Janob Vans o‘z safari natijasida "Mintaqada endi ishlarni AQSh boshqaradi", degan mujdani atrofdagi kuchlarga yetkazish maqsadiga erisha oldi, deb ayta olamizmi?
Famil Ismoilov: Yana janob Vansning Armanistonga safari tafsilotlariga to‘xtalsak. Yerevanga safarida AQSh vitse-prezidenti bosh vazir Pashinyanning saylovlarda nomzodi qo‘llab quvvatlanishini bildirdi. Armanistonda Amerika shirkatlari faoliyatini kengaytiruvchi qator shartnomalar imzolandi. Ular orasida Armaniston qurolli kuchlarini qo‘llash sohasida ham qator shartnomalar bor edi. Josuslik sohasida ishlatiladigan dronlar berilishi aytildi.
Bu juda muhim jihat. Chunki Ozarbayjon bilan urushdan so‘ng Armaniston qurolli kuchlari juda ayanchli ahvolda. Yana bir e’tiborga molik jihati - bu Armanistonda Atom elektr stantsiyasini qurishda Amerika yordam berishi borasidadir. Bu Armanistonga Sho‘rolar davridan qolgan va eskirgan qator gidro va atom elektrostantsiyalari ta’minlab turgan elektr energiyasiga qaramlikdan chiqishni anglatadi.
Shundan so‘ng janob Vans Bakuga keldi va u yerda ham memorandum va qator shartnomalar imzolandi. Ozarbayjon qurolli kuchlariga ham yordam berish haqida kelishuvlarga erishildi. Eng avvalo Kaspiy dengizidagi davlat chegaralarini qo‘riqlash uchun katerlar berilishi haqida kelishib olindi.
Bu jihat ham muhim, chunki mintaqadagi o‘yinchilarni nazarga olib gapiradigan bo‘lsak, Kaspiy dengizi alohida ahamiyat kasb etadi. Eron ham, Rossiya ham Kaspiyda anchayin kuchli harbiy hozirlikka egalar. Ozarbayjon esa u qadar ko‘p emas. Shuning uchun bu kabi yordam Ozarbayjon uchun katta ahamiyatga ega.
Va yana bir eng muhim jihati bu O‘zbekiston doxil Markaziy Osiyodan Ozarbayjon va Armaniston orqali Turkiyaga qadar va u yerdan G‘arb tomon yirik transport dahlizining yaratilishi loyihasidir. Ya’ni bu yo‘lak orqali nafaqat Markaziy Osiyodan energiya doxil tovarlar G‘arb tomon oqishi mumkin, balki shu bilan birga Ozarbayjon va Armanistonni ham bog‘lovchi transport yo‘li vujudga keladi. Hozirda Markaziy Osiyodan mavjud savdo yo‘llari asosan Xitoy tomon boshqa tomonga, yoki Rossiya nazorati ostida u tomonga bo‘lsa , endilikda Markaziy Osiyodan Ozarbayjon orqali G‘arb tomon vujudga keltirilajak bu yo‘lak mutlaqo yangi va uning ustidan Rossiya nazorati bo‘lmaydi.
Markaziy Osiyo va Kavkazda ishlarni endi AQSH hal qilmoqda. Rossiya emas.
Armanistonlik qurbonlar va anglashilmovchilik
BBC: Janob Vansning Yerevanga safari mobaynida 1915 yili armanlarning Turkiyadan yoppasiga chiqarilishlari jarayonida halok bo‘lganlar xotirasiga barpo etilgan majmuani borib ko‘rgani katta shov-shuvlarga sabab bo‘ldi, shundaymi?
Famil Ismoilov: Ha, bu ham muhim jihat. 1915 yil hodisalari mintaqa uchun katta ahamiyatga ega. Yerevanda u Usmoniylar davridagi Turkiyada armanlarning yoppasiga halok bo‘lishlari xotirasiga bunyod etilgan Sitsernakaberd majmuasiga borib, gulchambar qo‘ydi va mehmonlar qaydi kitobida o‘z xotiralarini yozib qoldirdi.
Lekin qiziq jihati shuki, xotira majmuasiga tashrifi tushirilgan surat izohi bilan birga janob Vansning X (Tvitter) sahifasida dastlab paydo bo‘ldi. Ammo keyinchalik o‘chirib tashlandi. Bu holat xodimlar xatosi, deya tushuntirildi. Lekin mintaqa bilan tanish bo‘lganlar bilishadiki, bu AQShning mintaqadagi yana bir ittifoqchisi ko‘rilgan Turkiyani g‘azablantirmaslik uchun qo‘yilgan qadam edi. Ma’lumki, Turkiya 1915 yilgi hodisalarni "irqiy qirg‘in – genotsid", deya ta’riflanishiga juda qarshi.
BBC: Bu kabi tashriflar kun tartibi avvaldan sinchkovlik bilan puxta rejalanadi. Agar AQSh mintaqadagi ittifoqchilarini g‘azablantirishni istamagan bo‘lsa, nima uchun bu holat ro‘y berdi, deb o‘ylaysiz?
Famil Ismoilov: To‘g‘ri aytasiz. Lekin rasmiy tashriflarda protokol marosimlari degan narsa bor. Masalan, Bakuga kelgan xorij rahbarlari uchun «Shahidlar xiyoboni»ga borish bu protokolga kiritiladigan safar. Armanistonda esa bu kabi protokol tashriflari orasida 1915 yil qurbonlari xotirasiga barpo etilgan majmua ham kiritiladi. Deyarli hamma oliy rutba mehmonlar u yerga borishadi. Bu odatiy holat.
Bu yerda gap janob Vansning u yerga borgani haqida emas, uning bu boradagi Ijtimoiy tarmoqdagi izohi olib tashlaganidadir. Bu shunchaki PiAr xatosi. Ular izohdagi ta’rifda xatoga yo‘l qo‘yishgan. Bu AQShning Ozarbayjon yoki Armaniston bilan munosabatlariga ta’sir ko‘rsatgan, deb o‘ylamayman.
Qarang, janob Vans Bakuga Armanistonga dronlar berilishini va’da qilganidan so‘ng keldi. Shuni yodda tutish kerakki, ikki mamlakat o‘rtasida Tog‘li Qorabog‘ ustidan urushda aynan Baku birinchi bo‘lib harbiy dronlarni ishga solgandi. Bu Turkiyada ishlab chiqarilgan «Bayraktar» dronlari edi. Va bu dronlar urush yo‘nalishining Ozarbayjon foydasiga o‘zgarishida asosiy omil bo‘lgandi.
Lekin Ozarbayjon AQShning Armanistonga dronlar berishini savol ostiga olgani haqida men xabarlarni ko‘rganim yo‘q. Fikrimcha, AQShning mintaqa davlatlari bilan munosabatlari va shartnomalari tinchlik jarayonining tarkibiy qismi sifatida ko‘rilmoqda va ba’zi narsalarga ataylab ko‘z yumilmoqda.

Surat manbasi, Ministry of Defence of the Russian Federation
Raqobat borasida xalq fikri
VVS: Demak ikkala poytaxtda ham rasmiy doiralar o‘zlarini diplomatik tarzda tutishga urinayotganlariga guvoh bo‘lmoqdamiz. Lekin oddiy odamlar yirik kuchlarning o‘z ta’sirini kengaytirish urinishlarini qanday qabul qilishyapti?
Famil Ismoilov: Bu juda qiziq savol. Bunga shunday javob bergan bo‘lardim, omma fikri Ozarbayjonda mamlakat yurituvchi siyosatga deyarli hech qanday ta’sir ko‘rsata olmaydi.
Lekin Armanistonda bu jarayon qaysidir miqyosda mavjud. Masalan, Pashinyanni Ozarbayjon bilan urushda yutqazgan shaxs sifatida ko‘ruvchilar tomonidan norozilik kayfiyatlari va chiqishlari kuzatilsa, Ozarbayjonda rasmiy siyosatga qarshilik deyarli kuzatilmaydi.
Ozarbayjonda prezident Aliev janob Trampga yaqin shaxs sifatida ko‘rilishi aytiladi va shunday ko‘rilmoqda ham. Armaniston rahbari ham shunday.
Agar eslasangiz, Tinchlik kengashi haqidagi bitim imzolanganda Vashingtonda Trampning bir yonida janob Aliev, boshqa tarafida janob Pashinyan o‘tirishgandi. Ikkala davlatda ham rahbarlari Putin emas jahonda eng qudratli shaxs sifatida ko‘rilgan Tramp atrofida bo‘lganlari g‘urur bilan qabul qilingan.
Ozarbayjon va armanlar muloqotdami?
VVS: Tog‘i Qarabog‘ urushi to‘xtaganidan so‘ng oddiy xalq orasida munosabatlar ham tiklana boshladimi? Ular bir birlarini o‘nlab yillar dushman sifatida ko‘rib kelishgandi.
Famil Ismoilov: Hali birinchi Tog‘i Qarabog‘ urushi ketayotgan vaqtda, ko‘p yillar avval men Bakudagi shaxsiy bir telekanal muharriri bilan suhbatlashgandim. Men undan «sizning kundalik yangiliklaringiz jabhada hech nima yuz bermayotgan bo‘lsa ham hamisha «bugun jabhada nimalar ro‘y bermoqda», degan ibora bilan boshlanadi.
Ya’ni har bir dastur armanlarni dushman qilib ko‘rsatish bilan boshlanadi. Urush to‘xtatganda munosabatlarni qanday tiklaysizlar», deb so‘ragandim. O‘shanda u « agar prezident bir kun kelib armanlar bizning birodarlarmiz desa, biz ham shunday deymiz», deb javob bergandi.
Afsuski hech nima bu kabi tezlik bilan o‘zgarmaydi. O‘ylaymanki, Qorabog‘ urushi davrida to‘xtovsiz olib borilgan targ‘ibot o‘z ta’sirini qoldirgan. Bugungi kunda na Armanistonda va na Ozarbayjonda hech kim ko‘chada turib «biz birodarlarmiz» demayapti. Ozarbayjonda «arman» so‘zi hanuz haqorat sifatida ishlatiladi. Armanistonda ozarbayjonlarni ular tilida kamsitish ohangiga ega bo‘lgan «turklar», deya atashadi. Afsuski bu holat davom etmoqda.
Ikki rahbar muloqot qilib, suratlarda bir-birlari bilan jilmayib, muloqot qilayotganlarini ko‘ryapmiz, ammo xalq orasidagi kayfiyatda buni ko‘rmayapmiz. Rahbarlar munosabati ommani o‘zgartirishi uchun juda ko‘p harakat qilinishi kerak. Hozirda bu urinishlar deyarli yo‘q. Agar ikkala xalq vakillariga bir-birlari bilan suhbatlashish, savdo qilish, uchrashish imkonlari yaratilsa munosabatlarni o‘zgartirish mumkin bo‘lardi.

VVS: Ana shu siz tilga olayotgan uchrashuv, gaplashish, muloqot qilish imkonlari bormi?
Famil Ismoilov: Faqatgina ikki mamlakatdan tashqarida. Moskvada armanlar bilan ozarbayjonlar o‘zaro muloqotda. Ishonchim komilki, xorij davlatlarida yashayotganlar ham o‘zaro muloqot qilishadi. Lekin ikkala davlatda ham omma fikrini «bo‘ldi, urush to‘xtatdi, keling do‘stona yashaymiz», deb maksimal darajada o‘zgartirish uchun hali ko‘p avlodlar o‘zgarishi kerak va bu oson bo‘lmaydi.
Ozarbayjonda hanuz armanlar bilan muloqot uchun «vatanga xiyonat» moddasi asosida qamoq jazosiga hukm qilish mumkin. Mana yaqinda faol va tadqiqotchi Behruz Samedovni armanistonlik hamkasblari bilan yozishmada bo‘lgani uchun 15 yillik qamoq jazosiga hukm qilishdi. Yoki Qozog‘istondagi qo‘shiq konkursida armanistonlik qo‘shiqchiga yuqori bal berib, uni quchgan ozarbayjonlik qo‘shiqchini omma dahanaki sazoyi qildi. Bu esa omma kayfiyati belgisi.

Rossiya uchun xavotir
VVS: AQShning mintaqada o‘z ta’sirini kuchaytirish harakatlari Rossiyani xavotirga solyapti, deb o‘ylaysizmi?
Famil Ismoilov: Men Rossiyadagi kuzatayotganlarim asosida shuni aytishim mumkinki, u yerda AQSh Janubiy Kavkaz shuningdek, Markaziy Osiyoda o‘z ta’sirini kengaytirib, tomonlarni o‘ziga tortayotganini katta xavotir bilan kuzatishmoqda. O‘tgan yili 5 Markaziy Osiyo davlati rahbarlari Vashingtonga kelib, janob Tarmp bilan uchrashganlariga guvoh bo‘ldik. Bu yil AQSh Davlat kotibi Marko Rubio Markaziy Osiyoga safar bilan kelishni rejalaganini ham bilamiz.
Avvalroq suhbatimizda men tilga olgan Markaziy Osiyo, Kavkaz va G‘arb tomon transport yo‘lagini nazarda tutsak, AQShning mintaqa bilan hamkorligi oshib borishini aytishimiz mumkin.
Rossiyaning Ukrainaga qarshi xuruji mintaqa davlatlarining hamma poytaxtlarida xavotir va balkida, qo‘rquv uyg‘otgan, deb o‘ylayman. Albatta Rossiyadan hech qayerga bir zumda qochib bo‘lmaydi. Tarixan Rossiya bu mamlakatlar tashqi siyosati va iqtisodida katta omil bo‘lib kelgan. Lekin 10-15 yil avvalgiga qaraganda bu omil hozir anchayin kamaygan. Bu manzarada AQSh o‘z ta’sirini kengaytirmoqda.
Markaziy Osiyo uchun esa Xitoy faktori ham bor. Iqtisodiy resurslar nuqtai nazridan mintaqa davlatlari ham AQSh, ham Rossiya va ham Xitoy bilan aloqalarni olib borishga qodir. Lekin tashqi siyosat nuqtai nazaridan bu mamlakatlar rahbariyatlari Rossiya ta’sirini muvozanatlashtirib turadigan hamkorga ega bo‘lishga harakat qilishadi. Fikrimcha, mintaqa davlatlari tobora ko‘proq Rossiyani uzoqlashtirishga harakat qilishadi. Rossiya esa ta’sirini saqlab qolishni istasa tobora ko‘proq kuch va resurs sarflashga majbur bo‘ladi.





























